Abu Abdullo Rudakiy (858-941)
Fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdullo Ja’far binni Muhammad Rudakiy (ابو عبد الله رودکی) Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning taxallusi shu qishloq nomidan olingan bo‘lib, rud degan cholg‘u asbobi bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi fikrlar haqiqatdan yiroq.
U alohida qobiliyat sohibi bo‘lib, «sakkiz yoshida Qur’onni xatm qilib, qorilikka o‘tgan va she’r ham ijod qila boshlagan. Chiroyli ovozi tufayli ashula aytish va ud asbobini chalishga kirishib, bu san’atda mahorat ko‘rsatdi» .
Yosh iste’dodning ovozasini eshitgan Nasr ibn Ahmad uni Buxoroga — somoniylar saroyiga da’vat qiladi. Uning iste’dodi Buxoroda nash’u namo topadi. Rudakiyning basirligi to‘g‘risida manbalarda turli fikrlar yuradi: bir xillari shoirning onadan ko‘r tug‘ilganligini ta’kidlasalar, ikkinchilari Buxoro amiri qarmatlikda ayblab, uning ko‘ziga mil tortganligi haqida ma’lumot beradilar. Shoirning tabiat manzaralarini hayratlanarli darajada yorqin tasvirlaganidan kelib chiqib, ko‘pchilik uning tug‘ma ko‘r bo‘lganligiga ishonmaydi. 1956 yili shoir kalla suyagini tekshirib ko‘rgan antropolog-haykaltarosh M. Gerasimov ko‘z kosasida qolgan izlardan shoirning ko‘zi kuydirilib ko‘r qilinganligini aniqladi.
Adabiy-tarixiy manbalar shoir merosini 700 mingdan 1 million 300 ming misragacha ko‘rsatishadi. Ba’zilar esa undan yuz jild meros qolgan deyishadi. Afsuski, bizga qadar bu muazzam merosning juda oz qismi yetib kelgan. 1956 yili Rudakiyning 1100 yilligi munosabati bilan uning parokanda she’rlari bir yerga jamlanganda 1840 misrani tashkil etgan edi. 1957 yili shoir she’rlari zabardast mutarjim va forsiy adabiyot bilimdoni Munirxon Muinzoda tarjimasida o‘zbek tilida ham bosilib chiqadi .
Keyinchalik fors-tojik so‘z san’atining yirik tadqiqotchisi va tarjimoni Shoislom Shomuhamedov tarjimasida Rudakiy asarlari yana ikki marta nashr etildi .
Sadriddin Ayniy: «Ustod Rudakiy o‘z she’rlaridan devon tuzgan dastlabki shoirdir», — deb ma’lumot beradi . «Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame» («Mo‘liyon arig‘ining bo‘yi kelmoqdadir)» misrasi bilan boshlanadigan g‘azali unga favqulodda shuhrat keltirdi. «Modari may» («Mayning onasi») qasidasi ham mashhur. Buyuk hind eposi «Kalila va Dimna»ni she’riy tarjima qilgan. Ilmu adab ahli Rudakiy uslubini «sahli mumtane’», ya’ni «osonu mumkin emas», deb baholaganlar.
«Rudakiy arablardagi she’r o‘lchovi aruzni chuqur o‘rganib, o‘z xalqi orasida keng tarqalgan qo‘shiqlar kuyiga tatbiq qilish natijasida bir necha yangi vaznlar ixtiro qilib, aruzni boyitgan» .
Rudakiy va uning safdoshlari forsiy she’riyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar.
Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, «ustod Rudakiy advor va musiqiy fanida tamom quvvatga ega edi… uning ilmlar va ko‘p fanlardan voqifligi bordir.
She’riyat turlaridan qasida va masnaviyni (ham) yaxshi aytar erdi. Ustod Rudakiy xosu avom oldida baland martabaga erishgan» .
Ko‘pgina mashhur so‘z ustalarining yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, Sharqda biror shoir Rudakiychalik shon-shuhratta burkanmagan, ayni paytda, Rudakiychalik molu davlatga ham ega bo‘lmagan. Afsuski, forsiy she’riyatning ustodi, Odam Atosi deb ulug‘langan shoir keksalikda qishlog‘iga qaytib, ko‘r, qashshoq va kasal holida vafot etadi.
Rudakiyni ruboiy janrining yozma adabiyotdagi kashshofi xam deydilar. Chunki janrning barcha talablariga javob beradigan ilk ruboiylar Rudakiy qalamiga mansub. U o‘z ruboiylarida ishq mavzuini keng va chuqur yoritib berdi. Albatta, shoir ruboiylarida falsafiy fikrlar va zamondan shikoyat motivlari ham ko‘zga tashlanib turadi.
QARILIKDAN ShIKOYaT
Tishim bari to‘kilib ketdi, durri g‘alton edi,
Ularni tish dema, balki charog‘i tobon edi.
Oqish kumush edi-yu, xuddi durri marjon edi,
Buloqning qatrasi yoinki tongda cho‘lpon edi.
Bironta qolmadi kurtaklanib, to‘kildi bari,
Bu qaysi nahs edi, nahs bo‘lganida Kayvon edi?
Menimcha, nahsdanu yo uzoq umrdan emas,
Ne bo‘ldi? Men eta qo‘ysam qazoyi osmon edi.
Ko‘zingni soqqasidek aylanib turuvchi jahon
Hamisha aylanadi, hamma vaqt gardon edi.
Qachonki dori-yu, darmoni og‘riq o‘rnidadir,
Kezida og‘rig‘i ham dori birla darmon edi.
Ko‘z ochqucha to‘zitar u qayerda yangi esa
Dam o‘tmayin tuzatar u qaydaki vayron edi.
Talaycha bog‘ning o‘rnini cho‘l etib qo‘ydi,
Va qancha bog‘lar o‘rni burun biyobon edi.
Sen, ey yuzi to‘lin oydek go‘zal, ne bilgaysan?
Besh-olti kun nari holim nechog‘li shodon edi?
Ko‘pincha sen gajaging birla menga maqtanasan,
Gajak-gajak qaro sochim misoli chavgon edi.
Yuzim tekisligi atlas kabi zamon o‘tdi,
Mening sochim u zamonda qaro-yu qatron edi.
Chunonchi shuncha go‘zallik aziz mehmon ekan,
Qaytmagay yana. Besh-olti kunga mehmon edi.
Ikki ko‘zimga talay nozanin edi hayron,
Mening ko‘zim ham ularning yuziga hayron edi.
Utibdir endi zamonlar qayg‘usiz edim xurram,
Qayu shahargaki borsam, bir o‘zga jonon edi.
Talaycha tatti kanizak mening dilim ovlab,
Tong otguncha yashirin uyda yaxshi mehmon edi.
Nuchukki, kunduzi ko‘rmak, qovushmoq imkonsiz,
Sezar esa egasi, ikkimizga zindon edi.
Aniq chiro-yu go‘zal chehralarni ko‘rmaklik
Falonchilarga qiyin bo‘lsa, menga oson edi.
Dilim xazinasi so‘z gavhari-la limmo-lim,
Qayonga xatki yozibman she’r muhr — unvon edi.
Hamisha shod edimu qayg‘u-g‘amni bilmas edim,
Dilim quvonch, o‘yin-kulgilarga maydon edi.
Ko‘zim uzilmas edi o‘ynoqi o‘rim sochdan,
Yoqimli so‘z bila to‘lgan quloqlarim kon edi.
Xotin, bola, tag‘i ro‘zg‘or — bu xilda tashvish kam
To‘nim yoqasida kir yo‘q, qilg‘uliklar oson edi.
Ko‘rib turibsan o‘zing Rudakiyni, oy yuzlim,
Ko‘rolmading uni, attangki, u boy inson edi.
Agarda ko‘rsang edi ul chamanga borganini,
Boshida mingtacha bulbul, hazor doston edi.
yigitlar ichra yigitlar unga bo‘lib ulfat,
Amirlar uzra yigit og‘aliqda polvon edi.
Butun she’rlari manzuru tinglamish olam,
Butun she’rlari o‘z-o‘zligicha devon edi.
Uning she’rlarini tinglagan jahon o‘tdi,
Kechib zamonaki, ul shoiri Xuroson edi..
To‘yin-to‘kin, bu ulug‘lik sabablarin so‘rasang,
Bu ne’matu bu ulug‘ manbai oliy Somon edi.
Zamona aynadi, men ham tamoman o‘zgardim.
Asomni qo‘lga ber endi, u boshqa davron edi.
G‘afur G‘ulom tarjimasi
G‘AZAL
Bahor oyi yetib kelib, qish oyini etdi yag‘mo,
Fazo yuzin qopladi chang, qonga to‘ldi dashtu sahro.
Ilk bahorning ko‘z yoshidan shoxlar oldi yuziga rang,
Hamal oyin xush hididan bo‘ldi tuproq anbaroso,
Layli yuzi kabi lola keng sahroda kulib turar,
Majnun ko‘zi kabi bulut qon yoshini qilur daryo.
Oqar suvdan kelmoqdadir har soatda gulob hidi,
Mening yorim ariq ichra gul yuzini yuvmish go‘yo.
Muinzoda tarjimasi
QIT’ALAR
Boylik, yo‘qchilikda dunyo ahlini
Tokay hisoblaysan xasis — laim, deb?
Dunyodan tama’ni uzgan chog‘ingda
Bilursan jahonni butkul karim deb.
* * *
Zamon menga juda qimmat nasihat etdi,
Agar bilsang, zamon to‘la nasihat erur.
Dedi: o‘zdan balandroqni ko‘rib g‘am yema,
Ko‘p kishi bor, sen bo‘lishni orzu qilur.
* * *
Bu maydan bir tomchi Nil ichra tushsa,
Hamisha mast qilur hidi nahangni.
Kiyik bir qatrasin sahroda ichsa,
Arslondek ko‘ziga ilmas palangni.
Muinzoda tarjimasi
RUBOIYLAR
O‘z nafsini mag‘lub etolgan marddir,
G‘iybatdan uzoq-uzoq ketolgan marddir,
Nomard tepib o‘tar yiqilganlarni,
Ojiz kishilar qo‘lin tutolgan marddir.
* * *
Loladek yuz ochsang, ko‘kdagi quyosh
Pardaga o‘ralib bekinur darhol.
Baqbaqang olmaga chindan o‘xshaydi,
Agar olmada ham bo‘lsa mushkin xol.
* * *
Ilonni har qancha qilsang tarbiyat,
Oxir zahrin sochib, yetkazar zahmat.
Nokas tabiati ilon kabidir,
Yuzin ko‘rmaslikka etgil harakat.
Muinzoda tarjimasi
MASNAVIY
Jahonni shodligi yig‘ilsa butun
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.
Har qancha bo‘lsa ham olamda achchiq,
Achchiqroqdir dono do‘stdan ayriliq.
Odamdan yuqori turarkan olam,
Bilim oshirmoqqa muhtojdir odam.
Aqlli kishilar har qaysi tilda,
Har qanday zamonda, har qaysi xilda
Bilimlarni to‘plab, hurmat etdilar,
Toshlarga naqsh etib, bitib ketdilar:
Odamlar qalbining charog‘i bilim,
Yomondan saqlanish yarog‘i bilim.
Agar menga birov dushmanlik qilsa
Yoki yomon niyat bilan intilsa,
Doimo do‘stlikni ko‘zlayman unga,
Muloyimlik bilan so‘zlayman unga.
Muinzoda tarjimasi
RUBOIYLAR
1
Ko‘n borigayu Haqni etib yod yasha!
Dil berma takallufgayu* ozod yasha!
G‘am chekma sira ko‘rib o‘zingdan boyni,
Sendan-da faqirlarni ko‘rib, shod yasha!
___________
* Takalluf — zahmat, tashvish, taraddud.
2
Yo‘qlar meni yo‘qlasa tasodif yolg‘iz,
Holim so‘ramas o‘zimdan o‘zga hargiz.
Jon labga kelar bo‘lsa, ko‘zim mardumidan* —
O‘zga kishi qatra suv tomizmas, afsus…
_________
* Mardum — ko‘z qorachig‘i; inson, kishi.
3
Yo‘lchi yo‘li yorishar chirog‘ingdan, yor,
U o‘lmasa bas hajru firog‘ingdan, yor.
Kuygan jigar hidi jahonni tutdi,
Kelmasmi kuyuk hidi dimog‘ingdan, yor?!
4
Har qayga yo‘li tushsa dili mahzunning,
Qonli tig‘i shu joyda erur gardunning*.
Layli kabilar anglamagaylar bizni,
Majnun biladi holini, bas, Majnunning!
¬____________
* Gardun — dunyo; taqdir; falak.
5
Ko‘nglim ishiga shu zulfi-ku soldi tugun,
Jon tomiriga yuz orzu soldi tugun.
Bor-yo‘q umidim yig‘idan erdi, afsus,
Bo‘g‘zimga visol kechasi u soldi tugun.
6
To‘ydirmadimi ko‘nglingni jabru jafo?
Ko‘zing erib oqmas boqsang menga qiyo.
Men seni yaqinroq tutaman joningdan,
Sen bo‘lsa menga yovuz g‘animsan go‘yo.
7
Vasling yo‘liga men hali qo‘ymasdan gom*,
Ham lazzati husningdan ushalmasdan kom,
Nogoh eshitildi bu falakdan payg‘om*:
«Hijron xumidan kerak simirmoklik jom!»
____________
* Gom — qadam, yurish; azm, niyat, qasd.
* Payg‘om — xushxabar, mujda; bashorat.
8
G‘am manzilida asli jafokash bizmiz,
Ko‘z yoshi-la ko‘ngli to‘la otash bizmiz.
Olam ne sitam qilsa, sitamkash bizmiz,
Noxush bu hayotda zabunu g‘ash bizmiz.
9
Taqdir seni mahv* etishda rahm aylamadi,
Qatlingni ko‘rib, ko‘nglini narm* aylamadi.
Jon olguchi joningni olarkan, ne ajab,
Husning haqqi, bir zarra sharm aylamadi!
___________
* Mahv — yo‘qolish, yakson bo‘lish, o‘chish.
* Narm — yumshoq, muloyim.
10
Nomingni eshitsa, shavqidan dil tirilar,
Baxtingni ko‘rib, ko‘ksim shukuhga to‘lar.
Sendan o‘zga mavzuda suhbat borsa—
Har qayda, dilim g‘amda parokanda bo‘lar.
11
Yusuf kabi husnidan fiton qildi dilim,
Misr bonularidek o‘zni qon qildi dilim*,
Bo‘sa ila boshda mehribon qildi dilim,
Endi esa qayg‘uga nishon qildi dilim.
______________
* Husnu maloqatda tengsiz bo‘lgan Yusuf alayhissalomni sevib qolgani uchun Misr xotinlari Zulayhoni gap-so‘z qiladilar. Shunda Zulayho osh qilib berish bahonasi bilan ularni uyiga chaqirib, oldilariga taxta, sabzi va pichoq qo‘yadi-da, Yusufni boshlab kiradi. Uning husni jamolidan ko‘zlarini uzolmay qolgan xotinlar sabzi qolib, o‘z barmoqlarini to‘g‘ray boshlaganlarini ham bilmay qoladilar. Bu yerda shoir shu voqeaga ishora qilmoqda.
12
Hajri g‘amida jigaru bag‘rim xundir,
Shodman g‘amida — bu g‘amidan afzundir*.
Har tun qilib andisha, degayman: «Yo Rab,
Hijroni shu bo‘lsa gar, visoli chundir?!»
___________
* Afzun — ziyoda, ortiq, ko‘p.
13
Ishq ichra, Rudakiy, ko‘zga ko‘rinmas jon,
Qonli yig‘idan bo‘ldi bu kiprik marjon.
Rashk otashida firoq azobi g‘amidan
Men qovrilaman do‘zaxiylardek nolon*.
___________
* Nolon —nola qiluvchi, fig‘on chekuvchi.
14
Tutsang sochini tun bemajoz paydo bo‘lar,
Ochsang uni naq changali boz* paydo bo‘lar.
Soch o‘rimini bir-biridan qilsa judo,
Etak-etak mushki Taroz* paydo bo‘lar.
___________
* Boz — lochin.
* Mushk — ohulardan bir turining kindigida hosil bo‘ladigan qora rangli hushbo‘y modda. Mushki Taroz — Tarozda tayyorlanadigan mushk.
* Taroz — hozirgi Jambul o‘rnida bo‘lgan mashhur shahar.
15
Ishqingda sening na sabr paydo-yu, na dil,
Yuzingsiz esa na aql oshno-yu, na dil.
Mening bu g‘amim naq ko‘hi Qofdir* — g‘am emas,
Sening bu diling-da sangi xoroyu* na dil.
___________
* Ko‘hi Qof — Qof tog‘i. Qof — butun dunyoni o‘rab olgan tog‘ tarzida tasavvur qilinadi.
* Sang — tosh. Sangi xoro — o‘ta qattiq tosh, granit.
16
Keldi, mana. Kim? Yor. Qachon? Vaqti saxar.
Kimdan cho‘chir u? Dushmandan. Kim u? Padar.
Bir juft o‘pich oldim. Qayeridan? Labidan.
Lab erdimi? Yo‘q. Nima? Aqiq. Ta’mi? Shakar.
17
Daryo — yuzing-u, husnu la’ling — marjon,
Zulf — anbar-u, og‘iz — sadaf-u, dur — dandon*.
Qoshing — qayig‘-u peshonaning ajini — mavj,
Ham baqbaqa — girdobi balo, ko‘z — to‘fon.
_______________
* Dandon — tish.
18
Sensiz bu oftobi jaxrnso‘z bo‘lmas,
Sensiz bu chirog‘i olamafro‘z* bo‘lmas.
Mendek senga oshiq kgapi hargiz bo‘lmas,
Gar ko‘rmasam orazing, menga ro‘z* bo‘lmas.
___________
* Olamafro‘z — olamni yorituvchi; ravshan, munavvar.
* Ro‘z — kun.
19
Diydorini dilga sotdi — qimmatmas u,
Bo‘sasini jonga sotdi — arzondir bu.
Diydorini — dilga, bo‘sasin jonga sotar,
Savdogar ekanmi o‘sha jonon, yohu?!*
_________
* Yohu — Xudoni yodlash, Xudovand deyish (arabcha «yo huva» so‘zidan).
20
Olibdi qizil guldan o‘sha rang ila bo‘y,
Rang yuzni bezaydi, bo‘y esa qimmati mo‘y*,
Gulrang bo‘ladi yuvsa yuzini xama jo‘y*,
Xushbo‘y bo‘ladi yozsa sochini hama ko‘y.
___________
* Mo‘y — soch.
* Jo‘y — ariq, oqar suv.
21
Zulfing ko‘rdim — boshga bo‘ston chirmash,
Go‘yoki qizil gulga arg‘uvon* chirmash.
Har xalqasining bandida ming bir dil band,
Har toriga bo‘lsa, ming bir jon chirmash.
___________
Arg‘uvon — gullari nihoyatda qizil bo‘ladigan daraxt; majozan: qizil rang.
22
Izlab seni, ey nigori serkinayu jang,
Kezdik bu jahonni boshdan-oyoq diltang.
Qo‘l ishdan, oyoq bo‘lsa yurishdan qoldi,
Urdik uni boshgayu buni toshga, qarang!
23
Tong chiqsa kulib quyosh — nomingga o‘xshar,
Oy bir kechalik bo‘lsa, jomishta o‘xshar,
Taqdir sening chaqqon xiromingga o‘xshar,
Rizq esa atoyu kiromingga* o‘xshar.
__________
Kirom — bu yerda: saxiylik, sohib ehsonlik ma’nosida.
24
G‘am ichra ko‘zim — sadafni tark etgan dur,
Chehramda sirim tufayli ming gul ochilur.
Jon birla dilim sirimni harchand yashirur,
Ko‘z yoshim uni elga qilur fosh baribir.
25
Dil xasta-yu, bir sochi uzunga banda,
O‘z qoniga belangan-u, jon yo‘q tanda.
Yo‘q foydasi hech nasihatingning, voiz,
Bu xona xarobu xoru parokanda.
Ergash Ochilov tarjimalari