Jahon
October 3, 2020

Yusuf Sinon Shayxiy (1371-1422/23)

Turk adabiyoti tarixida shayx ash-shuaro, ya’ni shoirlarning shayxi nomi bilan ulug‘langan Yusuf Sinon Garmiyoniy — Shayxiy (Yusuf Sinan Şeyhi) Garmiyon (Kutaxya) beyligida 1371 yil dunyoga keldi. Shayxiy xaqida adabiy manbalarda bizgacha ancha-muncha ma’lumotlar yetib kelgan. U o‘z yurtida boshlang‘ich ma’lumot olgach, bilim olish uchun Eronga ketadi va u yerda oftalmologiyani (ko‘z tabibi) chuqur o‘rganib, malakali tabib bo‘lib yetishadi. Yu. Shayxiy Erondan Edirnaga kelib 1410 yilgacha sulton Sulaymon saroyida, so‘ngra Bursada Mehmed I ni (1403-1451) davolaganligi uchun saroy bosh hakimi lavozimiga erishadi. Yu. Sinon Shayxiy davrining ulug‘ tabiblaridan bo‘lsa ham uning mashhurligi shoirligi tufayli edi. G‘azallari bilan tanilgan Shayxiy Sulton Murod II chidan Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sidan biror dostonni turk tiliga tarjima qilish topshirig‘ini oladi va “Xisrav va Shirin” dostonini turk tiliga tarjima qiladi. Ma’lumki, somoniylar hukmdori bo‘lgan Xusrav Parviz (VII asr) va uning go‘zal, sadoqatli rafiqasi Shirin haqida, adabiyot olamida birinchi bo‘lib Firdavsiy mashhur “Shohnoma”sida yozgandi. Nizomiy dostonini birinchi marotaba turkiy tilga Oltin O‘rdalik shoir Qutb erkin tarjima qilgan. 1367 yilda Faxriddin Yoqub ibn Muhammad-Faxr taxallusli shoir Oydin begining iltimosiga ko‘ra, Nizomiy asarini usmonli turkchasiga erkin tarjima qiladi. Ammo, Faxriy o‘z dostoniga “Shohnomadan” ba’zi boblarni (M; Bahrom Go‘r haqida) kiritadi. Yu. Shayxiyning “Xusrav va Shirin” dostoni usmonli turk tilida, shu mavzuda bo‘lgan ikkinchi doston edi.
Shayxiy Sulton Murod II ning buyrug‘iga ko‘ra, Nizomiy “Xamsa”sining Xusrav va Shirin dostonidan 1000 bayt tarjima qilib, sultonga taqdim etadi. Mamnun bo‘lgan Murod II shoirga Doquzlar qishlog‘ini in’om qiladi. Shayxiy Doquzlarga ketayotganda qishloqning avvalgi egasi tomonidan uyushtirilgan qaroqchilar hujumiga uchraydi va o‘zi zo‘rg‘a qochib qutuladi.
Mana shu voqea ta’sirida Shayxiy “Xarnoma” satirik asarini yozadi. “Xarnoma” turk adabiyoti tarixida yozilgan ilk haj¬viy asar bo‘lib, bu doston xaqida birinchi marotaba 1917 yil prof. Fuad Ko‘prulu ma’lumot bergan. Asar 126 baytdan iborat bo‘lib, ilk 12 bayt tavhid va na’tdir. Podshohga bag‘ishlangan 26 baytlik madhiya bor. Doston masal shaklida bo‘lib, asosiy mavzu eronlik shoir Amir Husaynning asaridan olingan bo‘lsa ham, Shayxiy ilk bor yuqori mansabli shaxslar haqida hajviy gap ayta oldi. Xo‘kizga hasad qilib, uningdek shoh istab, quloqlaridan ayrilib qolgan eshak haqidagi masal Shayxiy dostonida ijtimoiy mazmun kasb eta olgan.
Shayxiyga katta shuhrat keltirgan “Xusrav va Shirin” 6944 baytdan iborat bo‘lib, shoir tarjimani to‘liq oxiriga yetkaza olmagan. Nizomiy dostoniga erkin yondoshgan Shayxiy bu dostonda Xusrav, Farhod va Shirinlar tomonidan aytilgan 26 g‘azalni kiritgan. Farhod obrazi ham juda yorqin yaratilgan. Nizomiy “Iskandarnoma”sini erkin tarjima qilgan, Ahmadiy asar tilini soddalashtirishga harakat qilgan bo‘lsa, Shayxiy “Xusrav va Shirin”da aksincha arab, fors so‘zlaridan ko‘proq foydalanadi. Shayxiyning bir devoni bizgacha yetib kelgan va devon ikki marotaba nashr qilingan. Devonda 20 qasida, 2 tarkiband, 3 tarjiband, 2 mustahzod, 200 g‘azal bor. Prof.Ali Nihod Tarlan 1946 yilda devonning birinchi nashrini tayyorlagan. Devondagi g‘azallar asosan so‘fiyona ruhda bo‘lib, shoir o‘zini bir oshiq darvesh deb biladi. Uning nazarida butun dunyo daftardir, unga gullar bilan sevikli yor tasvirini yozish kerak. “Jon bulbuli yor yuzini ko‘rmasa g‘amni unutmas, jannat bog‘i ham ko‘zga qafas ko‘rinadi”.
Shayxiy g‘azallari tasavvufona majozlarga boyligi, badiiy an’analar mohirona qo‘llanganligi, nafisligi bilan ajralib turadi.

ShAYXIY G‘AZALLARIDAN

Bahor mavsumidir, hamdami sabo bo‘laylik,
Gul va do‘st bo‘yi ila oshino bo‘laylik.

Chun davri loladir, ixlos ila qadah tutaylik,
Negakim nargis bo‘lur, masti beriyo bo‘laylik.

Zamona sirrini qo‘y g‘uncha kabi sarbastga,
Chaman safosiga gul kabi dilgusho bo‘laylik.

Bul jahonning fathiga Jam jomdir demish miftah,
Keling, mulozimi jomi jahonnamo bo‘laylik.

Bahor tavbaga Shayxiy junun demish oqil,
Bugun muvoffaqat et, erta porso bo‘laylik.

* * *

Ne xabar berdi sabo zulfi parishoning uchun,
Ki binafsha motamsaro ko‘rinur oning uchun.

Ne sabab bosh ochar-u, qo‘l ko‘tarur sarvu chinor;
Ki duo aylar ular qaddi xiromoning uchun.

Oy yuzing ko‘rgach bo‘lur ravshan yeru osmonlar,
Har na vajh aytar esam shul mohitobonim uchun.

Lola chok etdi yuzing gul yonog‘ing rashkidin,
G‘uncha chok etdi o‘zin la’li durafshoning uchung.

Dur-u gavhar sochilur, nozik kalomlar yozilur,
Shayxiy insho qilajak shul lab-u dandoning uchun.

Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.

"Yosh kitobxon" kitoblari