Jahon
September 22, 2020

Semyuel Teylor Kolrij (1772-1834)

Ingliz romantik shoiri, adabiy tanqidchi, faylasuf, Angliyada Romantik harakatlar asoschisi va “Ko‘l maktabi” vakili Semyuel Teylor Kolrij (Samuel Taylor Coleridge) 1772 yil 21 oktyabrda Angliyaning Devon, Ottern-Sent-Meri nomli shaharchasida tavallud topdi.
Kolrij ingliz she’riyatida o‘z yozish uslubi bilan salmoqli o‘rin tutadi. Uning she’rlari o‘z davrining nufuzli ijodkorlariga bevosita va chuqur ta’sir ko‘rsatgan. Uning zamondoshlari shoirni o‘z asarlari ustida boshqa ijodkorlarga qaraganda yanada puxtaroq ishlaydigan mohir usta sifatida tan olishgan edi. Kolrij o‘zining “Qari dengizchi” (“The Rime of the Ancient Mariner, 1798”), “Kristabel” (“Christabel, 1816”) va “Qubla Xon” (“Kubla Khan, 1816”) kabi nazmiy asarlari bilan shuhrat topdi.

“QUBLA XON” YoXUD “TUShDAGI KEChMIShLAR”

Buyuk Chaqandu elinda Hubiloy,
Barpo etmish muhtasham saroy.
Alp tog‘lari yotar yastanib tengsiz,
Daryo ko‘piradi, toshar tinimsiz.
Bag‘riga olar so‘ng uyquchi dengiz.
O‘n milga yoyilmish tabarruk joylar,
Gir o‘rab minor-u devor atrofin;
Bog‘larda jildirar ilon iz soylar,
Isiriq gullari taratgan bo‘ylar.
Betakror, lek g‘amgin qadimiy o‘rmon,
O‘simlik dunyosin quchar bezabon.
Yam-yashil adirlar, sadr oralab,
Sokinlik, ha, g‘arib sokinlik cho‘kkan.
O, g‘aroyib diyor! Go‘yo jodulanib sen,
Rangpar oy ostida mungli turarsen,
Ayol shayton-jazmaniga na’ra torgan tun.
O‘lkada endi hech to‘polon tinmas,
Go‘yoki yer qa’ri og‘ir hansirar.
Shavqatsiz azoblar ko‘lankasida
Qudratli favvora otilar shu on,
Uzilar umrning temir zanjiri.
Tosh toshga urilib, yanchilar hamon,
Muqaddas suv jo‘shqin toshib, o‘ynab so‘ng,
To‘satdan havoga yo‘llar xarsangtosh.
Besh milni kezadi sarson-sargardon
Vodiy-u o‘rmonni yorib hur daryo,
So‘ng g‘orlar yurtiga yetadi go‘yo,
Suronli, lek jonsiz okeanga tushib.

Qubla tinglar, olislardan kelar vahiy,
Bashoratda boshlanajak urush vahshiy!

Muhtasham, lazzatbag‘sh saroy soyasi –
Jilvakor to‘lqinlar yuzida suzar;
Kuylab hayot allasini tabiat doyasi,
Olis tepaliklar, g‘orlarni kezar.
Tengsiz mo‘jiza bu azim inshoot,
Muz ichra quyoshi porlar toabad!

Nafis ohanglarga chulg‘angan kuylar,
Tushimda tingladim bir bora nogoh:
Ul habash go‘zali ashula so‘ylar,
Qo‘lida asbobni chertib gohi-goh.
Abora tog‘ining bayotin kuylab,
Tushimga kiradi qo‘shiqchi qizlar.

Munis ohangidan, aning sozidan,
Tanam jonlanadi, ruhim bo‘y cho‘zar.
Butkul tamom qilar, meni yer qilar,
Bu xushro‘y malaklar aylab noz-u roz.
Oh, nahot yengildim, men holi abgor!

Baralla yangraydi jarangdor navo,
Men qurgum saroyni osmono‘par xo‘p,
O‘sha muzli g‘orni! Qal’a bahavo!
Toki barcha ko‘rsin, ko‘ra olsin ko‘p!
Qarang! Buni qarang! – deya jar solib.
O, uning ko‘zlari naqadar chaqnoq!
O, mushkul qilmoqlik bu holga toqat!
Vahima ichinda ko‘zlarni yumib,
Asal shudringida to‘yinib faqat,
Simirar jannatning suvin toabad.

Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari