Luis Garsia Montero (1958)
Luis Garsia Montero (Luis García Montero) — zamonaviy ispan she’riyatining taniqli vakili. Granada shahrida tug‘ilgan. Granada universiteti Ispan filologiyasi kafedrasining katta o‘qituvchisi. U Federiko Garsia Lorka nomidagi mukofot, Sevilya shahri mukofoti, 1982 yili “Xorijlik bog‘bon” she’ri tufayli qo‘lga kiritgan Adonae mukofoti, Granada oltin medali, Servantes nomidagi mukofot va boshqalarga sazovor bo‘lgan.
MA’YuS QO‘ShIQ
Uch yil o‘tdi, yuzida hamon
Tong sahardan uzilgan kalom.
Yuragingni parchalar mudom –
Qorong‘ilik har yonni bosar.
Yo‘laklarda zimiston, qarang,
Elkam uzra eshikni qoqar.
Yuragingni parchalab shu dam,
Sudrab ketar zulmat qa’riga.
Muzlab ketgan ehtiros mudom
Tanho turar so‘zlar ortida.
Odimlar u ohista, sokin,
Qayg‘u olar o‘z qa’riga jim.
Kulbam sari bir ketar sharpa,
Ma’yus kuyni eslatar, u kim…
Ko‘cha uzra sun’iy nur balqar,
Uchta kema langarin tashlar.
Yonimda nogahon o‘shal nur o‘tar,
Bamisli zarb urib eshkagin eshar.
MENI TA’QIB QILAR…
Ta’qib qilar meni tinmasdan,
G‘arnotaning qo‘ng‘iroqlari.
Toliqsam gar seni izlashdan,
Dalda berar keng ko‘chalari.
Qamrab olar momoqaldiroq,
Dengiz ichra tin olar to‘lqin.
Sukunatga cho‘msa-da, biroq,
Toshib borar unda hansirash.
Bog‘lar munkib chiqarar hordiq,
Yoz ham eshik qoqib tinmaydi.
Asta-sekin kichrayar borliq,
Men ularda yashayman ammo.
Bo‘sa istab sevishgan dillar,
Ko‘zlarimga tashlar nigohin.
Xavotirdan yuragim gullar,
Bezovta qalb yorishar tinsiz.
Sokin shahar xayolga cho‘mib,
Qushlariga qarab yayraydi.
Bizni bu charx sirlarga ko‘mib,
Nahot yana imdod istaydi.
Ispan tilidan Ziyodullo Joniqulov tarjimasi