Jahon
October 3, 2020

Ahmad Donish (1826-1897)

«Ahmad Kalla», «Ahmad maxdum» nomlari bilan zamonasida shuhrat qozongan va ilmiy-adabiy tafakkurning yangilanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Ahmad Donish XIX asr Buxorosining qomusiy ilm egalaridan edi. U Buxoroda shofirkonlik mudarris oilasida tug‘ildi. Otasi madrasasida o‘qidi. Yoshligida naqqoshlik, rassomlik, xattotlik hunarlarini o‘rgandi. Tarix va falsafaga ko‘ngil qo‘ydi. Zehni, salohiyati bilan darrov ko‘zga tashlandi. 1857 yilning kuzida Amir Nasrulloning Rusiya imperatori Nikolay I vafotiga ta’ziya bildirish va valiahd Aleksandr I ning taxtga chikishini qutlash uchun yuborilgan elchi Mullajon Miroxurga kotiblik qiladi. Peterburgda uch oy san’at-madaniyat obidalari bilan tanishadi. 1869 yili yangi shart-sharoit taqozosi bilan Amir Muzaffar Peterburgga yana elchi yubordi. Bu elchilik yarim vassalga aylangan davlatning hokimi mutlaq ko‘nglini olish harakati edi. Uning ham kotibligiga Ahmad Donish tanlandi. 1873 yilning oxirida Ahmad Donish uchinchi marotaba elchilik tarkibida Rusiyaga yo‘l oldi. 1874 yil yanvar — mart oylarida Peterburgda turib qaytdi. Aleksandr II bilan uchrashdi. So‘ngroq bularni qog‘ozga tushirdi. Hozirda O‘zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida Ahmad Donishning 16 qo‘lyozma asari saqlanadi. Aksariyati uning o‘z qo‘li bilan yozilgan asl nusxalardir.
Muallifning «Navodirul-vaqoye» asari 15 yil davomida, 1870— 1885 yillar oralig‘ida yozilgan tarixiy, falsafiy, memuar asardir. 23 bobdan tashkil topgan bu asar haligacha to‘la nashr etilgan emas. Uning ayrim boblarigina chop qilingan. Shu jumladan, uning bir qismi 1964 yili o‘zbekchaga ham ag‘darilgan va bosilgan edi.
Kitobning ikki bobida Rusiya safari taassurotlari berilgan. Chunonchi: VII bobi A. Donishning 1869 yilgi Rusiya safariga bag‘ishlangan va 1957 yilda chop etilgan. VIII bob podshoh Aleksandr II ning qizi Mariyaning 1874 yilda bo‘lgan nikoh to‘yiga yuborilgan elchi Abdulqodirbek safari haqida. Qolgan boblari xilma-xil mavzuda. Masalan, ota-ona va farzand munosabatlari (1-bob), mol-dunyo (2-bob), tarix (Z-bob), olim va johil taqdiri (4-bob), vaqt qadri (5-bob), safar qilish foydalari (b-bob), ilm-fan manfaati (9-bob), haqiqiy va majoziy ishqhamda uning odobi (10-bob), nikoh (11-bob), taqdir (12-bob), kasbkor (13-bob), jism va ruh (14-bob), yer tuzilishi va ma’danlar (16-bob), tush ta’biri (19-bob), Bedil baytlari (20-bob), ayrim hadislar talqini (22-bob), inson axloqini belgilash (23-bob) kabi. Ta-maddun (madaniyat) haqidagi risolasi (15-bob) va xilma-xil voqeiy hikoyalar (18, 21-boblar) ham undan joy olgan. Ularning har biri ham muhim va qiziqarlidir. Masalan, so‘ngti risolada podshohning xalq oldidagi mas’uliyati 10 shart asosida ko‘rsatib beriladi. Shu jihatdan, u bir tomondan, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig»idagi bek va raiyat munosabatlarini esga tushirsa, ikkinchi yoqdan, Russoning «Ijtimoiy shartnoma»sini yodga soladi.
Yoki tanlagan usulini oling. Muallif kasb-hunar egallash haqida yozar ekan, uni o‘z o‘g‘illariga «vasiyatnoma»ga aylantiradi. Va bu orqali o‘quvchida katta qiziqish va ishtiyoq paydo qiladi. Darhaqiqat, adib boshidan kechgan baxtli-baxtsiz, shirin-achchiq kunlar, hayot, sayohat xotiralari, safarlar davomida do‘stlardan tinglangan hikoyalar va bulardan kelib chiquvchi ibratlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Muhimi shundaki, bu ibratlar XIX asr Yevropa tamaddunini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ayni paytda, shu davr Sharq ilm-fanining Turkiston sarhadidagi eng buyuk namoyandasi vasiyatlari edi. Kasb-hunarga, ilm-fanga mehr, halollik, mansab-martaba, mol-dunyo hirsidan uzoq bo‘lish, bani basharga xayrixohlik, har qanday holda ham yaxshilik qilish, islomiy axloq bu vasiyatlarning asosiy mazmunini tashkil etadi. Diqqatga sazovor yana bir narsa shundaki, Ahmad Donish farang donishmandlari, «siyosiy hukamolar»i haqida yozdi. Ularning «ixtilol va inqiloblar tarixini chuqur o‘rganib», barcha haqsizlik va adolatsizlik sababini «davlat ishlarining yolg‘iz podsho qo‘lida bo‘lishi»dan topganliklarini ma’lum qildi. Ular shu sababli eski «davlat tuzumini o‘zgartirganlar», deb yozdi. Ular «huquqda hammaning tengligi»ga rioya etishlari, darajalar esa, kishilarning «fazl va hunarlarining oz-ko‘pligiga qarab bo‘lishi», «davlatni hammaning o‘rtasida turgan kishi idora qilishi» haqida «qonunlar chiqarganlari»ni uqdirdi. Yevropaning «barcha davlatlarni yengib, butun dunyoga ega bo‘lishlari»da bu asosiy omil bo‘lganini ta’kidladi.
Darhakiqat, ushbu vasiyatnoma ta’limiy-axlokiygina emas, muhim ijtimoiy-siyosiy mazmun ham tashir edi.
Shuningdek, uning «Majmuai hikoyati Ahmad Kalla» («Ahmad Kalla hikoyatlari to‘plami») (1877), «Isloh miyoni shia va sunn» («Shia va sunniyni yarashtirish haqidagi nasihat») kabi risolalari, «Daftari taqvim» («Kundaliklar»)i ham muhim ahamiyatga ega.
Ahmad Donish umrining oxirlarida «Tarix risolasi» kitobini yozdi. Bir yoqdan, Amir Temur, Husayn Boyqaro, Abdullaxon, Subhonqulixon, Shohmurod, ikkinchi tarafdan, Amir Muzaffar saltanati misolida har bir davlatning taraqqiy va tanazzuli sabablarini tahlil qildi. Birinchi guruhni mujaddidlar (din va davlatni poklovchilar) deb hisobladi.
Bu asarlar sodda va jonli tili, ifoda uslubi bilan o‘tmishdoshlarinikidan ajralib turadi. Sinchkov ilmiy mulohaza, tanqidiy va tahliliy tafakkur ularga alohida ruh bag‘ishlaydi. Tasvir va ifodadagi dramatizmga moyillik, suhbatdialogdan unumli foydalanish muallif fikrlarining o‘quvchi ongiga yetib borishini osonlashtiradi.

ABDULKODIRBEKNING ELChILIGI HAMDARUSIYaNING TO‘Y BAZMLARIDA KURILGANAJOYIBOTLAR HAQIDA

Peterburg shahri senga poytaxt,
Aning chun anga yordur ikki baxt.
Eram bog‘i bu shahardek bo‘lmag‘ay,
Buni ko‘rgan kyshi ani suymag‘ay.
Nishoni buni yer emas, ko‘k erur,
Aningdek buning yulduzi ko‘p erur.
Ko‘rolmas ersang quyosh kunduzi,
Hisobsiz ko‘rarsan quyoshdek qizi.
Qorong‘u kechalarda yonsa chirog‘,
Solur ko‘pni ko‘ksiga yuz mingcha dog‘.
Etib shul zamon podshoh amridin,
Bo‘libdur bu kun bir jis oyga qarin.
Aning husni vasfiga yetmas gumon,
Toq erdi bu kun bo‘ldilar tov amon.
Falak qildi aqlin tamanno aning,
Sochilg‘usi bo‘ldi surayyo aning.
Uning to‘yida qochdi elning g‘ami,
Qutulmish edi g‘amidan olami.
Falak qozisi erdi ul mushtarin,
Boshidan olib irg‘itib dastarin,
Bu to‘y bazmida qo‘l solib o‘ynadi,
Esirkib emish har yona ag‘nadi.
Na bir jis bu ishda yolg‘iz edi,
Ko‘rib bazm bahrom kulmish edi.
Falak yondirib bu quyosh mash’alin,
Ko‘ribmish edi zuhraning masligin.
Atorud bu bazm ichra hushi ketib,
Yubordi qo‘lidin qalam irg‘itib.
Ko‘rib oy bazmida hur qizlarin,
Yashirmish erdi dog‘lik yuzlarin.
Jahonga to‘lib erdi ko‘rku chiroy,
Bu qanday to‘y erdi, ko‘ring hoyi-hoy.
Quloqqa kirar udi naylar uni,
Dutori, setorlar cholur tanburi.
Qurilmish edi bu bino olti qat,
Hama ustma-ust erdi, qatma-qat.
Falakka yetar erdi ayvonlari,
Bulutga tiralmishdir ustunlari.
Bu ustunlar erdi hama zar nigor,
Emas zar nigor, balki zarrin devor.
Qandillar oltin, osilmish edi,
Ipaqdan gilamlar solinmish edi.
Bu yanglig‘ edi joyi jannat nishon,
Jahonda yo‘q erdi anga o‘xshagan.
Bo‘yinga taqishgan asl durlari,
Turar anda minglarcha hur qizlari.
Boridur ochilgan guliston guli,
To‘lin oy quyoshdek erur har biri.
Ko‘ringay libos ostidan tanlari,
Etar yuz qadamdin alar hidlari.
Bosh uzra solmish mush’abid to‘ri,
Etak gulga to‘lmish, beli kokili.
Beli qil kabi ko‘p ingichka edi,
So‘zi shakkaru, lablari bol edi.
Gapirsa tili dur nisor aylagay,
Kulimsib ko‘zi yuz xumor aylagay
Bu bazm ichra to‘lgan bari hur edi,
Eru osmon barchasi nur edi.
Cholg‘u, qo‘shiqchi, o‘yinchilari,
Bu to‘yga yig‘ilmish pari qizlari.
Biri chalsa qonun, biri arg‘anun,
Bu bazmi ichra o‘ynardilar kunu tun.
Peterburgda o‘tdi bu to‘y o‘n kuni,
Tomosha qilib tinmayin kun-tuni.
Keyin chiqdi yorliq borib Maskova,
Yana to‘y berib anga o‘tkazmaga.
Biling, shahri Maskovni xon balqidir.
Aning kengligi olti farsax erur.
Kecha-kunduzi ila ko‘rib tuzdilar
Ham ul to‘yni uch kunda o‘tkizdilar.
Charog‘on bo‘lib bo‘sh yeri qolmadi,
Falakdek chirog‘ to‘ldi, kam bo‘lmadi.
Charog‘on edi Maskov uch kungacha,
Bo‘lib bazmi, o‘yinlar kunu tungacha,
Kecha-kunduzini kishi bilmadi,
Falak oy yulduzlarin ko‘rmadi.
Shu chog‘da xabar bo‘ldi shoh chiqdi deb,
Peterburgdin Maskova yurdi deb.
Asogir ani to‘sgani foj urib,
Dengiz to‘lqinidek sipoh mavj urib.
Butun xalq daryo kabi oqdilar,
Shahanshoh kelmish deb oshiqdilar…
Shu savlat, shu shavkat bilan yurdilar,
Ani qo‘ndirib o‘rdaga qo‘ydilar.
Shuningdek ko‘rib bo‘ldi to‘y kunlari,
Havo ko‘p sovuq, qish uzun tunlari.
U yutgan kumushdek edi qori muz,
Sovuqdan ko‘rinmas ko‘zi, qaysi yuz.
Sovuqning kuchin qandayin bil sano,
Nafas chiqsa qaytib kirolmas yana,
Vale uy ichida bahor o‘xshayur,
Chamandek bo‘lib lolalar ochilur.
Uchib sa’va, bulbullari sayrashur,
Oqar suv, otar suvlari ko‘p erur.
Qo‘yilmish bu uylarga xon taxtasi,
Kabobu, sharobu, taom barchasi.
Har ustalda qo‘ymish necha xil sharob,
Biri qip-qizildir, biri durri nob.
Ko‘targan qadah g‘am yuzin ko‘rmagay,
Aning ko‘nglida qayg‘udin qolmagay.
Oyoq oltin erdi, piyola billur,
Kishi ichganda aksin anda ko‘rur.
Bu xontaxtaga o‘ltirur, aylanib,
Pari chehralar, sarvi qadlar kelib.
Yuzi olmadek, ko‘ksida nori bor,
Gapirsa aning og‘zida boli bor.
Qo‘sha o‘ltirur eru xotinlari,
Olur bir-biridan asix ko‘zlari.
Yana shuncha davlat bilan mahliyo,
Kelur hammaning ustiga bir qator.
Debon xush kelibsiz bu fursat o‘tar,
G‘animat bilingki, bu kun xush kechar.
Ishorat qilib der erdi: dilxush qiling,
Bu dam xushligini g‘animat biling.
Qilolmas bu to‘yning kishi ta’rifin,
Yozolmaydi hech kimsa mingdan birin.
Magar Donish etmish aning vasfini,
Bo‘lak kimsa bilmas edi qadrini…

RUSIYaGA QILINGAN YaNA BIR SAFAR HAQIDA

Said Abdulfattoh to‘ra Abdulqosimbiy bilan birgalikda elchilik xizmati bilan yana Buxorodan Rusiyaga bordik. Ularning odatlari bo‘yicha, atrofdan kelgan elchilarni shaharni aylantirib, zavodlar, ishxonalar, tomoshaxonalar, maktabxona va oliy imoratlar hamda shu kabi joylarni ko‘rsatar ekanlar. Bulardan tashqari, xazina, dafina va qo‘rxonalarni ham tomosha qildirar ekanlar.
Rusiyadagi har bir shaharda bazmxona bo‘lib, ularda har kech soat 12 gacha turli o‘yinlar bo‘lib turadi. Nag‘ma-navolar qilgan, raqsi samoga tushgan parichehra xotinlar, sochlari sunbuldek sochilib, yuzlari qizil guldek ochilgan sarv qomat qizlar tomoshabinlarning ko‘zlariga jilva berib, ko‘ngillariga rohat yetkazib majlisni qizdiradilar. Bulardan tashqari, bu bazmxonalarda har turli shu’bada nayrang o‘yinlari (illyuziya) ham o‘tkaziladi. O‘yinxonalarga xohlagan kishilar kirib, o‘z hollariga yarasha belgilangan joylarda o‘ltiradilar. O‘yin tarqaganda, tomoshabinlar o‘ltirgan o‘rinlariga qarab bilet haqini to‘lab chiqadilar.
Bu mamlakatda har narsani yig‘ib, xazina qilib xalqqa ko‘rsatadilar. Masalan, o‘lik, tirik hayvonlar, uchar qushlar, qanotli parvonalar kabi kapalak va boshqa turli jonivorlar maxsus binolarda saqlanib, bu binolarning eshiklari tomoshabinlar uchun hamma vaqt ochiqdir. Tibbiyot, tashrixot fanlaridan ma’lumot berish uchun hayvon va inson jasadlarining qup-quruq suyaklari maxsus xonalarga qo‘yilgan, shuningdek, o‘lik tug‘ilgan bolalarni shishalarga solib saqlaganlar. Odamning nutfalik (embrionlik — tarj.) holidan boshlab tug‘ilganigacha bo‘lgan o‘zgarishlarini ko‘rsatish uchun ularni maxsus dori bilan dorilab, har birini ayrim shishalarga solib qo‘yganlar.
Qalam tebratuvchini vaziyat tarafidan bir kechalik bazm majlisiga taklif qildilar. Buni savroniya (sobraniye) deb atar ekanlar. Bu bazmga to‘rt kishi bo‘lib bordik. Qarasak, majlis Rusiyaning kattalari, ularning xonu beklari bilan to‘lgan edi. Shuningdek, majlisda kelishgan, boshdan-oyog‘igacha ziynatga o‘ralgan oy yuzli xotinlar, ko‘kraklari olmadek ko‘tarilgan, yangi ochilgan guldek, kaklik yurishli qizlar, sarv bo‘yli, zebo yuzli yigitlar, qizlardan ham chiroyli, o‘spirinlar ham o‘ltirishgan edilar. Bir oliy imoratli binoga kirib keldik. Uning ichida san’at bilan solingan bir qancha katta-kichik uy va hujralari bor edi. Bu uy va hujralar oynakorli bo‘lib, eshik darchalariga ipak pardalar osib tushirilgan; ichkarisida ziynatli karavotlar qo‘yilgan, to‘rt tarafida odam bo‘yi oynaklar qo‘yilgan bo‘lib, ular orasida qimmatbaho guldon va shamdonlar bor. Uy va hujralarning devor va shiplari, ost-ust tomlari turli rasmlar solinib ziynatlangandir. Shu majlisda mingdan ortiq har xil shamlar yondirilgan. Chiroqning ko‘pligidan, kechasi kunduzga aylantirilgan edi.
Oy yuzli, sarv bo‘yli, nozik badan mahbubalar yasanishib, zol ichida xirom qilur edilar. Yurganlarida o‘yinchi kiyiklardek har tarafga qarab to‘lg‘anib, buralib yurar edilar. Qatma-qat kiygan nafis ipak liboslari ul nozaninlarning nozik oq badanlarini yopolmas edi. Ba’zilari boshdan-oyoq bo‘ylariga qora ipak to‘r tortgan edilar. Bularni ko‘rganda ularning husn-jamollariga, ishva va nozlariga qarab aqllar hayron, tillar lol bo‘lar edi. G‘ayb olamidan tushgan ruhlarmi yoki bihishtdan dunyoga yuborilgan hur qizlarmi bular deb o‘ylaysan kishi…
Bizlar bo‘lsak hammamiz og‘zimizni ochib atrofga qarab hayron bo‘lib qoldik. Bu joy qayer bo‘ldi, bu nima holdur o‘zi? Ajabo, hozir kelayotganimizda-ku, tun qorong‘usi bo‘lib, yomg‘ir savalab turgan edi, birdaniga kun chiqib kunduzga aylandimi? Yoki bu ajoyibotlarni tushimizda ko‘rayotirmizmi deb, ko‘zimizni gohida uqalab ham qo‘yar edik… Shu holda hayron qolganimizcha anqayishib ilgari yursak ham, qayerga borib, qaysi o‘ringa o‘ltirishimizni bilmas edik. Chunki bizni boshlab keltirgan tilmochimiz bir suqsurbo‘yin nozanin bilan so‘zlashib orqaroqda qolgan edi… Shu holda turganimizda ortda qolgan tilmochimiz yetib kelib, bizlarni bu hayronlikdan qutqardi. Majlis to‘riga qo‘yilgan kursilarga keltirib o‘ltirg‘izdi, U odamga hammamiz tashakkur aytib, jim o‘ltirdik.
Uyning to‘rida yerdan bir yarim gazcha ko‘tarilgan katta shohsupa bor edi. Unga boshdan-oyoq rasmli pardalar tortilgan bo‘lib, uning ortiga katta billur qandil osilib, yuzdan ortiq shamlar yondirilgan edi. U joyda to‘lin oydek sarv qadli bir to‘p qizlar majlis ahliga o‘zlarini ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda edilar. Ular tomoshabinlarning batamom yig‘ilishini kutib turar edilar.
Shohsupaning ostida yerdan ikki qarichcha ko‘tarilgan yana bir supa bo‘lib, uning ustiga katta bir stol qo‘yilgan, stol juda ziynatlanib, ikki chetiga ikkita katta tillakor shamdon yondirilgan; uning ustiga rus-farang ohangida chalinadigan nag‘ma-navo va sozlarning usullari yozilgan daftar va kitoblar qo‘yilgan. Majlis ahllaridan biron erkak yoki ayolning sozandalik fanidan xabari bo‘lar ekan, xohlasa shu supa ustiga chiqib xalqqa qarab bir necha tavoze va tamoluqlar qilganidan so‘ng, yumshoq kursi ustiga o‘ltirib biron ohangda nag‘ma-navo qilib berardi. Agar qo‘shiqchi yoki hikoyachilardan bo‘lsa, supa ustida tikka turib, u ham o‘z hunarini ko‘rsatar edi. Agar tomoshabinlar ularning qaysi biridan ta’sirlanib, uni xush ko‘rsalar, qarsaklar chalishib undan rozi bo‘lganliklarini bildirar edilar. Agar ko‘proq qarsak urilib, undan yana tinglash istagini bildirsalar, ul ijrochi qaytib chiqib majlis ahliga qayta ta’zim va tavozelar qilganidan so‘ng, yana sozini qo‘liga olib, bo‘lakcharoq bir ohangni boshlar edi. Agar bundan so‘ng yana avvalgiday qarsaklar bo‘lsa, uchinchisiga kirishar edi. Buni tamomlashi bilan tomoshabinlar qarsakni yana avjiga chiqarar edilar. Ammo u esa supadan tushib, o‘z joyiga kelib o‘ltirar edi. Bularning chalgan nag‘ma-navolari, aytgan baytu g‘azallari majlisga alohida husn berar edi.
Bu mamlakat xotinlarining liboslari bellarigacha tor bo‘lib, beldan pasti esa kengdir. Etaklari shunday kengki, uning kengligidan o‘zlari uyga kirsalar, etaklari hali dahlizda qolur edi. Beliga ipakdan to‘qilgan belbog‘lar bog‘langan bo‘lib, undan yangi oyga o‘xshash ikki shoxcha chiqarilgan. Belbog‘ni qattiqroq tortib bog‘lasalar, u shoxchalar bel atrofidagi ipak kiyimlarni ko‘targanligidan, ko‘pirma bo‘lib ko‘rinadi. Uning ustidan qizil, qora, ko‘k to‘rlarni boshlariga, yelkalariga yopadilar. Yana boshlariga yangi uzilgan guldek bir dasta yasama gul qilib, uni qosh chetlaridan kelishtirib bog‘laydilar. Xurmo donasi uzunligida bo‘lgan gavhar ko‘zli oltin sirg‘a taqadilar; qorong‘i kechalarda uning shu’lasi tushib, yarqirab yonib turadi. Mahbubalarning quloq uchlari nihoyatda tiniq bo‘lganligidan, undagi qonning qizilligi va uning harakati sirtidan ko‘rinib turar edi. Shunday zeb-ziynatli nozaninlar o‘rinlaridan turganlarida aql dimog‘ tokchasidan uchib chiqishga intiladi. Ular o‘tirganlarida jon-dil hujrasiga kirib tinchlanadi. Ajabo, bu qanday nafis san’at va ulug‘ qudratki, inson tog‘ining bulog‘idan chiqqan bir qatra palid suvday bunday ajoyib gullar bu qora tuproq ustida ochilmishdir!
Shunday qilib, bir fursatdan so‘ng bu nozanin o‘yinchi qizlar parda tortib, gul yuzlarini xalqdan yashiradilar. Parda orqasida o‘zlariga oro berganlaridan so‘ng g‘oyiblar, hozir bo‘linglar; tarqalganlar, yig‘ilinglar; tomoshabinlar, tayyor bo‘linglar; bizlar yana o‘yin ko‘rsatamiz, deb zang chaladilar. Birdaniga parda ko‘tariladi. Yuqorida ko‘m-ko‘k bo‘lib osmon ko‘rinadi. Sharq-g‘arbning birida yorug‘ oy chiqib, osmon to‘la yulduzlar charaqlaydi. Ko‘z yetmas keng maydonda hisobsiz ulug‘ daraxtlar, egiz tog‘lar, oliy imoratlar ko‘rinadi. Bu pari chehra qizlar o‘zlarini farishta suratiga kirgizib, ba’zisi qanot yozib boshi yuqori osmonga qarab uchmoqda, ba’zi birlari boshi tuban g‘ayb olamidan yer ustiga tushib kelmoqda, ba’zisi esa bir oyoq ustida turib, ikkinchisini orqasiga to‘g‘ri tortgan qush quyrug‘i qilib, qanot ostiga yozib gul chekma etaklarini ochib, bir qo‘li boshiga egilgan, ikkinchi qo‘lini yerga qaratib cho‘zgan holda hammalari majlis ahliga xomushlik bilan qarab turadilar…
Shunday bo‘lib, biron soat o‘tgandan so‘ng parda tushib, yana o‘zlarini boshqacharoq qilar edilar. Bu navbatda havo o‘zgargan, bulut qoplab bo‘ron ko‘tarilgan, chaqmoq chaqib momaqaldiroq bo‘lib, qor-yomg‘ir, do‘llar yoqqan. Shu orada zilzila bo‘lib, imoratlar chayqalgan; buning zarbidan dengizlar to‘lqinlanib, kemalar g‘arq bo‘lgan. Kema ahlining suvga botayotganida dod-voy qilishib, nola qilganlarini ko‘rib majlis ahli ham yig‘lashar edi.
Bu nayrang o‘tgandan so‘ng parda tushirilib, o‘zlarini yana boshqa xilda yasab chiqdilar. Bu chiqishlarida nag‘ma-navolar kuylandi, qizlar raqsu samoga tushib o‘ynadilar. Buni aytishdan aql ojiz qolib, tillar lol bo‘ladi. Shohsupa sahnini bir oyoqlab necha qayta aylandilar. Ikki oyog‘ini juftlab olib, charx urib, ikki gazcha yuqori ko‘tariladilar. Ularning menga yoqqan eng yaxshi raqslari bamu-bak-bak-bam; yoki bak-bak-bam zarbiga kelgani edi. Bu majlisda gohi otashbozlik qilib mushak uchirar edilar. Gohida haybatli hayvonlar, dahshatli jonivorlar, devlar, ajdaholar, har turli dengiz maxluqlari ko‘rsatilar edi.
Shu holda, majlis soat 12 da tamom bo‘ldi. Majlisda tun bo‘yi har joyda tayyorlangan choy, qahva, araq, sharob va kaboblar, har xil holva, pista, bodom kabi turli yemishlarning hisobi yo‘q edi…

* * *

Peterburg shahrining katta rastasining uzunligi bir farsax, eni 55 gazgacha keladi. Katta ko‘chaning ikki tarafida boshi bulutga tekkan, boshdan-oyoq olti-etti qavatli imoratlar bor. Devor tagida, ko‘chaning har ikki tomonida eni to‘rt gazcha yerdan bir qarich baland qilib piyodalar uchun marmar toshdan yo‘l yasaganlar. Bu yo‘llarning kelar-ketari o‘z oldiga bo‘lib, yo‘l yurganlar bir-birlariga qarshi kelmaydilar.. Bu ikki yo‘ldan keyin aravalar uchun olti qovurg‘a qilib yog‘ochdan chatilgan maxsus o‘n gazlik bir ko‘cha chiqarganlar. Yurganda aravalarning tovushi chiqmasin deb ko‘chani yog‘ochdan yasaganlar. Ko‘chaning o‘rtasida mayda qayroqtosh terilgan 15 gazlik yana bir ko‘cha chiqarilgan; bundan otliqlar va askarlar yuradilar. Ko‘cha suvlarining oqib tushishi uchun har 15 gazlik joyda og‘zi temir panjaralar bilan qoplangan chuqurlar qilingan. Har bir gaz yerda g‘o‘la cho‘yandan yasalgan fonusdonlar qo‘yilgan bo‘lib, unda tun bo‘yi gaz lampasi yondirib qo‘yiladi.
Bu oshyonalik imoratlarning hammasining tagi do‘kon, saroy, rasta va bozorlardan iborat. Ularda turli-tuman Yevropa mollarini sotadilar. Agar bir do‘kondan o‘n ming tillalik mol olsang, undan hech narsa olinmagandek bo‘lib turadi. Tushdan so‘nggi soat uchdan boshlab tun yarmigacha bu yerning bozori qizib, ko‘chalar hayit kunlaridek kishilar bilan to‘ladi.
Sharqdan g‘arbga cho‘zilgan bu uzun rastaning yerlari g‘oyatda tozaligidan chinnidek yaltirab turadi. Agar qor yog‘ib qolsa, darhol mahbuslar keltirilib, uni tozalaydilar. Minib yuriladigan va aravalarga qo‘shilgan otlarning soni qanchalik ko‘p bo‘lmasin, tozalovchilarning tayyor turganliklaridan hech joyda ularning tezaklari ko‘rinmaydi. Gul chehra parizodlariing etaklariga nam yuqmasin deb yo‘laklarni lif supurgilari bilan doim supurib turadilar.
Bu rastada kishilar bir-birlariga qarshi qelib to‘qinishmay-dilar. Arava va piyodalarning yo‘llari alohida-alohidadir. Har kim o‘ziga belgilangan yo‘ldan yuradi. Bu shaharda qichqirib so‘zlashish yoki birovni uzoqdan chaqirish ayb hisoblanadi. Biron kishi ko‘chaning narigi tomonidagi tanishini chaqirmoqchi bo‘lsa, jo‘cha boshidagi qorovullar orqali uni to‘xtatadi.
Men bu safarga ibrat olish uchun chiqqanligimdan, har bir narsaga diqqat bilan qarar edim. Mening ko‘zimga xalq g‘amgin bo‘lib ko‘rinar edi. Mening bilishimcha, bunday hol kishilar o‘rtasidagi hasaddan kelib chiqar edi. Chunonchi, Ivanning xotini o‘n ming tillalik ust-bosh kiyib olti otli aravada yuradi-yu, Vaskaning xotini har jihatdan undan tubanroq yashaydi. Yoki birovning boyligi haddan tashqari ziyoda, aysh-ishrat asboblari ham muhayyo, lekin eri kelishmagan. Yoki har ikkalasi ham kelishganu, ularda maishat asboblari yo‘qdir. Ana shunday tafovutli kishilar bir-birlariga hasad qiladilar. Turmush to‘g‘risida bir-birlari bilan raqobatda bo‘ladilar; bir-birlaridan oshirish qasdida har kuni ot-arava, kiyim-kechaklarini tuzatish ovoragarchiligi bilai bandlar. Hech birlari o‘z turmushlariga rozi bo‘lmaydilar. Shu qadar zeb-ziynat qilib, o‘zlariga oro berib tursalar ham, g‘am-g‘ussaning ko‘pligidan yuzlari sarg‘ayib, yegan-ichganlari yuzaga chiqmaydi. Bir-birlariga qilgan rashk hasadlarning ko‘pligidan doim qayg‘u-hasratda bo‘ladilar. Bazmxona, o‘yinxonadagi ahvol ham shunga qiyosdir…
Ammo shunisi aniqki, mol topish, dunyo to‘plash bilan rohat ko‘rish mumkin emasdir. Agar dunyoda mol to‘plab boy bo‘lishni rohat deb biluvchilar bor bo‘lsa, ular hayvonlar darajasiga tushgan odamlardir. Dunyoda zahmatsiz rohat, tashvishsiz ne’mat topilishi mumkin emas. Boy kishilarning ko‘rgan rohatlari esa oxuriga solingan kunjarani ko‘rib quvongan ho‘kizning rohatiga o‘xshaydi. Dehqon ho‘kiziga kunjara berib quvontiradi-yu, erta sahardan uning bo‘yniga bo‘yinturuq solib, kaltaklab qo‘sh haydaydi. Ho‘kiz esa og‘ildagi kunjarani ko‘rarkan, o‘shanga mahliyo bo‘lib quvonganidan saharda qo‘shga qo‘shilishi, gavron kaltak yeyishi uning esiga ham kelmaydi.

A. Hamroyev va A. Shokirov tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari