Leapold Sedar Sengor (1906-2001)
Leopold Sedar Sengor (Léopold Sédar Senghor) — shoir, siyosiy arbob, Parijdagi Sarbonna universitetining filologiya fakultetini tugatib, afrikaliklar orasida birinchi bo‘lib, frantsuz litseylarida dars berish huquqini oladi. 1939–1940 yillarda frantsuz armiyasida xizmat qiladi. Qarshilik ko‘rsatish harakatida qatnashadi, ikki yil fashistlar kontslageri asirligida bo‘ladi. 1945 yildan 1960 yilga qadar Frantsuz hukumatida qator ministrlik lavozimlarini egallaydi. Uzoq yillar davomida Senegal respublikasiga prezidentlik qiladi. Parij, Strastburg va boshqa universitetlarning faxriy fan doktorligiga saylanadi. Frantsuz akademiyasining a’zosi.
Frantsuz tilida ijod qilib, dunyoviy e’tibor qozongan L.S.Sengor mayin lirik shoir bo‘lib, ehtirosli ishq-muhabbatga, Vatanga kuchli sadoqat ruhiga yo‘g‘rilgan ko‘plab she’riy to‘plamlar muallifidir.
MARHUMLAR YoDI
Yakshanba.
Men marmar yuzli yaqinlarim besaranjom to‘dalaridan
cho‘chiyman.
Xasta hamda tashvishmand keksalarga to‘la
minor ichidan
Termilaman tumanga chulg‘angan tepaliklar
va tomlarga,
Yalang‘och mo‘rilar – sukut ichra tek.
Marhumlar uxlarlar uylar va adirlar etagida,
Uxlarlar mening orzularim, yonib kul bo‘lgan,
Mening orzularim – behuda to‘kilgan
va ko‘chalarga oqib chiqqan qon yanglig‘
Qassoblar do‘konidan sizgan qonga qo‘shilib uxlarlar.
Va men oynavand minoradan Gambiya* yoki Salum** yoki
Sena qirg‘oqlarida qabilam sardorlari kabi
qishloq chekkasida turgandek, ilg‘ayman tepaliklar ostiga
uzangan orzularimni.
Xalal bermang marhumlar haqidagi o‘ylarimga mening!
Kecha nishonlandi Quyosh bayrami – jamiki mo‘tabar,
ezgu ruhlarni eslash ayyomi,
Biroq yodga olmadi hech kim hech bir qabristonda
o‘limni inkor qilgan zotlarni.
Marhumlar! Siz o‘limga bas kelib, hamma yerda –
Sina*** dan Senaga qadar va mening tomirlarimni
to‘ldirgan o‘jar qonda ham
Himoya qilasiz mening orzularimni, himoya qilganingiz kabi
sahroyi zuryodlaringizni.
O, mening marhumlarim! Yakshanba tumaniga chulg‘angan
Parij tomlarini ofatlardan to‘sing,
Mening marhumlarimni qo‘riqlovchi tomlarni.
Va men tushaman bu sokin ma’vo –
yuksak minoradan ko‘cha sahniga,
Moviy ko‘z birodarlarim qoshiga
va mahkam siqaman ularning qo‘lin.
____________
* G a m b i ya – G‘arbiy Afrikadagi daryo, uch davlat chegarasi. Gvineya, Senegal va Gambiyadan oqib o‘tadi.
** S a l u m – Senegaldagi daryo, uning qirg‘og‘ida XIX asr oxiriga qadar Salum kichik feodal davlati hukm surgan.
*** S i n a – Senegaldagi daryo, uning qirg‘og‘ida kichik mustaqil Sin davlati bo‘lib, 1925 yilda u Senegal ixtiyoriga o‘tgan.
SINA SOHILLARIDA TUN
O, ayol, iforli qo‘llaringni bos manglayimga mening,
qo‘llaring momiqdan ham mayindir.
Hov, yuksaklikda palmalar tebranar
va dengiz shabadasi ila tun ichra
Taraladi totli ohang, mayin qo‘shiqlar.
Mayli, allalasin dilni sukunat kuylari.
Tungi harir tuman og‘ushida Afrika yuragi urar
yog‘och uyli qishloqlar ko‘ksida.
Bosh qo‘yar to‘lin oy sokin dengiz mehrobiga.
Olis kulgu sadosi singar ufqqa, ertakchi chollar esa
tebranarlar bir tarzda
Bamisli onasin kiftidagi go‘dak singari,
Raqqoslar vujudi og‘irlashar, baxshilar tomog‘iga
zalvor quyular.
Yulduzlar izdihomi boshlanar, tun xotirjam yonboshlar
par yostiq bulutlarga, bo‘ksasiga Somon yo‘lini
qilib yopinchiq.
Kulbalarning tomlari zarhallanar oy shu’lasida.
O, nimalarni so‘ylamas ular
uyg‘oq yulduzlarga!
O‘choqlarda so‘nar cho‘g‘lar, ajib bir halovat shukuhiga to‘lar
kulbalar bu chog‘.
Ayol, shamni yoqib qo‘ygin sokin xonangga, mayli,
to‘shakka uzangan, lekin hali bedor go‘daklardek
shivirlashsin ruhlar tegrangda.
Ajdodlaring imdodini tingla. Ular-da totganlar
biz singari quvg‘inlik zahrini,
Biroq o‘lmoqni istamaganlar, qovjirab qolmasligi uchun
zuryodlar qumda.
Men esa ezgu qalblar kalomini
tinglayman tutunga yo‘g‘rilgan kulba ichida.
Sening olovli ko‘ksing ustida boshim qizir.
Mayli, tushsin mening zimmamga –
Ajdodlar shukuhidan ko‘ksimni to‘ldirmoq,
Ularning tirik ovozini jamlamoq
va bo‘g‘zimga joylamoq.
Mayli, o‘rganay men so‘nggi dam qadar –
zavolatning yuksak chohiga sho‘ng‘ir onim qadar
Yashamoqni, matonat-la yashamoqni.
ZANJI AYoL
O, yalang‘och ayol, o, zanji ayol!
Sening ranging – hayot rangi, o, vujuding naqadar go‘zal!
Men sening soyangda ulg‘aydim, qaboqlarimni siladi
sening nozik barmoqlaring.
Janub harorati bor qalbimda – yuksak ma’volarda turib
Seni kashf etaman, orzularim zamini,
Va sening go‘zalliging olov chaqin yanglig‘ yaralaydi
mening naq ko‘ksimni.
O, yalang‘och ayol, qo‘l yetmas vujud!
Hayot boliga to‘lgan sarxil, qora sharobga
lim-lim dudoqlaring
kuydirgay mening dudoqlarimni
Sahro bag‘ridagi savanna, Mashriq shamollari mavjlarida
titragan sambit nihol;
G‘olib-jangchi barmoqlaridan yangragan
nog‘ora timsoli,
Jarangos surur;
Sening yuksak va teran ovozing – jo‘shqin ehtirosning
xurram qo‘shig‘i.
O, yalang‘och, ayol, qo‘l yetmas vujud!
Ajib tovlangan qomat, ajin nimaligini
bilmagan chehra,
Bahodirlar, jangchilar va qadim Mali shahzodasin
yuragin rom qilgan joziba;
Shabnam quchgan o‘tloqlarning erka ohusi,
Vujudingning tim qorong‘i osmonlarida jimirlaydi
yulduzlar nuqra;
Sen tuyg‘ular zamzamasi, aql ermagi;
Qora shohi vujudingda oltin jilvasi,
Sening zulflaring soyasida
ko‘zlaring quyoshini kutaroq
Ajib titroqlar ila nurlanadi
dilda sog‘inchim.
O, yalang‘och ayol, o, zanji ayol!
Kuylayman men – sening go‘zalligingni
muhrlamoq uchun mangulikka,
Toki g‘ayur taqdir zamin kurtaklarini
oziqlantirmoq uchun uni
aylantirmas ekan xoki turobga.
JOAL
Joal.*
Hammasi esimda.
Esimda – moviy oynavand ayvondagi
malikalar,
Ko‘zlari ularning nurlanardi, dengiz
sohilini yoritgan oydek.
Esimda – Shafaqning alvon lavhasi.
Undan Kumba N’Dofen** qirollik libosiga rang olgan edi.
Esimda – maraka dasturxonlari va
quyuq taomlarning xushta’m bo‘ylari.
Baxshilarning qo‘shiqlari, tortishuvlar
shovqin-suroni – esimda.
Esimda – nasroniy duolari majusiylarning,
jamoalar davrasi yo palmalar va
zafar koshonalari.
Esimda – bo‘y yetgan qizlarning nozli raqslari,
O, o‘ktam, mag‘rur yigitlarning
davra o‘rtasida aylanishlari, ularning
jangovor qo‘shiqlari!
Ular vujudidagi shiddat esimda,
Esimda: “Kor-Siga!”*** degan ayol tovushi –
sof muhabbat ovozi.
Hammasi esimda, hammasi esimda…
Ohangga taqlidan tebranar boshim –
Evropaning zerikarli kunlarida
kezaman sohil bo‘ylab,
Chalinar qulog‘imga yetim nola va
U bo‘zlar, bo‘zlar, bo‘zlar.
_____________
* J o a l – shoirning vatani, Senegaldagi kichik shahar va port.
** K u m b a N’D o f ye n – Sin davlatining hukmdorlaridan biri.
3 K o r-S i g a – (Siga – shoirning singillaridan birining ismi) Sigi tanlagan yigit, uning xushtori.
LAGER. 1940
Muhabbatning ajib gulshanin to‘fon mahv etdi,
Nastarinlar shoxi sindi, marvaridgul ifori so‘ndi,
Shamollarga va janub daryolariga
ko‘ksin ochgan Orollarga
yashirindilar kelin-kuyovlar.
Mashriqdan mag‘ribga – shabnamlar nurlangan uzumzorlar,
qo‘shiqlar taralgan kengliklar uzra
o‘tdi bir faryod,
Chaqmoq xanjari sanchilgan yanglig‘ yurakka.
Mana, tuproq, shox-shabbadan tiklangan qishloq –
zahmli ariqlar bilan
chirmalgan.
Ochlik va nafrat yoz bag‘rini shishirib
yuborar ortiqcha.
Bu ulkan qishloq sirtmoqqa solingan
tikonli simdan.
Va bu qishloq to‘rtta hushyor pulemyotlar
nishonidadir.
Mard kelbat askarlar tilanarlar tamaki qoldiqlarini,
itlar-la talasharlar sarqitlarni,
Tushlarida tortisharlar kuchuklar va mushuklar borasida.
Biroq, harqalay, dildan kulmoq va ko‘ngil erki
saqlanib qolgan ulardagina.
Va bu qizil yuz go‘daklar
Uyqulari bitlar va burgalardan behalovat
Keksa rangpar, so‘lg‘in bolalarni qo‘riqlarlar.
Ularni bedor tun ertaklari allalar
va g‘amgin tovushlar
singib ketar
jim-jit so‘qmoqlarga.
Ularni allalar allalar, nog‘ora sadolarisiz allalar,
Qora kaftlarning hamohang chapaklarisiz allalar.
“Ertangi kunda bu choshgohdan keyin
Jasorat oni va yuksak quyoshning oppoq sahro
uzra suzishi”.
Ellar navo tarar gitaralar yanglig‘,
Yangrar tikonli sim arfa toridek.
Quloq tutar ushbu saslarga tomlar,
Yulduzlar engashib, jilmayarlar
bedor ko‘zlari ila,–
Yuksakda, falakda, arshi a’loda
Nurlanar ularning tund chehralari!..
Loyli va shox-shabbadan tiklangan
qishloqda havolar yumshar,
Tuproqlar jonlanar soqchilar yanglig‘
Va yo‘llar ularni chorlaydi erkka.
Ular tek qotarlar! Tashlab ketmaslar
Zaqqum mehnatni, burchlarini o‘tarlar.
Kim bajarar, axir, bu bad yumushni,
Mard kelbat-la tug‘ilganlar
o‘tamasa gar?
Kim tushadi raqsga yakshanba kunlar askar tovoqlarin
kuylari ostida?
Taqdirlarin erki ila erkinmas nahot ular?
Muhabbatning ajib gulshanin to‘fon mahv etdi,
Nastarinlar shoxi sindi, marvaridgul ifori so‘ndi,
Shamollarga va janubning daryolariga
ko‘ksin ochgan orollarga
yashirindilar kelin-kuyovlar.
* * *
(To‘rt torli gitara uchun)
Men oqshom payti o‘ltirardim zerikarli o‘rindiqda.
Kutish onlari qarshimda uzun yo‘l chetidagi
ustunlar singari cho‘zilgan edilar cheksizlikka
Va birdan tegdi yonog‘imga oltin rangli
qizg‘ish nurlari chehrangning,
O, qachon uchratgandim qaynoq, mag‘rur bu rangni men?
Qadimgi Sina hukmdorlari saltanatida, shaksiz.
Otamning otasi hovuzlarning qalayli sahifalarida
yorning chehrasini o‘qigan chog‘da.
Birdan ufqlardan esdi harorat…
Yana yurakning ko‘chalariga yoz kelgan edi.
Daraxtlar tovlanmoqda zarrin,
Daraxtlarda lovullar hovuch-hovuch nur;
Nima bu? Bahordan darakmi?
Ayollar – havoda muallaq qadam bosarlar
quyoshli sohilda,
Oyoqlarning uzun muskullari – xuddi qora teri ostidagi
arfa torlari,
Cho‘ri qizlar – malikalar yanglig‘ sarvqomat,
Kelisharlar ko‘za bilan buloq bo‘yiga.
Yusak shamdek tik xurmolar shoxlari uzra
Kuylar yellar o‘zlarining ko‘ngil shikvasin,
Ko‘chalar-chi, xuddi olis bolaligimning kunduziga
yastangandek osoyishta, oq.
O, Afrika bo‘stonining yakto g‘unchasi!
Cho‘zgin mening kutish onlarim.
Qashshoqlik qiynasa kimniki, behad o‘tkir bo‘lar
uning yurak tuyg‘usi.
Mayin jilmayarlar.
Bu jilmayish moviy moziyda raqsga tushayotgan
ajdodlarimning jilmayishidir.
* * *
(Uch nayda ijro uchun)
Uchib o‘tar qushlar moziy ufqlari sari.
Nurli va silliq, qora daraxt nayi,
Chulg‘ar mening xotiramni oq tumanlarga.
O, nolavash nay! Mudrab yotgan
xayolimning sarhadlariga
oq, beg‘ubor tonglaringning haririn to‘sha.
Subhi sodiq jamolini, kuylagin, o, zar ufqni kuyla,
Mujda berar u muzaffar quyosh shahdidan,
Fil suyagin jaranglashi,
Xiralashgan xotiramning uyg‘onishidan,
Mujda berar ko‘krakdagi bir juft cho‘qqi va
raqsga tashna tolma beldan,
gulgun yonoqdan.
O‘ltiraman cho‘ng yaproqning soyalarida
Podalar va yovvoyi bol bo‘yidan sarmast.
Tabassumim quyoshi, o!
Qiyoq tusli lablar uzra yaltirar shabnam.
Tilla qanot, nuqra qushlar yumshoq patlari to‘qinarlar
Uning to‘ti takallumiga.
Ko‘ktirg‘oqlar uning moviy nigohlariga shavq-la
sho‘ng‘ir, ko‘k chaqmoq yanglig‘.
Namchil sholi poyasidek quyuq kipriklar
Tebranarlar ohang yanglig‘
sof havolarda.
O, farog‘at! Tuyaman men vaqtning
yorqin tovlangan ko‘kda asta-sekin qanot kerib,
parvoz qilishin.
Mudray boshlar tek qotgancha horg‘in poda ham,
Tinib qolar qumrilarning mungli saslari
Ayni choshgoh paytidagi quyuq soyada.
Biroq, men-chi, ehtirosim so‘qmoqlarida
yana olg‘a yurmoq uchun qo‘zg‘alaman dast.
* * *
(Ikki nay jo‘rligida)
Men senga ajib qo‘shiq to‘qidim choshgoh payti
Qumrining kukulashi kabi mayin,
Va jo‘r bo‘ldi to‘rt torli gitara qo‘shig‘imga.
Men qo‘shiq to‘qidim senga, lekin
Eshitmading sen bu qo‘shiqni.
Men senga tuhfa qildim dala gullarin –
Sehrgar ko‘zlaridek ifori sirli,
Sangomir shafag‘idan ko‘ra rangin, anvoyi.
Dala gullarin tuhfa qildim senga,
Nahotki yo‘l qo‘ysang sen ular so‘lmog‘iga?
Axir, tomosha qilasan-ku sen
Soatlab rangdor kapalakni!
* * *
Men seni kuzatdim to tun chegarasi,
qishloqqa qadar,
Bari bir oltin tabassuming tilsimin
echa olmadim.
Qisqa shom shafag‘i ilohiy nurlardek
sening yuzlaringga tushardi.
Tepalik ustiga omonat qo‘ngan shu’lalarning
Qomatingda alvon shohi kabi tovlanishin
kuzatardim men,
Sochlaring shaloladek oqadi tun quchgan
dalalar bag‘riga.
Va tuyqus tashlangan sirtlon kabi
Eski vahmlar chulg‘adi ko‘nglimni mening.
Uloqtirmoqlikka qudrat topmadim
bu qo‘rquvni ufqning ortiga
Demak, bu yog‘i tun? Demak, tunmi bu yog‘i?
“Tonggacha xayr!” degan so‘z yo‘qmi?
Zulmatga cho‘milib, ona zamin ko‘ksiga yuzimni bosib
yig‘layman,
uxlayman ko‘z yoshlarim sukunatida.
Toki osmonlarda tovlanmas ekan
sening lablaringning seryog‘du tongi.
NIQOBLAR
Niqoblar, o niqoblar!
Qora, qizil, chipor niqoblar –
Yuzning to‘rt nuqtasidan esar menga
ruhning epkini,
Niqoblar, alqayman men sizni jimgina,
Seni ham, arslon qiyofasidagi
mening ajdodim.
Sizlar qurg‘aysiz bu muqaddas joyni
ayollarning siniq kulgularidan,
tez o‘chib qoluvchi tabassumlardan.
Mangulikning bu sof havolarida
tuyaman Otalar tiniq nafasin.
Ajinlar naqshlangan tunj tus niqoblar,
oq qog‘oz mehrobi uzra egilgan.
Bugun, qadim Afrikaning saltanatlari
zavolatga mangu yuz tutar ekan,
Joni jonga tutash sarkash Ovro‘pa,
nurab borar ekan eski qal’adek,
Sizdan madad so‘rgum, tashlang bir nazar
Beshafqat farmonlar qahriga mahkum
Pajmurda go‘daklar – zuryodingizga,
Gadodek luqmaga jonin berguvchi
o‘z naslingizga.
“Biz shu yerdamiz!” deb ovoz beramiz
dunyo uyg‘onib chaqirsa bizni.
Mayli, biz xamirturush bo‘laylik
eng ezgu tug‘yonlarga.
Yo‘qsa, kim jonlantirgay dunyoning
bu o‘lik moshinlari, uskunalarin,
Kim sado taratgay yetimlarni,
O‘lganlarni Yangi tong uchun uyg‘otib,
Kim hayot safosin qaytargay, umidiga
nayza sanchilganlarga?
Bizni paxta, yog‘-moy, qahva kishilari
deb ataydilar,
Ataydilar – jim o‘limga bo‘ysunganlar deb.
Lekin bizlar raqssevar insonlar emasmizmi,
Erga oyoq urib, undan cheksiz
kuch oladigan?!
Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
FRANSIYa UChUN HALOK BO‘LGAN SENEGAL O‘QChILARIGA
Mana, quyosh.
Shu’lalari ostida uning
latofatga to‘lar qizlarning ko‘ksi,
yashil o‘rindiqlarda
jilmayishib o‘tirar chollar
va ona zaminda
tirilmoqqa shaydir qurbonlar.
Eshitaman otishmalar gulduragini…
Irun to‘plaridir, ehtimol, bu ham?
Qabrlarga gul eltadi odamlar,
yoqadilar mangu olovni —
isinsin deb Noma’lum soldat…
Mening qora tanli birodarlarim,
Sizni ham kimlardir xotirladimi?
Yarim million nafar o‘g‘lonni
yollanishga mahkum etdilar
urushning shon-sharafi uchun,
bo‘lajak qurbonlar sha’niga
yog‘dirdilar oldindan maqtov.
Bu qip-qizil sharmandalik-ku!
Tinglang meni, Senegal o‘qchilari,
qaro yer va o‘lim xilvatgohida,
sizning so‘qir va kar xilvatgohda,
tanimdan qora u xilvatgohda;
Bir payt qishloq yig‘inlarida
siz bilan baqamti o‘tirganidek,
yotganlari kabi siz bilan bir payt
handaqlarda shundoq yonma-yon —
hozir ham yonma-yon yotishgan
o‘rtoqlaringizning harorati ham
ilitmagan zulmat — shu xilvatgohda.—
Tinglang meni, qora tanli o‘qchilar,
garchi ko‘zingiz yo‘q, qulog‘ingiz yo‘q
va lekin bor erur uch qavat zulmat.
Girlandalar bo‘lmas bu yerda,
hattoki bevangiz ko‘zyoshlari ham.
Tullar faqat eslab yurishar
jahlingiz qo‘zigan paytlarni,
bevalarga doim xush yoqar
faqat tiriklarning erkalashlari.
Girlandalar ohi o‘ta musaffo.
Juda tez quridi, yonoqlarida,
xotinlaringizning oqqan yoshlari —
shunday tez quriydp jaziramada
Fut-Jallondan chopgan jilg‘alar.
Achchiq ko‘zyoshlar ham hatto shaffofdir,
yutilib ketdilar ular bevafo
dudoqlar chetida juda shoshilinch.
Biz olib boramiz sizlarga…
Tinglang, bizni,— o‘lganingizda
nomingizni bpr necha oylar
qayta-qayta hijjalaganmiz…
Biz olib boramiz sizlarga,
shu kunlarda bemisl hadik,
biz eltamiz sizlarga do‘stlik…
Biz — sizlarning tengdoshlaringiz…
O, men kuylay olsaydim agar
cho‘g‘ kabi qizigan ovozim bilan
oshqozondek qaynoq, paydek mustahkam,
chandir, singir, metin Do‘stlikni!
Tinglang bizni, qurbonlar, tinglang,
Shimol bilan Sharqning behudud
Vodiylari aro shu botqoqlikda.
Qabul eting, oqtan hamkasblaringiz
qonini shimigan, qasosdek yongan
bir hovuch qip-qizil tuproqni.
Respublika uchun jon bergan
Senegal o‘qchilari,
qabul eting, qora tanli
do‘stlaringiz salomin!
NYu-YORK
1
Nyu-York! Dastlab dovdiratdi
meni chiroying,
uzunoyoq, tillabadan qizlaring, Nyu-York!
Sovuqdan sovuq kulging
va zangori temir qorachiqlaring
oldida vahmaga tushdim men dastlab.
Vahma bosdi osmono‘par binolaring tagida,
dara-ko‘chalaring qa’rida esa,
quyosh tutilgan damdagi boyo‘g‘li kabi
ko‘zlarini pirpiratdi xira xavotir,
xuddi oltingugurt kabi rangingni bo‘g‘ib,
osmonning bo‘g‘zida birlashgan edi
shu’lalarning jonsiz-oqish uzun barmoqlari.
Beton mushaklari va tosh terilarin
ko‘ko‘par binolar o‘ynatib mamnun,
solar edi to‘fonlarga dahshatli tahdid.
Ikki hafta Manxettenning taqir asfaltlarida —
uchinchi haftaning boshida sizga
sakrab qoplon kabi tashlanar azob.
Ikki hafta suvsiz, giyohsiz,
allaqanday balanddan qushlar
kulrang tepalarga yiqilar o‘lik.
Na bola kulgisi, na bola qo‘lchasi bor
mening muzday kaftimda.
Na ona ko‘kragi bor, faqat bor mayin
oyoqlarning hukmronligi,
qavargan oyoqlar, ko‘kslar bor faqat.
Na bir og‘iz shirin so‘z bor, faqat ko‘krakda
duk-duk tepib turar mexanizmlar —
tanga jarangiga sotilgan soxta yuraklar.
Na biror hikmatli kitob bor bunda.
Marjonlarning sovuq billuri kabi
ochiladi rassomlarning bo‘yoq taxtasi.
Bedor tunlar… Qotgan soatlarning bo‘m-bo‘shlig‘ida
chiyabo‘ri ulishlari va botqoq mash’allarining
javrashiga to‘lgan Manxetten tunlari!
Yo‘lkalarning loyka suvi oqizib borar
ozoda sevgilarning odatdagi yukini,—
xuddi shunday olib ketar ul toshqin daryo
bolalar jasadini.
2
Kuning bitdi, o, Nyu-York,— yetdi so‘nggi hisob-
kitoblar vaqti.
Kuning bitdi! Ammo qutqazmog‘ing mumkin
hali o‘zingni,
faqat ochgin quloqlaringni trombon xudosiga,
yangi ohang bilan tepsin yuraging faqat —
qaynoq qon, o‘z qoning ohangi bilan!
Hidlar olovi bo‘lib faryod solayotgan,
tantanali bo‘yoqlarning kuvisi bo‘lib
guvlayotgan Garlemni ko‘rdim,—
Amerika dorixonalarida choyxo‘rlik payti edi,—
ko‘rdim: Garlem shaylanardi tun bayramiga
va chekindi shaffof kunduz.
Tun oldida chekindi Kunduz,
chunki Tun Kunduzdan haqqoniyroqdir.
Men ko‘rdim Garlemni toshyo‘llarning qobig‘in yorib,
ilk hayotni unmoqqa
majbur etib turganda tangri —
Garlem, Garlem, nelar ko‘rdim men!
Garlem, Garlem, men ko‘rdim:
habashlarning raqs tushguvchi oyoqlari birla haydalgan
asfalt uzra chayqalar edi
bug‘doyzorning moviy mavjlari.
Sonlar mavji, ipaklar mavji,
ko‘kraklar — nayzaning uchlari kabi,
ranglar raqsi,
afsonaviy niqoblar raqsi.
Politsiya otlarining tuyog‘i ostida —
muhabbatning dum-dumaloq anbahi.
Men ko‘rdim: yo‘lkada jildirab oqdi
oppoq rom irmog‘i,
sigaraning ko‘m-ko‘k tumanida
jilg‘a bo‘lib oqdi qop-qora sut!
Men ko‘rdim, paxta qori yog‘di ko‘kdan kechqurun,
sehrgarlar sochlarida ko‘rdim malaklar
qanotlari hamda patlarni.
Tingla, Nyu-York! Garlemning ovozin eshit,
surnayning shu aks-sadoli tomog‘ida
faryod chekayotgan sening o‘z ovozing,
ko‘z yosh bo‘lib dotgan xavotiring sening
to‘kilmovda laxta-laxta qon bo‘lib.
Tingla, Nyu-York! Olislarda tepayotgan tungi qalbing bu:
tepayotir qonli tamtam, tamtam va qon, tamtam va qon
ohangida u.
3
Tingla meni, Nyu-York! Garlemning qora qoni
tomiringga quyilsin,
U hayotni yuvsin yog‘ bo‘lib,
sening po‘lat bo‘g‘inlaringni
u zangdan aritsin,
qaytarsin u ko‘hna ko‘priklaringga
yosh sonlarning baquvvatligi,
chirmovuqlar abjirligini.
Ko‘ryapman, burungi zamonlar qaytar,
qaytar Birodarlik,
qaytar Arslon, Daraxt va Ho‘kiz murosasi.
Vaqt keladi — so‘z ish bilan, qalb aql bilan,
ma’no bilan qo‘shilib ketar.
Kerak emas o‘ylab topmoq yangi sirenlar.
Faqat ko‘zingni och — savr kemalarin ko‘rasan aniq,
Faqat qulog‘ing och — eshitasan saksofon
qahqahasi ostida,
olti kunda yeru osmonni
yaratgan xudoning sasini shu on.
Etinchi kuni u — kerishdi, esnadi va horg‘in habash
kabi qotib uxlab qoldi u.
* * *
Tong qo‘li beozor siladi
mening tungi qaboqlarimni,
tabassuming chiqdi tuman ustiga,
so‘ng Kongo ustida suzdi ohista.
Kalb aks-sado berdi — tongda uyg‘ongan
qushchalarning nozik ado qo‘shiqlariga.
Qonim aks-sado berdi hech payt bilmagan
qo‘lim novdalarin sharbatidagi
oppoq qo‘shiqlarga qaynoq kuy bo‘lib.
Ko‘ryapsanmi, gul butalarn, sochimdagi yulduzchalaru
cho‘ponlarning peshonabandin?…
Men cho‘pon nayini olaman, chunki
qo‘riqlar u suruv osoyishtaligin.
Va kunbo‘yi, quyosh botguncha,
sening uzun kipriklaring soyasida men
buloq bo‘yida,
vafodoring bo‘lib boqaman
mayin yungli suruvlaringni.
Chunki bugun ertalab, tong qo‘li beozor siladi
mening tungi qaboqlarimni,
Chunki kunbo‘yi, quyosh botguncha, aks-sado berdi
qalbim qushchalarning nozik ado qo‘shiqlariga.
Sulaymon Rahmon tarjimalari
SARDORGA
Sardor!
Biz seni qalblarni berib eshitdik.
Ovozing bizning tobe tunlar oralab,
Xuddi Bruss hukmdori ovozidek,
egik yelkalarimiz uzra taraldi.
Biz palaponlarmiz – uyasidan ayrilgan,
umidsiz bir jonsiz tanamiz.
Yirtqichlarmiz – tirnoqlari yulingan,
qurolsizlangan sallotmiz – yalang‘och.
Mana biz yog‘ochdek beo‘xshov qotganmiz,
etakchisin yo‘qotgan so‘qirlardekmiz.
Vijdonlilar o‘ldilar, o‘zlarini otmadilar sharmandalik bo‘g‘ziga.
Madaniyatli el johilligi iskanjasida himoyachimiz yo‘q!
Biz tayanch izlasak, ular qum sochdilar ko‘zlarimizga.
Biz rahbar izlasak, u – yo‘q, quroldosh izlasak, ular istashmadi.
Biz tanimay qoldik Frantsiyani.
Tunlar kambag‘allikdan nola qildim. E’tibor yo‘q.
Knyazlar qulfladi ibodatxonani,
Hukmdorlar esa “bag‘rikenglik” ila dedilar:
“Gap zanjilardami?! Gap odamlardami?! Bema’nilik!
Barisi bekordir Yevropa haqda gap ketsa agar!”
Sardor!
Sening vijdon va ishonch degan ovozing
hayajonga soldi ko‘ksimizni.
Ovozing va’da berar Respublikadan,
Biz unda quramiz yorug‘ bir shahar –
Tenglar ichra teng qardoshlar aro!
Javobimiz shu: “Bu yerda o‘zimiz bekmiz, Sardor!”
LYuKSEMBURG BOG‘I
Lyuksemburg bog‘ini kezaman kuzda,
Xuddi yoshligimni kezganim kabi.
Bunda yo‘q endi sevishganlar,
Qayiqlar, favvoralar, bolalarning
Sho‘x kulgilari – dilga yaqin “sayyora” ham yo‘q.
Faqat tennis kortida kulgili qariyalar kezinar.
Bu kuz tongida bolalar qani?
Yopiq turar bolalar teatri!
Lyuksemburg bog‘i, unda men topmadim,
Yoshlik nahorin, yashil bahorin.
Nahotki orzular chilparchin bo‘ldi.
Nahotki bu yerda g‘olib yo‘q.
Xazonlar to‘kilar, ezilgan bog‘lar,
Ustiga xuddi so‘nggi tomchi qon kabi,
Qarindoshlik qabrini to‘ldirmoq uchun.
Lyuksemburg bog‘i, men uni tanidim.
To‘xtab turar soatlar.
To‘plar turibdi, qo‘rqoq hokimiyatni qo‘riqlab, ayab.
Qachonlardir men noziklik va nafislik neligini anglaganim
O‘rindiq yonida xandaq qazilibdi.
Men uni tanidim – yoshlikda bitilgan yozuvimdan.
Xazonlar to‘kilar xandaq va chuqurlar og‘zini yopmoqlik uchun.
To‘kilar avlodlarining qoni ustiga,
Evropa ko‘mmoqda yangi xalqning ishonchlari-yu,
Millatning toza gullarin.
Rus tilidan Zulfiya Mo‘minova tarjimasi