Yovuz Bulant Boqilar (1936)
Atoqli turk shoiri Yovuz Bulant Boqilar (Yavuz Bülent Bâkiler) 1936 yilda Sivas shahrida tug‘ilgan. Dastlabki she’rlari “Qo‘buz”, “O‘rxun” va “Hisor” jurnallarida chiqa boshladi. So‘ngra to‘rt she’riy kitobi – “Yolg‘izlik” (1962), “Chakmon” (1971), “Duvoq” (1971) va “Sening-la” (1980) bosilib chiqdi va bu kitoblarning har biri 3-4 marta qayta nashr etilgach, hammasi bir saylanmaga jamlanib, 2001 yilda “Xirmon” nomida chop etildi.
Yovuz Bulant Boqilar, shuningdek, yo‘l xotiralari, adabiy portret janrlarida ham ijod qilgan. Uning “Uskupdan Kosovaga”, “Turkiston, Turkiston” nomli xotira kitoblari, “Oshiq Veysal”, “Mehmet Okif” ocherk kitoblari shular jumlasidandir.
2006 yil 20-22 sentyabrda Turkiyaning Elozig‘ shahrida bo‘lib o‘tgan “Hazar she’r oqshomlari”da Yovuz Bulant Boqilar tavalludining 70 yilligi va adabiy faoliyatining 50 yilligi keng nishonlandi va taniqli munaqqidlar va olimlar tomonidan adib ijodi yuksak she’riyat namunasi sifatida baholandi.
BUYuK DOSTON
Sodiq Kamol Turol qardoshimga
Men Oltoy tog‘laridan uzilib keldim,
Yuragimda Turkistondan minglab naqsh bor.
Ko‘p shukr, aslim ham, naslim ham ma’lum,
Turkman, musulmonman tog‘day serviqor.
To‘qqiz tug‘ tashidim, to‘qqiz dovul urdim,
To‘qqiz avliyo kuchi-la yurgancha keldim.
Ulg‘aydi men bilan muborak yurtim,
O‘z vaqtida, ha, ha, to‘qqiz davlat qurdim.
Navro‘z to‘ylarimizda o‘tlar tutashtirdim,
O‘rxundan, Sayxundan, Jayxundan kechdim,
Yo‘l ko‘rsatdi kukrab menga Bo‘zqurtim,
Ot chopdim yonma-yon, ko‘zalardan suv ichdim,
Boyko‘lda cho‘mildim men, Hazar dengizida ham,
Tuprog‘iga chordana qurib o‘tirdim.
Menkim, Alp er Tungaga ko‘ngil berganlardanman,
Yurt yo‘lida to‘lib-toshib ko‘krak kerganlardanman,
To‘xtab qolgan suvlarga madad ber, yo Tangri, deb
Gilam sajjoda yoyib duo qilganlardanman.
Men o‘zbekman, qozoqman, ham turkmanman, ham qirg‘iz,
Ozarbayjon eli-la qonim bir, sajiyam bir.
Qipchoq, uyg‘ur kuylarin tinglayman sevib hargiz,
Tatar, gagauz, boshqurt hammasi jonimdadir.
Qalam tutdim, gul tutdim, yurt istasa qilich ham…
Kaptar nazarli issiq qo‘shiqlar aytdim har dam,
Anglagan angladi kim bo‘lganimni.
Tinchliksevarni sevdim, kinlilarni yumshatdim,
Angladilar dinimni va Buyuk Kitobimni,
Imonli go‘zal axloq axloqim bo‘lganini.
Nabiysifatlar ko‘pdir avlod-ajdodim ichra:
Mendan Yusuf Xos Hojib va Mahmud Koshg‘oriy, bil.
Mir Alisher Navoiy, bir yonim Yunus Emra,
Fuzuliy, Maxtumquli, G‘asprali Ismoil!
Sarvatim – Buxoriyning, Yusuf Hamadoniyning,
Ahmad Yassaviylarning nur sarvatlaridan.
Naq Shohi Naqshband hazratlaridan.
Chingiz Aytmatov bilan Chingiz Dog‘jilarim bor,
Oyning o‘n to‘rti kabi yorug‘ shaxslarim yovqur.
Qodiriy bilan Oybek, Rustamxonli va Anor
Va yana minglarcha nur ustiga nur.
Meni tanimaganlar tanisin, bilib qo‘ysin,
Qurilish dunyosida gursillab yurajakmiz.
Va davlatlarimiz uchun eng porloq kelajakni
Biz qurajakmiz!
MEN ShARQLIKMAN
Men Sharqlikman, Sharq farzandiman!
Etagi tumanli, boshi tumanli
Tog‘lar bolasiman,
Tog‘lar o‘g‘liman.
Qo‘llari tuproq hidli ota farzandi,
Otamday to‘g‘riman.
Tuproqdan uzilgan jonli qoyaday,
Har qismi yurt hidli ona o‘g‘liman,
Sharq farzandiman!
Sening ham, bug‘doy yuzli, alplarmi asling,
Arslonim, umidim, ochiq manglayim?
Sen ham Sharqlikmisan, hamshahar naslim?
Kel, peshonangdan bir o‘payin!
Arzirumlikmisan, otaginam, balli!
Turishing qindagi xanjarday go‘zal.
Sen nog‘ora, dovul urgan mahali,
Surnaylar chalinganda kel!
Sen qarslikmisan, bolam, sen hudud toshi…
Sen turkman bolasi, mening o‘ng qo‘lim,
Kel, sening-la Qarsdan va Ardaxondan
Qo‘shiqlar aytamiz, o‘g‘lim!
Sendandir, boyburtlik, mendagi shiddat,
Sendandir ufqimda porlagan yulduz.
Dostonlar aytamiz, ulashib hayrat,
Bedov otlar ustida ikkimiz!
Qo‘lla meni, sivaslik, kel, qo‘limdan tut!
Tangritog‘, Qodirxon ufqlaridan
Keltirdim gilamday naqshin qo‘shiqlar,
O‘rgilay gurrosli raqslaridan.
Sen vanliksan, yurtdoshim, ma’lum turishingdan!
Ko‘zlaringda jimir-jimir nur chaqnar.
Sen vanliksan, hamshahrim, qora qoshingdan
Burama mo‘ylovingga qadar!
Bilmasmanmi sening marashlik ekaningni,
Aytib-aytib yig‘lagan qo‘shiqlaringdan?
Sen bizga yorug‘ nur keltir har sahar
Tug‘ilgan serquyosh yeringdan.
Ey, Sariqamish yaylovining shonli erlari,
Yigitlarimning jingalaksoch sherlari,
Siz mening tojimsiz, tamal toshimsiz,
Dadashim, qardoshim, ulkudoshimsiz!
Bir bayroq dolg‘alanar Og‘ri tog‘ida,
Eshitilar so‘ngra Ko‘kbo‘rilar sasi.
Qo‘llarda hilpiragan go‘zal bayroqning
Qafqaz tog‘lariga tushar ko‘lkasi.
Qafqazlarda hilpirasin mangu ko‘lkasi
Qafqaz tog‘larining tuprog‘i aziz.
Shahid bobolarimiz sas berar Qafqazlardan
Qachongacha yotlar toptar elimiz?
Qon-qardoshmiz, buyukmiz, tarixning oq gulimiz,
Ko‘zlarga to‘tiyo har qarish tuprog‘imiz.
Bir toshli yonbag‘ardan bir salom aytilsa,
Oltoygacha yetar ovozimiz.
Biz Sharqlik yoshlarmiz, bir kun hammamiz
Arzirum, Qars, Marash, Boyburt, Ardaxon
Qo‘lni qo‘lga berib, bir yoqa bo‘lamiz
Va birga qo‘shiq aytsak oq otlar ustida
Sharq yoshlarin qutlagay butun jahon.
TURKISTON
Tangritog‘, Qodirxon ufqlaridan kelgan
Baxshilar dostonidan uyg‘ondim,
Minglab yillar bo‘yi taralardi eldan-elga…
Yana Turkistonni ongdim*.
Yurtimni chormixda tutdilar yuz yil,
Zo‘rladilar ming yillik tarixingdan ton deb,
Otilgan jayronday tipirlardim muttasil…
Ulug‘Turkistonni ongdim.
Keldi, quloq tutdim Ahmad Yassaviy pirga,
Usmon Botirgacha kuyladi tongdan tonggacha.
Men ham butun Xuroson erlari-la birga
Yangitdan Turkistonga inondim.
Qurg‘oqchilik yellarida sovrulgandim yillab,
Dengizga qovushgan daryoday quvondim.
Uchib ketgan qaldirg‘ochlarga boqqandim yig‘lab,
Turkiston hurligin tinglab uyg‘ondim.
Ko‘rsatmagan, ko‘rmagandim Toshkent qalay, yo Buxoro,
Urumchiga otsiz-qurolsiz ham kiritmagan qachondir.
Bir gal arang borgandim horg‘in, bir o‘zim tanho
O‘shanda Turkistonda do‘st ko‘ngillar qozondim.
Tangrim, bir kun vo ajab deyolarmidim?
Seni ko‘rish yuzimni naqshladi nur-la,
Jon qo‘shnim bog‘iga uzanganday huzur-la,
Turkistonning tuprog‘iga uzandim.
____________
* O n g m o q – eslamoq, yodga olmoq
SIVASDA YO‘QSIL BOLALAR
Sivasda, ulug‘ jome’ hovlisida bolalar
Yolvorgan ko‘zlari-la atrofga boqa-boqa
Ocharkan kichkina qoracha qo‘llarini:
– Amakajonim, sadaqa! Amakilarim, sadaqa!
Hukumat mehmonsaroyi yonida biri,
Bir qism ustuxon, bir parcha teri…
“Boy-yo‘g‘i yimbesh”, “boy-yo‘g‘i yimbesh” deya yig‘laydi
Va hali cho‘tka ham tutolmaydi qo‘llari.
G‘ariblar bozorida go‘dak bolalar
Horg‘inlikdan, ko‘rsangiz, yuzlari ol-ol…
Odamni o‘ldiradigan faryod dudoqlarida:
– Bo‘sh hammol kerakmi? Bo‘sh hammol!
Yalpiz sotuvchi, suv sotuvchi yetim bolalar
Qo‘shiq aytolmaydilar oyga, quyoshga…
Bilaman, na ertak tinglashga to‘ydilar,
Na bir bekinmachoq o‘ynashga!
Bezirjida, Yujuyurtda, Oltintoboqda
Bolalar bor inja yuzlari go‘zalroq oydan!
Ammo to‘z-tuproq ichida qo‘llari, oyoqlari,
O‘yinchoqlari loydan.
Va gunohkor bolalar, aybli bolalarni
Tergashmoqda qator-qator o‘g‘ilni, qizni.
Bu ayb bizning aybimiz, bu gunoh bizniki,
Avf eting bizni.
Ko‘kdagi yulduzlarcha sonsiz-sanoqsiz,
Oh, yurtimning kimsasiz va yo‘qsil bolalari!
Angladim: farqingiz yo‘q to‘kilgan boshoqdan!
Oling bu ko‘zlarni mendan, oling bu yurakni ortiq,
Uyalib ketayapman yashamoqdan.
SENMISAN?
( Lolaligim – Oqsaroy)
Yana oqshom, yana g‘urbat, qat-qat o‘ylar, qavatlar,
Yana keldi kuylaring ichimga, bilmam, qaydan?
Ko‘zlarimda chizgi-chizgi bekatlar,
Bekatlarda xayol-mayol senmisan?
Senmisan yonma-yon kezolmaganim,
Inja sitamingni sezolmaganim,
Sirlaringni bir tur cho‘zolmaganim
Ichimdaga og‘ir savol senmisan?
Bu qanday yurakdan aytilmish maqom,
Tinglaganim barcha kuylar beorom,
Lolalik – Oqsaroy aro har oqshom
Tinglaganim ertak misol senmisan?
Parvo qilma neki desa desin el,
Kel bir oqshom yana, qo‘shiqlar-la kel!
Istanbul sen bilan go‘zaldir go‘zal,
Istanbulday go‘zal xayol senmisan?
Bilaman, seni ham qo‘shiqlar yoqdi,
Ko‘zlaringdan iliq tomchilar oqdi,
Endi ko‘chalarda meni shom vaqti
Aylantirgan Lochin Ayol senmisan?
Yana oqshom, yana g‘urbat, qat-qat o‘ylar, qavatlar
Yana keldi kuylaring, bilmayman, qaydan?
Ko‘zlarimda chizgi-chizgi bekatlar,
Bekatlarda xayol-mayol senmisan?
BIR QORLI KEChADA SENI O‘YLAB
Kechalari nozik-nozik yog‘ayotgan qor bo‘lsa,
Ko‘k yuzida tarqalyapgan bulutlar ham bor bo‘lsa,
Meni ko‘chalarda bil.
Meni ko‘chalarda bil.
Bir doston yozgan kabi kecha-kunduz bilmay tin,
Faqat seni yozganman yuragimga yashirin,
Kel-da, dostonni o‘chir.
Kel, dostonni mahv qil.
Bir tushuntirsam deyman fikrimni etmay xanda,
Telbacha jim qolarman sen yonimga kelganda.
Uzilsin xayrsiz til.
Uzilsin xayrsiz til.
Diqqat qil menga picha,
Ruhim endi g‘urbatda tutab yonar har kecha.
Yonadi qandil-qandil.
Yonadi qandil-qandil.
Sensiz hech kimman, angla,
Miyamni yolg‘on kabi yoqib kemirgan jumla
Qahr singari sabil.
Qahr singari sabil.
Ko‘nglimga parchin-parchin urilgan umidsizlik,
Tillarga majnun kabi tushirdi meni ortiq.
Senga berganim mayl.
Senga berganim mayl.
Inja og‘riqlardaysan bir bilinmas yerimda,
Bir alamli qo‘shiqsan kechalarimda.
Ufqimdan ortiq chekil.
Ufqimdan ortiq chekil.
SEN SEN SEN
Bir tog‘boshi yolg‘izligi boshimda yana,
Tog‘boshi yolg‘izligi o‘limdan battar.
Hech kimsa qidirmasa, so‘rmasa meni,
Sen kelsang yetar.
Qo‘llaring go‘zalligi jonimga huzur,
Ko‘zlaring qarshimda baxtiyorlik dengizi.
Har tong sen ushatsayding suprada nonimizzi…
Sen bo‘lsang yetar.
Yuragim, sen bilan yaylovlar qadar sarin
Na tirnoqcha hasrat, na nuqtacha g‘am…
Yaylov tumani kabi, ko‘zlarimga har oqshom
Sen to‘lsang yetar.
Menda chorasizlik cheksiz tuyular.
Menda sabr, senda noz…
Kunduzdan voz kechdim, tushimda biroz.
Bir ko‘rmana sen bo‘lsang yetar.
Eshitmasa hech kim shoir ko‘nglimning
Senda qaror qilganini
Va ichimning sahro-sahro yorilganini
Sen bilsang yetar.
Bir kun bilsang bitganim, tugaganimni,
Chiqib kelsang uzoqlardan, qo‘rquvli, hurkak…
Va ingichga novdaday ustimga titrayarak
Egilsang yetar.
AYTMABMIDIM
Aytmabmidim, bu hasrat bitirar seni,
Oy aylanib ketar, yolg‘iz qolarsan.
Har kun sochilarsan, uvalanarsan.
Aytmabmidim, yuragim: sevma!
Endi na ko‘zyoshi, na va’da, na so‘z…
Ortga qaytgan qaysi kabutaring bor?
Sening qaysi gulingni asradi bahor?
Aytmabmidim, aqlim: ishonma!
Bir kun nozlariga bog‘lanarsan, demabmidim?
Ko‘rmasang, zindonga do‘nar bu shahar…
Ko‘rsang, diqqat qilmas, mensimas kofir,
Aytmabmidim, ko‘zlarim: boqma!
Aytmabmidim, bu titratuvchi harorat.
Bu navqiron go‘zallik g‘oyib bo‘lar bir kun?
So‘ngra bekor unga yuzlanarsan mahzun,
Aytmabmidim, qo‘llarim: teginma!
Aytmabmidim, bir kun tinar bu navolar,
Ovozingga ovoz bergan shamollar bo‘lur,
Istagancha kutaver, ming yil kutib yur…
Aytmabmidim, qulog‘im: tinglama!
Bir kun ketajagi ma’lum edi bedarak,
Sening anglayolmaganing bo‘lsa-da, ayon…
Boshqalarning tushida endi u ayol.
Aytmabmidim, qo‘llarim: quchoqlama!
Barcha chekkan dardlarim sen tufayli.
Ustingga bir soya ham tushirmasding bir zamon.
Oh! Parcha-parcha bo‘ldi endi ming bir yeridan jon.
Aytmabmidim, g‘ururim: uzilma!
Turkchadan Miraziz A’zam tarjimalari