Jahon
October 3, 2020

Muhibbiy – Sulton Sulaymon Qonuniy (1494-1566)

Sulton Sulaymon Buyuk (Muhibbî — Sultan Süleyman-ı Evvel) — turk sultoni (1520—66). Uning davrida Usmonli turk imperiyasi hududiy jihatdan o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga yetgan.
1521 yili Belgrad zabt etilgan, Moxach jangi (1526)dan so‘ng Vengriyaning katta qismi, 30-yillarda Iroq, Rodos oroli va Egey arxipelagining boshqa orollari, Tripolitaniya, Jazoir va boshqa hududlarni bosib olgan.
Sulton Sulaymon Zakavkazega egalik qilish uchun Eron bilan uzoq kurash olib borgan. Uning davrida ma’muriy tuzilish va moliya ishlari, ayrim viloyatlarning mavqei, harbiy tizimini tartibga solish, yer egaligi shakllari, aholidan olinadigan soliqlar va dehqonlarni yerga biriktirib qo‘yish haqida qonunnoma joriy etilgan. Masjid, saroy, qal’alar va b. qurilishlarga katga e’tibor bergan. Me’mor Sinon qurgan binolar ayniqsa mashhur.
Sulton Sulaymon Muhibbiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. Arab va fors tillarini juda yaxshi bilgan. 4 ta devon tartib bergan. Devonida 2799 g‘azal, 1 alifnoma, 1 tarje’band, 18 muxammas, 30 murabba’, 51 to‘rtlik va 217 bayt bor.

* * *

Bilmadim ahvolimi garchi ne hol ustindadir
Shul qadar bildim nafs ila jidol ustindadir.

Fikri zikri oshiqning garchi visoli yordir
Lek hech mumkin emas, fikri muhol ustindadir.

Ko‘zlari to‘ymaganning oxir to‘lar tuproq ila
Xojai dunyo kibi kim fikri mol ustindadir.

O‘lmas ul kim onila odi onin iyilik ila
To qiyomat onilir ul kim kamol ustindadir.

Faxri olam boqmadi dunyoga faqr etdi qabul
Ul muborak jismina boq, ko‘rki shol ustindadir.

Qo‘rqarimki g‘arq etar bir kun meni seylobi ishq
Qoldi hayratda Muhibbiy go‘yoki hol ustindadir.

* * *

Xalq ichinda mo‘tabar bir narsa yo‘q davlat kibi,
Bo‘lmagay davlat jahonda bir nafas sihhat kibi.

Saltanat deganlari faqat jahon g‘avg‘osidur
Bo‘lmagay baxtu saodat dunyoda vahdat kibi.

Qo‘y bu ayshu ishratni chunkim fanodir oqibat
Yori boqiy istar esang bo‘lmagay toat kibi.

Bo‘lsa qumlar soni yanglig‘ umringga haddu adad
Kelmagay bu shishai charh ichra bir soat kibi.

Gar huzur etmak tilarsan ey Muhibbiy forig‘ o‘l
Bo‘lmagay vahdat maqomi ko‘chai uzlat kibi.

* * *

Jolisi xilvatim, borim, habibim mohi tobonim,
Anisim, mahramim, borim, go‘zallar shohi sultonim.

Hayotim, hosilim, umrim, sharobi kavsarim, adnim,
Bahorim, sevinchim, ro‘zim, nigorim vardi xandonim.

Nishotim, ishratim, bazmim, charog‘im, nurliyim, sha’mim,
Turunju noru norinjim, mening sham’i shabistonim.

Nabotim, shakkarim, ganjim, jahon ichinda beranjim,
Azizim, Yusufim borim, ko‘ngul Misrindagi xonim.

Sitanbulim, Karamonim, diyori mulkati Rumim,
Badahshonim va Qipchog‘im va Bag‘dodim, Xurosonim.

Sochi morim, qoshi yoyim, ko‘zi purfitna bemorim,
O‘lursam bo‘ynuggga qonim, madad hey nomusulmonim.

Eshigingda maddohingman, seni madh etgayman doim,
Yurak purg‘am, ko‘zim purnam, Muhibbiyingman, xush holim.

* * *

Mujda ey bechora dil, kim noz ila dilbar kelur,
Hajr ichinda murda erkan yana jisma jon kelur.

Girya birlan ko‘zlarim Yoqubvash a’mo edi,
Ravshan otli kun kibi chun Yusufi Kan’on kelur.

Ey dili sho‘rida bulbul kibi afg‘on aylakim,
Ul latofat ma’dani ul g‘unchai xandon kelur.

Furqat ila holimi so‘rsang shoha ko‘rsang ne der,
Dam o‘lurkim yosh o‘rniga ko‘zlarimdin qon kelur.

Bu xarob o‘lmush ko‘ngul ma’mur o‘lur bugun yana,
Ey Muhibbiy, noz ila chun ul shohi xubon kelur.

* * *

So‘rma ishqing holatin Majnunga bir devonadur,
Ochma ishqing sirrini Farhodga kim afsonadur.

So‘ng manga ishqing rumuzin sanga takror aylayin,
Jonu bosh tarkin urur oshiq hamon parvonadur.

Kel tomosho ayla bir sircha saroyin ko‘nglumi,
Ishqi surxiyla munaqqash zayn o‘lmush xonadur.

G‘amzasi qonim icharsa do‘stlar o‘lmasdur ajab,
Kofir badmast bo‘lganning mayli doim qonadur.

Yora borib tun kecha dili darunim arz ayladim
Xoba bori ko‘zlari yoninda son afsonadur.

Gulshani husnungda dil murg‘in yana sayd etmaga,
Zulfining og‘inda Muhibbiy holi aning devonadur.

Usmonlichadan Davronbek Tojialiyev tabdil qildi.

"Yosh kitobxon" kitoblari