Sa’diy Sheroziy (1203-1292)
Mashhur fors-tojik shoiri, adibi va mutafakkiri Muslihiddin Sa’diy Sheroziy (سعدی شیرازی) 1203 yili Sheroz shahrida tug‘ilgan. Otasi Sheroz otabegi Sa’d binni Zangiyning mulozimlaridan bo‘lgan. Lekin u 10—11 yoshlarida otadan yetim qoladi.
Saroy tomonidan nafaqa tayinlangan bo‘lsa-da, oilaning moddiy ahvoli og‘ir edi. Mayda savdogarchilik bilan shug‘ullangan akasining ham bozori tezda kasod bo‘ladi. Shunga qaramay, bilimga chanqoq Muslihiddin boshlang‘ich ma’lumotni tug‘ilgan shahri Sherozda olgach, tahsilni davom ettirish uchun xalifalik poytaxti, o‘sha davrning eng yirik ilm va madaniyat markazi bo‘lgan Bag‘dodga boradi. Dongdor «Nizomiya» va «Mustansiriya» madrasalarida kalom, fiqh, tafsir ilmlari, arab tili sarfu nahfi, arab va fors adabiyoti, Sharq falsafasi, tarix, mantiq, tib xamda boshqa tabiiy va aniq fanlarni o‘rganadi. Taniqli tasavvuf olimi va faylasuf adib Shahobiddin Suhravardiy hamda yirik ilohiyot allomasi Abulfaraj Abdurahmon ibn Javziy qo‘lida tahsil oladi.
XI asrda saljuqiy sultonlardan bir nechtasiga vazirlik qilgan mashhur davlat va jamoat arbobi Nizomulmulk asos solgan «Nnzomiya» madrasasi 6 ming talabani o‘z bag‘riga olsa, «Mustansiriya» kutubxonasida 70 ming jilddan ortiq kitob bo‘lgan. Bu ikki ulkan madrasaning musulmon Sharqidagi nufuzini shundan ham bilsa bo‘ladi. Talabalar orasida, ayniqsa, zabardast arab shoiri Mutanabbiy she’rlariga qiziqish kuchli edi. Bu mutolaalar keyinchalik Sa’diy ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. U bu yerdagi ilmiy-adabiy davralarda faol ishtirok etib, bilimining keng va chuqurligi, dalillarining o‘tkir va asosliligi, voizlik iqtidori tufayli hammaning e’tiborini o‘ziga jalb qilar va bahsu munozaralarda hamisha g‘olib chiqar edi.
Madrasani tutatgan Sa’diy olgan bilimlarini amaliyotga qo‘llash o‘rniga, Sharq mamlakatlari bo‘ylab uzoq yillik sayohatga otlanadi. Buni ikki sabab bilan asoslash mumkin: birinchisi shoirning sayohatga o‘chligi, ikkinchisi — mo‘g‘ullar tasarrufidagi ulkan hududda ilmu ijod uchun osoyishta shart-sharoitning yuqligi. U goh olim va voiz, goh so‘fiy va darvesh suratida Eron, Arabiston, Kichik Osiyo, Misr, Xuroson, Sharqiy Turkiston kabi mamlakatlarni ba’zida otu eshak, ba’zan esa poyi piyoda kezib chiqadi. Bu sayohatlar 20 yildan ortiq davom etgan. Sayohat davrida Sa’diyga karvonni qaroqchilardan himoya qilib, muhorabaga kirishiga ham, turli joylardagi madrasa va qozixonalarda va’z o‘qishiga ham, shayxu so‘fiylar bilan mubohasa qilishiga ham to‘g‘ri kelgan. U Hindistonda ham bo‘lib, bir muddat butxonada istiqomat qilgan, salibchilarga asir tushib, ularning qal’alarini tuzatish ishlarida qatnashishga majbur bo‘lgan. Bu sayohatlar davomnda Sa’diy hayot ilmini chuqur o‘rganib, inson fe’lini butun murakkabligi bilan anglab, o‘z davrining ko‘pni ko‘rgan donishmand kishisi bo‘lib yetishadi. XIII asrning o‘rtalarida Sherozga qaytib kelgan shoir dunyo tashvishlaridan o‘zini chetga olib, shahar chekkasidagi shayx Abu Abdulloh Hafif xonaqosida faqirona hayot kechiradi va 1292 yili vafot etadi. U dafn etilgan bog‘ va maqbara she’riyat ixlosmandlarining ziyoratgohlaridan biri bo‘lib, undan kecha-kunduz shoir muxlislarining qadami arimaydi.
Fors tojik adabiyotida Sa’diyning maqomi juda yuksak. Xususan, boy hayotiy tajriba asosida yaratgan «Bo‘ston» (1257) va «Guliston» (1258) asarlari unga olamshumul shuhrat keltirdi.
«Bo‘ston» o‘n qismdan iborat bo‘lib, uning tarkibiy tuzilishi quyidagicha: hamd; na’t; kitobning yozilish sababi; Abu Bakr bin Sa’d bin Zangiy madhi; Sa’d bin Abu Bakr bin Sa’d madhi; birinchi bob — odilligu tadbiru andisha zikrida; ikkinchi bob — ehson zikrida; uchinchi bob — ishqu oshiqligu mastlik zikrida: to‘rtinchi bob — tavoze’ zikrida; beshinchi bob — rizo zikrida; oltinchi bob — qanoat zikrida; yettinchi bob tarbiyat olami zikrida; sakkizinchi bob — shukru omonlik zikrida; to‘qqizinchi bob — tavba va savob yo‘li zikrida; o‘ninchi bob — munojot va kitob xotimasi zikrida.
«Guliston» sakkiz bobdan iborat bo‘lib, uning tarkibiy tuzilishi quyidagicha: debocha; birinchi bob — podshohlar siyrati zikrida: ikkinchi bob — darveshlar axloqi zikrida; uchinchi bob — qanoat fazilati zikrida; to‘rtinchi bob sukut saqlashning foydalari zikrida; beshinchi bob — ishq va yoshlik zikrida; oltinchi bob — qarilik va zaiflik zikrida; yettinchi bob — tarbiyat ta’siri zikrida; sakkizinchi bob — suhbat odobi zikrida.
Sa’diyni g‘azal janrining kashshofi va ustodi sifatida ham ulug‘lashadi, chunki ungacha forsiy sheriyatning yetakchi janrlari qasida, doston, masnaviy, qit’a va ruboiy edi. Rudakiy, Sanoiy, Xoqoniy, Jamodiddin va Kamoliddin Isfahoniylar ko‘plab g‘azallar yozgan bo‘lsalar-da, ular qasida va qit’a xarakteriga ega bo‘lib, o‘zaro mustaqil alohida baytlardan g‘azal yaratish an’anasini Sa’diy boshlab berdi. U g‘azalchilikdagi o‘zigacha olib borilgan izlanish va tajribalarni rivojlantirib, g‘azalni takomilga yetkazdi, keyin Xusrav Dehlaviy, Hasan Dehlaviy, Xoju Kirmoniy kabi zabardast shoirlar uni yanada taraqqiy ettirib, Hofiz Sheroziyga yetkazdilar, Hofiz esa uni yuksak cho‘qqiga olib chiqdi. Sa’diy g‘azallari 4 devondan iborat bo‘lib, ular «Tayyibot» («Latif g‘azallar»). «Badoe’» («Yangi g‘azallar»), «Xavotim» («Xotima g‘azallar») va «G’azaliyoti qadim») («Eski g‘azallar»)dan iborat.
«Guliston»ga ergashib ko‘plab asarlar yozilgan, lekin ulardan faqat 3 tasi: Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston»i, Majiddin Xofiyping «Xoriston»i, Habib Qooniyning «Parishon»i shuhrat qozongan.
«Guliston» XVII asrning birinchi yarmidayoq Yevropa tillariga tarjima qilinib, tarqala boshlagan. U ilk bor frantsuz diplomati Andre Ris tomonidan frantsuz tiliga o‘girilib, 1634 yili Parijda nashr etilgan. Bu tarjima juda erkin bajarilgan va mukammal bo‘lmasa-da, ko‘pchiliknnng e’tiborini tortadi. 1635 yili asar frantsuzchadan nemis tiliga tarjima qilingan. Shundan keyin boshqa g‘arb tillari, shuningdek, rus tiliga ham o‘girilgan. Rus tilida «Guliston» (1957. 1959) va «Bo‘ston» (1963) asarlarining mukammal tarjimalari bosilib chiqqan.
«Sa’diy yolg‘iz Eron emas, balki Osiyoning, Afriqoning hamma yerida hurmatli bir faylasufdir. Uning tarzi bayonining tarovatini va ifodasining qimmatini Ovrupo ilmu adab ahli ham ko‘pdan beri tan olganlar», — deb yozadi mashhur major olimi Xerman Vamberi. Buyuk nemis shoiri va mutafakkiri I. V. Hyote Sa’diyni «juda mahsuldor va fayzlp», «hayot tajribasi bilan boyigan juda yaxshi shoir» deb hisoblagan.
Mashhur frantsuz faylasufi va adibi Volter «Guliston»dan xabardor bo‘lgan va ba’zi she’rlarida undan foydalangan. Taniqli frantsuz masalchisi Lafonten ham «Guliston»dagi hikoyat va naqllardan o‘z masallarida istifoda etgan. Ulug‘
rus shoiri A. S. Pushkin: «Sa’diy va Hofiz asarlarining pinhoniy asroriga yetgunimcha she’rlarimda quvonchbaxsh jihatlar va hayotdo‘stlik kam uchrardi», — degan edi.
Sa’diy asarlari qadimdan o‘zbek xalqi orasida ham mashhur. «Bo‘ston» va «Guliston» asarlari madrasalarda asosiy darsliklar sifatida o‘qitilib kelgan. Mumtoz shoirlarimiz bu ulug‘ so‘z sanatkoridan o‘rganganlar, ta’sirlanganlar. Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Xojaning «Gulzor», Abdulla Avloniyning «Turkiy «Guliston» yoxud axloq» asarlari bevosita Sa’diy «Guliston»i ta’sirida yaratilgan. «Devoni Foniy»da Sa’diy g‘azaliga 22 ga tatabbu’, uning tavrida 4 ta g‘azal mavjud.
Bu asarni birinchi marta 1390—1391 yillarda XIV asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Sayfi Saroyi «Guliston bit-turkiy» nomi bilan Misrda tarjima qilgan.
XIX asrda «Guliston» Xiva xoni Muhammad Rahimxon II — Feruz topshirig‘i bilan zabardast shoir va mohir mugarjim Muhammadrizo Ogahiy tomonidan ikkinchi marta o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. «Guliston»ning uchinchi tarjimasi toshkentlik mudarris va shoir Mullo Murodxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li qalamiga mansub bo‘lib, u «Shavqi Guliston» deb atalgan. «Murodxo‘ja madrasa talabalari ehtiyojini hisobga olib, asarning qiyin so‘z va iboratlarini sharhlagan va forsiy originalini ham qo‘shib, «G’ulomiya» matbaasida nashr ettiradi» (1909).
1968 yili «Guliston»ning to‘rtinchi tarjimasi bosilib chiqdi. Asardagi she’rlarni G’afur G’ulom va Shoislom Shomuhamedov, nasr qismini Rustam Komilovlar o‘zbekchalashtirishgan.
«Bo‘ston» asari avval Chustiy, keyin Sh. Shomuhamedov tomonidan tarjima qilingan bo‘lsa-da, bu tarjimalarning har ikkalasi ham to‘liq emas. Asar qisqartirilib, zamonga moslab. diniy-tasavvufiy ruhdagi qismlardan xoli qilingan holda o‘zbekchaga o‘girilgan.
G‘AZALLAR
Ey sorbon, ohista yur, oromi jonim boradur,
Tandin dilu jonim olib, ul dilsitonim boradur.
Qolurmumen olis bo‘lib, bechorayu ma’yus bo‘lib,
Qalbim firoq tig‘i tilib, to ustuxonim boradur.
Derdim qilib nayrang-fusun, sirrim etay pinhop bu kun,
Pinhon bo‘lolmas chunki xunh dildan nihonim boradur.
Sarkash nigorimdan judo, ayshu qarorim bebaqo.
Manqalda otashdek qaro dud birla qonim boradur.
Cheksam-da zulm bedodini, ham va’dalar barbodini,
Ko‘ksimda tutgum yodini, toki zabonim boradur.
To‘xtat bir oz, ey sorbon, karvonni qilma tez chunon,
Sarvi ravon ishqida jon — ruhi ravonim boradur.
Qayt, ko‘zlarimga qo‘y oyoq, ey dilfirib, ketma yiroq,
Ey nozanin, ko‘kka bu choq ohu fig‘onim boradur!
To subhki, uyqu bilmadim, nosihni ko‘zga ilmadim,
Ammo ataylab qilmadim — qo‘ldan inonim boradur.
Sabr ayla, der, menga jaras, yor vaslini qilma havas,
Bu menga loyiq ish emas, chun xonumonim boradur.
Unday chiqar jonu bu tan, sabil qolur deb ko‘p suxan,
Tinglagan erdim, endi man ko‘rdimki jonim boradur.
Qilma fig‘on, ey Sa’diyo, hech arzimas ul bevafo,
Toqatni qo‘ymas bu jafo, aqlu imonim boradur.
* * *
Senmisan, yo bog‘ima sarvi ravonim keldimu?
Yo malak odamsifat bo‘lgan zamonim keldimu?
Ud tutatmoq bo‘ldimu bo‘ston aro do‘stlar ishi,
Yoki yorim keldi, yo mushk korvonim keldimu?
Sorbon, solgil nazar zebo nigorim husniga,
Gar haridor bo‘lsa, tutdim qo‘lda jonim, keldimu?
Endi hech dardu alam birla o‘tirmam uyda man,
Keldimu bozorga gul, javlonli onim keldimu?
Garchi sen oning sanam tarzini inkor aylasang,
Men hamon ko‘zim nigoron — jonajonim keldimu?
Ko‘zlarim gar qayta ko‘rmoqda nigorim chehrasin,
Vah, magarkim murda tanga qayta jonim keldimu?!
Harnakim, mendan ketishga hozir erdi bog‘ladi,
Barcha hayrat etdi yo oromijonim keldimu?
Nay agar ozodalar majlici ichra nolavash,
Zaxmidindur nolasi, ul jon fig‘onim keldimu?
Uyqudek xummor ko‘zingdan ajragach bir lahza, ayt,
Uyqusiz ko‘zlarga xobi nogahonim keldimu?
Nola qilma, Sa’diyo, jabr etsa yoring, himmat et,
Yor jabri yorga o‘tgay, soyabonim keldimu?!
* * *
Do‘stlarimning suhbati xuddi olam jannati,
Yo jahannamning o‘ti nomunosib suhbati.
Gar azizlar suhbati birla o‘tsa bir nafas,
Shul nafasni bil hayot hosili ham sharbati.
Ko‘z, quloq, til bo‘lsa ham, barcha odam bo‘lmagay,
Qancha ko‘rdim devu jin — misli odam surati.
Xush chiroydan ham bashar husnn ortar-ku, faqat —
Odam o‘lg‘ay shul kishi bo‘lsa go‘zal siyrati.
Men hasadni bilmasam, hasratin bilmas edim,
Hasad o‘tin soladi yor qo‘shilgan fursati.
Kim bahorni ko‘rmasa ko‘kalamzorga chiqib,
Robia’ oyida ham bor muharram qimmati.
Ko‘zi doimo go‘zal chehrada dil bo‘lsa tosh,
Nasihatga ko‘nmagay, dil to‘liq jaholati.
Kezdim olam yuzini, topmay orom asarin,
Bo‘lsa faqat sevgili yor quchog‘in rohati.
Ahli dillar tomiridan toza xun oqsa agar,
Do‘st visoli malhami, dori topgan illati.
Molu duiyo yaxshidur, tan sharifu jon aziz,
Barchasidan ham baland yori vafodor hurmati!
Mumsik odam kulfati — molu dunyo tashvishi,
Do‘st-la shodon o‘tadi Sa’diyning har soati.
Shoislom Shomuhamedov tarjimalari
* * *
Bu go‘zal yuzlarga boqmaslik juda mushkil emish,
Kim nasihat qilsa menga, pandi behosil emish.
Husn shohidan agarchi dilda ming qo‘rquv yashar,
Tongda yorni ko‘rgan oshiq baxtga vosil emish.
Kulgichi chohidagi bechoralarning holati
Ul malaklardekki, Bobul chohida manzil emish.
Bundan avval zuhdu taqvoni da’vo qilgan edim,
Endi bildim: neki da’vo ayladim, botil emish.
Barchaning nazdida garchi o‘lim elchisi zahar,
Yor zahar bersa ham, ammo, daf’i dardi dil emish.
Yor ko‘nidan oyoq tortib ketolmayman sira,
Do‘stlar, ma’zur tuting, ko‘nglim shunga moyil emish.
Sabr qil, devona deb hukm etsa oqillar seni,
Bermasa kim jonni jononga, nechuk oqil emish?
Kufr deb bilsa go‘zallar yuziga boqmoqni kim,
Ul faqat suvratga mastu ma’nidan g‘ofil emish.
Sorbon, ohista yur, karvon ila jonim borar,
Yor mahofa ustida, ostida go‘yo dil emish.
Tushsa hijron o‘rtamizga garchi yuz manzilda ham,
U shirin jon ichra tushgan bir ajib manzil emish.
Do‘st bo‘ling, Sa’diy, qiyinmas har nechuk inson bilan,
Bog‘lanib qolsang va lekin, dil uzish mushkil emish.
* * *
Biz ushbu shaqarda xoru bu elda faqir,
Bandingga giriftormiz-u, domingga asir.
Olam eshigi elga ochiq, bizga yopiq,
Zulfing seni bo‘ynimizdagi zanjir, axir!
Men sendan uzolmagayman-ey asti ko‘zim,
Sen ham nazaringni uzma, ey qomati hur!
Nazdingda oshiqlar ichida yaxshisi yo‘q,
Ammo men uchun jahonda yo‘q senga nazir!
Orzum edi: bir kun senga jonim beraman!
Bildim: ko‘rasan hattoki jonni-da haqir.
Men barcha bu so‘zlarni dedim dard zo‘ridan,
Chiqmas hidi o‘tga solmasa chunki abir.
Har qancha yashirmasin parishonligini,
Oshiq yuzi fosh etar sirini baribir.
Bu keksashshg ishqi seni hayratga solar,
Bu keksa dil o‘gidan bo‘l, ey yosh, hazir!
Ko‘z Ka’basi qoshinshi kamonxonasidir,
Uzmaydi nigoh tig‘ urib, etsang-da basir.
Nodon kishilar menga nasihat qilishar.
Oshiqqa nasihat sira bo‘lmaydi zarur.
Husn ahli yaralmishdir azal ko‘rmoq uchun,
Gar ko‘rmasa, Sa’diy, ne kerak ko‘zga nur?!
Ergash Ochilov tarjimalari
* * *
Bir dilbari jonim mening oldi dilu jonim mening,
Oldi dilu jonim mening bir dilbari jonim mening.
Lab bersa jononim mening jonlangusi jonim mening,
Jonlangusi jonim mening lab bersa jononim mening.
Firdavsi rizvonim mening do‘st ko‘yining tuprog‘idir,
Do‘st ko‘yining tuprog‘idir firdavsi rizvonim mening.
Ko‘nglim bu – hayronim mening shaydoyu sayroning sening,
Shaydoyu sayroning sening ko‘nglim bu – hayronim mening.
Yusufi Kan’onim mening husn elining podshosi sen,
Husn elining podshosi sen Yusufi Kan’onim mening.
Sarvi gulistonim mening xush qaddu bo‘yingdir sening,
Xush qaddu bo‘yingdir sening sarvi gulistonim mening.
Hofiz g‘azalxonim mening so‘z ichra sultonim mening,
So‘z ichra sultonim mening Hofiz g‘azalxonim mening.
Sirojiddin Sayyid tarjimasi
RUBOIYLAR
Ko‘nglim o‘tidan ichimdagi qon qaynar,
Shundan meni el telba debon gap o‘ynar.
Kim ko‘rsa edi Layli yuzini bir bor,
Bilgay edi: Majnunni nima dard qiynar?
* * *
Vah-vah, na qiyomat bu kelishgan qomat!
Yo‘q sarvda hatto qomatingga nisbat!
Boshlandi qiyomat, demasin, marhumlar,
Hech o‘tma mozor qoshidan, ey mohtal’at!
* * *
Buzgancha vafo shartini ul jonona,
Tark ayladi — ko‘nglimni qilib vayrona.
Dedi: «Meni uyqungda ko‘rarsan endi!»
Dedim: «Menga sensiz uyqudir begona!»
* * *
Shohdir o‘sha bevafo ko‘ngil taxtimda,
Sham’ elga, biroq alangadir raxtimda.
Ul barcha bilan o‘ng-u, faqat men ila ters,
Yo‘q aybi uning, gunoh bu sho‘r baxtimda!
* * *
Tunlar o‘tadi — uyqu qochib ko‘zimdan,
Ko‘nglimni uzolmagum dilafro‘zimdan.
O‘z qo‘li bilan to‘ksa edi qonimni,
O‘lsam edi rozi bo‘lib o‘z-o‘zimdan.
Ergash Ochilov tarjimalari
FARDLAR
Balolar domida qolsang, Xudo nomini tutgaysan.
Agar hal bo‘lsa mushkuling, yana Haqni unutgaysan.
* * *
Shunday deyishar ,ekan bir qavmi arab:
Nasli tutasin, agar tug‘ilsa beadab!
* * *
Ey bo‘ri, kuchingga bo‘lma maftun,
Yuz bergusidir dodingnn bir kun.
* * *
Xudoni esla doim sog‘u boyu shod yurganda,
Dilu jondan Xudo deysan, axir, baxt yuz o‘girganda.
* * *
Kim kuchliyu qudratliyu ham pahlavon?
O‘z nafsini yengolgan odam pahlavon!
* * *
Insofga kirib, kim xayr uchun bog‘lar bel:
Topsin uni(ng) xayridan madad muhtoj el.
* * *
Boylik va amal — nokas uchun olamda,
Ov chog‘ida it yaxshi, axir, odamdan.
Ergash Ochilov tarjimalari
«SOHIBIYa»DAN
Minbarning poyida tursa ham eshak,
Tarbiya yuqmaydi, bo‘lmaydi odam.
Tarbiya ko‘rmayin ulg‘aysa kishi.
Eshak bo‘lib qolur yuzga kirsa ham.
* * *
Hovonchaga dedim: «Doding ko‘p baland.
Ayt, kimdan chekasan bunchalik faryod?»
Dedi: «Ne til bilan aytay, ey Sa’diy,
Zarbni o‘z yorimdan yeyman umrbod!»
* * *
Faqat xush ko‘ngildan izla yaxshilik.
Tinchlik sarmoyasin izla avvalo.
Sust qo‘lda tez qilich yaraqlay olmas,
Buzuq dildan chiqmas yaxshi so‘z aslo.
* * *
Tinchlik mulki erur mevador daraxt,
Mevasiga aylang qanoat chandon.
Faqat bir martaba totar mevasin
Daraxtni ildizdan quritgan nodon.
* * *
Odam ersang, faqat yaxshilik ista,
Seni farq etsinlar toki hayvondan.
Hayvondan seni aql ajratib tursin,
Yo‘qsa, u qudratda zo‘r-ku insondan!
Shoislom Shomuhamedov tarjimalari
HIKMATLAR
Ikki kishi o‘rtasiga o‘t tashlar kezi,
Bu o‘rtada aqlsizning kuyadi o‘zi.
* * *
Dono kishi vujudi misoli zaru tillo,
Har qaerga borsa ham qimmati tushmas aslo.
* * *
Chumoli yoz bo‘yi yig‘ar yemak-don,
Toki qishda uyi bo‘lsin farovon.
* * *
Harakat bo‘lmasa, bo‘shab kishani,
Orzuga yetolmas polvonlar tani.
* * *
Har ishdakim, inson ko‘rsatur himmat,
Tikan ham guldasta bo‘lur oqibat.
* * *
Chin azmu harakat qilmay muttasil,
Hech kimsa murodi bo‘lmadi hosil.
* * *
Erta kun arpaga zor bo‘lmay desang.
Bu kun ek, shoyadki, bug‘doy non esang.
Shoislom Shomuhamedov tarjimalari
«GULISTON»DAN
Fitna yuzli rost so‘zdan bo‘l yiroq,
Maslahatli yolg‘on andan yaxshiroq.
Oqil ul so‘zni o‘rinda so‘zlagay,
Ham javobini munosib ko‘zlagay.
Kim muxolif bo‘lsa sulton so‘zina,
Kelturur ul ko‘b balolar o‘zina.
* * *
Ey necha bekni, malikni o‘yla yebtur bu jahon —
Kim, alardan yer yuzinda qolmadi zarra nishon.
Xayr qil, ey ne’mati ko‘p xoja, sen andin burun —
Kim, yurub degan munodiy: «Qolmadi xoja falon!»
* * *
Sig‘ar bir hujrag‘a o‘n ikki mehmon,
Bir iqlima sig‘ishmas ikki sulton.
* * *
Bu zamona zohidin ko‘r: Ka’bag‘a ortin berib,
Yuz xaloyiqqa tutub, doyim qilur botil namoz.
Zohid uldurkim, tavakkulning maqominda turub,
Tunu kun qilg‘ay ibodat, dam-badam uzru niyoz.
* * *
Qilib tavba qutulmoqqa bo‘lur Tangri azobindan,
Va lekin bu xaloyiqning tilindan qurtulub bo‘lmas.
Sayfi Saroyi tarjimalari
* * *
Eyki, sulton oldida so‘zing topibdur e’tibor,
Yaxshi so‘z ayturni pesha qil o‘zingga zinhor.
* * *
Dedi bir vaqt bir oriq dono
Semuz ablahga nuktai marg‘ub:
Ki bedav ot agarchi log‘ardur,
Lek bordur semuz eshakdin xo‘b.
* * *
Men oningdek kimsa ermasmanki, yovdin qochg‘omen,
Mardman andoqki, ko‘rgungdur tanimni qon aro.
Kim urushg‘a chiqg‘usi — kechmak kerakdur jonidin,
Qonig‘a qolg‘ay cherikning, gar qochar maydon aro.
* * *
Bo‘ri farzandi bo‘ri bo‘lg‘usidur,
Nechakim odam ichra ulg‘aysun.
* * *
Qilmading suratim haqir ko‘rub,
Manda mundoq ulug‘ hunarni gumon.
Oriq ot ish kunida butkorur ish,
Bo‘lmas ul ish semuz o‘kuzdin ayon.
Ogahiy tarjimalari
* * *
Vafosiz dunyoga dil berma zinhor.
Hech kimga do‘st bo‘lmas charxi kajraftor.
O‘ladi shubhasiz yaxshi ham yomon,
Baxtlidir yaxshi nom qoldirgan inson.
* * *
Tiriksan, go‘ringga gullar ekib qol,
Keyin qo‘zg‘almoqqa qolmagay majol.
Davron oftob-u, umr xuddi qor,
Tiriksan, mag‘rurlik qilmagin zinhor.
* * *
Puling yo‘q, bozorda nima qilasan?
Qo‘rqaman, sallangdan ajrab kelasan…
* * *
Kimki o‘z hosilin xom yeb tugatar,
Kuz kuni xirmondan mashoqlar terar.
* * *
Bu kun so‘zlamoqqa senda imkon bor,
Har qancha yaxshi so‘z topsang, aytib qol.
Ertaga ajalning elchisi kelgach,
Tiling qimirlashga tonmagay majol.
G‘afur G‘ulom tarjimalari
O‘z mehnatidan non yegan kishi,
Hotam minnatidan ozod yosh-qishi.
* * *
«Hamyoni sof tilla to‘la bo‘lsa ham,
Och kishi sahroda qo‘yolmas qadam.
Biyobonda qolgan och bechoraga,
Kumushdan yaxshidir qaynagan shalg‘am».
* * *
Qovrilgan qush qadri to‘qlar oldida
Dasturxonda piyoz, kashnich, o‘tdan kam.
Och oldida o‘tar tovuq o‘rniga
Quruq suvda qaynab pishgan bir shalg‘am.
* * *
Dil na qilsin past tabiat bo‘lsa tan,
Har mahal esmas shamol xohish bilan.
* * *
Muhtoj banda iltijoda Xudoga qo‘lin ochar,
To‘qligida qo‘llarini qo‘ltiqqa urib qochar.
Shoislom Shomuhamedov tarjimalari
«BO‘STON»DAN
Eshit, ey hunarmand — dono kishi,
Emas ayb izlash hunarmand ishi.
* * *
Jahondan ketar paytda No‘shiravon
Bu so‘zlarni Hurmuzga etmish bayon:
«Xamisha g‘ariblar dilin ovlagil,
Sen o‘z rohating ko‘zlagan bo‘lmagil.
Agar rohatingni qilarsan havas,
Qo‘l ostingdagilar sira tinchimas.
Aqllikka ma’qul emas hech qachon,
Esa qo‘yni bo‘ri, yotib qo‘ychivon.
Chiqor hojatin hamma muhtojni,
Shular qo‘ydi shoh boshiga tojni.
Daraxt bo‘lsa shoh, xalq ildiz erur,
Bil, o‘g‘lim, tomir-la daraxt ulg‘ayur.
Eling qalbin og‘ritma, berma zarar,
Qurur ildizing ranjisa el agar.
… U yurtda topolmaysap obodlik
Agar elda yo‘q shohidan shodlik.
Tushida ko‘rar yurt obodligin
Xarob aylagach yurtu elning dilin.
Yomonlik, haroblik zulmdan kelur,
Ulug‘lar buning ma’nisin xo‘b bilur.
Sitam birla qatl etmoq elni ziyon.
Shular mamlakatda mador, soyabon.
* * *
Eshitdimki, Sheruyaga ushbu xil
O‘lim vaqti Husrav dedi: «Yaxshi bil,
Nechuk ishni qilmoqqa etsang niyat.
Mudom el ishin yaxshilashga qarat…
Agar bo‘lsa o‘tkir tig‘ing qanchalik,
Emas tul xotinning dilin ohidek…
Yomon ham o‘tar, yaxshi ham, yaxshi bil,
Seni yaxshi nom birla yod etsin el…
Sila yaxshi boshini — bermas ziyon,
Yomonga tarahhum — o‘zingga yomon…
Tanish bo‘lmagandan hazar yaxshidur,
Ki do‘stlik niqobida yov ham bo‘lur…
Saxiy bo‘l-u, xush xulqu mardona bo‘l,
G’ariblarga boqqilki, haq yo‘li shul.
Qololmas jahon ichra mangu kishi,
Faqat qolgusi yaxshi nomu ishi.
Tirik ulki, undan keyin qolsa joy,
Hovuz, qil ko‘prik-la karvonsaroy.
Agar qolmasa har kishidap nishon.
Udir mevasi yo‘q daraxt begumon.
Chustiy tarjimalari
Yaxshilik qilgan hech ko‘rmas yomonlik,
Yomon o‘z joniga topmas omonlik.
* * *
Musofirga mehr ko‘rguzsang agar,
Ular yaxshi noming olamga yoyar.
* * *
Ulug‘lar z’zozlab g‘arib odamni.
Shuhratlari tutdi butun olamni.
Ozor chekib ketsa g‘arib xotiri.
Mamlakat shuhrati so‘nar oxiri.
* * *
Begonadan bo‘lmoq kerak ehtiyot,
Do‘st qobig‘i ichra uchrab turar yot.
* * *
Qattiqlik, yumshoqlik yuz berar boham,
Tabib ham nish urar, ham qo‘yar malham.
Shoislom Shomuhamedov tarjimalari
Karamning madhini bayonida
Dilo, har kishi yozsa xoni karam,
Bo‘lur nomdori jahoni karam.
Karam nomdori jahon aylagay,
Karam komgori zamon aylagay.
Karam moyai shodmoni bo‘lur,
Karam hosili zindagoni bo‘lur.
Karam ortida dunyoda kor yo‘q
Va mundin issiq hech bozor yo‘q.
Karamdin bori al dilin toza tut,
Jahonni saxodin purovoza tut.
Bag‘ishlashda bo‘l doimo mustaqim,
Ki jonni yaratquvchi bordur karim.
Saxovatning sifati bayonida
Saxovat qilur nekbaxt ixtiyor,
Ki kimsa saxodin bo‘lur baxtiyor.
Qilib lutfu ehson, jahongir bo‘l!
Saxovatning iqlimida mir bo‘l!
Saxovatdur ahli basirat ishi,
Saxovat bo‘lur yaxshining varzishi.
Saxovat emish aybga kimyo,
Saxovat bori dardlarg‘a davo.
Chu qodir esang, aylag‘aysan saxo,
Ki yetgay ulug‘luq saxodin sango.
Sidqiy Xondayliqiy tarjimalariTAVOZE VA KAMTARLIK XUSUSIDA
Hikoyat
Bulutdan bir qatra tomib nogahon,
Dengizga tushdi-yu bo‘ldi parishon.
Hijil bo‘lib dedi: «Men kimman, zotan
Bu bor joyda etay men yo‘qlikni fan.
Haqirona soldi o‘ziga nazar,
Sadaf uni quehib bo‘ldi jonparvar.
Falak ishi shunday kelib bu mavrid,
Sadaf ichra bo‘ldi shohkor marvarid.
Baland bo‘ldi pastlik qilib ixtiyor.
Yo‘qliqqa ko‘ndi-yu bor bo‘ldi u bor.
Kamtarinlik odat aqlli erga,
Mevali shox boshi egilur yerga.
* * *
Mard ersang mardliging qilma ovoza,
Har o‘yinchi to‘pi topmas darvoza.
Qancha artma piyoz po‘st ustiga po‘st,
O‘ylarki pistadek mag’zi bor durus.
Oqillardan hikmat so‘z qolur yodgor,
Sa’diydan shu so‘zni yod olmoq darkor.
Hikoyat
Sotardi asal bir shirin so‘z kishi,
Ko‘ngilni ovlardi uning royishi.
Shakarqamichidek beli belbog’dor,
Molini pashshadek talar xaridor.
Uning moli zahar bo‘lsa ham tugal,
Talab ketishardi misoli asal.
Bir dag’al ko‘z tashlab el g’avg’osiga,
Hasad bilan boqib bol savdosiga.
Ertasiga barvaqt bozorga keldi,
Asal sotmoq bo‘lib, har yoqqa yeldi.
Kattakon qovoqda boshida asal,
Badburush bashara, so‘zlari dag’al.
«Asal ketdi» deya qildi mashmasha,
Boliga qo‘nmadi hattoki pashsha.
Kechgacha bir pullik qilolmay savdo,
Uyga qaytar zindoniy bo‘lgandek tajang.
Xotini ustidan sho‘x so‘zlab kular:
«Badjahl qo‘lida asal ham zahar!»
Yomon xulq do‘zahga sudraydi oson,
Yaxshi xulq behisht-u jannatdan nishon.
Ariqda iliq suv bo‘lsa shuni ich,
Dag’al kishi yaxna sharbatidan kech.
Serzarda kishining manglayi tirish,
Haromdir undaylar nonini yeyish.
Badxulq qiyinlikka uchrar aksari,
Badxulqning doimo baxti teskari.
Bo‘lmasa ham mayli mol, dunyo, puling,
Sa’diy kabi bo‘lsin asaldek tiling.
«Bo‘ston»dan