Ahmad Nadim Qosimiy (1916-2006)
Ahmad Nadim Qosimiy (احمد ندیم قاسمی) — shoir, adabiy tanqidchi, jurnalist. Ellikdan ziyod badiiy, ilmiy-ommabop kitobi chop etilgan. U yarim asr mobaynida adabiyot jurnalining bosh muharriri vazifasida faoliyat yuritgan. “Yomg‘ir tomchilari” (1944), “Gul yolqini” (1953), “Vafo sahrosi” (1962) kabi kitoblari she’riyat ixlosmandlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
YoMG‘IR
Tun… Qamoqxona tomi ustida
Shaxd bilan halloslab yugurar yomg‘ir.
Bunday qat’iyatda muz tog‘larni u
Parchalab, maydalab tashlashga qodir.
Sirli nafas olar dag‘al to‘siqlar,
G‘ujanak bo‘ladi tosh mag‘lub, karaxt.
O‘tirib bu tiyra qafasda tanho
Xayol surgum: meni topolmas hayot!
Ko‘tarilar hayot ko‘krak qafasi,
Go‘yo kuylayapti, gullagan zulmat.
Temir va xarsang qatlam oralab,
Shoirni surgalar, orzu beminnat.
ZIDDIYaT
Olisdasan! Daryo, tog‘lar ortida –
Mayin ovozingni eshitish dargumon.
Juda ham yaqinsan! Kiprik ostida:
Ko‘zlarimni yumsam – chehrang sho‘x, shodon.
Juda ham olissan, juda ham yaqin,
Aqlim qochib borar o‘ylagan sayin.
ChORLOV
O sen, orzulari yuragida to‘lqin urgan,
Kel, oy, jamolingni gullar ila o‘rayin.
Tumanga ekib tabassum – kunlik mashg‘uloting,
Kel, oy, seni bir ko‘rishga baxsh etay, hayotim.
Sen to‘rt tomonimsan: yerdan ham ko‘kdan marhamat,
Haryoqdan axtardim – yana qaydan kutay himmat.
Go‘zal Begim tarjimasi