Kasimir Leyno (1866-1919)
Kasimir Leyno (Kasimir Leino) — fin shoiri, adib, teatrshunos, adabiyotshunos, san’at nazariyotchisi. Xelsinki universitetini tugallagan (1888), falsafa fanlari doktori. Ilk she’riy to‘plami – “She’riy tajribalar” (1886) fin she’riyatida o‘ziga xos realizm murojaatnomasiga aylandi. “Kesishgan to‘lqinlar” (1890), “Kengliklar” (1893), “She’rlar” (1899) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.
BO‘RONQUSh
To‘rt tarafda bo‘ron g‘uvillar, dolg‘a
Qaynab toshayotir, dengizda chaqin.
Qarsillar, chayqalar ulkan qayinlar,
Marmar qoyalarni qayraydi to‘lqin.
Ko‘kka uchayapman shodon, hayqiriq
Bulutlarni yorib, suvda yarqirab.
Sharaflayman seni, aziz ona yer,
Sharaflayman seni, dengiz, nur tarab.
Sharaflayman – inson, hayot va kurash!
Toliqqan machtalar g‘ijirlar bazo‘r.
Dovul titratadi sim arqonlarni,
Jo‘r bo‘laman quyuq po‘rtanaga, jo‘r.
Qo‘rqitolmas aslo tubsiz girdoblar,
Yoyib yuboradi bo‘ronni siqiq
Bulutlar xo‘mrayib qaramas endi,
Shamollar tiniqqan, osmon ham silliq.
Bo‘ron qanotidan kuch olaman, kuch,
Po‘rtanalar esa borgan sayin puch!
Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi