Jahon
October 3, 2020

Fozil Husni Dog‘larja (1914-2008)

Fozil Husni Dog‘larja (Fazıl Hüsnü Dağlarca) 1914 yilda Istanbulda tug‘ilgan. Kuleli Harbiy litseyini (1933) va harbiy maktabni (1935) bitirgan. Shundan so‘ng Matbuot va Turizm Bosh Boshqarmasida, Mehnat Vazirligi Ish Nazoratchisi bo‘lib Istanbulda ishlagan (1952-60). Nafaqaga chiqqandan keyin Istanbulda «Kitob» nomli nashriyot tashkil qilgan (1959 dekabr), «Turkcha» nomli oynoma chiqargan (43 son, 1960 yil, yanvar-1964 yil, iyul). 1970 yildan e’tiboran nashriyotni yopib, qolgan umrini she’r yozishga bag‘ishlagan.
Ilk she’ri «Istanbul» gazetasida chiqqan. («Sekinlashgan umr», 1933). 1933 yildan e’tiboran she’rlarini ko‘proq «Istanbul», «Borliq», «Madaniyat haftasi», «Yuksal», «Oila», «Inqilobchi yoshlar», «Etti tepa», «Turk tili», «Yangilik», «Vatan», «Madaniyat dunyosi», «Atach», «Chag‘ri», «Turk yurti», «Davrim», «Yo‘l», «Adabiyot dunyosi», «Elkan», «Papiros» kabi jurnallarda chiqartirgan. Birinchi she’riy kitobi Harbiy maktabni bitirgan kuni (1935 yil, 30 avgust) nashrdan chiqqan. Ikkinchi va eng ko‘p rag‘batga sazovor bo‘lgan «Bola va Alloh» (1940) nomli kitobidan so‘ng nomi mashhur bo‘ldi. Shakl va mazmun jihatidan mutanosib bu asari Jumhuriyat davri she’riyatining eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadi.
Ijodining so‘nggi yillarida asosan bolalarga atalgan she’rlar yozdi. «Chakrin dostoni» nomli kitobi bilan 1946 yilda JXP (Jumhuriyat Xalq Partiyasi) she’r musobaqasida uchinchi darajali sovrinni, 1956, 1966 yillarda ham turli mukofotlarni qo‘lga kiritdi. 1967 yili Amerikadagi International Poetry Forum tomonidan «Hayotdagi eng yaxshi turk shoiri» deya e’tirof etildi.
Asarlari: «Havoga chizilgan dunyo» (1935), «Bola va Alloh» (1940), «Yana» (1943), «Tosh davri» (1945), «Ona tuproq» (1950), «G‘arb davri» (1958), «Mavlonoda bo‘lish» (1958), «Jazoir qo‘shiqlari» (frantsuzcha, inglizcha, arabcha tarjimalari bilan), «Chanoqqal’a dostoni» (1965), «To‘rt qanotli qush» (she’rlaridan namunalar), «Tildagi kompyuter» (1992), «Mahzun qo‘zi yig‘isi» (1972), «Er yuzi bolalari» (1974), «Yozuvlarni sevgan ayiq» (1980), «Jin o‘g‘lon» (Nasriddin Afandining bolaligi 1981), «Hind va hindcha» (1981), «Quyosh chiqarguvchi» (1981), «Qochgan ayiqlar o‘lkasida» kabilar.

YuRTIMGA

Sen Turkiyasan, buyuksan, go‘zalsan,
Dalalarday, urush maydonlariday, cheksiz yo‘l.
Kim yurajak? Sen! Kim tutajak? Sen!
Metin oyoqsan, axir, paydor qo‘l!

Sen Turkiyasan, buyuksan, go‘zalsan,
Ammo so‘rilgan, ammo yiqiq, ammo boqimsiz.
Bir sarinlik tegsin ko‘ksinga oydinliklardan,
Ko‘k yuzining butun shamollari kelsin g‘iz-g‘iz!

Sen Turkiyasan, buyuksan, go‘zalsan,
Kut bir yil yana, balki, bir necha yil tag‘in
Ko‘targay o‘g‘illaring seni, baxtli bo‘larsan,
Bugun sen uchun uyalib yurgan o‘g‘lonlaring!

XOTIRJAMLIK

Sen katta bo‘lganingda, jo‘jug‘im,
Yana bahor bezanajak chechaklar bilan.
Shoxlarda ochilgan chechaklar kabi
Yana jo‘juqlar ulg‘ayar ertaklar bilan

Sen katta bo‘lganingda jo‘jig‘im,
Yana uyqular inar hovuzlarning tubiga.
Hovuzlarda g‘oyib bo‘lgan uyqular kabi
Yana jo‘juqlar yo‘l olar maktabiga.

Sen katta bo‘lganingda jo‘jug‘im,
Yana ko‘klardan moviy ko‘lkalar inajar yerga.
Erni nurlantirgan moviy ko‘lkalar kabi
Yana jo‘juqlar kulimsirar askarlarga.

Sen katta bo‘lganingda jo‘jug‘im,
Yana kemalar o‘tar dengizlardan.
Dengizlardan o‘tgan kemalar kabi
Yana jo‘juqlar bo‘lar dilga xotirjamlik bergan.

ShU QO‘LLARMIDI?..

Shu qo‘llarmidi ertaklar orasidan
Tushlarimga uzatilgan shu qo‘llarmidi?
Orzu to‘la, hayot to‘la,
Shu qo‘llarmidi rasmlarni ushlab yotgan?

“Bektosh” larning quvonchli dunyochalari,
Shu qo‘llarmidi dunyochalar kamoli?
Oltin o‘yin kabi esardi kechalari
Oltin sochlar aro bolalik shamoli…

Tuproqlardan uylar qurgan shu qo‘llarmidi
Ki, endi tegmoqda paxsa uylarga?
Tuproqlarini yutib o‘ylamoq na demak
Er haydab dalalarda, ko‘ylarda?

Qishloq tuprog‘ini kavlagan pichoq ila
Surnaychi yasarkan tol novdalaridan,
G‘oyib bo‘ldi, unutildi kaftlarining chizig‘ida
Folchilarning baxt bashorat qilgan belgilari…

Shu qo‘llarmidi so‘ygan moviy bir chumchuqni,
Uch tomchi qon oqizgan? Zafar, qahramonlik!
Yupqa bir ko‘rpaga burkanib
Shu qo‘llarmidi yomon ko‘rib tunni, tilagan omonlik?

Ayrilib sevimli o‘yinchoqlaridan,
Kichkina shishalarni sindirgan
Shu qo‘llarmi hammasidan oldin va hammasidan so‘ng
Bismilloh deb yuzlarga surtilgan?

ISTAK

Bug‘doyim saslanar-saslanar,
Uxlab qopman toshdan battar.
Sen eshitmassan meni,
Ammo tog‘ boshi eshitar.
Uzun tunlar qazman, omochman,
Bug‘doyim saslanar-saslanar.

Chalg‘ilar o‘rishga havaslanar,
Bo‘liq boshoqlar kattaya-kattaya.
Shoshirar ko‘riboq ekinning tovlanishin
Dalamning qushlari ertalab.
Evoh dedim uyqularim o‘chib…
Chalg‘ilar o‘rishga havaslanar.

Inson bug‘doy-la baslanar,
Ammo o‘rtada tovlanish bor…
Na ildiz qaynatar qozonda buvim,
Na o‘g‘lim mashoq terar yonboshda.
Na dard qolar, na-da g‘am-alam.
Inson bug‘doy-la baslanar.

YoLG‘IZLIKDA

Gulim, hayot emas yashamoq
Toq-toq.
Na kechalar bir nimaga o‘xshar, na yo‘llar
Toq-toq.

Qo‘zilar ma’larmi jimjit sahrolarda,
Qushlar ucharmi,
Teraklar chayqalarmi hech
Toq-toq?

Mana ko‘ryapsanki tug‘ilar ohista
Ulg‘ayar,
Ko‘payar yulduzlar
Toq-toq.

Mana, ko‘ryapsanki, sohillarda
Boshlanar moviy rangda
Qoplar safsar dolg‘alar dengizlarni
Toq-toq.

Gulim, bo‘lmas-ku, tog‘lar tog‘,
Suvlar suv,
O‘limlar o‘lim zulmatlarda
Toq-toq.

OG‘IR KASAL

Uflama menga, onajonim, qo‘rqyapman
Duo qila-qila kechalarni.
Kasalman, ammo naqadar go‘zal
Ketishi suzyapganday vujudimning bir yeri.

Nechun bunday o‘rab-chirmashdi ustimga
Qoidali qilibki, meni qattiq o‘ylatar
Oqararkan uzoq shamollar ichida
O‘yinchoqlar kabi shahar?

Ko‘zlarim bintlangan, faqat yuzim-la ko‘ryapman,
Yig‘layapsan nur kabi.
Birga eshityapmiz ohista va tanho
Devordagi rasmlar-la, nasibni.

Onajonim, ulg‘aydim men endi.
Ulg‘aydi ko‘llarda qamish.
Lekin tayoqlangan odam qayerda,
Ukam suv bersin unga, chanqamish.

SIVASLI ChUMOLI

Ko‘hna Qizilirmoq ko‘pira-ko‘pira
Oqar edi,
Bir telegraf simyog‘ochi tubida,
Zamonlar kabi shoshilmay va ko‘piksiz
Ketib borar edi
Sivasli bir chumoli.

Qarshi sohilda esa silliq, yaltiroq
Kishnar edi
Otlar guldur-guldur,
Otlarning qo‘shig‘iga parvo qilmay,
Burilgancha ketib borar edi,
Otlarning masofalarini anglamas.
Dupuri, odimlar dupuri mamnun va baxtiyor
Eshitilar edi,
Qahramon!
Ochlarning hali yurayotgan oyoqlariday aziz
O‘tib borar edi
Er yuzidan.

Bemalol ketishidan malum:
Bilar edi
Tog‘dan, suvdan, o‘tlardan maza qilib o‘tishni,
Boshqa chumolilardan o‘zgan,
Ketib borar edi
Galdagi chumolilarga.

G‘ayrat bilan ishlab, horimay borishda
Boshqa chumolilarga o‘xshar edi
Afrikadagi, Chindagi, Parijdagilarga
Qora tuproqning manglayi ustida, qop-qora,
Yurib borar edi
Yoshmishidagidan ham hur.

Yo‘q edi fikrlardan, davolardvn xabari,
Yuraqolmas edi
Xayoli hech.
Bug‘doy donasi uzra
Yurib borar edi
Sivasli bir chumoli.

DUNYo BO‘YIChA

Bunda, Hindistonda, Afrikada
Har narsa bir-biriga o‘xshaydir.
Bunda, Hindistonda, Afrikada
Bug‘doyni yaxshi ko‘rish o‘sha-o‘sha,
O‘lim haqidagi fikr ham bir.

Qanday gapirilsa gapirilsin,
Tushunilar ko‘zlarimdan so‘ylagani.
Qanday gapirilsa gapirilsin,
Mening eshitganim shamollardir,
Tinglagani.

Biz insonlar ayri-ayri qolganmiz.
Bo‘lgan baxtimizni chizgisi yurtlarning;
Biz inson ayri-ayri qolganmiz –
Ko‘kda qushlarning qardoshligi,
Erda bo‘rilarning.

TO‘RT YaPROQLI GUL

Chiqolmas bolaligidan tashqariga
Hech kimsa.
O‘ynashlarimiz shundaydir
Qora tuproqda minglarcha yil.

Chiqolmas bolaligidan tashqariga
Hech kimsa.
Shundaydir sevishimiz
Gilos daraxtlarini.

Chiqolmas bolaligidan tashqariga
Hech kimsa.
Qardoshligimiz shundadir
Moviy suvlar bilan minglarcha yil.

Chiqolmas bolaligidan tashqariga
Hech kimsa.
Shundandir ishonmasligimiz
Katta-katta bombalarga.

Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi

QARShI

Bu o‘tkinchi dunyoda
Davlatlar menga qarshi
Tog‘larda uyg‘onmisham
Haybatlar menga qarshi
Qalbim ko‘klarga qadar
Zulmatlar ichra bahor
Kecha suvlar maysalar
Otashlar menga qarshi
Ishqimni ozod etdim
Ishqimning misoli yo‘q
Ishqimni hudud degil
Lazzatlar menga qarshi

UZOQDA

Sariq suvga boqmishim
Sariq yaproq sochmishim
Men demam qushlardan so‘r
Yurtdan qayga chiqmishim
Terakning bo‘yi go‘zal
Qizlarning o‘yi go‘zal
Qush bo‘ldi qora tuproq
Avgustday oyi go‘zal

Sevaman qush bo‘lganni
Kechasi tush bo‘lganni
Qo‘lida oyog‘ida
Qo‘shig‘i ish bo‘lganni
Kechalar alla aytar
Kelinlar gulga ketar
Qush-la kelib ochligim
Tashqari yo‘lga ketar

ILK OYDINLIKDA

Oqardimi g‘orlarning ulug‘vorligi
Uyg‘ondimi qurtlar qushlar
Qorong‘ilik quchgan tepalarning ortiga
Yanada olislardan cho‘lpon yulduzi
Ochiqqan uyg‘onganlarning hammasi
Onam xamirini qordimi
Erta sahar edi erta bahor
Tumandan namchil shoxlar g‘uncha ochdimi
Yashab turipti yer yuzi
ko‘k yuzi bilan qo‘llar ham
Yashab turipti shamollar yashilligida qirlar
Bir ishq tufayli
Sas keldimi ohimiz ko‘kka yetdimi

VUJUD

Bu johil ne istar
Yorab o‘ngimdan chiqmish
Bu yomg‘ir ne istar
Derazamdan uzun qish

Bu osmon ne pstar
Qo‘llarimdan har zamon
Bu bola ne istar
Yuziga boqqanim on

Soyamni bermas menga
Bu suvlar ne istar
Hech narsadan darak yo‘q
Bu yo‘llar ne istar

Bunday kelib ketishdan
Bu uylar ne istar
Oqshom tushguncha mendan
Bu vujud ne istar

OG‘IRLIK

Siz ko‘p yasharsiz
Tog‘ nima der
Yulduz nima der qorong‘ulikka
Qush nima der tong otarkan
Agar tushunmasangiz
Tuproqni toshni irmoqlarni
Kechani kunduzni
Fikrlarni
Sevmasangiz
Kulimsirab boqmasangiz
Bulutga dengizga o‘rmonga
Siz juda ko‘p yasharsiz

TUG‘ILISh

Tug‘iladi har kecha
Katta yaproklarning ko‘r uyqusinda
Tug‘ilar bir kuchli sanchiq ichinda dada
Kechaning
Tog‘u toshu
Suvning
O‘t va otash o‘chgan vaqtida
Tug‘ilar Afrika o‘rmonlaridagi
qoratanli
Qop-kora zt ko‘pikday jimirlar
Qop-qora et qimirlar
Qop-qora etlining hovuchlarinda
Qimirlar birdan-bir
Ozodlik!

MENGA KO‘RA

Menga ko‘ra tog‘
Yolg‘izdir
Tog‘ga ko‘ra men
Uyqusiz
Men Tog‘ga
Tog‘ga
Ko‘ra
Telbaman
Tog‘
Menga
Ko‘ra
Och
Tog‘ga ko‘ra men
Cho‘zilolmayman
Balandmasman
Tog‘ menga ko‘ra
Xohlagan yeriga borolmas

YoMG‘IRSIZ QIShLOQ

Ochman qora tuproq tushunasanmi, ochman!
Qora ho‘kiz-la barobar ochman, bu kecha.
Ho‘kiz tushunar, ovutar uni tushuncha,
Men ham tushunaman, tushunaman — ochiqaman.
Ochman, qora tuproq, tushunasanmi, ochman,
Ochlikka chidab bo‘lmas!
Ochofat tog‘larda shimol shamoli uxlar,
Qushlar, baliqlar barcha hayvonlar uxlar.
Tamg‘ali, yog‘li yulduzlar asta so‘narlar,
Cho‘kar qorong‘ilik.
Ochofat tog‘larda shimol shamoli uxlar,
Ochlikda uxlab bo‘lmas.
Ochlik qora dog‘ yuzimizda, ochlik oqdir,
Dalalaru tepaliklar, odamlar ochdir,
Yomg‘ir yog‘mas bo‘ldi, ekinlarki quridi,
Osmon buncha xafa, biz nima qildik, axir?
Ochlik qora dog‘ yuzimizda, ochlik oqdir,
Ochlikda yashab bo‘lmas.

OQ YuRAK

Kuz oqshomlari
Yaproqlar to‘kildi dudoqlariga
To‘lishgan xotinlarning.
Mening anglaganimni
Ular anglay olmas
Kuz oqshomlari
Oz bo‘lar
Toshning tomlarning suvning
Bozorlarning
Tangridan ko‘rgani — oydinlik
Uylardan olisda sarvilar
Qop-qorayib sollanarkan
Negadir hech kimsa so‘ylamas
Kuz oqshomlari
Ketganlar kelmas
Ko‘llarimga birikkan tuproqning sariq kuchi
Sevar
Umid qilar
Kutar tushunaman
Kuz oqshomlari
Tushsa ham ko‘kragiga yaproqlar
To‘lishgan xotinlarning
Kuz oqshomlari
Mening yolg‘izligimni
Tushunmas ular

MARSDAN KELGAN ODAM*

Nahotki
Marsdan kelgan bo‘lsang
Vataningmi o‘sha olis yulduzcha
Vatan bu shunday bir joyki
Sen tug‘ilib o‘sgan go‘sha
Istasang men senga o‘z Vatanimdan
So‘zlay ko‘rgan-bilganimdan to‘g‘ri
Mana bu xasis boy mapa bu ochko‘z kimsa
Bunisi buzuq xotin u yoqda qo‘rqoq o‘g‘ri
Ko‘rib turibsanki ahvolimiz yaxshimas sira
Biz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik XX asrda
Ayt-chi kaysi davr hokimdir sizda
Hey Marslik birodar ko‘p yaqin kelma
Bilmaysanki seni bunda ne kutar
Qanday xavf-xatar saqlar
Bu og‘izlar bu qo‘llar
Gapir Marsda ham bormi urushlar
Tog‘lar bag‘rida yastanganmi vodiylar
Bilasizlarmi
o‘qishni yozishni
sevishni yig‘lashni
Onani olarkan eng so‘nggi manzil
Sizda ham hasrat-la yig‘larmi o‘g‘il
Sizlar ham atom yaratdinglarmi
Oilada qancha farzand tug‘ilar
Ularni boqishga qodirmisizlar
Har bir yurakdagi musiqa hissi
Sukunat ostida to‘lg‘onadimi
Ey marslik birodar buncha yaqin kelma
Ko‘zimdagi ezgulik shu’lasiga ishonma
Balki Iso payg‘ambarni eshitgandirsan
Qonli salbda ko‘kka ko‘tarilgan
Men yomon odamman doimo yolg‘iz
Nam tuproq oldi bag‘riga
otamni
qizimni
Hayot va o‘limning fahmiga yetmoq bo‘lib
Umidsizlik bilan kasal qildim o‘zimni
So‘radim samodan payg‘ambarlardan nechun
Menga sukut bilan javob berdi qora tun
Eringiz g‘amini yumshoqqina o‘rab olgan
Muhit bormi sizlarda ham birodar
Sizlarning urushingiz tugar nima bilan
Sizlar topdingizmi xudoni
Echdingizmi mash’um muammoni
Buncha yaqin kelma marslik birodar
Yaxshisi nima qilaylik ayt shuni
Bo‘lmasa bizni butkul ado qilar
Shubha va yolg‘onlar tutuni
Mening bir yilim to‘rt fasl
Yozim juda ko‘m-ko‘k
qishim juda oppoq
Mudom yolg‘on so‘ylayman ezilib
Ba’zida nimadandir ketaman qo‘rqib
Goh yurakkinam qon bo‘lib
Ozaman aqldan
Umrimning so‘ngigacha yashayman xatolar-la
g‘amlarda
Kuchim ado bo‘lar bir burda non deb
Shaharlarim kengayar havo yetishmas menga
Saxovatim titraydi, shamoldagi yaproqday
Hayotimning daryosi shimiladi qushlarga
Buncha yaqin kelma Marsning o‘g‘loni
Nozik nigohimga ishonma ko‘p ham
Tun zulmati qopladi yer va samoni
Men itday ochman
________
* 1950 yillarda matbuotda qandaydir Marsdan kelgan apparatning yerga yaqinlashgapligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

TO‘XTAGAN SOAT

Qadimdan xotinlar tashirdi
oltin ko‘zalarni boshlarida.

Bu naqadar go‘zaldir
U lazzat u shifo
U ta’sir yo‘q endi

Qadimdan kechalar juda charog‘on edi
Kunduz juda yorug‘ edi
Yo‘q endi vaqtning so‘ngsizligi
Chiroqlar-la xayolni qochirdik

Qadimdan eng buyuk odamlar
Igna uchi bilan bezatardi tog‘larday mozorlarni
Yo‘q endi bizni parishon etar
O‘lmoq sabri

SO‘NGGI BOShOQLAR

Sizlarni eslashni istamam
Tepamizdan o‘tarkan bulutlar
Dengizlar uzra bir oydinlik
Tonglardan uzoq va erta

Sizlarni tushunmoq istamam
Dalalardan oqarkan daralar
Va chirkin tog‘larki samolar
So‘ngsizlikdan bahs etar

Sizlarni yo‘qotmoq istamam
Tumanlar bosarkan uylarni
Nadomat-la oshkor bo‘ladi
Vujudning majhul uyqulari

Tilak Jo‘ra tarjimalari

OG‘IR XASTA

Uflama menga onajonim, qo‘rqyapman,
Duo qilib, qilib kechalari.
Xastaman, ammo shunchalar go‘zal,
Suzib borar vujudimning bir yeri.

Nega bunday yopdilar ustimni,
Muntazamki, menga mahzunlik berar.
Oqararkan, uzoq shamollar ichida,
O‘yinchoqlar kabi bir shahar…

Ko‘zlarim yumiq, yuzim-la ko‘ryapman,
Yig‘layapsan, eslayapman nurni.
Barobar tuymokdamiz sekin, tanho,
Devordagi rasmlar-la taqdirni…

Onajonim, kattaryapman men endi,
Kattarmoqda ko‘lda qamish ham.
Ukam tezroq suv bersin ayting,
Tashna qoldi tayoq otginam…

BOLA, KEChA, OYoQ KIYIMLAR

Kecha bo‘lganda hammadan yashirin,
Bir ishimiz bor edi ajoyibgina.
Oyoq kiyimlarni tizardik ukam bilan,
O‘g‘rilar kabi zinadan enibgina.

Otamniki bir tomon, meniki bir tomon,
Biz esa — ikki bolakay…
Tunning, vaqtning zulmatiga qarshi,
Kurash boshlagandik o‘ylamay…

VUJUD YaRATISh

To‘plansin boshimga tilanchilar,
Bir bo‘lak non lazzatin bahslashaylik.
Mavsum va vaqtning orasida.
Ko‘rlar kabi qorong‘udan qo‘rqmay…
Shu qadar tanho, hamma xotirasida…

Shukr otashlari yonar qarshi tog‘lardan,
To‘ygan cho‘ponlarning odati.
Qushlarning qo‘ngani (esa) yolg‘izlik…
Yo‘qolibdi eslanadigan saodati…
Qalbimiz-chi yanada siniq…

Sihat to‘la hayvonlar xavfsizlik berar,
Darveshu, Abdol hurmatsiz, ochko‘zlar sarbast.
Hulyolarimizda shahzodalar uxlarkan…
Xijolat bo‘lmasdan bahs etsin har kim,
Vujudini yaratish zavqidan…

YaRIM OYDINLIKLARKI SOHIBSIZ…

Yarim oydinliklarki sohibsiz,
Va moviy qushlar tongda tin olmasdan…
Bolam, qo‘shiqlar aytgin ko‘chalarda,
Ovozing go‘zalligi yo‘qolmasdan.

Eshiklar ochilar so‘ngiga qadar,
Qushlar uchar xotiralar ichidan.
Bolam ko‘p-ko‘p ertak eshitgin,
Hanuz ishonganing uchun ham…

Kemalarning eng uzoq qaroqchilari –
Tomosha qil yulduzlar ko‘rinishini…
Bolam, so‘ra nega oqshom bo‘lyapti…
Ayblolmas hech kimsa seni…

Ba’zi sohillarning salqinligi,
Va unutilmagan bir dasta gul…
Bolam, senga yolvoryapman,
Qo‘ling kirlanmasdan duo qil!..

EMIZAR EDI…

Emizar edi, qorong‘ulikda, tanholikda,
Bolalarini jasur hayvon.
Sevgi, lazzat, orzu bilan porlardi,
U oramizda(gi) qolgan…

Bergani davom etadi o‘z-o‘zidan…
Toshlar qadar qiymatli, tuproq qadar rohat,
Yulduzlarning va o‘rmonning ostida xabarsiz,
O‘sayotgan nabotot…
Emizar edi bir saodat oydinligida,
Suvlar vaqtni, daraxt qushlarni…
Jon deb jimgan tog‘lar ustidan,
Osmon esa… Yerni…

DUNYo IChRA

Dunyo ichra turkimizni ayt,
Och o‘zingga oppoq bir yelkan…
Nega hamma go‘zal bo‘lolmas,
Yashamoq buncha go‘zal ekan…

Inson shoxlaru bulutlar-la,
Oydin moviyliqdan o‘tar ekan.
Qanday o‘la oladi axir,
Yashamoq shuncha go‘zal ekan…

O‘TGAN NARSA

Katta yaldizlar ostida mayda dunyomiz,
U kichkinagina bir «xona».
Ifor sochar qir gullari tong oqarmasdan,
Onsiz, uyqusiz,
Ifor sochaverar rayhona…

Qadimda ham shunday mast bo‘lgan hamma,
Bir qarashda hamma «mastona».
Xayol kelar nozli yor tomondan,
Ishqdan mast qushlar suzilar,
Qushlar o‘zgaradi shohona…

Aslida-chi, sezmaydi ko‘ngil,
Go‘yo doim shunday devona.
Ichimizdanu, tashimizdan,
O‘tib borar vaqt,
Zolim, zolimona!..

SUVLAR BIZDAN AQLLI

Suvlar bizdan aklli, oldin ko‘rar oqshomni,
Tushar havodan oldin zulmat sari.
Buyuk ilon kabi o‘rtadan suzar,
Toqqa qochar ekan, tog‘ hayvonlari..

Suvlar bizdan aklli, mamnun bo‘ladi,
Faqat daraxtlardan.
Boshqa insonlardan emas,
Insonlarni olmaydi tan…

Suvlar bizdan aqllidir, uxlamaydi hech,
Ochar moviylikka yirik ko‘zlarini
Va kutarlar o‘lim siri ichida,
O‘z hayotlarining mahsharlarini…

PROKUROR

Prokuror nadir o‘yladingmi,
Tog‘larni tojdor qilgan?
Ular sukut bilmas kecha kunduz,
Ular hayqiradi yuksakda.
O‘tab tog‘lardan yalangoyoq,
Bir ishsiz tursa eshigingda,
Ichingni ezib… yoqib…

Prokuror nadir o‘yladingmi?
Pichokni uchli qilgan, (lekin)
Bir eski intiqom olinmagan —
Kimlarningdir peshona teri,
Kimlar boshiga toj bo‘lmagan…

Prokuror nadir o‘yladingmi
Yozuvlarni suchli qilgani?
Aqlu yurak bilan buyugan,
Kunduzlar kechaga qarshi,
Ammo nedir toshmoq uzradir,
Meni sendan kuchli qilgani!.

JOHID SIDQI MARSIYaSI

Johid Sidqi, men seni qanday xotirlay,
Ming bir on, ming bir yulduz-la yasharkan.
Bilsin yangi avlod, yolg‘izlik bir shisha maydir…
Oqshom oldi haroratsiz zulmat…
Kimdir sekin-sekin icharkan, Johiddir.

Sevsa yo‘ldan o‘tganni, bulutni, qushlarni,
Ayol va erkaklar go‘zal o‘pisharkan…
Ko‘k yuzi, yer yuzi moviylik-la bir.
Nekbinlikdir, ammo shoshmangiz,
Kimning joni siqilarkan, Johiddir.

U yer-baqirsang tovushing chiqmas tashqari,
U yer-jilovingni devlar tishlab ushlarkan.
Devorlar tosh, eshiklar temir,
O‘rgangan narsasi edi yashamoq…
Kim o‘limdan qo‘rqib, unga qocharkan, Johiddir.

Kim o‘limdan qo‘rqib, uni qucharkan, Johiddir…

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari