Jahon
September 15, 2020

Cheni Ram Gogoch

YaShAYoTGAN ILDIZLAR

Na quvonch, na qayg‘u, na afsus menda,
Na uylar uchraydi, na bir maysazor.
Oxiri ko‘rinmas tomlar ustida
Ko‘kka ucholmaydi, yerga tushmas zor.

Men qoqib tashlagan quruq xas-cho‘plar
Chuqur ildizlarga qoqilib ketar.
Ildizlarni tirnay-tirnay oyoqlar
Qonaydi, qon ildiz tubiga yetar…

MENING QO‘ShIG‘IM

Men shoirman, oddiy va sodda,
Zeriktirar shirin so‘zlar ham.
Shunda sukut saqlar qabrlar
Qayg‘usida, sukunatida
Izlayman o‘zimga o‘zimdek hamdam.

Bu yer menga tanish. Yangi tug‘ilgan
Yoki umri qisqa madhlar, qo‘shiqlar
Men bilan qutlaydi tunni tonggacha,
Hayotning serunum tuproqlarida
Qo‘shiqlar o‘sadi, kengayar ufqlar.

Qachondir uyg‘ondim tunning yonida
So‘zlarni tingladim, nurlar kuy yo‘llar.
Meni kimdir sevdi, kim eshik yopdi,
Kimdir derazani qattiq berkitdi,
Ko‘z yoshimni artdi muloyim qo‘llar…

Qarshimda – dolg‘ali hayot shitobi,
O‘qiyman tugamas hayot kitobi.

Ingliz tilidan Oygul Suyundiqova va Zuhra Asqarova tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari