Jahon
October 3, 2020

Sulton Valad (1226-1312)

Karamanda tug‘ilgan Sulton Valad (Muhammed Sultan Bahaeddin Veled) Mavlono Jaloliddin Rumiyning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. U bir umr otasining tarbiyasini olgan, mavlaviylar muhitida tarbiyalanib voyaga yetgan zot. Konya va Shomdagi eng mashhur madrasalarda tahsil olib, ilohiy bilimlarni chuqur egalladi. Otasi J. Rumiy vafotidan so‘ng mavlaviylar suluki shayxi Husomiddin Chalabiy bo‘ladi, keyin S. Valad shayx bo‘lib, Rumiy ta’limotini elga tanitmoq uning umrlik maqsadiga aylandi. S.Valadning shaxs sifatida shakllanishida Shams Tabriziyning ta’siri ham kuchli bo‘lgan. Sulton Valad shoir sifatida otasi Jaloliddin Rumiy darajasiga yetolmasa-da, uning tashkilotchiligi kuchli edi. U bir umr otasining ta’limotini rivojlantirish va targ‘ib qilishni o‘ziga maqsad qilib qo‘yadi. J.Rumiy asos solgan “mavlaviylik” tariqat o‘laroq Sulton Valaddan boshlanadi, keyinchalik o‘g‘li Orif Chalabiy ham shu ishni davom ettiradi.
Sulton Valad buyuk faylasuf bo‘lmasa-da, mavlaviylik tariqatining ba’zi qoidalarini ishlab chiqdi. Uning asarlari mazmuni ham mavlaviylik tariqati xususida bo‘lib, asosan didaktik ruhdadir. Sulton Valadning bobosi Bahoiddin Valad va boshqa o‘ziga zamondosh shayxlar haqida yozib qoldirganlari ayniqsa ahamiyatlidir. Rumiyning ba’zi asarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Valad yozib qoldirgan manbalardan olingan.
Sulton Valad turk tilida yozilgan ilk she’rlar namunasini bergan shoir sifatida ham qadrli. Tasavvufiy ruhda bo‘lgan, mavlaviylik ruhiyatini keng xalq ommasiga singdirish uchun yozilgan turkiy she’rlarning uslubi o‘ziga xosdir. Sulton Valadning devonida uch masnaviysi – “Ibtidonoma” (1291) “Rubobnoma” (1301) “Intihonoma” va “Maorif” nomli nasriy asari bor. Shoirning adabiy merosi asosan fors tilida bo‘lsa-da, devonda turkcha-forscha, turkcha-forscha-rumcha aralash baytlar, hamda turkcha she’rlar uchraydi. Jami 156 baytni tashkil qilgan “Rubobnoma”dagi bu turkiy she’rlar 1301 yilda Kichik Osiyoda yozilgan sanasi aniq bo‘lgan ilk turkiy yozma adabiyot namunasidir. Shoirning turkcha devonini birinchi marotaba 1925 yilda Valad Chalabiy Izbudaq “Devoni Turkiy-i Sulton Valad” nomida jamlab e’lon qilgan. Devonda asosan shoirning turkiyda yozgan adabiy merosi va masnaviylaridan parchalar olingan. Adabiyotshunos olim Majdut Mansur o‘g‘li 1958 yili “Sulton Valadning turkcha manzumalari”ni tayyorlab nashr ettirdi. Shoirning turkiy tildagi adabiy merosi adabiyotshunoslikda “ilk saljuqiy she’rlar” nomida ham ataladi.
Sulton Valadning adabiyot oldidagi asosiy xizmati tasavvufiy, falsafiy ruhda turk tilida birinchi bo‘lib asar yaratganidir. S.Valad asarlari mazmunan va shaklan yangilik bo‘lmasa-da, o‘sha davr adabiy mahsuli, til xususiyatlari jihatidan qimmatbaho merosdir. Turk tilida adabiy asarlar yaratishga turtki bergan shoir mavlaviylikni sodda tilda, oddiy misollar bilan tushuntirishga harakat qiladi. Tomchi suv ummonga singib ketganidek, inson ruhi ham abadiyatga singib ketishini uqtiradi. Ko‘zni ochib “tomchidek dengiz sari to‘g‘ri yurish, tomchidek dengizga qorishib mangu qolish” ya’ni abadiy ruh saltanatida bo‘lish har bir so‘fiy uchun maslakdir. Sulton Valad so‘fiy shoir sifatida, asarlarida davr adabiy muhitini aks ettiraoldi-ki, bugungi kun uchun bu juda ahamiyatlidir.

“MAORIF” ASARIDAN

— Birov menga savol beribdi. Dedi: ba’zi darveshlarni ko‘rdim, boshqa joylarda ta’qiqlangan samo‘ va qo‘shiq majlislarini qizitadilar. Qanday bo‘lar ekan, bu darveshlik mazhabiga to‘g‘ri keladimi, bunday ishlar ravomi?
Men javob berib dedim: Buni batafsilroq qilib, kengaytirib tushuntirish kerak edi, ammo muxtasar aytadigan bo‘lsam, shuni bilginki, agar darvesh sidqu vafoli bo‘lsa, jahd bilan yillar namozu ro‘za, zikru xilvatnishinlik shartlarini ado etib, Xudo talabida yurgan bo‘lsa, botini mezon orqali Uni tark etgan va o‘zining ham kamu ko‘sti (nuqsoni)ni anglagan bo‘lsa, u samo‘ (majlisida ishtirok etib), doira va nay, tanbur va rubob (ovozini) eshitganda Xudovandga yana ham yaqinlashadi, holati o‘zgarib, ilohiy shavq ilhomida yonadi. Ishq va faqr muftilari buni u haqda ravo ko‘radilar. Negaki, uning bundan maqsadi qurb (yaqinlashish) va Iloh jamolidan lazzatlanishdir.
Ammo namoz vaqtida hol va vajdga berilishga qo‘ymadilar, chunki har bir maqsadning o‘z mavridi, suratu rusumi bordir. Biroq bular bilan birga (ya’ni namozu ro‘za bilan birga) samo‘ga berilib, huzurlansa (ruhiy halovat topsa), uni boshqalarga qiyoslab hukm chiqarmaslik kerak. Zeroki, uning ibrati zohiran kufr bo‘lib tuyulsa-da, lekin aslida bu kufr zamirida din bordir va ma’ni yuzasidan ayni iymondir. Ammo boshqalarning ishratlari kufr ustiga kufr va zulmat ustiga zulmatdir. Faqr yo‘lida qilinadigan qolgan barcha ishlar ham shariatning mag‘zidir, demak, har bir narsaning mag‘zi uning muxolifi bo‘lolmaydi. Yong‘oqning mag‘zini shaftoli yoki o‘rik mag‘zi demaydilar. Shariat ommaning ibodatu toatidir – osonlashtirilgan yo‘ldir, toki kishilar o‘z yumushlarini bajarib, besh vaqt namoz vositasida Xudoyim taolo ibodatini ado etsinlar va Xudoni yodga olib tursinlar. Ularning mayl va ishqlari kuchsiz bo‘lganligi uchun bundan ortiqqa chidolmaydilar. Quruqlikdagi qushlar doimo suvda yurolmaydilar va tuproqdan butkul xalos bo‘lolmaydilar, illo, goh-gohida suv atrofida yuradilar, suvdan ichadilar va u bilan badanlarini tozalaydilar, yana o‘zlarining quruqlikdagi maskanlariga uchib boradilar. Bu (ish) baliqning vazifasidirki, “Alo salotihi doimuna” (namozlari doimiydir). Baliqlar dengizdan ajralib yashashlari mumkin emas, ularning haqiqati dengizdan paydo bo‘lgan va dengiz bilan birgadir: “Rashsha alayhim min nuri” (nur yomg‘iri yog‘ilsin unga).
Shariatdan maqsad suvga va daryoga yuz burishdir, ammo xos bandalar bamisoli baliqlardek butkul daryo ichidadirlar va daryo ularning jonidir, ular daryo tufayli tirikdirlar, taomlari, kiyimlari, maskan-manzillari, oromu uyqulari, rizqu-ro‘zlari ham daryodir, ya’ni: “Allazina yazkurunalloha qiyoman va qu’udan va alo junubihim va yataffakkuruna fi xaqqis samovati val-arzi” (Eru ko‘kning maxluqoti Alloh zikridadirlar va uning fikri bilan banddirlar).

SULTON VALAD G‘AZALLARIDAN

Qaro qoshlar, qaro ko‘zlar jonim oldi, jonim oldi,
Musulmonlar nedir bu, kim menga keldi, menga keldi?

Birodarlar, oshiq bo‘ldim, ichib mayni dalli bo‘ldim,
Kim aytur chaqirib endi: “Davo qildi, davo qildi!”

Seni ko‘rdim, senga keldim, qo‘lim tutgil, o‘tga tushdim,
Nido berdi, dalli bo‘ldim, meni Tangrim senga soldi.

Ne totlidir sening ishqing, ki mendan ko‘nglimni oldi,
Anga bir jon fido etdim, ikki ming jon menga berdi.

Aning, kim joni nurlidir, Iso yanglig‘ ko‘kka boqdi,
Ulovi jonli yer uzra ikkilanib ortda qoldi.

Seni ko‘rdim, senga keldim, ko‘zim ochdim, yuzing ko‘rdim,
Sado berdi, dalli bo‘ldim, meni ishqing senga soldi.

Seni ko‘rdim: kechar eding, jonim yo‘lin ochar eding,
Oshiqlaring sechar eding, qolganin yildirim oldi.

Keksa-yu yosh seni sevar, seni istar, seni so‘ylar,
Quyosh yanglig‘ yuzing porlar, butun olam nurga to‘ldi.

Ey xaloyiq, jonni asrang, bu dunyodan qo‘lni siltang,
Ko‘zni oching, ko‘zni oching, ko‘ring Tangri nelar qildi.

Valad keldi, sizga aytar, ne istarsiz – sizingladir,
Oqil bo‘lgan meni bildi, dengiz bo‘ldi, guhar topdi.

* * *

Sening yuzing quyoshdir, yo‘qsa oydir,
Jonim oldi, ko‘ngil dag‘i ne aytur?

Mening ikki ko‘zim, bilgil, jonimsan;
Meni jonsiz qoldirding, bil, bu qaytur.

Ko‘zimdan chiqmagin, bu yer seningdir,
Mening ko‘zim senga yaxshi saroydir.

Ne o‘qdir bu, ne o‘qki tegdi sendin,
Mening bo‘ynim sundirdi; endi yoydir.

Tomosho-chun buyon kel va ko‘rgil sen,
Netay: ko‘zim yoshi daryoyu soydir.

Bu kun ishqing o‘tidan bahra oldik,
Biz(g)a qayg‘u emas, gar qoru loydir.

Valad yo‘qsil edi sensiz jahonda,
Seni topdi, demakki endi boydir.

* * *

Mavlonodur avliyoi barhaq, biling,
Ul neni buyursa gar, uni qiling.

Tangridan rahmatdur aning so‘zlari,
Tinglasa ko‘rlar – ochilgay ko‘zlari.

Qay kishikim bu so‘zla yo‘l olgay,
Tangri aning mukofotin tom bergay.

Yo‘q oxir molim ham mulkim-ki beray,
Do‘stligim mol birla ravshan ko‘rsatay.

Molni, ki Tangri menga berdi, budir,
Kim bu molni istayur, ul eslidir.

Esli kishining moli so‘zlar erur,
Molini berur, bu so‘zlarni olur.

Mol tuproqdir, bu so‘zlar esa qolur,
Eslilar moldin qochur, bunda turur.

So‘z qolar boqiy, dunyo foniy bo‘lur,
Boqiyni tut, quvgil anikim o‘lur.

Yolvorib zori-zori qilib anga;
Rahm ayla, Sen lutfingdin manga.

Ko‘zimni och, ki seni ravshan ko‘ray,
Tomchi kabi dengizga kirib, turay.

Men dag‘i tomchi kabi dengiz bo‘lay,
O‘lmayin, dengiz bo‘lib tirik qolay.

Eslilar hayron qolurlar bu so‘za,
Kim: “Xaloyiq xoliqi netgay biza?”

Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.

"Yosh kitobxon" kitoblari