Jahon
October 3, 2020

Najib Fozil Qisakurak (1905-1983)

Najib Fozil Qisakurak (Necip Fazıl Kısakürek) 1905 yil 26 mayda Istanbulda tug‘ilgan. Otasi Abdulboqi Fozilbey huquqshunos bo‘lgan. Onasining ismi Madiha xonim.
17 yoshida o‘sha davrdagi «Istanbul dorilfununi Adabiyot madrasasi, Falsafa bo‘limi»ga o‘qishga kirgan. Milliy Ta’lim Vazirligi yo‘llanmasi bilan bir yil Parijda ham o‘qigan. Qaytgach, banklarda xodim, nazoratchi, universitet va institutlarda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Tafakkur va san’at yo‘nalishidagi «Buyuk Sharq» (1943-1945) to‘plamini nashr qildira boshlagandan so‘ng rasmiy doiralarda ishlamagan. 1934 yilning bir oqshomi uning hayotida burilish yasagan: Shayx Abdulhakim Arvosiy bilan qilgan suhbatidan keyin uning etagini mahkam tutgan.
Keyingi hayotining ko‘p qismi siyosiy ayblovlar bilan o‘tgan.
1973 yil Haj ziyoratiga borgan.
She’r kitoblari: «O‘rgimchak to‘ri» (1925), «Pillapoyalar» (1928), «Men va narigi tomon» (1932),
«So‘ngsizlik karvoni» (1955), «She’rlarim» (1969), «Azob» (1945).
Shoir «Yunus Emro», «Ibrohim Adham» kabi dramalar muallifi hamdir. «Sabrtoshi» dramasi 1947 yilgi «Dramalar musobaqasi»da birinchi mukofotga loyiq deb topilgan. Shoir ijodi o‘z davri va keyingi nasl shoirlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin.
She’rlarida chuqur tafakkurga chorlov, o‘lim va yolg‘izlik mavzulari o‘ziga xos uslub va badiiy jihatdan mukammal bir tarzda tarannum etiladi.
Sherlarida xalqona ohang bilan birgalikda Frantsuz she’riyatining ta’siri ko‘rinadi.

G‘USSA

G‘oyibdan bir sado keldi: bu – odam,
Bo‘shliqni gardanda tutib tursin shan.
Daf’atan tepamdan qulab tushdi tom,
Ko‘k quladi… kishan ustiga kishan.

Ayvon tomon qochdim– qizil qiyomat!
Bashorating to‘g‘ri chiqdi, momom, dod!
So‘ngsizlik… Egnidada moviy bir xil’at –
Falakdan boshimga o‘q uzdi sayyod.

Zahrini chekdim-ku bul otash-o‘qining,
Bir onda kul etdi jon-jo‘yagimni.
Go‘yo burnim tegdi burniga “Yo‘q”ning,
Qusdim o‘z og‘zimdan bosh suyagimni.

Bir bordoq suv kabi chayqaldi dunyo,
So‘ndi istiqomat, yiqildi bo‘shliq.
Ol – senga haqiqat, ol – senga ro‘yo,
Hushyorlik mana shu, shudir sarxushlik.

Temir cho‘kich tushgan ensam – bir sandon,
Bekindim yotoqqa so‘ng chora deya.
Bir qonli shafaqda chil xo‘roz bu tong
Yap-yangi bir dunyo etdi hadiya.

Bu dunyo goh rostu gohida yolg‘on,
Makoni – bir sathu zamoni – vahm.
Butun bir koinot – yelim dasturxon,
Butun bir insonlik riyoga taslim.

2

Nedursan, haqiqat bo‘lsang-da chekil,
Ko‘r bo‘lay, ko‘zoynak emasdir lozim.
O‘rnin egallasin har mazmun, shakl –
Vatanim, sevgilim, do‘stim, ustozim!

Oylarcha kezindim yiqiq va shoshqin,
O‘zligim – bir qozon, aqlim – bir kapkir.
Ko‘ngil, sen telbalik ko‘yinda ol tin,
Har fikr ichimda bir juft kishandir.

Nechun kichrayadir ashyo uzoqda,
Ko‘zsiz men ko‘rurman ro‘yoda qandoq?
Zamonning o‘yini – dumalamoq-da!
Ko‘rganim undog‘-u aslida bundoq.

Bir o‘yki – yaraga bosilgan kazzob ,
Bir o‘yki – miyamga yopishgan zuluk.
Salom, salom senga, hashamat azob,
Salom, yongan sari erigan ilik.

Yolvordim: ko‘rsatgin men so‘qirga yo‘l,
Ey sen, arshi a’lo, asroringni och.
Onamning duosi, menga panoh bo‘l,
Bir aso ber menga, nuroniy og‘och.

Uyqu – qotillarning suyangan tog‘i,
Ko‘rpa – xudosizga yolg‘iz boshpanoh.
Tasalli chashmasi, sabr bulog‘i,
Sizga sharbat, menga qum to‘la chanoq.

3

Shumi ro‘yolarda ichganim jinnat ,
Sirrin axtararkan, otilgan bir o‘q.
Yashil havozada zilzila, vahshat,
Chumoli saroyi, kalla qup-quruq….

Chayon qayta-qayta ruhimni chaqmish,
Mavsumdan mavsumga kirdim men shitob.
Na otash, na otashkurakda yo‘qmish
Fikrat g‘ussasidan og‘irroq azob.

* * *

Har narsa, evohki, ruhimda tugun,
Har o‘lim terlarin to‘kdim, ne ajab.
Tubi yo‘q ko‘klardan qo‘rqmayman bugun,
Etar olislardan chekkanim azob.

Ufq bir tulki erur – qochqin va ayyor,
Yo‘llar – koptok ipdir, uzun chuvalgan.
Har kecha ro‘yomni yozgan sehrgar
Oldimga moviy bir shu’lalar solgan.

Jodugar, ayt, menda bordir ne o‘ching,
Og‘uli bir tuman tushdi bu damda…
Shishadek keskirdir qilday qiliching,
Fikrimni kesgancha kezar miyamda.

Lug‘at, bir ism ber menga holimdan,
Har kimsa tushungan tilda bir ism.
Qadim liboslarim, tuting qo‘limdan,
Ko‘zgular, ayting-chi, kimman men o‘zim?

4

Aytingiz, menmasmi har kun, har zamon
Arzni shoxlarida ko‘targan ho‘kiz?
Baloning me’mori tanlagan maydon,
Hayotdan quvilgan, yurtida o‘ksiz?

O‘zim bir kapalak kabi shomilman,
Shu mitti yelkamda ulkan Qof tog‘i.
Bir zarra bo‘lsam ham, Arshga homilman,
To‘lg‘oqlar, dardlarning shudir qaynog‘i.

Bordir na yolg‘onda, na haqiqatda –
Ko‘zimni yumganda ko‘rganim yonish.
Behuda kezmishman, yo‘q tabiatda
Ichimdagi kabi yuksalish, enish.

* * *

Xandaq zinasidan bir kechasida
Nogoh quchog‘iga tushdim men haqning.
Go‘yo tentir edim berkko‘chasida
Ham kechmish zamonning, ham kelajakning.

Sim-sim, och eshiging!.. Ochildi eshik,
Atlas to‘shaklarda yotgan ey dada,
Yondi shisha saroy, Ilohiy beshik,
Ming bir jilo bergan yumruq moddada.

Atomlarda jumbush, evrilish, shanlik,
Va xalqa-halqa nur, halqa-halqa nur.
Ichi – naqshin erur, ichida – menlik,
Bildim seni, yo Rab, pinhoniy mashhur.

5

Nizom ko‘pirmoqda, Mis davri – dengiz,
Nizom ko‘pirmoqda, bo‘g‘zimgacha suv.
Suvda bir pinhon yo‘l, yaltiragan iz,
Suvda azal fikri, abad tuyg‘usi.

Opqoch meni, ohang, ol meni, vahdat,
Ortiq turolmayman ko‘lka borliqda.
Barcha mayiblarga bo‘lsin she’riyat,
Niyatim – buyuk bir san’atkorlikda.

Qolgani, qolgani g‘oyamning mulki,
Masofa – ekinim, zamon – ma’danim.
Ko‘kda Somon yo‘li bo‘lgay meniki,
Tubi yo‘q ko‘llarda injular – manim.

Tiz cho‘k, ey olg‘ir nafs, qarshimda tiz cho‘k,
Xumlarim hayotga to‘lug‘ bir qaymoq.
Sen, butun shajarni birlashtirgan ko‘k,
Yagona maqsadim – so‘ngsizga qaytmoq…

SAN’AT

Angladim shuni: san’at Ollohni izlash erur,
Mohiyat shu, qolgani shunchaki g‘imir-simir.

VASIYaT

So‘ng kun bo‘lmasin do‘stim, gulchambaru zo‘r hasham,
Eltsin so‘nggi manzilga eng ishonchli to‘rt odam.

O‘TTIZ UCh YIL

O‘ttiz uch yil soatim yurdi, men to‘xtab turdim,
Samolardan xabarsiz qog‘oz qushlar uchirdim.

ShOIR

Men shoirman – g‘oyibni kavlagan usta, axir,
Tirik murdalar boshi ustinda Munkir-Nakir.

OLLOHNING DO‘STI

Olloh do‘stini ko‘rdim bundan olti yil avval,
Bir oqshom edi, zamon evrilajakday go‘zal…

PAYG‘AMBAR

O‘ylaymanki, undan ham avval zamon bormidi?
Haqiqatlar bo‘shliqqa boqqan oynalarmidi?

NARVON

Menga derlar, yozmagil she’rlar koyitib jonni,
Sen izla ko‘kka olib chiqadigan narvonni.

NAFS

Kechalar zaminga men bilan inmish,
To‘fonlar men bois qo‘pmish dengizda.
Vaboli qo‘llarim go‘yo kezinmish
Chirigan og‘ochda, za’faron yuzda.

Telba shubha, qo‘rquv bilan sobitman,
Issiq bag‘ringizda quribon yurt man,
Ich-ichdan kemirib borguvchi qurtman,
Har kun kezgum sizning libosingizda.

O‘RGIMChAK TO‘RI

Devorda bir titroq o‘rgimchak kabi
Inja dardlarimdan to‘r soldim go‘yo.
Ruhim tong otguncha so‘najak kabi
Hozirdan aytmoqda hayotga vido.

Qalbim uzilmoqda har nafasinda,
Qulog‘im ruhimning qanot sasinda.
Titrayman devorning kunj go‘shasinda,
Chiqmagay ko‘ksimdan biron-bir sado…

AZOB

Azob sochlarimga oq,
Yuzga ajin naqsh etdi.
Uryon ruhim so‘yiboq
Tortdi, chormixga tortdi.

Bag‘rim laxta-laxta qon;
Menga termuldi hayron,
Bir ayol bo‘lib bu on
O‘zin menga baxsh etdi…

SUKUTDAGI DENGIZ

Yuraverdim olmay tin,
Dengiz bo‘yiga bordim.
Holing menga ham o‘tsin! –
Deya unga yolvordim.

Bir telba talvasada
Ichim it tirnasa-da,
Shu dengizdek g‘ussada
Jim tursaydim, Xudoyim…

OYoQ SASLARI

Oh, bu oyoq saslari, oh, bu oyoq saslari,
Tinmaydi tashqarida quyosh botgandan beri.
Bu saslar sanchiladi eng og‘riqli yerimga,
Sizlog‘ichday to‘qinar mening jon tomirimga.
Hozirgina shum xabar kabi men tomon shoshgan,
So‘ngra saodat bo‘lib yonimdan uzoqlashgan
Saslar, oyoq saslari, ehtimol hordi ular,
Menga kelgan mujdani burib yubordi ular!
Shunday odim otarlar ayrilganlar eshidan,
Shunday yurar yurganlar bir tobutning peshidan.
Kimsasiz kechalarim shu tovush bilan to‘ldi,
Duk-duk urgan yuragim oyoq saslari bo‘ldi.
Bir kun jonsiz ko‘ksimga osilib tushsa boshim,
Mendan judo bo‘lgandek jon do‘stim, jon yo‘ldoshim,
Uzoqlab borayotgan bu sasni tinglab tugal,
Asta-sekin tolaman men abadiy uyquga.

NAQORAT

Kichraydi dardim, kichraydi,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.
Ulg‘aydim, qarib-qartaydim,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.

Ur teshangni toqqa, Farhod,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.
Kishnayvergil, ey burul ot,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.

Tug‘ar bir kun mening kunim,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.
To‘yda o‘tdi qirq kun-tunim,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.

Ekdik, ekdik, unar-ketar,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.
Barcha yo‘llar tugar-bitar,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.

She’r ham bir kun anglashinar,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi.
Non singari aziz bo‘lar,
Ko‘pi ketdi, ozi qoldi…

OYNALAR YO‘LIMNI TO‘SDI

Oynalar, yuzimga boqmangiz tushdek,
Mana, qo‘lga tushdik, kishanga tushdik!
Chiqdingiz qo‘qqisdan mening qarshimga,
Boshimning cho‘qmori tushdi boshimga.
Suratimda har ayb ayri bir sazo,
Men o‘zim o‘zimga eng og‘ir jazo.
Ey cheksiz shaffoflik, oliy mahkama!
Evohkim, band solding sho‘rlik ko‘lkama.
Shu’lavor kunlarni ayamay qirdim,
Qudsiy omonatni yedim, bitirdim.
Chiqmas quyoshlarga bog‘landi va’da,
It nafsning og‘zida bu kun iroda.
Gunohu hasadlar uchun shuhrat-shon,
Ishqning gunohidan omonlik, omon!
Kofiymi dunyodan yuz bursam agar,
Ko‘z yoshi to‘ksam Nuh to‘foni qadar?
Chiqolmam, oynalar, oynalar zindon,
Boqolmam, oynada, oynada vijdon;
Meni kutmang endi, bir to‘siq o‘sdi,
Borolmam, oynalar yo‘limni to‘sdi!..

SADO

Har tomon jimir-jimir,
To‘z yomg‘iri – osmondan.
Ro‘yo ostinda qoldim,
Sado kelur o‘rmondan…

Ezilgandan ezilmish
So‘nggi so‘z tegirmondan.
Oltindan bir kalitdir,
Sado kelur o‘rmondan.

Bitta topishmog‘im bor –
Qolgan qadim zamondan.
Sim-sim, och eshigingni!
Sado kelur o‘rmondan.

Orqalarda shaharlar
Uchqunlardan, tumondan.
Hasratdan ham iliqroq
Sado kelur o‘rmondan.

Qoching, qoching ovloqqa
Oh-nolayu fig‘ondan.
Qof tog‘iga ketar yo‘l,
Sado kelur o‘rmondan.

Bir toq-tanho yulduzdan,
Bir sohilsiz ummondan
G‘ariblarga bir xabar,
Sado kelur o‘rmondan.

TOG‘LARGA QO‘ShIQ SO‘YLA

Qo‘lingga ol bir tayoq,
Tirmash, tog‘larni bo‘yla.
Shaharning hech farqi yo‘q
Qog‘oz uylardan o‘yla!

Yuksal ko‘kdan olib ruh,
Yurma shaharda majruh,
Topayin desang shukuh,
Tog‘larga qo‘shiq so‘yla.

YuLDUZLI BIR KEChADA

Samo bizga, qolma, der,
G‘am degan iskanjada.
Ruhimiz abadiydir
Olam otlig‘ ganjada.

Umrki, tap-taqir cho‘l,
Manzili – besh kunlik yo‘l.
Shabnam kabi tug‘il, o‘l
Yulduzli bir kechada!..

NUR

Sen bo‘l dersan va bo‘lur!
Shu’lalar to‘la billur,
Chinnilar fig‘on qilur.
Moziydan kelur bir rang
Va qadimiy bir ohang:
Nur yog‘dir, Ollohim, nur!

Buyuk so‘roq va huzur…
Kutar qabristonni Sur.
So‘ngsizlik, jovidonlik;
Tuganmas bepoyonlik:
Nur yog‘dir, Ollohim, nur!

Quyosh – misoli ko‘mir,
Olmos – mahjur, mum – mag‘rur.
Yoqing qandilni, yoqing,
Bu ne evrilish, yong‘in;
Nur yog‘dir, Ollohim, nur!

Sen bo‘l dersan va bo‘lur!

SEN

Sen xayol qadar go‘zal,
Va toqsan, birdan ham toq.
Atrini sochgan Azal,
Sen – bol, chaman hamma yoq.

Sensan ajalga sarhad,
Qolgani yolg‘on faqat…
Bag‘ringga ol, yo‘l ko‘rsat,
Boshla bizni, sen – mayoq!

NAFSI LAVVOMA

Itdan qo‘rqqan kabi qo‘rqdim o‘limdan,
O‘limdan o‘limni farqlay olmadim.
Ne quyoshlar chiqib botdi ustimdan,
Bir kunni biriga bog‘lay olmadim.

Hirsimni qondirdi na shuhrat, na shon,
Mendagi har nuqta dunyodan nishon…
Nafsimning ortidan chopdim parishon,
Undan hatto bir tuk saqlay olmadim.

ChAQALOQ

Malaklar charx urar bu ovloq yerda,
Uxla, shirin bolam, qo‘ygil shov-shuvni.
Bir kun hasratlardan iching titrar-da,
Eslarsan bu chuqur, shirin uyquni.

Uxlagin, kunduzlar suv kabi tinsin,
Binafsha ko‘zingga kipriklar insin,
Erta tong mahali ruhingga singsin
Quyosh-la uyg‘ongan qushlar qiy-chuvi.

Uxla, bag‘rim, oqshom sekin kezmoqda,
Mana, ko‘zlaringga uyqu suzmoqda,
Uyquning qo‘lida boshing yuzmoqda
Dolg‘alantirmayin bu turg‘un suvni…

Turk tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimalari

AZOB

I
G‘oyiblardan bir sas keldi: bu odam;
Kezdirsin bo‘shliqni olib bo‘yniga.
Va uchdi tepamdan bir nafas, bir dam;
Osmon ag‘darildi, kishan o‘ynida.
Derazaga chopdim: Qizil qiyomat!
Aytganlaring keldi, qari egachi!
So‘ngsizlik, qo‘lida bir moviy namat,
O‘q otdi samodan ustimga ovchi!…

Olovli zahrini totdim bu o‘qning,
Bir zumda kul qildi jon olmosimni.
Go‘yo burnim tegdi, burniga (yo‘q) ning,
Og‘zimdan tushirib qo‘ydim boshimni…
Bir finjon suv kabi chayqaldi dunyo,
So‘ndi istiqomat, yiqildi bo‘shliq.
Ol senga haqiqat, ol senga ro‘yo,
Mana aqllilik, mana sarxushlik…

Bo‘ynimga qadaldi temirday ovoz,
Bekindim yotoqqa so‘ng chora deya…
Bir qonli shafaqdan qichqirdi xo‘roz,
Yap-yangi bir dunyo etganday hadya…

Bu qanday dunyoki, bayoni qiyin.
Makoni bir qarich, zamoni vahm…
Butun bir koinot boshlaydi o‘yin…
Butun insoniyat yolg‘onga taslim.

Sen kimsan?! Haqiqat bo‘lsang ham chekin,
Kel ko‘rlik. Bu ko‘zga tutmanglar oyna…
Shu nurni qidirib ketardim, lekin…
Vatanim… sevgilim… ko‘zimni boylar!

1939
II

Oylarcha, kezindim vayronu -hayron,
Menligim yashirin, menim qidirar.
Devona qishloqdan bir qadam u yon,
Ichimda har fikr har yon yugurar.

Nechun kichrayadi ashyo uzoqda,
Ko‘zsiz ko‘rayapman ro‘eni nechun?
Zamona raqs tushar sariq yonoqda,
So‘nggi bor men uni o‘ylamoq uchun.

Bir qaynoq fikrki, qilib qo‘yar sob,
Bir fikrki, miya qobig‘idadir.
Salom, salom senga viqorli azob,
Vujudim kuyukli o‘sgan g‘o‘ladir.

Yolvoray, ko‘rsating bilmog‘imga yo‘l,
Ey yettinchi osmon, sirlaringni ayt.
Onamning duosi, kelib parda bo‘l,
Otamning duosi, mador bo‘lib qayt.

Uyku, qotillarning tutgan qo‘lini,
Ko‘rpa, xudosizlar uchun ham panoh.
Tasalli bulog‘i, sabr yelini,
Sizga sharbat, menga qum to‘la chanoq.

Shumi ro‘yolardan kelgan halovat,
Sirini qidirib portlagan bardosh,
Yashil osmalarda tebranar shahvat,
Qumursqa uyasi kabi gavjum bosh.

Chayon nishlarini ruhimga sanchar,
Mavsumdan mavsumga o‘tdim men qancha
Ko‘rdimki, olovning taftida yo‘qdir,
Fikr azobiday buyuk iskanja…

1939

III

Ha, har narsa menda yashirin tugun,
Ne o‘lim terlarin to‘qtsim qaylarga?!
Toqi yo‘q osmondan yetar qo‘rqqanim,
Etadi azobim yerdan oylarga.

Ufq bir tulkidir, qochoq, lo‘ttiboz,
Yo‘llar bir kalava, uzun qorishiq…
Har kecha ro‘yomda bitta ishqiboz,
Ko‘zimga nur tutar oldimga tushib…

Sehrboz, sehrboz nima istaysan?
Bu olovli tuman nega qo‘ynimda?
Qildan inja, o‘tkir qilichning har on,
Zahru tig‘i botib turar bo‘ynimda!

Lug‘at, bir ism ber mening holimga,
O‘sha ism qolar agar men o‘lsam…
Eski savoblarim, keling yonimga…
Oynalar, aytinglar kimdir bu kimsa?!

Aytinglar, aytinglar, menmanmi yo‘qsa,
Orzuni orqalab yurgan so‘laqmon?!
Balolar Me’mori tanlagan kimsa,
Hayotdan muhojir, ayrilgan Haqdan.

Men yengil qanotli bir kapalakman,
Shu ojiz vujudga og‘ir bosh taqqan.
Kichik zarramanu, fikrlar botmon,
Sanchiqtar boshimni talashib chaqqan…

Na yolg‘onlarda bor, na haqiqatda,
Ko‘zimni yumganda ko‘ringan naqsh.
Bekorga kezibman, yo‘qtabiatda,
Ichimda qo‘pyotgan tushish va chiqish!…

1939

IV

Tunda yiqilganday makr chohiga,
Birdan quchog‘iga tushdim garchakning .
Javob topgandayman topishmog‘iga,
Ham o‘tgan zamonning, ham kelajakning.

Ochil Simsim, ochil! Ochildi yoriq,
Atlas chakmonida turar qariya…
Yondi butun saroy, ilohiy yoziq;
Ming bitta qandillar, ming bir joriya…

Atomlarday jumbush, yasangan shonlik
Va xalqa-xalqa nur, xalqa-xalqa nur…
Ichimda bir me’mor-yashirin menlik,
Bildim seni yo Rab, bilinmas mashhur!

Nizom ko‘piradi, mavjlanar dengiz,
Nizom ko‘piradi, miyam chayqalar.
Suvda ham sirli yo‘l, yaltiragan iz;
Unda azal fikri, karvon tuyg‘ular…

Qochir meni, ohang, ol meni, Birlik;
Ortiq yukinmayman soya borliqqa.
Qiynoqlarga bo‘lsin soxta shoirlik,
Mening ko‘zim buyuk san’atkorlikda…

Narilar berilar — g‘oya qullari,
Masofa — ekinim, zamon — ma’danim.
Endi menikidir somon yo‘llari,
Tubsizlik ko‘lida ranjigay tanim…

Tiz cho‘k, ey olchoq nafs, oldimda tiz cho‘k!
Butun boring bilan bir xumchaga tush.
Jamiki shoxlarning ildizi buyuk-
So‘ngsizlik, maqsadim senga erishish…

1939

SO‘NGSIZLIK KARVONI

So‘ngsizlik karvoni, ortingizdaman,
Uch oyoqtsa qolgan cho‘loq ko‘ppakman.
Sizlar bosgan har bir toshni o‘pyapman…
Bir ranjida yetar karamingizdan,
So‘ngsizlik karvoni, ortingizdaman.

Ketib borayotir nurli haykallar,
Ufq atrofida bayroqdor qullar.
Tilsimlarga to‘la ne oltin ko‘llar.
O‘lchovdan, ohangdan tashqari yo‘llar.
Ketib borayotir nurli haykallar.

So‘ngsizlik karvoni, qilmangiz ozod,
Qulingiz bo‘lmoqlik buyuk hurriyat.
O‘limga yetaklar boshqa har niyat,
Bosgan qadamingiz abadiy hasad…
So‘ngsizlik karvoni, qilmangiz ozod.

Ortingizdadirman, buyuk karvonim!…

1957

HIKMATLI BAYTLAR

Me’mor

Hilqat qanday qurilgan, yashirin bu iqlimlar?
Qanday payvand qilingan, ovoz, ranglar, hajmlar?

O‘yinchoq

Sindi-ku o‘yinchog‘im, endi hecham kulmayman,
Changib tuproq bo‘lsam-da, ammo hecham o‘lmayman.
Chiqish va tushish

Chiqdim, chiqdim tusholmay, tog‘lar qo‘limdan tutdi,
Tushdim, tushdim chiqolmay, chohlar qa’riga yutdi.

Mantiq

Tog‘ni tanigan kishi, chohni nega bilmasin,
Madomiki, chiqish bor, tushish nega bo‘lmasin.

Haqiqat

Allohga haqiqatdan, yo‘lga chiqmoq mashaqqat,
Allohdan yo‘lga chiqib, borilgan yer haqiqat.

Bor-Yo‘q

«Bor»ning ostida yo‘qlik, yo‘kdik ostida borlik,
Boshingni ko‘tarib boq, hatto bo‘shliq mozorlik.

Iymon

Yum ko‘zingni, qalbingga har on yo‘qlikni ufur,
O‘zingdan ketmoq iymon, o‘zingga kelmoq kufur.

Chopish

Haqiqat almashadi, so‘ngiga yetmay jumla,
Yuguraman yetishga, Vujudda bor kuchim-la.

Qolmadi

Buzilgan saroyimdan, biror naqsh qolmadi,
Sirtga mixlandi ko‘zlar, ichga boqish qolmadi.
Zanglagan boshim mening, miyam to‘la jarohat,
Unga yostiqda emas, sajda joyida rohat.

O‘ylayman har odamning, har aybida men borman,
Gunoh uzun bir karvon, boshdin-oyoq men borman.

Ko‘lankalar

Ko‘nglimni chorlashadi, samodagi o‘lkalar,
Oyog‘imdan tutadi, yerdagi ko‘lankalar.

Hasrat go‘yo bir shamol, eshik oralab o‘tar,
Ko‘rganim go‘zalliklar, qalbim yaralab o‘tar.

Suv haqida

Bu dunyo insonlarga, ma’naviy hammom bo‘lsa,
Har rangi bilan inson, bir rangda tamom bo‘lsa.

Suv bir shakl, asli ruh, yurakday panohlangan,
Erda kirlarga botib, bulutlarda poklangan.

Koinotda ne bo‘lsa, suvda yashagan oldin,
Ustimizdan oqar-u, sen tug‘ilding to o‘lding.

OYNADAGI XAYoLIMGA

Oqmagan yoshlardan qizargan yuzing,
Bolam, butun seni ko‘p so‘lg‘in ko‘rdim.
Ko‘zingda kichkina bir nuqta huzun,
Quvonchni na kunduz va na tun ko‘rdim.

Egilgan shoxlarday holsiz, horg‘insan,
Suv kelmas ko‘lmakday hanuz turg‘unsan,
Ichi tilingansan, ichi qirg‘insan,
Seni o‘z yurtingda ham surgun ko‘rdim.

O‘tdi bir janoza ortidan umring,
Bilmayman manziling qaylarda bugun,
Har kun yugurding-a, har kun yugurding,
Ortingdan o‘zimning o‘limim ko‘rdim.

1926

NUR

Sen bo‘l deysan va bo‘lur!

Yaltirab turgan billur,
Faryod sukutga do‘nur ,
Bir rang bizga, yolg‘iz rang
Va bir ovoz, bir ohang;
Nur bergin Allohim, nur!

Buyuk devon va huzur…
Kutmoqda mozorni Sur.
So‘ngsizlik, o‘limsizlik,
Ko‘rinmas ko‘rimsizlik;
Nur bergin Allohim, nur!

Loylarda quyosh qolur,
Olmos kamtar, tun mag‘rur.
Yaqin, yorug‘lik yaqin;
Sarob emas nur tag‘in-
Nur bergin Allohim, nur!

Sen bo‘l deysan va bo‘lur!

1947

KUTGAN

Sen tog‘dagi qochoq jayronsan,
Men izingga tushgan ishqiboz.
Dunyoni yordamga chaqirib sarson-
Bo‘zlama, olamda bor ikki ovoz…

Senga vahm solar bu ovloq yo‘llar,
Ortingdan yetadi oyog‘im sasi.
Kuchib vujudingni noma’lum qo‘llar,
Ko‘ksingni yondirar otash nafasi…

Kimsasiz xonangda qish kechalari,
Vahima qurshasa meni eslagin.
Bilki, qurshayotgan mening qo‘llarim,
Bilki, shamol emas hujum boshlagan…

Ko‘ksimdan havoga ufurdim zahar…
So‘ndiradi bir gul kabi umringni.
Qochib yursangda sen shaharma-shahar,
Menga topshirasan so‘nggi kuningni.

O‘lasan…qoladi yo‘llar be ega;
Men mozor-la sirdosh bo‘lib kutaman.
Kelasan…bir kuni sen uchrashuvga…
Tuprog‘ingda bir tosh bo‘lib kutaman!…

1930

KUTILGAN

Na xasta kutar sabohni ,
Na toza o‘likni mozor…
Na-da shayton bir gunohni,
Men seni kutganim qadar.

Bo‘ldi, istamayman kelmog‘ing,
Yo‘kligingga chopib kelyapman…
Balki kerak shuni bilmog‘ing;
Men seni qidirib o‘lyapman…

1937

VIDO

Qo‘limda, sukutning zorini tingla,
Tingla-da, ko‘nglimni qo‘yaver yitsin ,
Sochlarimdan tutib, ko‘r ko‘zlaring-la,
Yoshli ko‘zlarimni o‘yaver, yitsin…

Boraver, kuzatib borar qaroqlar,
Ko‘lankang kichrayar, sekin yiroklar.
Ortingdan poylagan qaroqqa boq-da,
Bir lahza tikilib turaver, yitsin.

Sochingning taqimi belingga tushdi,
Umidim sen ketgan yo‘lingga tushdi,
Qurigan yaproqday qo‘lingga tushdi,
Istasang…Shamolga beraver, yitsin…

1923

OYDINLIK

Uyg‘on yorim, uyg‘on, so‘ndi yulduzlar,
Kun qarshi tepadan tug‘moq uzradir.
Har tongda quyoshni ko‘rgan yulduzlar,
Maxmur ko‘zlarini yummoq uzradir.

Uyg‘on yorim! Saslar keldi g‘oyibdan…
Qorong‘u qo‘zg‘aldi, ko‘chdi joyidan.
Nurlarning avvali eshik poyidan,
Qora ko‘lankani quvmoq uzradir.

Sevgilim, eshikni chaldi oydinlik,
Ko‘zlarim qamashdi, keldi oydinlik,
Ichimda butunlay qoldi oydinlik;
Shu oydinlik meni bo‘g‘moq uzradir!…

TOShYO‘LLAR

Ko‘chadaman! Kimsasiz ko‘chaning o‘rtasida;
Ketayapman, ortimga boqmasdan yuryapman.
Yo‘limning zulmatlarga tutashgan nuqtasida,
Yo‘limni poylagan xayolni-da ko‘ryapman.

Qora osmon kulrang bulutlar bilan qoplangan;
Uylarning mo‘risiga dalda berar yashinlar…
Jinlar, inslar uyquda, ikki yo‘ldosh otlangan;
Biri menman birisi… biri esa tosh yo‘llar…

Tomchi-tomchi ichimda, bir qo‘rquv yig‘ilmoqda;
O‘ylayman har ko‘chaning, boshini kesgan devlar.
Menga qop-qora oyna ko‘zlar-la tikilmoqda;
Ko‘zlariga mil tortgan g‘animi kabi uylar…

Toshyo‘lkalar, azob chekkan yolg‘izlarning onasi;
Toshyo‘lkalar, ichimda yashayotgan u kimdir…
Toshyo‘lkalar, ovoz tinsa eshitiladi sasi;
Toshyo‘lkalar, og‘zimda burishayotgan tildir…

Menga emas jon berish, yumshoqqina go‘shada;
Men shu tosh yo‘lkalarning emizgan bolasiman!
Qaniydi tong bo‘lmasa, bu qorong‘u ko‘chada;
Yo‘limda davom etsam, to‘yib tun havosidan.

Men ketayin, yo‘l ketsin, men ketayin yo‘l ketsin;
Ikki yonimdan oqsin, bir sel kabi fonuslar.
«Taq-taq» oyoq sasimni, och ko‘ppaklar eshitsin;
Yo‘llar yashkrib ketar, ular behuda izlar…

Men na tongni ko‘rayin, na unga ko‘rinayln;
Kunduzlar sizga qolsin, bering qorong‘ularni.
Sovqotgan kabi tunga, ko‘rpa deb o‘ranayin;
Yoping, ustimga yopib, qo‘ying qorong‘ularni.

Uzanaversa gavdam, yo‘llar qolsa orqada;
Olar muz kabi toshlar, peshonamdagi o‘tni.
Kipriklar sekin-sekin, quchoqlashib borsa-da;
O‘lsa… Toshyo‘lkalarning, qora savdoli do‘sti…

1927

BINOLAR SIRI

Sir tutishga moslashgan,
Pardalarda oydinlik.
Devor shubhalar osgan,
Soyalarda g‘amginlik…

Ustma-ust inson turi,
Bu qanday hayot siri.
Yaqinlashganing sari,
Qochib borar yaqinlik…

1973

BU YoMG‘IR

Bu yomg‘ir, bu yomg‘ir, bu qilday nozik,
Nafasdan nafisroq yoqqan bu yomg‘ir.
Tinib qolmasin deb olarman hadik-
Oynalar yuzimni tanimay qolur.

Bu yomg‘ir tanamni qiygan bir arqon,
Bo‘g‘zimga og‘riqsiz qadalgan pichoq…
Suyagim tosh botar, etim chalajon,
Shig‘alab, sanchilib, mayin yog‘ajak…

Bu yomg‘ir telbalik vahmidan ustun,
Qorong‘u, quvilmas tushunchalardan.
Jinlarning miyamga solgani tugun-
Suvlardan, saslardan va kechalardan…

1934

ALAHSIRASh

Oyog‘im uchida mushugim, uxlaydi yungiga o‘ranib,
Go‘yoki kalava o‘raydi, tuklari turadi tebranib,
Hurr, hurr,
Hurr, hurr.
Deraza ko‘zidan ko‘z kabi, kuzatar qorong‘u kechalar,
Atrofim aylanar bukrilar, bilmayman nechalar,
Gurr-gurr,
Gurr-gurr.
O‘chiring, so‘ndiring chiroqni, ketayin o‘zimni qoldirib,
Nurlardan yasalgan bu ruhim porlasin, ko‘zimni toldirib
Nur-nur,
Nur-nur.
Jimisin, jimisin uzoqda, mening o‘limimga yig‘lagan,
O‘lmayman, orzular qonimda, shunday bir g‘alayon boshlagan
Tur-tur,
Tur-tur.
Qaniydi bir go‘zal, bir go‘zal qo‘llari qo‘limda,
Anglatsa yashashning totini, o‘ngimda-so‘limda
Bir-bir,
Bir-bir…

ROSA O‘TTIZ YIL

O‘ttiz yilki soatim, ishlabdi men turibman,
Ko‘k yuzidan xabarsiz, uchirma uchiribman.

1934

ONAJONIM

Oq sochli boshingni siqib qo‘ling-la,
Alif qadtsing bo‘ldi dol, onajonim.
Bu titroq qalbingni baxtning yo‘lida,
O‘tkinchi yellarga sol, onajonim.
O‘ylama, ketar deb bu qorong‘ular,
Kechaning ortida yana kecha bor.
Bolalar baqirar, onalar yig‘lar,
Yoshli ko‘zlaring-la qol, onajonim.

Ko‘zlaringda aksi bir teran hechning
Qanoting yoyilgan parvozing uchun.
Abadiy yo‘lingda hamrohing uchun,
Meni ham o‘zing-la ol, onajonim.

1926

TOShYO‘LLAR-2

Bug‘doyrang bir ayol, toshyo‘lkalar bo‘ylab tun,
Shahd ichida boshi tik, xayollarini zo‘rlar.
Qop-qora ko‘zlariga, ko‘zlarim qadalgan zum,
«Yo‘limni poyladingmi, kel» deb o‘ziga chorlar.

Undan meni ayirib, shamol ko‘ksimdan surar,
Men-chi yetmoq istayman, quchay bag‘rimga olib.
Ammo hech yetolmayman, tong ham uyqudan turar,
Hayhot! U bir porloq ruh, men esa ruhsiz qolip…

Ortimdan bir qahqaha, kelar, yaralanaman,
Uni boshqa birovga, rom bo‘ldi deb yonaman,
Ko‘rsam derazasidan yechingan ko‘lankani…

Borsin, bugun qatra g‘am ko‘rmasin ko‘z yoshimdan,
Menga oppoq bir poklik — o‘ralganda kafanim,
Bilaman, men qabrda, u ketmaydi boshimdan…

1927

TOShYO‘LLAR-3

Boshini bir g‘oyaga, sotgan qahramon kabi,
Etingu suyaging-la ko‘chalarga bolasan.
O‘ralib matolarga, bir taxti ravon kabi,
So‘ngsiz masofalarning ustidan osholasan…

Fohisha yotoqlardan, qochgan kuningdan beri,
Erigan ruhlaringiz dardning quyushqonida.
Sening soyangni ichgan uning qorachiqlari,
U ham sening qoningda, sen ham uning qonida.

Ikkingni ham na bir yor, na oshna sirdoshing bor,
Sukut kabi hursizlar, chinqirib turasizlar.
Dunyoda bor yukingiz, yolg‘izgina boshingiz,
Uni ham har o‘lkaga olib yugurasizlar…

Uchqur otli suvoriy, choptir, otingni choptir,
So‘ngi qabrga borib taqalgan bu toshyo‘llar.
Seningdek toshyo‘llarni, chuqur anglagan yo‘qdir
Va sen anglagan kabi, seni ham anglar ular…

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari