Pol For (1872-1960)
Pol For (Paul Fort, 1872—1960) — frantsuz shoiri, simvolizm vakili. 1972 yil 1 fevralda Reymsla tug‘ilgan. 1890 yili Théâtre d’Art («San’at teatri») tetrini tashkil etgan. 1897—1908 yillar orasida Les ballades françaises («Frantsuz balladalari») nomi bilan bir qancha she’rlarini e’lon qilgan. 1912 yili o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, «Shoirlar shahzodasi» deb e’lon qilingan. For 1960 yil 20 aprelda Monleri shahrida vafot etgan.
QO‘NG‘IZ QO‘ShIG‘I
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Dagober dars tugashin kutar.
Sen-Denini* u barpo etdi. Yoz ta’tilin u yaqinlatdi.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Sharleman dars tugashin kutar.
Rimda unga zafar yor bo‘ldi. Dushmanlari alamdan o‘ldi.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Janna d`Ark so‘ng darsni kutar.
Uni bugun yoqarlar, esiz. Ketdik, bizlar baliq ovlaymiz.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Reshele dars tugashin kutar.
Montobanga** u hujum qilar. Xalq ishtonin kashtanga ilar.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Robesper dars tugashin kutar.
Jallod uni kutar bu palla. Bizlarni ham kutar to‘y, yalla.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Bonapart dars tugashin kutar.
Qarshida qish, Borodino bor. Tanaffusga barcha intizor.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Janob Dyusu dars so‘ngin kutar.
O‘qituvchi – ustoz u, ammo… Yashash – unga jumboq, muammo.
Qo‘ng‘iz viz-viz ucharu ketar. Frantsiya dars so‘ngin kutar.
Bas, dimiqma, tur, ey sen, to‘ng‘iz! Erkin-erkin uchaver, qo‘ng‘iz!
_________
* Sen-Deni – avliyo Denis, Parijning birinchi arxiyepiskopi. VII asrda qirol Dagober unga maqbara qurdirib, bu dargohni frantsuz qirollari mozoriga xizmat qiladigan katolik ruhoniylari jamiyatiga mulk qilib bergan.
** 1621 yilda protestannlarining Montoban qal’asi kardinal Reshele buyrug‘iga ko‘ra qamal qilingan.
Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimasi