Foniy (1441-1501)
Ma’lumki, Alisher Navoiy (علیشیر نوایی) nafaqat o‘zbek, balki fors-tojik tilida ham Foniy taxallusi bilan barakali ijod qilgan zabardast zullisonayn shoir hisoblanadi. Fors-tojik tilini uning ikkinchi ona tili deyish mumkin. Chunki u ulug‘ fors-tojik so‘z san’atkorlari ta’sirida forsiy tilda ham qalam tebratdi va bir umr bu mashg‘ulotni kanda qilmadi. «Xazoyin ul-maoniy» («Chor devon») devonlar turkumini tuzib bo‘lgach, fors-tojik tilidagi ijod namunalarini ham to‘plab, «Devoni Foniy»ni tartib beradi. 12 ming misra she’rdan tashkil topgan bu devon Hofiz Sheroziy devoniga qariyb teng keladi. Agar «Sittai zaruriya» va «Fusuli arbaa» turkumlariga kirgan o‘n qasidasi va adabiyotshunoslikka oid «Risolai mufradot» asarini ham qo‘shsa, shoirning forsiy tildagi merosi ham salmokli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Alisher Navoiyning forsiy merosi o‘z davrida Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Binoiy, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy kabi zamondoshlari tomonidan ham yuksak baholangan.
«Devoni Foniyshing mo‘tabar qo‘lyozmalari Parij, Tehron va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi. Tehrondagi nusxasi 1963 yili mashhur adabiyotshunos olim Rukniddin Humoyunfarrux tomonidan nashr etilgan. Hozircha eng mukammal deb qaralayotgan Parij nusxasi esa 1965 yili taniqli sharqshunos Hamid Sulaymon tomonidan Alisher Navoiyning o‘n besh jildlik asarlari tarkibida ilk bor bosilib chiqqan. Shoirning XX jildlik «Mukammal asarlar to‘plami»ga ham shu nusxa asos qilib olingan.
«Devoni Foniy»dan shoirning 72 ta ruboiysi o‘rin olgan. Ma’lumki, mumtoz adabiyotda ruboiy ikki xil qofiyalanish tartibiga ega: birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi misralari o‘zaro qofiyalanadigan odtsiy va har to‘rttala misrasi qofiyalanadigan taronai ruboiy. Buni Navoiyning o‘zi ruboiya deb ataydi. Shoirning barcha ruboiylari ana shunday ruboiya yoki taronai ruboiylardir. «Devoni Foniy» hozirga qadar o‘zbek tiliga she’riy tarjima qilinmagan. Faqat G‘afur G‘ulom va Habibiy shoirning bir necha g‘azali, Sh. Shomuhamedov «Tuhfat ul-afkor» qasidasi, qit’a va ruboiylaridan ba’zi namunalarni, Nosir Muhammad ham bir necha g‘azal, qit’a va ruboiylarini o‘zbekchalashtirganlar. Taniqli navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov esa mazkur qasidani nasriy tarjima qilgan.
* * *
Dil ketib ko‘yingga, jism undan nishon qolgusidir,
Qushki parvoz etsa, undan oshyon qolgusidir.
Men Vatandan ayrilib, ovvoraman ko‘ying aro,
Xonumon qo‘ldan ketib, bexonumon qolgusidir.
Hajrida o‘lsam-da, qatlim qasdidadir u hanuz,
Ketdi jon, jonon dilida lek gumon qolgusidir.
Bo‘lsin oziq deb iting oldiga o‘zni tashlasam,
Shodman, garchi tanimdan ustuxon qolgusidir.
Ko‘rgali ojizligimni eshigingga sol nazar:
Boshi ostonangda yotgan notavon qolgusidir.
Sarv qaddingning xayoli xam bu jismimga aso,
Keksa boshimda muhabbat navqiron qolgusidir.
Do‘stu yordan ayrilib Foniy bu yo‘qlik dashtida,
Ojiz itdek korvondan begumon qolgusidir.
* * *
Kunduzi hajring g‘amidan oshdi ranju kulfatim,
Qolmadi tunlarda nola aylamoqqa quvvatim.
Dil bo‘lar betoqat o‘zim ko‘rganimda yuzini,
O‘zgalarning ko‘rganiga qanday yetsin toqatim.
Husniga hayronligim bo‘lgan bilan haddan ziyod,
Husnidan ko‘p bu qadar oshiqligimga hayratim.
“Bir ko‘rib yuzini, – dersan, – qolmadi nega hushim”,
Ixtiyorim yo‘q o‘zimda, bu qadimiy odatim.
Kechalar ishq dog‘i ko‘p ko‘nglimni kuydirgan edi,
Bu kecha kuydirdi qattiq ammo dog‘i furqatim.
Yaxshi eldan menga vahshiyi biyobon suhbati,
Bo‘ldim-ey, vahshiy umrdan borligiga vahshatim.
Ko‘rdim inson ahlidan ko‘p noinsonlik, yetar,
Bo‘lsa-da ko‘zdek yaqin, noxush ular-la suhbatim.
Soqiyo, baxsh et hayot menga tutib bir jom sharob,
Yuksalishga to falak avjiga moyil himmatim.
Bevafodirlar zamon ahliyu men ahli vafo,
Foniyo, bas, qandayin bo‘lsin ularga nisbatim.
* * *
Bir ko‘ngil yo‘qki, ko‘zining jabridan bemor emas,
Yoki ko‘zki, dil g‘amidan to sahar bedor emas.
Gar falak haddan ziyod jabru jafo aylar, biroq,
Ko‘ngli qattiq yor kabi jabru jafosi bor emas.
Vasli xoslarga nasib, g‘am kunjiyu ko‘nglim qushi,
Bor ekan vayrona, boyqushga makon gulzor emas.
Ishq aro Farhodu Majnunga mening yo‘q nisbatim,
Chunki aql ahli bilan devonalar hamkor emas.
Kechalar hijron azobi ishqidan bezdirsa ham,
Qilmishimdan to sahar ish g‘ayri istig‘for emas.
So‘rma mendan zuhdu dinni, g‘am ipi bo‘ynimdadir,
Bil, bu, ey mayxona rindi, rishtai zunnor emas.
Ey raqib, yo‘q bo‘ldi Foniy ko‘yida tortib jafo,
Tort qo‘lingni, endi u avvalgidek hushyor emas.
* * *
Bo‘lsa bir olamki, unda ahli olam bo‘lmasa,
Ahli olamning jafoyu jabridan g‘am bo‘lmasa.
Hech asirlar ashkidan o‘lim to‘foni kunduzi,
Hech g‘ariblar ohidan tunlarda motam bo‘lmasa.
Hech falak bedodidan dillararo ming bir alam,
Hech sitam shamshiridan ming bir yara ham bo‘lmasa.
Hech parilar ahlidan noodamiylik shevasi,
Hech kishida ajdaho fe’li mujassam bo‘lmasa.
Bu havas ro‘yobga chiqsin, ey ko‘ngil, mayxona bor,
Unda yo‘q bir ko‘hna sopolki, Jomi Jam bo‘lmasa.
Quy qizil mayni, safosidan bu feruza falak,
Ostin-ustun bo‘lsa-da, soz ishrating kam bo‘lmasa.
U falakning jomi bo‘lsa-da, simir oxirgacha,
Yaxshi do‘zaxning tubidek ostida nam bo‘lmasa.
Xotiringdan yaxshiyu yomon g‘ami bo‘lsa unut,
Koshki g‘am hatto tasavvuringda bir dam bo‘lmasa.
Olam ahvolini o‘ylab, chekma g‘am Foniy sira,
Bir muammo yo‘qki, aql ahliga mubham bo‘lmasa.
* * *
Men yana mug‘ dayriga ohu fig‘on keltirdim-ey,
Dodga ohimdan jahonni begumon keltirdim-ey.
O‘tparastlik qo‘l-oyog‘in bog‘labon zunnor bilan
Tavba aylab, o‘zni mug‘ dayri tomon keltirdim-ey.
Qil bu rasvoga nima istar esang, ey mug‘bacha,
Senga mos ko‘yga solib dilni buyon keltirdim-ey.
Dayr piri lutfi ortiqdir gunohimdan mening,
Bosh urib poyiga, aybimga imon keltirdim-ey.
Tut qadahni to‘ldirib, sharmandalikning zo‘ridan,
Xam etib boshimni, soqiy, bu zamon keltirdim-ey.
Nom-nishondan garchi ozodman, muhabbat dog‘idan
Men jigarga benishonlikdan nishon keltirdim-ey.
Dayr piri sevgi sirini yoyib bo‘lmas, dedi,
Qanday aytay, Foniyo, yuz doston keltirdim-ey.
RUBOIYLAR
1
Tundan qilaman toshta qadar zorliklar,
Hadtsan o‘gdi tanholigu bemorliklar,
Yuzlandi firoq tufayli dushvorliklar,
Ey yor, qayoqda qoldi ul yorliklar?
2
O‘tkinchi havaslarga ekansan maftun,
G‘am-g‘ussadan ozod emassan bir kun,
Bo‘lmoq esang Iskandaru Jamdan ustun,
Joy oyinasisiz bu emasdir mumkin.
3
To dilda kuchu quvvatu jon bor erdi,
To tanda hayotdan nishon bor erdi,
Dil moyili husni dilsiton* bor erdi,
Jon volai osho‘bi* jahon bor erdi.
_________
* Dilsiton — dilbar, dilrabo: dilni oluvchi, asir qiluvchi.
* Osho‘b — g‘avgo-to‘polon, fitna, tartibsizlik. Osho‘bi jahon — jaqonga fitna soluvchi, fitnagar.
4
Zuhd ahlidan uz ko‘ngilni butkul, ey dil,
Qurgil fano dayrida manzil, ey dil,
Maqsud mayu mutrib ila hosil, ey dil,
Bir-bir aytdim, quloq sol, ey dil, ey dil.
5
Ey do‘st, halokatlidir ayyomi firoq,
Hijron zahariga qorishiq jomi firoq,
Tug‘dirsa visol tonggini gar shomi firoq,
Kechirma sira tutsam agar nomi firoq.
6
Davr eli jabr etsa, ko‘tarma isyon,
Ko‘n boriga, yo‘q tufayli bo‘lma sarson,
Tinglash kerak emasmi — eshitma pinhon,
So‘zlash kerak emasmi — gapirma bir on.
7
Achchiq suv emas, soqiy, olovdan o‘tkir —
Chog‘irni olib, katta qadahga to‘ldir,
Uzrimni qabul qilma, qoshimga keltir,
Engishta sol-u, so‘ng og‘zima quy bir-bir…
8
Sensiz meni(ng) sabrimda faqat nuqsondir,
Ko‘nglimda g‘amingdan alami hijrondir,
Jonim chekibon behuda ranj nolondir,
Bas, menda na sabr-u, na dil-u, na jondir.
9
Yor ko‘yida toki benishon bo‘lmassan,
Sen voqifi asrori nihon bo‘lmassan.
Jisming unutib, to lomakon bo‘lmassan,
Loyiqi hayoti jovidon bo‘lmassan.
10
G‘am zahri agar qilsa halok, ey soqiy,
Daf’ etsang uni may-la ne bok*, ey soqiy,
Dil tavbadan o‘ldi jurmnok*, ey soqiy,
Boda ila ayla uni pok, ey soqiy.
_________
* Bok — bu yerda: ajab.
* Jurmnok — gunohkor, aybdor.
11
Sho‘xsan bu suluvlardan, ayon, ey soqiy,
Oshuftaman o‘zingga nihon, ey soqiy,
May jomini to‘ldirib ravon, ey coqiy,
Ayla meni bexud shu zamon, ey soqiy.
12
Dayr ichra agarda tilasang ichmoq may,
Sho‘x mug‘bachalardan* eshitib chang ila nay.
Mumkin bo‘lmas agarchi bo‘lsang Jamu Kay*,
Qimmat qilmay dayri piri, ruxsat bermay.
__________
* Mug‘bacha — mug‘ (otashparast)lar xizmatidagi bola. So‘fiyona adabiyotda sodiq murid, chin oshiq va soqiy timsoli bo‘lib keladi.
* Kay — podshoh, ulug‘ podshoh, shahanshoh; «Shohnoma»dagi qadimiy Eron shohlarining laqabi; sosoniylar sulolasi ulug‘ podshohlarining laqabi yoki ismining bir qismi (masalan: Kayxisrav, Kayqubod, Kaykovus).
13
Lof urmak o‘z ilmidan erur nodonlik,
Nodonligin anglagan bo‘lur irfonlik,
Mushkul qilish ishingni ne kordonlik*,
Bir yo‘q olib kelgusi ming osonlik.
_________
* Kordon — bilimdon, tajribali.
14
Jonim ikki la’li jonfizoyishta* fido,
Ruhim u nasimi atrsoyishta* fido,
Oshufta dilim nozu adoyishta fido,
Farsuda* bu jismim xoki poyishta fido.
___________
* Jonfizo — jonga rohat beruvchi, jonni quvvatlantiruvchi.
* Atrso — xushbo‘y, muattar, xush hid taratuvchi.
* Farsuda — horg‘in; to‘zg‘igan; eskirgan.
15
Har lahza bu charxdan jafolar yetsa,
Davron elidan turfa balolar yetsa,
G‘am yo‘q agar ul oydan vafolar yetsa,
Bosh zulfidek bosh o‘pib, vidolar yetsa.
16
Hajringda ishim iztirobdir bu kecha,
Tark etgali jonim-da shitobdir bu kecha,
Jismimda firoqdan ko‘p azobdir bu kecha,
Ogoh bo‘l-ey, dil ishi xarobdir bu kecha.
17
Bu rasmi talabni xudpisand* bilmasdir,
Bu shevani g‘ayri niyozmand bilmasdir,
Bu naqsh emas zohidga pisand — bilmasdir,
Bu naqshni g‘ayri naqshband bilmasdir.
_________
* Xudpisand — xudbin, mutakabbir.
18
Soldi meni g‘urbat ichra hijroni habib,
Za’f shiddatidan bo‘ldim ajal birla qarib,
Bir yor qani — xastaga keltirsa tabib,
Bir zor qani — izlashga kafan o‘lsa g‘arib.
19
To tushdi-yu dilga mehri ul mohliqo,
Qon bo‘ldi jigar, ko‘zimning yoshi daryo,
Yig‘laydi ko‘rib bir boshima shuncha balo,
Osmonda qush-u, suvda baliqlar hatto.
20
Ey, har nafasishta beadad hamdu sano,
Yuz hamdu sanodan Sen o‘zing istig‘no*,
Aytar malakut makon tugib dayri fano:
«Ilming seni yo‘q bizda, ey pok Xudo!»
________
* Istig‘no — ehtiyojsizlik, muhtoj bo‘lmaslik.
21
Tongning yelidan taraldi bo‘ying menga,
Bog‘ ichra namoyon o‘ldi ko‘ying menga,
Gul xuddi sening nishoni ro‘ying menga,
Lek bo‘lmadi ma’lum sira xo‘ying menga.
22
Dil yo‘q — asiri zulfi parishoning emas,
Jon yo‘q yana sargashtai hijroning emas,
Deguncha diling endi qadrdoning emas,
Bu jon meniki, degil, sening joning emas.
23
Sehr ilmi ko‘zing tufayli topdi rivoj,
Bobil ila Kashmirdan ul olgay boj,
Ayyorsifat qilib ul gohi toroj,
Tandan olar boshni xuddi boshdan toj.
24
Billur jom ichinda may misoli yoqut,
Topsam uni kecha-kunduz etgaydim qut,
To keksa falak-u, qari osmon sobit,
Aqlu his hayronligi bo‘lmas soqit.
25
Za’fimga o‘shal qil kabi bel bois,
Qatlimga o‘shal halqai kokil bois,
Umrimga o‘shal qomati chun gul bois,
Jonimga o‘shal shahdu shakar til bois.
26
Yor bo‘lmadi menga ul parivash hargiz,
Shod bo‘lmadi undan dili g‘amkash hargiz,
Kam bo‘lmadi bu damimdan otash hargiz,
Bas, olgan emasman nafasi xush hargiz.
27
Men o‘z vujudimdan parishonman, bas,
Har ishki qilibman, pushaymonman, bas,
Aql menga nasib bo‘lmadi — nodonman, bas,
Nodonligima o‘zim-da hayronman, bas.
28
Ketding-u, g‘amingda dil figordir hanuz,
Shavqingdan yoshim shashqatordir hanuz,
Qaytsang-chi, bu jon firoqda zordir hanuz,
Kelgil yana bu dil intizordir hanuz.
29
Ketding, seni deb tanimda tobdir* hanuz,
Yodingni qilib, ko‘zim purobdir* hanuz,
Ishqing o‘tida tanim kabobdir hanuz,
Kelgil yana, dil g‘amda xarobdir hanuz.
___________
* Tob — bu yerda: harorat, isitma.
* Purob — ko‘z yoshga to‘la.
30
Soqiy, jomga mayi tarabnok* solgil,
Pok mayga yana aksi ruxi* pok solgil,
Tayyor sho‘ru sharga meni bebok — solgil,
To titrasin undan yetti aflok, solgil!
__________
* Tarabnok — shod, xursand.
* Rux — yuz, chehra.
31
Ey dil, kuning qildi qaro ahli zamon,
Shundan buyon tun-da hamon, qun-da hamon,
Bir lahza zamonni(ng) jabridan yo‘qdir amon,
May ich, tilasang amon, tinimsiz begumon.
32
Ishq o‘tida kuygan xasta jonman, na qilay?
Devonayu rasvoi jahonman, na qilay?
Sabr menga erur chora, ayon, man na qilay?
Bilsam-da, qilishga notavonman, na qilay?
33
To qo‘ydi qazo boshimga afsari* ishq,
Dil ichra nihon qildi yana gavhari ishq,
Kirdi qo‘la ul afsardan kishvari ishq,
Tushdi dila u gavhardan axgari* ishq.
__________
* Afsar — podshohlik toji, jiga.
* Axgar — laxcha cho‘g‘, olov.
34
Ko‘z gulshani yuzingdan gul, lolaga kon,
Ko‘z maskani orazing sabab nurga makon,
Ko‘z ravzani* yorishmasa yuzingdan, ishon:
Ko‘z ravshani zulmat ichra qolgay begumon.
_________
* Ravzan — darcha, teshik, tuynuk.
35
La’li mayidandir hamma sarmastligimiz,
Sarv qaddidandir yer qadar pastligimiz,
Gar bo‘lmasami fikriga hamdastligimiz,
Yuz o‘giradi nestlikdan hastligimiz.
36
Tomning chetidan ko‘rinadi mohsiymo,
Oftob-da bu yuzni ko‘rmagandir aslo,
Ikki qoshing aksi tushdi qo‘zga, sanamo,
Ul nav’ki, shishada bo‘lar qiblanamo*.
__________
* Qiblanamo — qiblani ko‘rsatuvchi asbob, kompas.
37
Ashkim ummonida yulduz hubob,
Yo‘q-yo‘qki, unda ofarinish* nobob,
Ummon ko‘kiga yulduzdan tushdi tob,
Girdob emas, u devor bo‘ldi hisob.
__________
* Ofarinish — yaratish, vujudga keltirish; borliq, koinot.
38
Soqiy, menga tutgil qani bir bor qadah,
Cho‘ng bo‘lsa-da gar bir necha miqdor qadah,
Gar bo‘lsa-da misli charxi davvor* qadah,
Bir-ikki simirsam, qolmas zinhor qadah.
_____________
* Charxi davvor — aylanuvchi charx; osmon, falak.
39
Tokay sitamu mehnati hijronga chiday?
Bir tun seni kosh bu bayt ul-ahzonga* etay,
Vayrona bu dilni(ng) ichdan chokini sitay,
Jon xilvatiga sen ila ul lahza ketay.
__________
* Baytul-ahzon — g‘amxona, kulfat maskani.
40
Yor qoshida bo‘lma sira, ey dil, beadab,
Bo‘lgan kabi bu shoh qoshida qul beadab,
Yor vasliga yetgan bo‘lmagay, bil, beadab,
Oqil boadab bo‘lga-yu, johil beadab.
41
Sen kelmading-u, ammo quyosh jilva qilar,
Ketding-u, quyosh bo‘lsa hali ko‘kda turar,
Bas, kech kelib, erta ketganingdan bu qadar,
Ko‘z orqali dil qoni yuzimga to‘kilar.
42
Yo‘llabdi bu xastaga u dilbar maktub,
Bildimki, vafo haqda muqarrar maktub,
Giryon bo‘ldim ko‘rdim-u rahbar maktub,
To‘kildim ashk kabi sarosar, maktub.
43
Yor, olma qo‘lingni kiftimdan bir pas,
Og‘zimdan uzoq tutma qulog‘ingni-da, bas,
Yuzing yuzim-u, bo‘ynim og‘ushingdan abas,
Tandan ruh-u, jismimdan hushni, xullas.
44
Bo‘lgach ichima otashi hijron voqe’,
Bo‘ldi yuzima ashki farovon voqe’,
Qildim harakat boricha imkon voqe’,
Lek o‘chmadi o‘t bo‘lsa-da ummon voqe’.
45
Ishqing o‘tidan ko‘ksimni zo‘rlar dog‘,
G‘am shomida osmonga qadar o‘rlar dog‘,
O‘tdi ichim-u hamda tashimdan har dog‘,
Bas, qayga qo‘yarman yana kelsa gar dog‘?
46
Sendan dilu jismi notavonim xurram,
Husningdan chashmi* xunfishonim* xurram,
Qaddingni ko‘rib, ruhi ravonim* xurram,
Jonbaxsh labingdan esa jonim ravshan.
________
* Chashm — ko‘z.
* Xunfishon — qon sochuvchi, qon tukuvchi.
* Ruhi ravon — jon, hayot, tiriklik.
47
Ul chehraki, husn avji erur jilvagoh,
Zulfi orasidan soldim unga nigoh,
Boshdan-oyog‘iga boqib, bo‘ldim ogoh,
Hech teng kela olmas unga oftob ila moh.
48
Kipriklaring qatlim uchun tortmish saf,
Har o‘qi qilib o‘ziga jonimni hadaf,
Bo‘lg‘usi bu jang maydonida umr talaf,
Qochib ketib bo‘lmas undan hech taraf.
49
Ey sho‘x soqiy, tut menga bir o‘tli sharob,
Bir qatrasi tomsa, bo‘lsin tosh-da xarob,
Cho‘ng g‘am toshi tang dilimga bermish ko‘p azob,
Shoyad uni yengillatsa bir oz mayi nob…
50
Do‘stlar bahor chog‘ida suzsa mayi sof,
Ursam-da zuhdu tavbadan men necha lof,
Do‘stlik haqi, qiling-u so‘zimni maof*,
Maydan meni mahrum etmang, aylang insof.
_________
* Maof — afv etish, kechirish.
51
«Kimman bu jahonda?» — deb bo‘lurman hayron,
Yoxud nimaman? Nedanman? Nega bu jon?
Insonmanmi yo tuproq — ermas ayon,
Tuproq haqi, bilmadim, men nechuk inson?
52
Ishq otashi ichra jismu jonim oyu yil
Uzini kamolga yetkazishga mashg‘ul,
Hijron do‘zaxiga tushsa, chekmay mushkul,
Alqissa, visol jannatiga o‘tgay ul.
53
Surgancha xayol, ey dili devona,
Orzu qilasan yor bo‘lishin hamxona.
Qanday senga hamxona bo‘lar jonona?
Xona qani senda? Bori shu vayrona…
54
O‘ldirma meni hajring ila, ey jonon,
Bu g‘amli dilimni etma battar vayron,
Mendan kecha olislaganingga bir on,
Boshimdan aql uchdi-yu, jismimdan jon.
55
Faqr ichra boshingda neki bo‘lsa tashla,
Ber qo‘ldagi baxtni — yurma bu tashvish-la,
Har yaxshi-yomon kelsa shu ikki ish-la
Parvo sira qilma-yu, dilingni xushla!
56
Bo‘stonga kirib keldi bahor karvoni,
Gullar hidiga to‘ldiribon dunyoni,
Lazzat olib g‘unchadan, bo‘lib jononi,
Tushmish ko‘ziga gard nargisi shaydoni.
57
Bir tun agar ul sham’i saodatpartav*,
Mayxonada ko‘hna may uzatsa o‘rtab,
Sabuhiy* umidida xira qilmam tab’,
Jon birla to‘nim unga garovdir, yo Rab!
_____________
* Saodatpartav — saodat nurini sochadigan, xushbaxtlik keltiradigan.
* Sabuhiy — ertalabki boshog‘rig‘i uchun ichiladigan may.
58
Sozdir kishi ishq ichra mujarrad* bo‘lsa,
Oshiq emas aql-hushga muqayyad bo‘lsa,
Har kim dam urar qabuldan — u rad bo‘lsa,
Da’vo agar etsa yaxshilik, bad bo‘lsa.
___________
* Mujarrad — yakka, tanhr, yolg‘iz, ozod. Dunyo ne’mat va lazzatlarini tark etib, sayri ilallohga munosib bo‘lgan kishi.
59
To toshtacha kulbang yoritar sham’i Xo‘tan,
Kun bo‘lsa, jahon kular quyosh nuri bilan,
Shom kirsa, hilol yog‘dusini sochgusi shan,
Yo Rab, shu tariqa bor hayoting ravshan!
60
May quyqasi jomda la’l kabi jilva qilar,
Oshiqlarini ishqida mast, telba qilar,
G‘am yo‘q g‘amdan, chunki o‘zi tilka qilar,
Har qatrasi joni pok kabi jilva qilar.
61
Zalvorli bir tog‘ sari tushgach yo‘l,
Qalbimni yashirdim, yondi qayg‘uda ul.
Orzum shu: jamiyatga butun siltab qo‘l,
Dil amri-la tog‘ etagin etdim manzil.
62
Cho‘lpon kabi ol yuzing jahonga ziynat,
Jannatni solar yodga hiding, ne hayrat?
Sochsiz bu qadar go‘zal emas bu xilqat,
Soching uzun-u, g‘ussali tunga nisbat.
63
Yuzing seni kavkabi jahonorodir,
Bo‘ying seni ashhabi* ravonosodir*,
Soch bo‘lmasa, jisming xarob, rasvodir,
Soching misoli tun fig‘onafzodir*.
________
* Ashhab — oq, oqish bo‘z ot.
* Ravonoso — ya«uda ravon.
* Fig‘onafzo —xaddan ziyod ko‘p nola qiluvchi.
64
Bu maykada rindlarga makon, ey soqiy,
Tortib meni eltdilar uyon, ey soqiy,
Tut menga sharobi arg‘uvon, ey soqiy,
Maydan o‘lishim bo‘ldi ayon, ey soqiy.
65
Bu fasli xazon — bargrezon, ey soqiy,
Holim-da go‘yo rangi xazon, ey soqiy,
Bu mayda-da shu hol namoyon, ey soqiy,
Undan simiray zamon-zamon, ey soqiy.
66
Darvesh elidan gar tilasang kelsin fayz,
O‘zingdan ularga avvalo bo‘lsin fayz,
Shu xilda g‘ariblar boshida kulsin fayz,
Sening-da shu jismu jonishta to‘lsin fayz!
67
Yomon nimani istamasang, xushxulq bo‘l,
Kasb etma riyoni, to‘g‘ri bo‘lsin ko‘ngil,
Har.yoqqa yurar el, sen tut o‘zga manzil,
Qo‘y elni, yagona mahraming bo‘lsin Ul.
68
Bo‘lmoq tilasang agarda sen ahli xavos,
O‘zingni avom suhbatidan ayla xalos
Ham sidqu ixlos yo‘lidan ilgari bos,
Haq zora maqoming etsa xos ahliga mos.
69
Ey dil, demakim, mushki nobdir ul xat,
Boisi: mudom bandi xijobdir ul xat,
Oftobga shom xati — xitobdir ul xat,
Yo‘q, yo‘q, g‘alat aytdim, naqshi obdir ul xat.
70
Mug‘ dayrida* ul mug‘bachalarki, cholok*,
May birla meni qildilar mastu bebok,
Murda kabi bo‘ldi menga-da manzil xok,
Lek mayga garov qilmadilar xirqai chok.
_________
* Mug‘ dayri — otashparastlar ibodatxonasi; majozan: mayxona.
* Cholok — kelishgan, nozik, xushbichim; chaqqon, tez; yetuk.
71
Xoking seni shohlar kulohining bandi,
Husn shohiga teng emas bashar farzandi,
Xasdek vujudimga yuzing barq monandi,
Chaqsa uzilar jahondan jon payvandi.
72
Foniy bu jahon g‘amiga to payvandsan,
O‘zingga o‘zing baqo yo‘lida bandsan,
Nafsing havasiga ko‘milib xursandsan,
Bo‘lsang-da zamonni shohi — hojatmandsan.
Fors-tojikchadan Ergash Ochilov tarjimalari