Jahon
October 3, 2020

Omondurdi Annadurdiyev

Omondurdi Annadurdiyev hozirgi zamon turkman she’riyatining yetakchi vakillaridan biri. Uning she’rlarini o‘qib, bolalikning sirli armonlariga, muhabbatning ham azobli, ham sururbaxsh kechinmalariga, inson va tabiat uyg‘unligining go‘zal falsafiy tasvirlariga guvoh bo‘lasiz. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Do‘rmon ijodiy bog‘idagi she’riyat davralarida ko‘p bo‘lgan. O‘zbek shoirlaridan do‘stlar orttirgan.

* * *

O‘n kallali kungaboqar
Yo unga, yo bunga boqar.
Bir kallali kungaboqar,
Yo yerga, yo kunga boqar.

O‘n kallali kungaboqar,
O‘n kallasi ko‘kka tegar.
Bir kallali kungaboqar,
Yolg‘izlikdan boshin egar.

O‘n kallali kungaboqar,
Puch bo‘ladi, yo‘q bo‘ladi.
Bir kallali kungaboqar,
Mag‘zi uning… to‘q bo‘ladi!

* * *

Dengiz ko‘kka sapchir.
Yuragimga ul
bahaybat to‘lqinlar tilamoqchimi.
Dengiz ko‘kka sapchir.
To‘lg‘anar guvlab.
Osmondagi oyni
silamoqchimi…

* * *

Kulardik
qah-qahlar otib…
Shundan beri
o‘tdi,
xudo bilsin,
necha yuz oylar…
Ot bo‘lay deb kishnab kechganidek
yildirim toylar.

* * *

Qog‘oz suvga botsa
bo‘kib qolmasmi,
saqlab biladirmi
o‘z ohorini.

Yigit saqlagaymi o‘z bahorini
dili bo‘lsa dog‘liq?..

Qog‘oziga bog‘liq,
yigitiga bog‘liq.

OLMAXON

Assalomu alaykum, yoqimtoy, jajjim,
Kaftimga chiqibsan, quvnoq oshno, san.
Termulib turibsan ko‘zlarimga jim,
Balki suhbatimga mening tashnasan.

O‘qib beray desam g‘azallarim xom,
Ming so‘zim bir ma’ni mag‘zin chaqmaydi.
Mag‘zi to‘q yong‘oqqa o‘chsan, olmaxon,
Mening puch she’rlarim senga yoqmaydi.

* * *

Sevgi yo‘q deydilar…
Yo‘qdir u, balkim,
Ishq bog‘idan gullar termaganlarda.

Sevgi yo‘q deydilar…
Yo‘qdir u, balkim,
yurak olib
yurak bermaganlarda.

Sevgi yo‘qdir
ahddan qaytganlar uchun,
sevgi yo‘qdir
yo‘q deb aytganlar uchun.

MUNChOQLAR TIZIMI

Termalar

Ko‘z bo‘lmasang, kuyarman,
Qosh bo‘lmasang, kuyarman.
Tor yo‘lda, tor ko‘chada
Duch bo‘lmasang, kuyarman.

* * *

Tog‘da qorni izladim,
Bog‘da norni izladim.
Dardga dardni qo‘shmoqqa
Dardli yorni ko‘zladim.

* * *

Ishqim yozdim yaproqqa,
Yaproq yo‘li yeldadir,
Elib-elib yaproqlar
Sevgim senga eltadir.

* * *

Botmadi kun vaqtida,
Chiqmadi oy vaqtida.
Kelmading, dod, vaqtida,
Kelmading, voy, vaqtida.

* * *

U qiz zimdan boqadi,
Ko‘zimdan yosh oqadi.
Bir yigitni tanlay deb,
Ming yigitni yoqadi.

* * *

Baxtda yor hissasi bor,
Er boshin g‘ussasi bor.
Bir misra g‘azalimning
Ming misra qissasi bor.

* * *

Shoir bo‘ling demayman,
Ishim anduh, mung mening.
Kulganim gar bir bo‘lsa,
Yig‘laganim ming mening.

* * *

Bir lo‘li qiz qo‘llarimni silaydi:
“Laureat yo‘li senga bo‘g‘ilar.
Bezovta bo‘lmagil, bo‘lma xomtama,
Laureat baxtli ayoldan tug‘ilar”.

Bir lo‘li qiz qo‘llarimni silaydi:
“Baxt keltirmas tutgan bu o‘n so‘mliging.
Halak bo‘lma tanish-bilish axtarib,
Hali-veri chiqmaydi ko‘p to‘mliging”.

Bir lo‘li qiz qo‘llarimni silaydi:
“Sen injiqsan, bordir senga ko‘p jazo.
Bittasini eshit: hech bo‘lolmaysan
Yozuvchilar uyushmasiga a’zo”.

Ey, lo‘li qiz, qo‘llarimni silayver,
Nahot menga hamma eshik yopilar.
Ey, lo‘li qiz, qo‘llarimni silayver,
Aytganingdan boshqa baxt ham topilar.

Ey, lo‘li qiz, qo‘llarimni silayver,
Tez-tez to‘sib chiqib turgil yo‘limdan.
Eng katta baxt, asli, go‘zal lo‘li qiz,
Ushlab turganingdir mening qo‘limdan!..

* * *

1. Men yo‘l o‘g‘li emas, men yo‘l otasi,
Bu yangi ovulga yo‘l cho‘zib keldim.
Qilgan bu ishimning yo‘qdir xatosi,
Oyda ikki bora qo‘l cho‘zib keldim.
Turnalar mung‘ayib boqqan yo‘llarda,
Jayron yelib, chaqin chaqqan yo‘llarda,
Ulovlar sel bo‘lib oqqan yo‘llarda
Hijronning ustidan men g‘olib keldim.

Lolalar yarashgan yo‘l mening ko‘nglim,
Ming-ming chechaklarga to‘l, mening ko‘nglim,
Hech yoqqa bormasang, so‘l, mening ko‘nglim,
Men yo‘l olib keldim, yo‘l solib keldim.
Qorachig‘im cho‘lga xol qilib keldim,
Tilimni hayratdan lol qilib keldim.

2. Yengil ish,
og‘ir ish,
qora ish,
oq ish…
Yo‘q-yo‘q, bunday bo‘lmas,
asli biroq ish.
Ishni bunday desang
olam torayar.
Engil qilgan ishing og‘iri
boshqaga tushar.
Bir oq ishdan
butun olam qorayar…

3. Men yo‘lchi bo‘lmasam,
kim bo‘lar edim?..
Cho‘lda ohularni o‘tlatib yurgan
kiyikcho‘pon bo‘lar edim.
Cho‘lda ohularni o‘tlatib yurgan
suyuk cho‘pon bo‘lar edim.

* * *

Narigi sohildan qardosh qichqirdi:
“Kel, qardosh, men seni
sog‘indim”.
Qayiq minib borgim keldi qoshiga,
Qayiq axtardim.

Narigi sohildan qardosh qichqirdi:
“Kel, qardosh, men seni
sog‘indim”.
Kema haydab borgim keldi qoshiga,
kema izladim.

Narigi sohildan qardosh qichqirdi:
“Kel, qardosh, men seni sog‘indim”.
Sovg‘a-salom bilan bormoqchi bo‘ldim,
sarpolar qidirdim.

Nihoyat yo‘l oldim,
ketdim.
Tiriklikda diydor ko‘rishmoqchi bo‘lib,
o‘limiga yetdim.

Suzib borsam bo‘lmasmidi,
sho‘ng‘ib borsam bo‘lmasmidi.
Yasan-tusanlarga balo bormi edi,
Do‘stim mahobatga zormi edi,
To‘ng‘ib borsam bo‘lmasmidi.

Narigi sohildan qardosh qichqirdi…

RUBOIYLAR

* * *

Otam aytgan: «O‘zni zo‘r, chapdast tuting,
Balandni balandu pastni past tuting»,
El sizga farroshlik mansabin bersa,
Supurgini doim muqaddas tuting.

* * *

Bu gullarning arosinda o‘larman,
Qaro ko‘zing qarosinda o‘larman.
Dilingni men yaro etdim o‘rinsiz,
Dilingning men yarosinda o‘larman.

* * *

Sensan yuragimning sehri, faxri ham,
Sensan yuragimning mehri, qahri ham,
Faqat asalimas asalarining,
Jonga darmon, axir, nishi, zahri ham.

* * *

G‘ijjak bir poklandi, nay bir poklandi,
Yillar bir poklandi, oy bir poklandi,
To‘yga kirib kelding, ohuko‘z dildor,
Davra bir poklandi, to‘y bir poklandi.

* * *

Demayman, yurakning dog‘i tiklanmas,
Lek qalbning qalbaki ohi tiklanmas.
Bulbul navo qilgan sokin ma’vo bu,
Bundan hech bir zog‘ning «qog‘i» tiklanmas.

* * *

Kimlar ko‘rdi, kimlar ko‘rmadi, ketdi,
Xayolga ming ma’ni o‘rnadi -ketdi.
Tog‘im! O‘z qa’ringdan kovlangan temir
Tesha bo‘lib yuzing tirnadi-ketdi.

* * *

Shodlansam, shod bo‘lib kulib bilmadi,
G‘am cheksam, dardimni bilib bilmadi.
Tog‘ oshib, do‘st keldi holimni so‘rab,
Tom oshib, tuqqanim kelib bilmadi.

* * *

Tan sovqotdi… jonni yupun ko‘rmadim,
Umr — daryo. Uning tubin ko‘rmadim.
Fil obro‘y qozonmas chibin o‘ldirib,
Qon so‘rib fil bo‘lgan chibin ko‘rmadim.

* * *

Jahonda ko‘p aziz xor bo‘lib yotmish,
Borlar yo‘q, yo‘qlarchi bor bo‘lib yotmish.
Sohilga sapchigan balikdir yurak,
To‘lqin kelarmi deb zor bo‘lib yotmish.

* * *

Qoraqurt va chayon g‘olib yotdilar,
Dillarni qo‘rquvga solib yotdilar.
Ikkov bir-birin chaqib o‘ldirib,
Ikkov bir-birini olib yotdilar.

* * *

O‘g‘lim! Yelkamga chiq, so‘zim o‘yinmas,
O‘g‘lin erkalatsa, kim ham suyunmas.
… Tog‘ning yuragini tushunmak kerak,
Tepasiga chiqish uncha qiyinmas.

* * *

Shabada qo‘zg‘aldi, gul gulga tegdi,
Sunbullar chayqalib sunbulga tegdi.
Qog‘lagan qarg‘aga otilgan toshning
Kattasi, voajab, bulbulga tegdi.

* * *

Tentakdir, hammani ahmoq deb o‘ylar,
Tashnadir, hammani chanqoq deb o‘ylar.
Boshiga bir dona yong‘oq tushgandi,
Endi hamma daraxt yong‘oq deb o‘ylar.

* * *

Katxudodan mudom ulgi oldi el,
Dard cheksa, o‘zini dardga soldi el.
Bir ushoq nogahon shoh bo‘lib edi,
G‘uj-g‘uj mayda-chuyda bo‘ldi-qoldi el.

* * *

Uchmoqqa kaftimda qanot yo‘q, par yo‘q,
Himoya qilmoqqa to‘qay yo‘q, sher yo‘q.
Mollarim o‘ynaydi, dashtlarim cheksiz,
O‘g‘lim o‘ynay desa, qishloqda yer yo‘q.

* * *

Ertami-kech, xullas, tez tuzalaylik,
Yozda tuzalmasak, kuz tuzalaylik,
Dunyo tuzalmas deb chekmaylik fig‘on,
Dunyo tuzalmasa, biz tuzalaylik.

* * *

Demang «Omon so‘zi pastga og‘adi,
Ushoq bu misralar kimga yoqadi».
Diqqat qilganmisiz, aziz do‘stlarim,
Qalin qorlar mayda-mayda yog‘adi.

Turkmanchadan Matnazar Abdulhakim tarjimalari

* * *

Kelsin dushman,
gunohidan o‘tdim men.
kelsin do‘stlar
juda intiq kutdim men.
Cho‘lim
zarra-zarra
zar bo‘lib yotar,
har zarra ichinda
vatan tutdim men.

* * *

Aldamaganim uchun
yolg‘iz qolaman,
Aldanmaganim uchun
yolg‘iz qolaman.
o‘ksib… tolganim uchun
yolg‘iz qolaman,
Cho‘kib qolganim uchun
yolg‘iz qolaman.
Yolg‘iz qolaman!
Qog‘ozim, kechir.
Yolg‘iz qolaman!
Qalamim, kechir.
Yolg‘iz qolaman!
Ovozim, kechir.
Yolg‘iz qolaman!
Alamim, kechir.
Kechiringiz meni, do‘stlarim!

BALIG‘IM

Agarda daryoning suvi pasaysa,
Bu ahvolni sezar,
sezar ekan baliqlar.
Suv boshiga
suzar ekan baliqlar.
Sen bilan bilinsin
Bu dunyoda
Borlig‘im,
Sen sezdingmi,
Sen suzdingmi
Suv boshiga, balig‘im?

BU GULLAR ORASIDA

Nechun jo‘shmay kezasan,
Bu gullar orasida?
O‘z baxtingni sezasan,
Bu gullar orasida.
Yig‘lash qiyin,
Kulmoq dahshat.
Dahshatlikni
Bilmoq dahshat.
Maqsadim — boqiy qolmoq,
Bu gullar orasida.

BU DUNYoDA

Bu dunyoda nelar ko‘rdim, to‘zmadim,
Chidadim qabohat va g‘iybatlarga.
Biroq qushning uyasini buzmadim.

IKKI

Chiroqni o‘chirdik
Ikki qo‘l bilan,
Xayrli tun dedik,
Ikki til bilan.
Choyshabimiz ikki,
Yostig‘imiz ham.
Men bilmay qoldimmi…
Ko‘nglimda alam,
Go‘yoki
ikkiga
bo‘lingan
tanam.
Hatto uyimizning havosi ikki,
Dunyoda eng ayanch,
Eng dahshatli raqam
Balki
Ikkidir
Ikki…

HAYoTGA MUHABBAT

Go‘zal dunyo
kelganimga baxtiyor…
…Do‘stlar, o‘z bag‘rimni
etdim yarador —
o‘ylandim,
ham cheqdim,
dili poraman.
Go‘zal dunyo
kelganimga baxtiyor!
Ketmayman…
Ketmayman…
Baxtga boraman!

SEN BAHORIM BO‘LIB KEL

Bo‘sh kechgan fursatimga
Sen qahhorim bo‘lib kel.
Qanot kerak dardimga —
Shod shaharim bo‘lib kel.

Turna ketdi — dog‘ladi,
Yolg‘iz yurak dodladi,
Yo‘limni qish bog‘ladi,
Pok bahorim bo‘lib kel.

Sog‘ yaproqlar to‘nibdi,
Dilbarsiz kim unibdi,
Zulmat sachrab, tomibdi,
Oq saharim bo‘lib kel.

Umidim katta sendan —
Qomati sarvga tengdan,
Tonsam azizim — eldan,
Oh… zaharim bo‘lib kel!

XOTIRA

Qahringni aytmoqqa
Juft qilich qosh bor,
Zahringni to‘kmoqqa
Ko‘zingda yosh bor,

Bahor kelganini
Bildirdi bulbul.
Qo‘lingda bulbulga
Atalgan tosh bor!

* * *

Oh, kimlarni
kuldirmadi
bu safo,
Oh kimlarni
o‘ldirmadi
bu safo.
Yolg‘izmasman,
sen bor axir,
jahonda!
Sen bor axir!
Sen bor axir!
Bevafo!

Turkmanchadan Yo‘ldosh Eshbek tarjimalari.

"Yosh kitobxon" kitoblari