Salim Bobullo o‘g‘li (1972)
Salim Bobullo o‘g‘li (Səlim Babullaoğlu Səlimov) hozirgi Ozarbayjon modern she’riyatining yorqin vakillaridan biri, shoir, tarjimon va essenavis. U 1972 yil 10 dekabrda Shirvon shahrida tug‘ilgan. Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi.
«Tanho» (Baku, 1996), «Iyunda kuylangan qo‘shiqlar» (Istanbul, 2006), «Yurakka bag‘ishlov» (Vrotslav, 2007), «Shamolga qarshi yurgan ayol» (Tabriz, 2009), «Ilyosning rasm daftari» (Baku, 2009), «Maskali kishilarning gimni» (Kiyev, 2009), «Qorin sharhi» (Tbilisi, 2010), «Polkovnikka hech kim yozmaydi» (2010) kabi she’riy kitoblari chop etilgan.
Salim Bobullo o‘g‘li o‘zbek (Abdulla Oripov, Aziz Said, Xurshid Davron she’rlari), rus, turk, fin, ispan, italyan, frantsuz, shved, fors, polyak, ingliz, portugal, yapon, grek, qirg‘iz adabiyoti vakillarining asarlarini tarjima qilgan. O‘rxon Vali, Iosif Brodskiy, Cheslav Milosh, Fozil Husni Dog‘larja, Vasil Stus kabi shoirlarning kitoblari uning tarjimasida chop etilgan. O‘zining she’rlari dunyoning o‘ndan ortiq tillariga tarjima qilingan.
Bir qancha xalqaro (Turkiya, Serbiya, Qirg‘iziston) va milliy («Anor butog‘i», «Kitob–2003», «Kitob–2004») mukofotlar sovrindori. Yevropa Ozodlik shoiri (The European Poet of Freedom) xalqaro adabiy tanlovining nominanti (2018).
Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi idora hay’atining a’zosi, Badiiy tarjima va adabiy aloqalar markazining rahbari.
DO‘STLARIMGA
Bir oz olislardan axtaring meni,
Suhbatlar quraylik bu yerdan uzoq.
Bir oz xayollardan axtaring meni,
Bu loyqa suvlardan ketaylik yiroq.
Oydin saboqlardan axtaring meni,
Unda quyosh boshqa, sezim boshqadir.
Tangri gunohlarni afv etgan yer,
Xayolim u yerda kezinmoqdadir.
Umr vafo qilsa, yozgayman, biling,
Bugunning, ertaning qo‘shiqlarin men.
Meni o‘z ichimdan axtaring faqat,
Bir kun o‘z ichimdan ozgayman, biling.
So‘nik satrlardan so‘ramangiz meni,
Yonurman Karamdek* o‘tda tobora.
Dalli fikrlardan axtaring meni,
Bir kun aqlim kirsa mening ham zora.
_______________
* Karam — «Asli va Karam» xalq dostoni qahramoni.
OTAMGA
Sen mendan ancha ko‘rkamsan,
Men sendan ancha asabiy…
Sen — hassos,
Men bir oz ulfatkash,
bir oz isrofgar,
o‘zidan rozi.
Bir oz baxtsizman —
Ki, sen mendan norozi.
Mening umidsiz xun ohlarim ko‘p…
sendan uzoqqa,
bu ma’nosiz — ulkan shaharda
Tentirayman — yuragim qiyma-qiyma,
gunohlarim ko‘p…
Tongda suratingga,
oqshomlar ko‘zguga boqurman.
bormoqdaman kundan-kun qarib.
ko‘paymoqda sochlarimda oq…
Ko‘p narsaga erisholding sen —
Yo‘qotmoqqa hech bir narsang yo‘q.
Men hech narsa qozonolmadim,
bir oz o‘zimni yo‘qotdim,
Qo‘ridim sening yaxshi nomingni,
to‘rt xonali uyni qo‘ridim,
kitoblaringni…
Sen juda ham yaxshi otasan,
men — yomon o‘g‘il.
Bo‘larkan-da shunaqasi ham…
Ammo vaqtdan o‘zib, ayta olurman:
sen juda zo‘r bobo bo‘lasan,
jumladan, men ham…
BA’ZI KO‘RINIShLAR
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
do‘st qo‘li bo‘sh qolmas havoda
yig‘layotgan yuzlarni to‘sar
Qo‘llarni ko‘ryapman, bilaklarni
bilaklardagi kishanlarni parchalamoqda
Qullarni ko‘ryapman, kaftlarni
baxtlarni, baxtsizliklarni
taqdir chiziqlari, umr bitiklarini
xiromantiya bilan mashg‘ul bo‘lmasang hamki
qadoqlarning baxtdan xabar berishi ayon
Qo‘llarni ko‘ryapman, mushtlarni
ko‘ngilni sindiruvchi bosh suyagiga urilayotir.
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
usta pianinochinikiga o‘xshab ketsa-da
bszbetlarcha kimningdir cho‘ntagiga tushayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, silashlarni
sho‘rlik bir kimsaning sochlariga qo‘nib
bir lahza bo‘lsa-da foniylikni unut aylagan
Qo‘llarni ko‘ryapman, ajinzorlarni
keksalar kulbasiga borguvchi unutilgan, to‘zonli
yo‘llarni yodga soluvchi
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
tirnoq-la et bitgan joyi yorilib ketgan
avitaminoz tashxisi qo‘yilgan hayot tarzidan so‘zlar
titroq dudoqlarni qimtibon qattiq
favqulodda hodisalarni abadiy bekitgan
Qo‘llarni ko‘ryapman, nozik bellarni quchib
sevgi haqdagi eng shirin so‘zlarning
haqiqiy ma’nosi anglatmoqdadir
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
iyaklar ostita qadalib
odamlarni o‘z asl shaklidan rozi qilmoqda
Qo‘llarni ko‘ryapman, oyoqlar ostida toptalgan
Katlarning* ustidan osilib tushgan
ushbu kun bola-chaqasidan uzoqda
bir ona tushida bosinmoqdadir
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
kesilgan barmoqlar tushlarida o‘z egasi tomon uchmoqda
Qo‘llarni ko‘ryapman, amallarni
har ilinjga uzangan
sevgi maktublarini yozgan
eshiklarni zarb bilan qoqqan
ko‘chat ekish uchun yasalgan belkurak sopidan tutgancha
jasadni ko‘mmoqqa yer qaziyotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
umidsiz orzularga qarshilik kabi
uch barmoq qovushgan nuqtada eng qo‘pol rad javobi
berilayotgan
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
qimmat kursilarning kimxob jildiga
mahliyo bo‘lgancha farog‘atli turmush tarzin yaratarkan
katta pullardan —
demakki jinoyatlardan
qaltiroq va qo‘rquvlardan so‘zlayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
eng arzon fotoapparat tugmasini bosarkan
eng qimmatli onlarni — abadiyat elchilarini
suratga olayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, ko‘klarga uzangan, ochiq
duo qilayotir
qo‘llarni ko‘ryapman, bu duodan tug‘ilajak do‘mboq
qo‘lchalarni
bir ko‘ring, havo xil’atini tutgani kabi
malaklarning etagidan tutmoqda ular
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘ng‘ir sochlarni taroqlab
qora ko‘zlardan uyquni quvayotir
chakkasini changallab turgan qo‘llarni ko‘rayotirman
so‘nggi sigareta qolgan quti uzra
Tinchib qolur tong nasimida
Voz kechadi nuqta qo‘ymoqdan…
_________
Kat — so‘ri, karavot (mahbuslar yotadigan nard)
Usmon Qo‘chqor tarjimalari
NO‘NOQ NIGOHLAR
* * *
Qayga shoshmoqdasiz, unut odamlar?
Sizni endigina esga oluvdim…
* * *
Haydalgan qora tuproqqa
to‘kilgan sariq yaproq
rassom ilinjida
matbuotga beradi e’lon,
bizning no‘noq nigohlarimiz
yopishib olmaganda
birinchi sahifaning sarlavhasiga
chirindiga aylanmasdi ul
* * *
Qani, menga ayting
bir inson umrining chakana narxin
sizga aytib bergum butun olamning
ulgurji bahosi bo‘ladi qancha
mabodo o‘zingizga ma’lum aljabr bilan
solishtirsangiz gar natijalarni
u holda ko‘zga chalinadigan nomuvofiqlik
aytib berar izlanayotgan
muhabbatning bo‘lmaganini
* * *
Qisqa she’rlar bilan o‘ralashmasdan
shoh asarlar yozmoqlikni istaganim on
bir qush qo‘ndi derazamga
lek na ash’or, na ro‘monga
sig‘mayin uchdi-yu ketdi u
Ruschadan A’zam Obidov tarjimasi.
O‘G‘LIM BILAN SUHBAT
— Cen kimsan?
— Otangman.
— Faridaning otasi kim?
— Uning otasi yo‘q.
— Nega?
— …
— Nima qilayapsan?
— She’r yozayapman.
— She’r nima degani?
— Onangning allasiga mengzaydi u, masalan.
— Onam ham she’r yozadimi?
— Yo‘q.
— Nega yozasan — sen ham kuylamaysanmi!
— …
— Qayerga ketayapsan?
— Ishga.
— Ish nima degani?
— Ish kiyimlarimiz, nonu oshimiz va shunga
mengzar tashvishlardir.
— Shoshma. Biroz men bilan qol.
— …
— Ota, Parvardigor kim?
— Seni, onangni, momongni, bobongni —
barchani yaratgan parvardigordir.
— Seni hammi?..
— …
— Ular nima qilishayapti?
— Tosh terayaptilar.
— Nega?
— Bir-birlariga otadilar.
— Nega?
— Ular dushmandir bir-birlariga.
— Nega?
— Yomon ko‘radilar bir-birlarini.
— Nega?
— …
— Ota, ishdan qaytayotganingizda beshta muzqaymoq olib keling.
— Nega beshta?.. Senga, onangga, Faridaga, menga… Yana kimga?
— Beshinchisini… qushlarga beramiz.
Ruschadan Usmon Azim tarjimasi.