Zamonaviy
December 30, 2020

Usmon Azim (1950)

Usmon Azim

Usmon Azim 1950 yil 13 avgustda Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida tavallud topgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G‘aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G‘ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa). «Alisher Navoiy» kinoqissasi (1990), «Alpomish» kinodostoni (1997), «Sevgi» (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali «Alpomish» (2000) filmlarining stsenariysiga mualliflik qilgan. Pol Elyuar, V. Vatsiyetis, K. Dog‘larja, A. Voznesenskiy, Yu. Martsinkyavichyus va boshqa shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Gruziyaning Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1982). «Do‘stlik» ordeni sohibi (1998).

She'riyatidan:

Usmon Azim "Saylanma"si 1-qism 1995-yil "Sharq"

* * *

Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida,
Yulduzlarni o‘chirmoqda gulgun shafaq.
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida…
Zamin — tilsim, osmon — tilsim… she’r — beshafqat!

Men qiynaldim. Xayolimning qanotida
Dengizlarni ko‘targancha tolib uchdim.
Yulduzlarni ko‘p ko‘rganman hayotimda,
Dengizdagi yulduzlarni keldi quchgim.

Ko‘kka bokdim, o‘t tutashdi jonim aro…
Qat-qat bulut qatlarida ne sir-asror!
Hayrat ichra o‘ldirgusi meni samo,
Ona zamin, ucha qolay, qo‘yib yubor!

Men yor dedim… Laylimi yo, Shirinmi yo!
Yoki endi tug‘ilajak biror malak?
Mana men, deb ko‘z oldimda bo‘ldi paydo,
Mana men, deb she’rdan bokdi yakto yurak.

Yulduzlarni o‘chirmoqda gulgun shafaq,
Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida.
She’r yozilar… Qiynoq, seng‘a bo‘lsin sharaf,
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida…

Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak.
Faqat bekor bilib orom quchog‘ini –
Bu dunyoni sirga ko‘mib yashash kerak,
Qalbga sanchib she’riyatning pichog‘ini!

* * *

Rashk, g‘iybatning to‘lqinlarida
Kema misol chayqaldi xonam.
Endi bizlar hech uchrashmaymiz…
Xayr!

Tong otadi,
Sen yo‘q.
Kun botadi,
Sen yo‘q.

Stolimda sen yozgan xatlar,
Devordagi suratdan ham sen
Mehr bilan boqib turibsan.
Derazadan ko‘ringan osmon

Parchasiga shodmon boqardik,
Yulduzlari kulganida ham,
Ol shafaqqa to‘lganida ham…
Xonam, o‘zim, bu ulkan olam
Sendan qolgan g‘amgin xotira.

Tong otadi,
Sen yo‘q.
Kun botadi,
Sen yo‘q.

Uzoqlarda bepoyon yo‘lda
Yig‘lab ketib bormoqdasan sen,
Oyoqlaring tagidagi yer
To‘lqin otar monandi dengiz.
Oq chorlog‘im, uchib charchading –
Yiqilasan daqiqadan so‘ng,
Yiqilasan, to‘lqinlar yutar…

Tong otadi,
Sen yo‘q.
Kun botadi,
Sen yo‘q.

Chidab bo‘lmaydi.
Endi mendan ketdi ixtiyor!
Yuragimni qo‘yib kaftimga
Shivirlayman besabr, takror:
Qiblanamom, yo‘l ko‘rsat menga!

* * *

Yolg‘izlik ortimdan huvillab quvdi,
Toki yiqilguncha yugurdim betin…
Bir ayol tuflimning loyini yuvdi –
Unga sevaman deb aytmagan edim.

Qismat masxaralab bizni otgandi
Tanholik kechasin tor quchog‘iga.
Bilmadim, qay mahal ayol uyg‘ondi
Tufli yuvmoqlikning ishtiyoqida.

Asli masxaralash qismat matlabi,
Ammo hayrat ichra gangidi xiyol:
Quvonib (masalan, gul tergan kabi),
Tufli yuvar ekan tunda bir ayol.

Menga ko‘zi tushib ayol qizardi,
Uyaldi — qo‘llari tushdi shalvirab.
Endi u qarshimda yig‘lab turardi,
Yomg‘ir qo‘ynidagi bargday qaltirab.

Qo‘ymog‘im shart edi bir jasur qadam, —
Qulab tanholikning g‘arib arshidan.
Cho‘chidim men — mehr ko‘rmagan odam –
Sevgi tufli yuvib chiqsa qarshimdan.

Ketdim…
Yomg‘irdayin o‘tdimu ketdim,
Ming asr tanholik kechdi boshimdan.
Ming asr oralab qaytadan yetdim,
O‘sha yolg‘iz qolgan ayol qoshiga.

U menga baxt berdi osmonday ulkan,
Men-chi?..
Men qovrildim baxtning dog‘ida…
Bedormanu nechun uyg‘onolmayman
Tufli yuvmoqlikning ishtiyoqida.

* * *

Qurbon qushning patlari kabi
Ruhim — to‘zg‘in, yuragim — to‘zg‘in.
Qonli bazm qurmoqda, rabbim,
Vujudimda uyg‘ongan quzg‘un.

Dardlarimning sohili yo‘kdir,
Shamoli yo‘q, shakli yo‘q — tuman.
Yuragimning bulbuli — surur
Uxlamoqda g‘ofil uyquda.

Qurbon qushning patlari kabi
Yo‘q bo‘laman uchib, to‘zg‘inib…
Qalb tug‘ilar yo‘qlikdan, rabbim,
Nay qiladi qonli bo‘g‘zini…

* * *

Osmonga ham otgum tosh.
Gunohkor bo‘lsa quyosh.
Gunohkor bo‘lsa quyosh,
Qaytib tushmagaydir tosh.

Osmon ham bo‘lib g‘anim,
Qaytib tushsa — ne g‘amim!
Bir tosh tushsa tushibdi
Tog‘day boshimga manim.

"Yosh kitobxon" kitoblari.