Jahon
October 4, 2020

Ay Sin (1910-1996)

Taniqli shoir Ay Sin (艾青) (1910 — 1996) XX asrda Xitoy she’riyatining eng yorqin namoyandasidir. U 1929—1932 Frantsiyada ta’lim olgan. 1932 yilda vataniga qaytgach, Shanxayni boshqargan frantsuz ma’muriyati tomonidan «buzg‘unchilik»da aylanib qamoqqa tashlangan. 1935 yilgacha qamoqda saqlangan va ilk she’rini mahbuslikda yozgan Ay Sin uchun bu yillar shoir sifatida shakllanish davri bo‘ldi. 1936 yilda uning ilk she’riy to‘plami «Dayanxe» nashr etilgan. 1937—1945 yillarda kechgan yapon-xitoy urushiga qarshi vatanparvarlik ruhidagi she’rlari uni mamlakatning taniqli shoiriga aylantirdi. Ayni shu davrda uning sermahsul ijodining natijasi sifatida «Quyoshga talpinib», «Shimol», «U ikkinchi marta o‘ldi», «Mash’al», «Zoya», «Tongdan xabar» to‘plamlari nashr etildi.
Ay Sin ijodi she’rdagi ruhiy tovlanishlar jihatdan Giyom Apolliner, Emil Verxarn, Uolt Uitmen, Vl. Mayakovskiy ta’sirida shakllanib, o‘ziga xos erkin she’r shakllari yo‘nalishida rivojlandi.
Ay Sin 1949 yili Mao Zedun rahbarligida amalga oshirilgan inqilobdan so‘ng boshlangan sotsialistik jamiyati qurilishi,er yuzida tinchlik uchun kurash, Sovet Ittifoqi bilan yaqin aloqa o‘rnatish tarafdori sifatida ko‘rindi. Bu davrda u nafaqat shoir, shuningdek adabiyotshunos, she’r nazariyotchisi sifatida ijod qildi. 1957 yili boshlangan madaniy inqilob davrida xunveybinlar tomonidan qattiq siquvga olindi. 1958—1961 yillarda u dastlab Manchjuriyadagi, keyinchalik Sintszyan-Uyg‘ur muxtor rayonidagi mehnat lagerida saqlandi.
1978 yilgacha uning she’rlari biron bir matbuotda chop etilmadi. Faqat 1980 yilda hukumat ijozati bilan uning «Qaytish haqida qo‘shiq» kitobi chop etildi.
Ay Sin o‘z davri va mamlakatining buyuk shoiri edi, aytishlaricha unga hatto she’r yozishni behad sevgan Xitoyning oliy rahbari Mao Zedun ham zimdan hasad ko‘zi bilan boqqan. Yana aytadilarki, vaqt o‘tib ayni shu qahrli hasad shoir ijodiga nisbatan ayovsiz qatag‘onga aylandi (Ma’lumotni Xurshid Davron tayyorladi).

QAMISh SURNAY

Marhum shoir Apoliner xotirasiga

J’avais un mirilition que je n’aurais
pas echanqe contre un baton
be mare’cnal de France (1)

G. Apollinaire (2)

(2)

Rango-rang Ovrupongdan qaytar chog‘imda
Qamish surnay obkeldim
U bilan birga
Buyuk G‘arbni kezdim
O‘z yurtim yanglig‘
Endi esa sening «Alsools(3) ing Shanxay
Mirshabxonasida

Men «jinoyatkor»

Bu yerda
Qamish surnay ham fitnachi sanalar
Men eslayman uni
U samimiyat-la siyratin yodimga tushirar Ovruponing
Janob Apoliner,
Siz faqat poloniy (4) emas
Siz
Tasavvurimda
Bo‘lakma-bo‘lak hikoya qilingan
Monmartr afsonasidirsiz

Uzundan-uzun dilnavoz
Titraguvchi so‘lg‘in so‘liq bo‘yalgan
Haqiq lablaridan Margaritaning
Uchib chiqqan namtuproq rangli afsonadirsiz
Ul Margaritning sinchil nigohidan
Nafrat tupuklari sachrayotgani yo‘k
Qorachig‘lari chekkalarida
Jizg‘anak ochko‘zlik langillar
Hirslimaraz o‘g‘ri Ovruponing ochko‘zligi

Lek
Men dili jon qadar sevarman Ovrupongni
Rembo va Bodler Ovruposini
U yerda
Ochlikdan qakshaganman goh
Qamish surnay dardlarimni kuylab yig‘lagan
Odamlar kulganlar qilmishlarimdan
Chun qilmishlar meniki edi

Odamlar dillarin eshigin ochmaganlar qo‘shiqlarimga
Chun qo‘shiqlar meniki edi
Jin ursin
Sizning qachonlardir kuylangan «Marseleza»ngizni
O‘shadir shahvat botqoqlariga
Uloqtirgan latoyif g‘alaba hosillarini

Bugun
Bastiliyada hibs etilganman
Parijnikida emas

Qamish surnaymas hamdardim
Po‘lat kishanlar jarangi qo‘shiqlarim zarbidan kuchli
Lek ont ichaman — Qamish surnayga
Uqubatlar badnomin olgan
Men xuddi
1798 yil yanglig‘
Go‘sht qovurilayotgan ochunga talpinganday
Ko‘llarimni cho‘zaman

Hali u
Kuylayajak
Uni qatl etgan
unga tosh otgan
Dunyoyi gardunning simtorlarida
Al haq ajal va la’natkor qo‘shiqlarini

Shunda men
Qamish surnayimni baland ko‘tarib
Tuhfa etib dengizga tashlagum
Tashlagum sovg‘a qilib nahr to‘lqinlariga
Vahshiy o‘kirayotgan
Nahr to‘lqinlariga

———————————
1. Mening qamish surnayim bor, uni hatto Farangiston podshosi nishoniga ham alishmas edim.
2. Giyom Apolliner — mashhur frantsuz shoiri
3. «Alsools»— (Alkogollar)—Apolliner kitoblaridan birining nomi.
4. Poloniy — polyak ma’nosida

BAHOR

Mana endi Bahor
Shaftoli gullari ochildi Ajdarho Qudrati ibodatxonasida
Bu tunlarda-da ochilur
Bu qontamg‘a tomchida tomchi tunlarda
Bu tunlar bod bilan g‘uvillagaylar
Bu tunlar tinglashur bevaning faryodlarini
Bu ko‘hna zamin
Yovvoyi maxluqqa o‘xshaydi
Ki so‘rar Inson zotining
Bo‘ysunmas eng o‘jar navqironlari qonin
Shunday o‘tib bitdi anduhuzun kunlar
Qishning qormuz davrlari ham
Bu moviy tamg‘alar moviyrang talosh tamg‘alar
Afsonaviy tunlar qo‘ynida
Sharqona chukursiyoh tunlar qo‘ynida
Portlab ochildilar besanoq gulshodalar yanglig‘
Daryoli Janubning to‘rt yog‘ida bahor
Yasan-tusani saxosi bilan

Odamlar so‘rarlar: U qaydin kelur?
Men ayturman:
Shaharga tutash qishloqdagi
Sag‘anasi ichidan

OXUR

Nechuk qor yog‘adi tag‘in?
Og‘och panjarada ma’yus chumchuqlar
Samoga termilar
Havoniig avzoyi buzilmayapti
Kimdir o‘tayotir otxona yonidan
U yerda yig‘layur ayol

Tun ham sho‘rlab sho‘ri quridi chog‘i
Sharmisor yoshlarning achchiqligidan
Sen yig‘lay olmayajaksan
Qishki murda zamin

Kimdir o‘tayotir otxonaning yonidan
U yerdan yurakni qiymalovchi marsiya eshitilar
Odamlar fohisha xotinni aylashadi fosh
Barmoqlarning telba raqsi-la
So‘kishar u go‘yo go‘ngdan ham beshbattar iflosroq

To‘kib kelmas hech kim qonli suv to‘la tog‘orani
Obkelmaydi hech kim aqalli bir chelak issiq suv
Guvala uyning tirqishiga yel qoqaverar
Yaxsovuq istehzosini

U charchadi u charchadi u charchadi
Vifleemda tashlab ketilgan juvonning
Tushdi boshi og‘och panjaraga
To‘zg‘igan sochilgan sochlari aro
Telbavor charaqlar yal-yal ko‘zlari
Mag‘zidan to po‘sti mehrga shafqatga do‘ngan odamlar
Jirkanib boqishar ayolga

Uning
Aqiq tanida ter toshar dur donalariday
Qo‘rs karnay puflayotgan bod
Nega jim qolding
Quloq tuting qayerdandir pastdan
Nafis gullar ko‘z ochmagan yerda
Tugayotgan ayol qonlari
Oqib ketdi gul yig‘isiday

Ayolning so‘nggi qudratin ichgan
Bu jajji mavjudot
Qo‘lu oyoklarin qimirlatar bir to‘p poxol uzra

Kimdir o‘tayotir otxonaning yonidan
Qiyshiq nazar tashlab
Kimdir o‘tayotir otxonaning yonidan
Burnini jiyirib
Kimdir o‘tayotir otxonaning yonidan
Iblisona qahqaha otib

Tug‘ilmish o‘g‘lon
Titrokqa soluvchi yig‘isi ila
Chala-yarim dunyoni
Kelganidan etadi ogoh

Hushi qaytib rishtani tortdi
Ko‘z ochdi Mariya
Ko‘karib oqargan yuzini o‘girdi go‘dagiga
So‘zlari qo‘shilib yugurdilar
Taxir yoshlar bilan
O‘g‘longinam
Bizni
Quvg‘in qilishar Vifleemdan
Ketamiz darbadarlikning sarob go‘shalarida
Voyaga yetkazurman seni men

Bundan buyon
Qulog‘ingga quy
Sen otxonadansan
Motam va sitam to‘shagida seni
Tuqqan tashlandiq ayolning bolasisan sen
Ulg‘ayishingni kut
Peshonangning yozug‘idir
Yig‘i ila ko‘zyoshi ila
Insonlar yaratgan yovuzlikni yuvmak

So‘ng turdi o‘rnidan aftoda ma’lul
Yo‘rgakdagi bolasin siynasiga bosdi
Va ketdi otxonadan g‘amlarini ergashtirib
Qorgullar to‘zg‘idi
Shalpaygan sochlaridan qo‘rqib
Mariya
Jimgina
Ketdi.

TOShKO‘MIR BILAN SUHBAT

Sen qayda yashaysan
Men yasharman mingga kirgan tog‘lar tiynati aro
Ming asrlik qonlar aro befano baqo
Nechada sening yoshing
Men eng qari tog‘lardan
Va barcha konlardan keksaroq
Qachon topding mangu oromni
O‘rmonlarni ajdarho yamlagan vaqtdan boshlab
Ilk zilzila vasvasi titratganda yer qa’rin
Sirli cho‘ziq g‘azabing-la o‘lgandirsan balki sen
O‘lgan deysanmi? Yo‘q hali tirikman
O‘tinaman menga olov ber

QOR TUShADI ChIN ZAMINIGA

Qor tushadi Chin zaminiga
Qahraton-la yaxlagan Xitoy…
Bod
G‘amgusor kampirday
Chopar izma-iz
Izg‘irinli changalin ochib
Liboslarin yulqir o‘tkinchlarning
Avrab uzoq so‘rar sadaqa
Erdan-da qadimiy kalomlar ila
Qayerdandir o‘rmon tomonida ko‘ringan
Peshonasigacha tushgan papoxi qorga burkangan
Tirikchilik aravasiga ergashib
Qayga ketayapsan Xitoy dehqoni
Men senga aytyapman
Men ham dehqon naslidan
Shuning uchun Sizning
Chuqur kesik ajinlaringiz
Menga azaldan tanish
Chunki men o‘lanlar bosgan dalalarda
Odamlar uqubatlari namoyishi aro
Bir paytlar yashagan edim
Sizdan-da baxtliroq emasman men ham
Vaqtning daryolari girdibodida
Yoturman
Taxirazobli to‘lqinlar
Ko‘p bora aylantirib meni yutganlar
Qirg‘oqqa to‘sh urgan to‘lqiplar qamoqxonalar
Yutganlar qadriabad
Yoshligimning aziz kunlarin
Hayotim
O‘kinchi ila
Hayotingizga monand
Qor tushadi Chin zaminiga
Qahraton-la yaxlagan Xitoy
Qorli yo‘lda bahr yo‘li bo‘ylab
Ohista yo‘nalar kichkinagina kerasin chirog‘i shu’lasi
Omonat qorayaltiroq qayiqda
Shamchiroq miltirar kim axir u boshini egib
Qayiqda o‘ltirgan?
Bu senmisan ayol?
Sochlari kir turmaklanmagan
Javob ber
Shunday tunda-da sen
Ajralding ering himoyasidan
Qo‘rqqaningdan azbaroyijon
miltiq nayzasining zarbini yeding?
O! Bu ayozli tunda
Sanog‘iga yetib bo‘lmas
Begonalashgan uylarda mukka tushgan
Qari onalarimizning
Ular bilmaydilar Erta Charxpalagi
Qayga uloqtirib tashlashini ham…
Alxusus
Chin yo‘llari
O‘nqir-cho‘nqir
Va behad ogir
Qor tushadi Chin zaminiga
Qahraton-la yaxlagan Xitoy
Dalalar maysasi dod o‘rtasiga sanchilgan dorli tun
Bu o‘lkalar chinkiroq olovlar bilan g‘ajilgan
Sanab bo‘lmas
Parrandasi darrandasi tortib olingan
Hosildor bo‘liq dalalari tortib olingan
Hayotning nursiz xilvatlariga ovloqlariga
Quvilgan yershunoslarni
Hosilsiz bepoyon dalalar
Tun xo‘mrayar
Muzlagan qo‘llarini
Iltijo bilan cho‘zib
Go‘yoki shu qorli tun yanglig‘
Haddan uzun Xitoy munglari…
Qor tushadi Chin zaminiga
Qahraton-la yaxlagan Xitoy
Ota diyor!
Loaqal ozgina isitarmikan seni
Chiroq miltiramagan oqshom mahali
Quvvati kam to‘qimish yozmishlarim?
KIYIM YaMAYoTGAN AYoL

Kiyim yamayotgan ayol yo‘lning chekkasida o‘ltirar
O‘tkinchilar o‘tishar yonidan
Chang to‘zonini ko‘tarib
Chang ro‘moliga yopishdi
Chang libosiga yopishdi
Go‘dagi yig‘laydi
Quyosh quritaverar betinim go‘dak ko‘z yoshini
Ayolga esa erish
Zambaraklar o‘ti tak-tugi bilan yoqqan
Uyinigina jimgina eslar
Jimgina birovning kiyimini yamaydi
Go‘dakning ko‘zlari esa mayli
Iltijoli ko‘zlari
Sinchil boqaversin samoga savatdan
Kiyim yamayotgan ayol yo‘lning chekkasida o‘ltirar
Yo‘l tikkasiga cho‘zilar intihosizlikka
Ayol yo‘lchilarning paypog‘ini yamab beradi
Yo‘lchilar ketishur o‘z yo‘llaridan

QUYoSh

Qadimul olis kabrlardan
Zulumot onlaridan
Bani bashar o‘lmakka borayotgan
O‘lkalardan
Shirin uxlayotgan tog‘larni titratib
Misoli dum tepalarda pirillab uchayotgan olovli g‘ildirak

Quyosh menga yetar…
Uning yengib bo‘lmas chukursingar nuri
Nafas baxsh etadi jami jonborga
Raqs baxsh etadi baland daraxtlarning quyuq shoxlariga
Devonavor qo‘shiq baxsh etadi o‘shqiroq daryolar toshqinlariga
Quyosh kelishi bilan menga eshitilur
Qishga o‘xshab zaminda uxlayotgan qurtlar va hasharotlar harakatlari

Maydonlarda insonlarning yangroq suhbatlari
Olis shaharlarning quyoshga xitobnomalari
Elektr po‘lat temir xitobnomalari

Va shunda alanga qo‘llari
Yuragimni yorib tashlaydi
Qiynoq tortgan dilim
Tushib borar bahr qirg‘og‘iga
Va shunda men ishonaman bani basharning uyg‘onishiga
Abduvali Qutbiddin tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari