Jahon
October 3, 2020

Qurbonniyoz Toshqin (1948)

Qurbonniyoz Toshqin Ko‘hna Urganchda tavallud topgan. 30 ga yaqin kitoblari nashr qilingan. Takuboku, F.Tyutchev, A.Blok, E.Vohidov, A.Oripov va boshqa bir qator shoirlarning asarlarini turkman tiliga tarjima qilgan. Mullanafas nomidagi adabiy mukofot sovrindori.

“OTA, YaXShI KO‘RAR EDINGIZ…”

Ota, yaxshi ko‘rar edingiz biram
Maxtumquli Qorli aytimlarini.
Endi ul aytimlar yodga soladir
Baxshi haqda xalqning aytganlarini.

“Radioni o‘ylab topgan odamni
El-yurti siylasin, hamma siylasin!..
Har gal men bir yashab qolaman, undan
Eshitganda Maxtumquli Qorlining

Dast qoqib boshlasa…
Go‘ro‘g‘libekning
Bedov oti – G‘iri tushar yodingga,
Zuhra-Tohir zori tushar yodingga,
Kechmishlarning bari tushar yodingga!..

Usiz o‘tmas edi eng ulkan to‘ylar,
Zo‘r edi-da bu baxshining san’ati.
Fashist bilan bo‘lgan urush yillari
El-yurt ichra oshib ketdi shuhrati.

Dushmani ham tan olardi ovozin,
Soz-san’atning olmas bir jahoni yo‘q.
Bitta misol: shu baxshiga shogird bo‘p
Yurganlarning Xiva yoqda soni yo‘q…”

Ota, sizlar yaxshi ko‘rar edingiz
Maxtumquli Qorli aytimlarini
Mana, sizni yodlab, eslab turibman
Baxshi haqda xalqning aytganlarini.

UCh YuZ OLTMISh AVLIYo

Boshimizdan shunday kunlar ham o‘tdiki, Ko‘hna Urganchdagi “360 avliyo” qabristonini o‘z nomi bilan aytolmas edik…

Alloh amri ila yangi davr indi,
Erkin yozay, ixtiyorim bor endi.
Sizlar bilan qilay iftixor endi,
Sizlar uchun so‘zlar topay xush kalom –
Uch yuz oltmish avliyom!

Ko‘rgulikning ko‘pi o‘tdi boshimdan,
Shukur aylay, ko‘l to‘lsa-da yoshimdan.
Uch kun so‘zim chiqmas edi ichimdan,
Ismingizdir tilda sano bul ayyom, –
Uch yuz oltmish avliyom!

Otam faqir dil-yurakdan tuyardi,
Qudratingiz qulog‘imga quyardi,
U sizni “ikkinchi Ka’bam” deyardi,
Qiyin kunda ko‘mak tilardi mudom,
Uch yuz oltmish avliyom!

Yashasam ham bugun o‘zga shaharda,
Uzoqmasman, yaqindirman ko‘p marta,
Dunyo meni g‘amga ko‘msa agarda,
Sizga sig‘inib, sizga bag‘ishlay duom,
Uch yuz oltmish avliyom!

Avliyoli elning men ham bir o‘g‘li,
Pok bo‘lsin deyman-da el-yurtning fe’li,
Qayda yursam, boshim silar Haq qo‘li,
Siz qo‘llaysiz, xotirjamman men tamom,
Uch yuz oltmish avliyom!

Ko‘rar ko‘zga qadim yodgorlikdir bu,
Meros qolgan qadriyatlar axir bu,
Bari ilohiydan noyob, nodir bu –
Qutlug‘, sirli, aziz, tabarruk dunyom,
Uch yuz oltmish avliyom!

* * *

Erkka ega bo‘ldim – el sabab bo‘ldi,
Dardga duchor bo‘ldim – til sabab bo‘ldi.
Bor ekan har zotning vaqti, makoni,
Yorga sevikli bo‘ldim – gul sabab bo‘ldi.

* * *

Yaxshi ko‘zlar uchun makon – go‘zallik,
Ham yovuzlar uchun paykon – go‘zallik.
Go‘zallikka qul qilsalar, qiynalmam,
Ilhomga tuganmas do‘kon – go‘zallik.

Turkman tilidan Yusuf Nasim tabdili

"Yosh kitobxon" kitoblari