Loyiq Sherali (1941-2000)
Loyiq Sherali (1941– 2000) – hozirgi zamon tojik adabiyotining yirik vakillaridan. Panjakent tumanidagi Mozori Sharif qishlog‘ida tug‘ilgan. Dushanbe Davlat Pedagogika institutini tugatgan. “Yo‘lovchi”, “Qadahso‘z”, “Ko‘ngil koshonasi”, “Ko‘zlar manzili”, “Quyosh yomg‘iri”, “Shohnoma”dan ilhom”, “Toshdagi bitik”, “Men va daryo”, “Sassiz faryod” kabi yigirmadan ortiq kitob muallifi. Tojikiston Xalq shoiri, Rudakiy nomidagi Davlat mukofoti, Xalqaro “Nilufar” mukofoti sovrindori. She’rlari ellikdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilingan.
* * *
Loyiq hazratlari, siz ogohmisiz,
Gullab turgan yoshlik ayyomingizning
Yarmi g‘aflat bosib, aldanganidan?
O‘tkinchi umringiz xazinasining
Yarmi g‘orat bo‘lib, talanganidan?
Ishqu She’r va Shuhrat orzusi deya
Nom olgan o‘g‘rilar qoldirmay bir iz,
Ko‘zingiz oldida, xazinangizni
Tashib ketganidan xabardormisiz?
Siz esa mamnunsiz,
Ishxonangizda,
Tamaki dudida yitganingizdan,
Kitoblar terilgan javon oldida,
Nomiga chuchmal she’r bitganingizdan.
Mamnunsiz, bir hovuch to‘porilarning
Yuzaki bitilgan xatidan, axir,
Go‘yo she’ringizni o‘qigach ular,
Shodlikdan qiyqirib, aylamish faxr.
Go‘yo she’ringizni o‘qib o‘shalar,
Yuragi titragay, yig‘lagay unsiz.
O‘zdan faxrlanib ketasiz nogoh
Va gulday yashnaysiz,
Zero, mamnunsiz.
Axir, siz,
(Uyingiz bug‘doyga to‘lsin!)
Aldanib dunyoning aldovlariga,
Nechun ishonasiz bunchalar oson,
Odamlarning soxta maqtovlariga?
Axir, siz
Bo‘rilar bilan qo‘yni yeb,
Cho‘pon bilan birga yig‘lamaysiz, bas,
Axir, siz,
Ariqdan qochib, qutulib,
Daryoga tutilgan qavmidan emas.
Bilasiz-ku Siz She’r sarguzashtidan,
Sara she’r bir marta yaralar, tayin.
Siz bilasiz, shoir ul she’ri bilan
M’jiza bobida Xudoga yaqin.
Shoirning ilk, so‘nggi yakka-yagona,
O‘shal she’ri bilan yorishar qalbi,
O‘shal yolg‘iz she’ri bilan qolar u,
Yolg‘iz farzandi bor onalar kabi.
Bilasiz-ku Siz She’r sarguzashtidan,
Bu dunyoning ne-ne alp shuarosi,
O‘limidan oldin oh-fig‘on chekib,
O‘tadi o‘zidan bo‘lmasdan rozi.
Zero, yaratmagan mumtoz she’rini
O‘zi bilan olib ketgaydir badar,
Go‘rga olib ketar o‘shal she’rini
Yoki o‘sha she’rni go‘rida aytar.
Bir bor o‘zingizga keling, yurakni
Ochib, undan so‘rang, bormi xabari:
So‘zmikan, yaratgan barcha she’ringiz
Yoki mayda-chuyda so‘z parchalari?
Agar she’r mezoni o‘lchansa shunday,
Sizning yuzingizga aytgum ro‘yi rost,
Hozirgacha (Meni ma’zur tutgaysiz!)
Bekor suv yanchdingiz o‘g‘urda, xolos.
Loyiq hazratlari, siz ogohmisiz,
O‘g‘urda suv yanchgansiz, xolos!
O‘g‘urda suv yanchgansiz, xolos!..
* * *
Bu yomg‘irli tunda, mahzun kechada,
Onam kulbasini o‘yladim bir zum.
Uning chakka o‘tgan tomini eslab,
Dilimda bir dunyo yig‘ladi yum-yum.
Bo‘m-bo‘sh hovlidagi g‘arib kulbada,
To‘g‘ri ko‘ngil – uning bori-bisoti.
Bolalari to‘zg‘ib, uy burchagida
Yolg‘iz o‘tirgandir xayolga botib.
Balki, ro‘za tutib Ramazon oyi,
Qilmagan gunog‘in oqlayotgandir?
Iftor chog‘i shiftdan tomgan chakkalar,
Balki, qulog‘iga yoqmayotgandir?
Eski joynamozda o‘tirib, balki,
Yurakdan Xudoni o‘ylaydi hamon?
Balki, past ovozda Parvardigordan
So‘rab o‘tirgandir jannatdan makon?..
Bir vaqt quvnoq edi mung‘aygan onam,
Uzun sochlari ham tim qora edi.
Sochidan taralgan qatiqning hidi
Bir xazina edi, bir chora edi.
Engini shimarib tirsakka dovur,
Ming bitta tadbirni o‘ylab tolardi.
Go‘yo u taqdirning qattiq qo‘lidan
Bizning rizqimizni yulqib olardi.
Sigir sog‘ar edi uyg‘onib tongda,
Mehr bilan sigir ortini silab.
Sirg‘alib tushardi sut idishiga
Tang‘ilgan sochlari to‘zg‘ib, qaltirab.
Har gal qizib turgan mo‘jaz tandirga
Sutli kulchalarni yopishtirgan dam,
Tandirning laxchasi kuydirar edi,
Kiprigining uchi, qoshlarini ham.
Sutning hidi qolgan qo‘llari, tunda
Boshimda sirg‘alar edi muloyim.
Silardi ko‘zimning qaboqlarini
Uning barmoqlari, ohista va jim.
Yuragimda yongan orzularimni,
Soddadillik bilan tutar edim sir.
Qo‘lini ko‘ksimga bosib uxlardim,
Shiftning vassalarin sanab birma-bir.
Bu yomg‘irli, mahzun kechada tag‘in,
Onam kulbasini esladim nogoh.
Shiftdan o‘tgan chakka… Yomg‘ir shiddati…
Dilimda bir dunyo dod ayladi, oh.
Onaginam!
Mening jannati onam!
Joying jannatligi, garchand, tayindir.
Lekin, tomdan chakka o‘tgan bu kunlar,
Bilmayman, negadir, juda g‘amgindir.
Onaginam!
Mening jannati onam!
Bilaman, pushaymon qilmaysan bekor.
Yog‘ilgan o‘q bizni o‘ldirolmadi,
Yog‘sa yog‘aversin, mayli, yomg‘ir, qor!
Onaginam!
Mening jannati onam!
Hayot goh qadr, goh qorniga yig‘lar.
Osmon ham, ba’zan, yer, ba’zida esa,
O‘zining parishon holiga yig‘lar.
Onaginam!
Mening jannati onam!
Osmon yig‘lar, dardi bunchalar og‘ir?
Sening ko‘z yoshlaring bas emasmidi?
Yomg‘ir yog‘ar… Yomg‘ir ustiga yomg‘ir…
ESKI O‘GIT
Do‘stlar! Qo‘lda qadah, dilda gard nadir?
Bu kun o‘tdi, erta kelgan dard nadir?
Axir, kimga kerak pandu nasihat?
Bul dam g‘animatdir,
Odam g‘animat!
Do‘stlar! Ishq bahori gul sochib o‘tdi,
Dil daryosi bekor, tez oqib o‘tdi,
Qachongacha dilni shrtar aziyat?
Bul dam g‘animatdir,
Odam g‘animat!
Do‘stlar! Dil dodiga yetaylik bir dam,
Yor nozin ko‘tarib ketaylik ildam,
Noz aylagan yordan kutmaylik himmat,
Bul dam g‘animatdir,
Odam g‘animat!
Do‘stlar! Boshni boshga aylaylik fido,
Yurakda tinmasin qadim kuy, nido,
She’r, qo‘shiq nuriga qonsin muhabbat,
Bul dam g‘animatdir,
Odam g‘animat!
* * *
Xatodan, g‘aflatdan va g‘ururlardan,
Jafodan, g‘irromlik va qusurlardan,
Yolg‘ondan, aldoqdan va ur-surlardan,
Ishq ham qartayadi, hech bo‘lar, afsus,
Ishqu oshiqlikka kech bo‘lar, afsus.
Gumonu malomat va bo‘htonlardan,
Dilni egovlagan o‘lik jonlardan,
Qalbi ko‘r qo‘rslardan, qo‘li qonlardan,
Ishq ham qartayadi, hech bo‘lar, afsus,
Ishqu oshiqlikka kech bo‘lar, afsus.
Kamolot faslida kamol o‘tgaydir,
Tushday bamisoli xayol o‘tgaydir,
Qadr topgan husnu jamol o‘tgaydir,
Ishq ham qartayadi, hech bo‘lar, afsus,
Ishqu oshiqlikka kech bo‘lar, afsus.
Gul-yaproq kuzaqda bo‘lganday xazon,
Yo‘llarda qurigan daryoday hayron,
Azobdan qiynalgan jonday beomon,
Ishq ham qartayadi, hech bo‘lar, afsus,
Ishqu oshiqlikka kech bo‘lar, afsus.
Eskirgan matoday yo‘qotib rangin,
O‘lik yerday yutib zardobu zangin,
Yo‘llarda turtingan asoday g‘amgin,
Ishq ham qartayadi, hech bo‘lar, afsus,
Ishqu oshiqlikka kech bo‘lar, afsus.
Iroda so‘ngaydir, g‘am kelsa g‘olib,
Halok aylaguvchi azobdan nolib,
Bizday to‘polonlar ichida qolib,
Ishq ham qartayadi, hech bo‘lar, afsus,
Ishqu oshiqlikka kech bo‘lar, afsus.
Garchand, u – yurakda munglig‘ hikoyat,
Garchand, – dunyodan aylar shikoyat,
Garchand, u – yoshlikdan go‘zal rivoyat,
Bezamon qartayib ketadi, afsus,
Noayon qartayib ketadi, afsus…
* * *
Ilk muhabbat – sovuq urgan g‘o‘raday,
Etilmay to‘kilar shoxdan g‘amboda.
Umr novdasining ildizi agar
Suvda bo‘lsa, gullar qaytgan bahorda,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Shoirlik yurtiga safar ayladim,
To‘rvamga men seni joyladim, faqat,
To‘rvamda yo‘q edi tog‘lar ganjiday,
Shu’la sochgan toshdan o‘zga bir davlat,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Ba’zan, ko‘ksim ichra noliysan uzoq,
Ba’zan, o‘t yoqasan bag‘rimga manim.
Berilib ketganda ishq o‘yiniga,
Ba’zan, boshim bilan o‘ynashasan jim,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Ba’zan, pushaymonlik biyobonida,
Ketgan yor izini axtarding rosa.
Ba’zan, neki nasib etsa umrdan,
Unga shukr aytib, qilding murosa,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Hayot ko‘pu kamning yig‘indisidir,
Har tun osmon uzra oy bo‘lmas sirdosh.
Chiroyga oshiqdir ba’zilar, ammo,
Do‘ppi topiladi, omon bo‘lsa bosh,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Mudrama shoshqaloq olamda, zero,
Shoirlik, oshiqlik telbalikdir, rost.
Ochilgan eshikni ochganlar kasbi, –
Xonaki tovuqning parvozi, xolos,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Yana sipqoramiz jomlarni bir-bir,
Boshga ko‘taramiz yana shomlarni.
Tug‘ilgan ming-minglab chaqaloqlarga,
Biz in’om etamiz yangi nomlarni,
Ey, mening telba dilim, devona bo‘l!
Devona bo‘l!
ShOIR QADRI
Oshiqlar oh tortsa xayolga botib,
Zo‘rlar ham yig‘lasa hayron, lol qotib,
Do‘stlar bir-birini ketganda sotib,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Osmonda bir yulduz yonsa damodam,
Erda bir yosh yurak tutganda motam,
O‘zidan o‘zini axtarsa odam,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Ovchilarning ovi yurishmagan on,
Boshin egib qaytsa yelkada kamon,
Xarsang tosh ustida o‘tirsa hayron,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Yo‘lovchi qumloqdan o‘tib ketganda,
Ohangi qumlarga cho‘kib ketganda,
Bir parcha she’r o‘qib jo‘shib ketganda,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Yurak osmonini qoplasa bulut,
Soxta go‘zallikning yuzi ham shuvut,
Ezgulik dunyosi bo‘lganda unut,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Dunyo tor kelganda zo‘rlar loshiga,
Hangomayu g‘urur yetib boshiga,
Yozuv axtarganda qabr toshiga,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Odamzod qaytadan topsa qadrini,
Kuyga solib aytsa olam, dardini,
Bir so‘zdan izlasa ul dard sharhini,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
ORIF ZOTLARGA
Noahil va ko‘rdir yoritguvchimiz,
Yaqinlar o‘zidan olislardadir.
Tog‘larimiz kabi saqlaymiz sukut,
Toki, tog‘lar toshi qilarkan sabr,
Holimga voy mening, holimizga voy!
Jilosi qolmagay tog‘larimizning,
Toroj bo‘lsa tog‘lar toshi, turbati.
Balki, tosh arzimas ko‘z yoshimizga,
Ammo, g‘orat bo‘lsa tog‘lar qudrati,
Holimga voy mening, holimizga voy!
Bulog‘imiz ko‘pdir, tomog‘imiz qoq,
Go‘yo ozod, ammo, qulmiz beqadr.
Na maydon mardimiz va osmon mardi,
Aslimiz qanaqa, nomimiz nadir?
Holimga voy mening, holimizga voy!
Nomimiz balandu ohangimiz past,
Ruh baland, yuzlarda ajinlar qat-qat.
Daryo to‘la suvu tashnadir sohil,
Tog‘lar baland, ammo, pastdir farosat…
Holimga voy mening, holimizga voy!
Paxtamizdan bitta ko‘ylak tikilmas,
Yuzi yorug‘ bo‘lgan bir hamvatan yo‘q.
Paxta faxrimizdir o‘la-o‘lguncha,
O‘lsak, o‘ragani, hatto, kafan yo‘q…
Holimga voy mening, holimizga voy!
Ozodalik yo‘qdir, ovoralik bor,
Chorakorlik yo‘qdir, bechoralar bor,
Ona yurtimizda, zohirimizda,
Egasiz, xudbinga ne choralar bor?
Holimga voy mening, holimizga voy!
Boshimiz omondir, qalbimiz o‘lik,
Qismat qiyig‘idan belbog‘imiz yo‘q.
Bir safda ketamiz itaot qilib,
Bir safda O‘zlikka kelmog‘imiz yo‘q,
Holimga voy mening, holimizga voy!
Tojikchadan Odil Ikrom tarjimalari
SEN BO‘LMASANG
Sen bo‘lmasang xayolimda
G‘azal aytmagay daryolar.
Tiriklik ham bo‘lur ko‘rksiz.
Shoirsiz qolgay dunyolar.
Sen bo‘lmasang xayolimda
Muhabbat ham qolar yolg‘iz.
Ko‘zlaringning olovidan
So‘nib xor bo‘lgay u, afsus.
Sen bo‘lmasang xayolimda
She’rlarim ham bo‘lur barbod.
Mening ozurda bu jonim
Tanholikdan chekar faryod.
ZARAFShONLIK DILDORGA
Ko‘zlaringning qa’rida
Kuydurguvchi olov bor.
Sug‘dlardan meros qadim
Olov kabi betakror.
Kuydirding meni zor-zor,
Ey zarafshonlik dildor.
Ko‘zlaring olovidan
Chehrang bo‘ldi otashgun.
Hijroningda o‘rtanib
Jigar bag‘rim bo‘ldi xun.
Dardim bilurmisan yor,
Ey zarafshonlik dildor.
Ishqing dovullarida
Sarson bo‘lib yurgayman.
Bir kun xoki poyingga
Boshim qo‘yib o‘lgayman.
Ey, zarafshonlik dildor,
Ey, zarafshonlik dildor.
Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimalari
ShOIR QADRI
Qay kun ishq ahlini ezsa judolik,
Botirlar kuchida sezsa adolik,
Qay kun odamlarni yengsa tanholik,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Qay kecha ko‘k aro kuysa bir yulduz,
Zaminda yosh yurak to‘lg‘onsa o‘tsiz.
Odam o‘zligini qachon qilsa his,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Sayyodlar ortiga qaytsa bebaror,
Kamoni yelkada, bosh egib, nochor
O‘ltirsa, g‘ururdan nishon yo‘q, xoksor,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Qay kun yo‘lovchilar qaqroq dasht aro
Qolishsa lol, xomush, bekuy, benavo,
She’r aytib topishsa taskin, tasallo,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Qay kunki, dil bazmi beta’sir qolsa,
Qay kun go‘zallikdan jilo yo‘qolsa,
Yaxshilik daryosi oqishdan tolsa,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Zo‘rlikka da’vogar jami kimsalar
Kibru havo ila ko‘zni yumsalar,
Qabr toshiga bayt izlab qolsalar,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
Qay kun o‘z qadriga yetolsa odam,
Orzu cho‘qqisiga chiqolsa shahdam,
So‘zdan o‘z dardiga topolsa malham,
O‘shanda bilinar shoirning qadri.
KOVANING O‘N YeTTI ShAHID O‘G‘LI G‘AMIDA FARYoDI
(«Shohnoma» ilhomlari»dan)
Alamli siynam ichra, oh, dilim sadpora yig‘laydir,
Go‘daksiz kulbam ichra bo‘sh beshik ovora yig‘laydir.
Uchar mastona kulgular shohona davra bazmidan
Mening ko‘zim bo‘lib, yo Rab, bu dunyo oshkora yig‘laydir.
Zamin bechora-ku, asli, falak bechoraroq undan,
Mani tanhoga hamdarddek bari sayyora yig‘laydir.
* * *
Ilmlar g‘aznaboni hazrati Sino,
Rozi dilin ikki tilda so‘ylardi.
Nishopurlik Xayyom — shoiri dono —
Ma’ni durin ikki tilda kuylardi.
Ikki tilli edi ahli shuaro,
Yozardi xalq tili ham o‘z tilida,
Yozardi haq tili ham o‘z dilidan,
Shundan xalq oldida obro‘yi a’lo.
Ammo birday emas barcha zamon ham, —
Odamlar-ku dono, dag‘i hushyordir, —
Ikki tilli shoir qancha bo‘lsa — kam,
Ikki yuzli shoir shuncha bisyordir.
* * *
Har kimki hayotda yashagay porlab,
Kimki tiriklikdan bir nishon bo‘lgay,
Jamiki san’atlar ichida yana
O‘lishi bir san’at bo‘lib tuyulgay.
Suvratu siyratin chiroyi bilan
Kimki ul tengsizdir, kimki ilgari,
Dongliroq o‘ligi tirigidan ham,
O‘limi go‘zaldir o‘zi singari.
Xuddi Zoya kabi dorning ostida,
Musadek zindonda o‘lmoq kerak yo,
Bundayin farzandlar jasoratidan
Vatan ham har ayyom faxr aylasin to.
Quyoshni qanoti bilan yondirgan
Hayiqmas Ikardek o‘lmoq sabotdir:
Tuproqqa uchdi u qanoti kuyib,
Lekin kuyibdimi umid qanoti?
Maqsadlar yo‘lida sharafdir o‘lmoq,
Kuidan-kui ulg‘ayib va topib kamol,
Parvozi yo‘lida bir yulduz yanglig‘
Ko‘kdan uchib tushgan Komarov misol.
O‘lmog‘ing kerakdir Frants Gall kabi,
To ketsin qabrga boshsiz u taning,
Lekin mangu qolsin boshing jahonda
Boshsiz kimsalarga bosh bo‘lib tag‘in.
Shunday o‘lmoq kerak, so‘ng nafasingda
Aytilmagan gaplar ifoda bo‘lsin.
Bog‘liq ko‘zlaringu so‘zsiz tillaring
Sirlar oshkoriga ishora bo‘lsin.
Shunday o‘laylikki, bizlarning o‘lim
Zafar sahnasining bo‘lsin yakuni.
Barcha san’atimiz ila bu o‘lim
Mahorat sahnasin bo‘lsin tuguni.
Shunday o‘laylikki, el uchun chekkan
G‘amimiz yodgorlik keltirsin bizga.
Olis safarlarda qoqilmasinlar
Tiriklar to‘qnashib o‘ligimizga.
Tilak Jo‘ra tarjimalari
RUBOIYLAR
* * *
Daryo, daryo, sen o‘xshaysan bizlarga,
Sen kirmaysan onang aytgan so‘zlarga.
Tog‘ bag‘rida tug‘ilib sen, chashma, so‘ng
Yo‘l olasan boqmay tog‘u tuzlarga.
* * *
Xayyom, sening madhing erur betakror,
O‘tkir joming balqib o‘ynar shu’lavor.
Jomingdan may totmaganlar mast erur,
Kimki ichsa bo‘lur oqilu hushyor.
* * *
Men o‘tsam, ruhimni eslab shod ayla,
Nomimni yod ol-u, so‘ng faryod ayla.
May jomi qo‘lingdan tushib sinsa gar,
U siniq dil jomi menman, yod ayla.
* * *
Onamdan o‘zga nom bermagan menga,
Mehnatdan o‘zga kom bermagan menga.
Tinchligim, bari bu notinchligimdan,
Tinchligim hech orom bermagan menga.
* * *
She’rimda to otash qalbim namoyon,
Etarmanmi mangu hayotni armon.
Dehqon ekinidan mangulik kutmas,
Men ham ash’or aytgum misoli dehqon.
* * *
Qayg‘u seldir, shodlik chashmayu shabnam,
Shodlik qazo eltmas, ado aylar g‘am.
Shodlik o‘z joyiga qaytmaydi zinhor,
Qayg‘u esa qaytar manzilga har dam.
* * *
Qalbim oromida mavj ursa tug‘yon,
Shodlikdan may ichib, topgayman darmon.
Do‘stlarni yod aylab, qadah ko‘tarsam,
Aziz chehralardan dil bo‘lur shodmon.
* * *
Xayoling tun bo‘yi ko‘nglimni tutdi,
Ko‘yingda jonim dor tagidan o‘tdi.
Ne qilay, muhabbat noshukurlikmas,
Ishq olis yo‘l bosib, vaqtidan o‘tdi.
* * *
Xayyom, diling dilimdan ogohdir,
Har so‘zing tarona ham dard-u ohdir.
Bayting dil ka’basiga qopqa erur,
She’ring umrimizday qisqa-kutohdur.
* * *
Xayf erur daydi, yot bo‘lsa o‘y-hayot,
Dardu g‘am-tashvishdan bo‘lsa gar ozod.
Yurmoq nedur hayot so‘qmoqlaridan,
Qadamni sanamoq erur ayb, u-yot.
* * *
Bu yupun dunyoning bunyodkori biz,
Ne asli bu jahon, uning bori biz.
Yot emasmiz bizlar, yiroq bo‘lsak-da,
Biz Odam, Havoning yodgorlarimiz.
* * *
Daryo, nega mendek muncha jo‘shqinsan,
Qalbim kabi parishonu toshqinsan,
So‘z kor qilmas oshiqday sen savdoyi,
Joying tashlab chopog‘onu shoshqinsan.
* * *
Har tong men jahonga yangi kelurman,
O‘zimni muhabbat mardi bilurman,
Har tunki, odamday jahondan o‘tsa,
O‘rniga teng bo‘lib paydo bo‘lurman.
* * *
Men do‘stlar diliga bahor keltirgum,
Oshiqlar diliga xumor keltirgum.
Yordan ayrilarga, firoq dashtida,
Xushxabar, salomu yodgor keltirgum.
* * *
Tuproq, seni ko‘z yosh ila nam ayladik,
Boshingda ko‘p turib biz motam ayladik.
Dog‘ xokingni yuvdik dil qonimizga,
Toshing yo‘nib haykali odam ayladik.
* * *
Bu xok onalarday chekib g‘am yig‘laydi,
Yotganlarga tutib motam yig‘laydi.
Yo‘llariga yomon nigohlar tushib,
Nokaslar unga qo‘ysa qadam yig‘laydi.
* * *
Ko‘chamizdan kelin-kuyov o‘tishdi,
Xursand bo‘lib oshiq ikkov o‘tishdi.
Ajib bir hol kechib shu chog‘ dilimdan,
U yoshlik yillarim bir rov o‘tishdi.
* * *
Jahonda toki sen bo‘libsan paydo,
Hayot ishqi bilan mast bo‘l, huvaydo.
Sino bo‘lmasang-da, chiqma izmidan,
Majnun bo‘lmasang-da, shaydo bo‘l, shaydo!
* * *
Mening kaftlarimga osmon joylashar,
Mushtdek yuragimga ummon joylashar.
Ammo men jahondin to‘ymasman aslo,
Ko‘zim qarog‘iga jahon joylashar.
* * *
Bu keng dashtdan mudom karvon o‘tadi,
Hamma ko‘rib foyda-ziyon — o‘tadi.
Hamma bu dunyodan o‘tadi harchand,
Badbaxt kimki — u benishon o‘tadi.
Tojik tilidan Nazarmat tarjimasi