Jahon
October 4, 2020

Ma Chjiyuan (1250-1321)

Ma Chjiyuan (an’anaviy 馬致遠, soddalashgan 马致远, pinin: Mă Zhìyuăn) (1250 — 1321 va 1324 yillar orasida) — mashhur yuan dramaturgi (tszatszyuy janrida) va shoir (tsyuy janrida). Pekinda tug‘ilgan.

O‘N IKKI OY

Birinchi oy

Bari sehrli —
bahor,
shahar,
zulmat.
Ko‘prik yulduzlardan qurilmish,
olov ichra bor daraxtlar gullagan kabi,
taraladi g‘aroyib qo‘shiq,
o‘sha!
Bu o‘sha — toshbaqa;
Tog‘ tagida — shox-shabbalarda
yashirindir uning makoni.

Ikkinchi oy

Meyxuva daraxti gullar — qishloqlardan narida.
Noku shaftolilarda
bahor gurkirab kezgay.
Chopar arg‘umog‘i
chang ortidan ko‘rinar arang.
Va shoshilgan yo‘lovchilar yo‘lagi bo‘ylab,
Sinmina* kuni-da kelmoqda to‘liq.

Uchinchi oy

Bizni kutar poklanish kuni,
go‘zal kun!
Yashil qirg‘oqlarda nozaninlar ko‘p!
Tentirayman men gullar aro
qirmiz ranglar ichra,
o‘sgan kabi shohona bog‘da!
Shunday ketib boradir bahor.

To‘rtinchi oy

O, oqshomgi mayin shabboda
olib ketar Bahorni
bulbullarning chah-chahi ila,
olxo‘ri mayidan simirib,
yiqildik xandaqqa.
Uyda bizni kutar sohibjamollar,
she’r kabi tin olib sokin, jim.

Beshinchi oy

Gulxayri tabassum etar.
Anor kuladi!
Sarxush Syanshen “Lisao”,
o‘qiydi doston.
Qaldirg‘ochlar bo‘g‘ot tagida…
Qandoq in qurganin kuzataman men,
Chorlar uni — chuh, endi!
Orxideyalar daryo ortida!
Qayiqlar uyushib bir tomon shoshar.

Oltinchi oy

Osmon — kenglik,
kul — nefrit,
jom muzdir.
Changdan qochma
xuddi dim havodan qochgandek.
Kelishgandik, axir, biz:
sal ochilsa nilufar,
shodlanamiz ikkimiz birga,
avliyo chol ila birgamiz.
G‘am-tashvishsiz
qo‘rg‘on qo‘ynida…

Ettinchi oy

Uchib o‘tar oltinrang chinor…
Yolg‘izlikda
zavqlangan go‘zal oydan,
oy ko‘zgusidan
yosh bir siymo boqar, uzmay ko‘z.
Osmon daryosida
ikkiga ajralgan yulduzlar sari,
afsus, menga borarga yo‘l yo‘q.

Sakkizinchi oy

Tiniq qadah bo‘m-bo‘sh,
mayga mo‘ltirar,
xuddi Chang Enning chopari —
ruhi kabi yugurar
osmon musaffo.
Oy nuridan yasalgan minor,
qachonlardir yo‘qdan yaralgan
tavsifi yo‘q bu go‘zallikka.

To‘qqizinchi oy

Qayiqni eslayman — sovuq daryoda,
xrizantema
va derazam tagidagi oq yelkanlarni-da,
bular tark etilgan izlardir go‘yo,
va’dalar berilgan
Danayanadan xat jo‘natmoqqa…
men sog‘inib,
kutib yashayman.

O‘ninchi oy

Syuan’ Min bizlarni eslar, bahor —
nozik g‘unchalarni sovuq uradi.
Yana
qor buluti uy ustida yig‘ilar.
Lekin men bahorning
zarrin chimildig‘i ostida isinaman…
Ohanglarga tortar meni u.

O‘n birinchi oy

Qachonlardir meni sevgansiz,
hokim bo‘lib,
meni sag‘anamda yo‘qladingiz bahorda.
Ko‘ngillarni ochmasdan,
keltirdingiz sovg‘alar
bizlarni maftun etgan
barcha yalla aytildi.
O‘yinchog‘ingizni unutdingiz siz.

O‘n ikkinchi oy

Shimol shamollari esmoqda,
sovuq o‘tib boradir jondan.
Bizning jafokash yozlar
uzoq hali,
qorlar tagida balki.
Osonmas meyxuva gullariga ham,
va lekin Sharq hukmdori,
qordan qo‘sh ozroq —
mo‘l bo‘ladi hosil, mo‘l!

KUZ XAYoLLARI

Qora qarg‘a
Va butoqlari qurigan
Qari daraxt.
Ko‘prik
Oqim uzra egmish bukri vujudin.
Horigan ot.
Qishloq yo‘li va g‘arb shamoli.
Oftob botib borar.
Va dunyoning bir chetida
Pora-pora bo‘lmish bir yurak.

* * *

Tog‘ qushlari yig‘lar
tong chog‘i deraza tagida,
tog‘liq qariyani uyg‘otar
uyqudan.
“Qaytsang-chi!”
Novdalardan menga eshitilar sas.
“Etolmaysan!” —
Yana yuksaklardan sas kelar.
Topolsaydim dam olish uchun
issiq go‘sha,
sokin boshpana?!

ODDIY QUVONChLAR

1

O‘rmon qa’rida yashayman,
barchadan yiroq.
Faqat mening chaylamga
bosh suqadi ahyon-ahyonda
sarin shabada
Biz — ikkov unutdik dunyo ishlarin —
boyligu
shuhrat,
qolgan barcha puch narsalarni.

2

Qishloq kunduzlari sokin va uzun.
Yiroqlardan kelar chorloqlar sasi,
Ko‘zin ochayotgan nilufar nafis
Yaproqlari uzra oq qurtlar g‘imirlar.
Go‘yo men kapalak bo‘lib uchaman…
Xuddi shunday tushlar ko‘raman.

ELKANLAR OLIS SOHILDAN QAYTDI

Ufqqa bosh qo‘yadi oftob,
sharob to‘la xum ham bo‘shagan.
Kechikkan qayiqlar
uyga tomon oshiqar.
Kulbamning ortidan
uchar bir xushbo‘y.
Bukri ko‘prik yonida esa
huvillab qolgandir
baliq bozori.

* * *

Uylarda uxlab qoldik,
sepiladi Oy nuri mo‘l-mo‘l.
Go‘zal gulg‘unchalar soyasi
pardalarda to‘qiydi jilva.
Novdalar tebranar —
Kulgidir ular uchun inson qayg‘usi.
Oy berkinib oldi,
tag‘in yolg‘iz qoldim men.

* * *

Goh shamol esar,
goh yog‘ar jala.
To‘kiladi gullar,
er bag‘irlab terak momig‘i uchar.
Sog‘inch-la boqaman derazadan,
oh, sayraydir kakku.
U yig‘laydir,
bizga qaytib kelsang-chi, bahor.

* * *

Nilufar yuzida
Yomg‘ir tomchisi,
Devor yonidagi atirgulda ham shabnam.
Hovli uzra
Kurtaklagan xrizantemalar atri hukmron.
Qanchalik yolg‘iz Soya ham!
Olxo‘ri novdalariga osila-osila
Oy boradir qiyalab.
Bas, to‘rt soat behuda kutdim.
Bag‘ritosh, beshafqat,
Ko‘zim yo‘qdir seni ko‘rgali!

* * *

Daryo sohilida o‘ltirib
to‘lqinlarni kuzataman:
mavj uradir, chayqaladir,
qoshimda to‘lg‘anadir asov.
G‘arb tomonda sobit turar
qo‘zg‘almas tog‘lar.
Jaydari qarmoq bilan suv tomon tushaman —
qalbimga ham orom inadir bu kez.

* * *

Cho‘qqida turibman
to‘zg‘igancha sochlarim.
Oq qayinlar ko‘lankasi
Oftob nuri bilan tog‘ etaklariga to‘shalgan.
Taye ko‘li tingan osuda,
so‘lim Oyning husniga bo‘lib mahliyo.
Bulutlar yugurar,
Bolalarning shovqini tingan.
Ufq ham qorayar…
Shundoq kechar, shaksiz, serzavq onlarim.

Ruschadan Tursun Ali tarjimalari
______________
* Xitoyliklarning bahorda nishonlanadigan bayrami.

"Yosh kitobxon" kitoblari