Anna Kurtgeldiyev
BIR SENI O‘YLAYMAN
Men bahorni orzu qilaman qishda,
Bahorda qish haqda o‘ylayman nuqul.
Agar tutib olsam kattaroq qushni,
Xayolim jajji qush o‘g‘irlar butkul.
Shaharning g‘alvasi, suronlarini
Tark etib ketmoqlik gashtli naqadar.
Lekin bir oy o‘tmay xayollarimni
O‘g‘irlay boshlaydi tag‘in cho‘ng shahar.
Yo‘llarda oyoqdan madorim qursa,
Darhol ilashaman mashinalarga.
Xayollar qilaman lek o‘tmay fursat:
«Piyoda azm etsang uzoq safarga…»
Gavjum bog‘lar aro kezganda takror,
Qo‘msayman tog‘larni, qorlar yolqinin.
Tog‘da esa menga tog‘lar ne darkor,
Entikib tusar dil bog‘lar salqinin.
Inon, kerak emas menga jannat hech,
Orzu ham qilmasman, gapimning chini.
Bir seni o‘ylayman, jonim, erta-kech,
Huru g‘ilmonlarga alishmam seni.
IDDAO QILMAGIN MARHUMGA
Kirgayman bir kuni zamin bag‘riga,
Qora hoshiyadan boqur suratim.
So‘ngsiz bu uyqudan uyg‘onmam sira,
Do‘stlarim tepamda bosh egurlar jim.
Yig‘lar yaqinlarim tobutim quchib,
Chunki borsa-kelmas yo‘li erur bu…
Ehtimol, ketgaydir batamom o‘chib
Qachondir hayotda men sochgan yog‘du.
Umrim davom etur balki uzoqroq,
Ba’zi qo‘shiqlarim uzaytar picha.
Men kabi ular ham so‘nsa-chi biroq!..
Iddao qilmagin marhumga, tuproq,
Burchin o‘tadi u imkon boricha.
Turkmanchadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.