Jahon
October 3, 2020

Otamurod Otaboyev (1948)

Otamurod Otaboyev (Atamyrat Atabaýew) 1948 yili Marv viloyatida tug‘ilgan. Turkmaniston davlat universitetini tamomlagan. Turkmaniston xalq yozuvchisi. Shoirning “Diyorim”, “Seni sevmasam agar”, “Quyoshning chiqishi”, “Osmon qadar teran”, “Qumsoat” singari 20 dan ziyod she’riy to‘plamlari nashr qilingan. Adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun bir qator mukofotlar bilan taqdirlangan.

* * *

Jangchi o‘ldi.
Vafotidan so‘ng
Nom qo‘yilib, berildi nishon.
Kirdi nomi tarixga, hatto —
Shuhrat topdi askar-qahramon.

«Qoraxat»ni olarkan ona,
Faryodiga kim chidarkan, kim?!
Yuragingda qotgan yarani
Tuzatolmas shuhrat, tuprog‘im!

Normurod Narzullayev tarjimasi.

TURKMANChA QO‘ShIQ

Sen olib ket bu qo‘shiqni yoningda,
Ketsang uzoq-uzoq manzilga bundan.
Har dam yoring tushgan kabi yodingga,
Mudom dam olishing kabi men bilan.

Ushbu qo‘shiq – yuragimning aksidir
Shunda mening qayg‘um, shodligim, dardim.
Bu qo‘shiq – qalbimning cho‘ng havasidir,
Men unga bor ixlosimni singdirdim.

Bunda hech boylikka almashlamasday,
Qumlarning armoni, g‘ussasi bordir.
Bunda insonlarga qutlug‘ havasday,
Muqaddas xonadon qissasi bordir.

Bu qo‘shiqda aziz o‘lka javzosi,
Ham xalqimning qizg‘in qoni oqqandir.
Bu qo‘shiqda onalarning ixlosi
Sening ketgan yo‘llaringga boqqandir.

U mashaqqat kunda sening yo‘ldoshing,
Quvvat berar, g‘alabangga kuch berar.
Qay manzilda agar aylansa boshing,
Yana o‘z yurtingga haydab keltirar.

VATANNI TUShUNMOQ

Vatan, sening nima ekanligingni
Bola payt otamdan so‘rab tushundim.
Ey qo‘yni lolazor, ona makonim,
Senga,olovingni kovlab tushundim.

Vatanim, dunyoda sha’ning ulug‘ deb,
Qo‘yningda ulg‘aydim non-tuzingni yeb,
El tinchini dedim tinchligim sezib,
Ham sening baxtingni ko‘rib tushundim.

Vatan, sening qo‘shiqlaring tingladim,
Bu sevgini dengizlarga mengzadim,
Bor sevgimni bir o‘zingga tengladim,
Bu fe’limni turib-turib tushundim.

Sevdim daryo, dala, maysa, tomirni,
Yodga solib Go‘ro‘g‘lini, Keymirni ,
Bir kun bo‘lsa kiyib askar kiymini,
Men senga, men seni asrab tushundim.

Turkman tilidan Yusuf Nasim tabdili

"Yosh kitobxon" kitoblari