Oshiq Veysal Shatiro‘g‘li (1894-1973)
Turk xalq shoiri Oshiq Veysal (Âşık Veysel Şatıroğlu) Turkiyaning Sivas viloyatida 1894 yili tug‘ilgan. U ham shoir, ham bahshi, ham sozchi. Onado‘li ishq qo‘shiqlarini yangi usulda ijro etgan. Uning she’r va qo‘shiqlari ma’yus ohangda, tasavvufiy yo‘nalishdadir.
Etti yoshida chechak xastaligidan ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan Veysal sozga mehr qo‘ydi. Esma degan qizga uylangan Veysal undan bir qiz, bir o‘g‘il ko‘rdi. Ammo o‘g‘li 10 kunligidayoq vafot etdi. Qizi esa 2 yil yashadi. Otasi va onasi, bolalaridan ayrilgan Veysal dardli-dardli qo‘shiqlar kuylay boshladi. Uning «Mening sodiq yorim qora tuproqdir», «Do‘stlar meni xotirlasin», «Uzun-qisqa bir yo‘ldaman» she’rlari shu davrda yozilgan.
1931 yili Oshiq Veysal Sivas litseyi o‘qituvchisi Ahmet Kutsi Tejer bilan birgalikda «Xalq shoirlari uyushmasi»ni tuzdi.
1933 yilgacha Oshiq Veysal xalq so‘zi hamda boshqa shoirlarning she’rlarini kuyga solgan bo‘lsa, endi u o‘z she’rlarini kuyga solib, taqdim etdi.
Uning she’rlari «Izohlar» (1944), «Sozimdan saslar» (1950), «Do‘stlar meni xotirlasin» (1970) kitoblarida to‘plandi. Vafotidan so‘ng «Mukammal asarlari to‘plami» (1984) chop etildi.
1973 yilning mart oyida Oshiq Veysal o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sivrialan qishlog‘ida vafot etdi.
UZUN INJA BIR YO‘LDAMAN
Uzun inja bir yo‘ldaman
Ketayapman kunduz-kecha.
Bilmayapman ne holdaman
Ketayapman kunduz-kecha.
Dunyoga kelganim onda,
Yurardim ayni zamonda,
Ikki eshikli xonada,
Ketayapman kunduz-kecha.
Uyquda yana yurarman,
Qolmakka sabab so‘rarman,
Ketgan hammani ko‘rarman,
Ketayapman kunduz-kecha.
Qirq to‘qqiz yil bu yo‘llarda,
Vodiyu, tog‘u cho‘llarda,
Tushganim g‘urbat qo‘llarda,
Ketayapman kunduz-kecha.
Chuqurroq anglab bo‘lguncha,
Uzoq ko‘runur ko‘rguncha,
Bir yo‘l lahza miqdorincha,
Ketayapman kunduz-kecha.
Hayratda Veysal bu hola,
Ba’zan yig‘lab, ba’zan kula,
Etishmak uchun manzila,
Ketayapman kunduz-kecha.
MENING SODIQ YoRIM QORA TUPROQDIR
Do‘st-do‘st deya nechasiga yiqildim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Behuda aylanib, quruq charchadim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Necha go‘zallarga bog‘landim, qoldim,
Na bir vafo ko‘rdim, na foyda topdim,
Nimaki istasam tuproqdan oldim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Nafas olmoq uchun havo keltirdi,
Menga turli-turli meva bitirdi,
Har kun meni tepasida ko‘tardi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Qornin yordim kurak bilan, bel bilan,
Yuzin yirtdim tirnoq bilan, qo‘l bilan,
Yana meni qarshiladi gul bilan,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Unga azob bersam, menga kulardi,
Bunda yolg‘on yo‘qdir, har inson ko‘rdi,
Bitta danak eksam to‘rt bo‘ston berdi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Havoga qarasam havo olaman,
Tuproqqa qarasam duo olaman,
Tuproqdan ayrilsam qayda qolaman,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Tilaging bor esa so‘ra Allohdan,
Olmoq uchun uzoq ketma tuproqdan,
Jo‘mardlik tuproqqa berilmish Haqdan,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Haqiqat izlasang ochiq bir nuqta,
Alloh qulga yaqin, qul ham Allohga,
Haqning sirli hazinasi qora tuproqda,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Barcha ayblarimni tuproq yashirar,
Malham berib, yaralarim tuzatar,
Qo‘lin ochmish yo‘llarimni kuzatar,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Har kim vafot etsa bu sirri mazhar,
Dunyoga qoldirar o‘lmas bir asar,
Kun kelar, Veysalning bag‘riga bosar,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
DO‘STLAR MENI XOTIRLASIN
Men ketarman, nomim qolar,
Do‘stlar meni xotirlasin.
To‘ylar bo‘lar, bayram bo‘lar,
Do‘stlar meni xotirlasin.
Jon qafasda turmas, uchar,
Dunyo kulba, kimlar ko‘char,
Oy aylanar, yillar kechar,
Do‘stlar meni xotirlasin.
Jon badandan ayrilgan choq,
Yonmas o‘tin, yonmas o‘choq,
Salom bo‘lsin quchoq-quchoq,
Do‘stlar meni xotirlasin.
Ne kelsamdi, ne ketardim,
Kundan kunga ortar dardim,
G‘arib qolar daydi gardim,
Do‘stlar meni xotirlasin.
Ochar, so‘lar turli chechak,
Kimlar kulmas, kim kulajak,
Orzu yolg‘on, o‘lim barhaq,
Do‘stlar meni xotirlasin.
Kun ortidan oqshom bo‘lar,
Boq, bu boshga nelar kelar,
Veysal ketar, nomi qolar,
Do‘stlar meni xotirlasin.
Turk tilidan Davronbek Tojialiyev tarjimalari
SANING YO‘LINGDA
Xatar bo‘ldi yoshlik chog‘im
Saning yo‘lingda-yo‘lingda,
So‘ldi chechagim, yaprog‘im
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Man na edim? Man na bo‘ldim?
Goh bo‘shaldim, goho to‘ldim,
Yondim, kuydim, otash bo‘ldim,
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Mana, keldi so‘ng bahorim,
Mani istar sodiq yorim,
Xatar bo‘ldi nomus-orim
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Qo‘lingdan bir boda ichdim,
Turli –turli dardga tushdim,
Jumla borlig‘imdan kechdim
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Dilsiz bo‘ldim: ko‘kalandim,
Yomg‘ir bo‘ldim: safolandim,
Tuproq bo‘ldim: tepalandim,
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Sanga cho‘zilgan qo‘l bo‘ldim,
Goh oqil, goho dol bo‘ldim,
Ojizlikda Veysal bo‘ldim
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
SAN BIR ChEChAK BO‘LSANG…
Har sahar oqarsa, suvga ketarkan
Yor yo‘lingda tuproq bo‘lsam, tuz bo‘lsam!
Boqib to‘rt tarafa sayr etarkan,
Qoraqosh oldida ola ko‘z bo‘lsam.
Nozlana-nozlana chiqarkan yo‘lga,
Necha dilsizlarni keltirar dilga,
Yashilbosh o‘rdakdek suzarkan ko‘lda
Yo bir burgut bo‘lsam, yo bir boz bo‘lsam.
Veysal, o‘rdak bo‘lsin, sen-da ko‘l, yorim,
Basdir, menga karam ayla, kel, yorim,
Lola, sumbul, mor binafsha, gul, yorim,
San bir chechak bo‘lsang, man bir yoz bo‘lsam.
PARVONALAR OVORADIR…
Kelgan yo‘q, ketgan yo‘q, uzoqdir ora,
Ilgaz tog‘i yo‘l bermadi, kecholmam.
Havolanib yo‘ldosh bo‘lsam qushlara,
Qo‘llarim yo‘q, qanotim yo‘q, ucholmam.
Bahor kelib, turnalarga esh bo‘lsam,
Yomg‘ir bo‘lib, ko‘zdan oqqan yosh bo‘lsam,
Ola ko‘zli bir go‘zalga qosh bo‘lsam,
Ul zamonning qiymatini bicholmam.
Bu yil yana Qo‘yqo‘y manga yurt bo‘ldi,
Ilgaz tog‘i oramizda sad bo‘ldi,
Sandan ayrilganim manga dard bo‘ldi,
Dardim sandan boshqasiga ocholmam.
Dard bir yona chekar, savdo bir yona,
Yonmoq uchun ovoradir parvona,
Qayon boqsam, sani ko‘rdim har yona,
Yor Veysaldan, man yorimdan kecholmam.
BO‘LOLMADIM
Saning ishqing-la Majnun
Bo‘lay dedim, bo‘lolmadim.
Man bu ishqda jonu darmon
Bo‘lay, dedim, bo‘lolmadim.
Ishqing mani etdi giryon,
Goh boshyalang, goho hayron,
Jondan sevgan go‘zalimni
Olay, dedim, ololmadim.
Man bir jismu san bir jonsan,
Ham dinimsan, ham imonsan,
Manga mandek yaqin sansan,
Do‘st yo‘lida o‘lolmadim.
Borim-yo‘g‘im bir Veysalim
Etagingda qoldi qo‘lim,
Ey, manim shonli go‘zalim,
Xayolingda qololmadim.
SAN BO‘LMASANG…
San bir ishqsan, man bir Majnun,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
San bir gulsan, man bir bulbul,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
Qalbimda yasharsan har on,
Borim-yo‘g‘im sansan, inon,
Qalbimdagi aziz mehmon,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
G‘aflatda qalbimga kirding,
Turli-turli dardlar berding,
Dunyodan aziz bu dardim!
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
Sansan manim jumla borim,
Yo‘qdir boshqa kasbu korim,
Ham yozimsan, ham bahorim,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
Quvon, Veysal quvon tag‘in,
Jo‘shdi ko‘ngil, yetdi ohing,
Sansan manga mandek yaqin,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
BU MANDAGI IShQ BO‘LMASA…
Go‘zalliging bilinmasdi
Bu mandagi ishq bo‘lmasa,
Aylanajak yerim bo‘lmas,
Ko‘nglimdagi ko‘shk bo‘lmasa.
Ta’rifing sig‘mas qalamga,
Darding darmondir yaramga,
Oting yoyilmas olamga
Oshiqlarda mashq bo‘lmasa.
Kim o‘qirdi, kim yozardi?!
Bu dunyoni kim chizardi?!
Qo‘ying gurd ila kezardi
Fikr boshqa-boshqa bo‘lmasa.
Go‘zal yuzing ko‘rilmasdi,
Ishqing manda tirilmasdi,
Gulga qimmat berilmasdi
Oshiq va ma’shuq bo‘lmasa.
Sandan oldim bu faryodni,
Bu erur dunyoning dodi!
Yoyilmasdi Visol oti,
Ul sanga oshiq bo‘lmasa.
BU KEChA
Bilmam o‘ngimmidi, yo‘qsa tushmidi,
Ko‘nglim orzusini bildi bu kecha,
Soching qilichmidi yo otashmidi?! –
Yuragim ko‘z ila to‘ldi bu kecha.
Bilolmadim kecha ila kunduzni,
Ko‘rolmadim quyosh ila yulduzni,
Mastona ko‘zlari mast etdi bizni,
Aqlimni boshimdan oldi bu kecha.
Oy o‘zina boqqan bila to‘yolmas,
Yulduz-yulduz xollari bor, uyalmas,
Ishq mayidan ichgan oshiqlar o‘lmas,
Bilmam, manga nima bo‘ldi bu kecha?
So‘nmay yonur to‘g‘rilarning chirog‘i,
Yaqin bo‘lur ahliishqning yirog‘i,
Veysal bo‘ldi Veysallarning firog‘i.
Xayoli qarshimga keldi bu kecha.
AGAR KO‘RSAM EDI KO‘Z ILA SANI
San bir jiyron bo‘lsang, man-da bir ovchi,
Ovlasam cho‘llarda soz ila sani.
Bo‘linmas darmoni, yo‘qdir iloji –
Tutsam, yaralasam so‘z ila sani.
Kel, sani sevdigim, go‘zalim, deyin,
Belanma qaroga, ol-alvon kiyin,
Men bir cho‘pon bo‘lay, san manim qo‘yim,
Bog‘lasam oldimda tuz ila sani.
Qo‘yim bo‘lsang, o‘tlatardim yaylovda,
Tillarini yuldirmasdan har yonda,
Baliq bo‘lib suzsang agar daryoda
Ushlardim daryodan tezlikda sani.
Veysal der; oting tushmas tilimdan,
Ayri tushdim, vatanimdan, elimdan,
Qush bo‘lsang-da, qutulmasding qo‘limdan,
Agar ko‘rsam edim ko‘z ila sani.
Xurshid Davron tarjimalari
SODIQ YoRIM
Do‘stim deya nechasiga yolvordim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Behuda talpindim, bekorga hordim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Necha go‘zallarga bog‘landim, chopdim,
Na bir vafo ko‘rdim, na foyda topdim,
Hamma istaganim tuproqdan topdim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Qo‘ylar berdi, qo‘zi berdi, sut berdi,
Emak berdi, yekmak* berdi, et berdi,
Toki go‘rga kirmaguncha qut berdi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Odamdan bu kunga naslim yetkazdi,
Menga turli-turli meva yetkazdi,
Har kun meni yelkasida yurgizdi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Bag‘rin tildim qazma* bilan, bel bilan,
Yuzin tildim tirnoq bilan, qo‘l bilan,
Yana meni qarshiladi gul bilan,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Iskanja qilarkan menga, kulardi,
Bunda yolg‘on yo‘qdir, har kimsa ko‘rdi,
Bitta danak ekdim, to‘rtta bog‘ berdi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Havoga boqqanda havo olaman,
Tuproqqa boqqanda duo olaman,
Tuproqdan ayrilsam qayda qolaman,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Tilaging bor bo‘lsa, u ham Ollohdan,
Olmoq uchun uzoq ketma tuproqdan,
Saxovat tuproqqa berilmish Haqdan,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Haqiqat izlasang, haqiqat Haqda,
Olloh qulga yaqin, qul ham Ollohga,
Haqning sirli xazinasi tuproqda,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Butun qusuringni tuproq berkitar,
Malham bosib, yaralaring tuzatar,
Qo‘lin ochib, yo‘llaringni kuzatar,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Har kimki, bu sirdan bo‘lsa ogoh gar,
Dunyoga qoldirar o‘lmas bir asar,
Bir kun kelib Veysalni bag‘riga bosar,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
___________
* Ekmak – non
* Qazma – cho‘kich
* * *
Sen bir jayron bo‘lsang, men esa ovchi,
Ovlasam cho‘llarda soz bilan seni,
Topilmas chorasi, yo‘qdir iloji,
Otsam, yaralasam so‘z bilan seni.
Nozlanma, sevgilim, go‘zalim, deyin,
Kiymagin qorani, qizillar kiyin.
Men bir cho‘pon bo‘lsam, sen-chi bir qo‘yin*,
To‘ydirsam qo‘limda tuz bilan seni.
Qo‘y bo‘lsayding o‘tlatardim yaylovda,
Yirtqichlarga oldirmasdim men ovda,
Baliq bo‘lsang, suzib yursang gar suvda,
Tushirsam to‘rimga hiz* bilan seni.
Veysal der, ismingni qo‘ysam tilimdan,
Ayri tushdim vatanimdan, elimdan,
Qush bo‘lsang ham qutulmasding qo‘limdan,
Agar ko‘rsam edi ko‘z bilan seni.
___________
* Qo‘yin – qo‘y
* Hiz – tezlik bilan
DO‘STLAR MENI ESLAB TURSIN
Men ketaman, nomim qolar,
Do‘stlar meni eslab tursin.
To‘ylar bo‘lar, bayram kelar,
Do‘stlar meni eslab tursin.
Jon qafasda turmas, uchar,
Dunyo bekat, qo‘nar, ko‘char,
Oy aylanar, yillar kechar,
Do‘stlar meni eslab tursin.
Jon tanadan ayrilar choq,
Tutmas* mo‘ri, yonmas o‘choq,
Salom bo‘lsin quchoq-quchoq,
Do‘stlar meni eslab tursin.
Kelmasaydim, ketmas erdim,
Kundan-kunga ortar dardim,
G‘arib qolar yerim, yurtim,
Do‘stlar meni eslab tursin.
Yashnar, so‘lar turli chechak,
Murod yolg‘on, o‘lim bu — haq,
Kimlar kulgan, kim kulajak,
Do‘stlar meni eslab tursin.
Kun namozgar, oqshom bo‘lar,
Qara, boshga nelar kelar,
Veysal ketar, nomi qolar,
Do‘stlar meni eslab tursin.
___________
* Tutmas – tutamas
GO‘ZALLIGING BIR PULGA QIMMAT
Go‘zalliging bir pulga qimmat,
Gar mendagi ishq bo‘lmasa,
Yashash uchun yer topolmam,
Ko‘nglimdagi ko‘shk bo‘lmasa.
Ta’rifing sig‘mas qalamga,
Darding darmondir yaramga,
Isming yoyilmas olamga,
Oshiqlarda mashq bo‘lmasa.
Kim o‘qirdi, kim yozardi,
Bu tugunni kim cho‘zardi,
Qo‘ylar bo‘ri-la kezardi,
O‘y boshqa-boshqa bo‘lmasa.
Go‘zal yuzing ko‘rilmasdi,
Bu ishq menda tirilmasdi,
Gulga qiymat berilmasdi,
Oshiqu moshiq bo‘lmasa.
Sendan oldim bu faryodni,
Shu ekan dunyoning toti,
Eslanmasdi Veysal oti,
U senga oshiq bo‘lmasa.
YaNA MAKTUB OLDIM…
Yana maktub oldim gul yuzli yordan,
Yo‘llarga termulma, kel, deb yozibdi,
Sivralan ko‘yidan, bizning diyordan,
Tog‘larda binafsha, gul deb yozibdi.
Beserakda qir-adirlar gul taqdi,
Guldadada lola gulxanlar yoqdi,
Qoratoshda qorlar eridi, oqdi,
Oqar ko‘zim yoshi, sel deb yozibdi.
Qolmagin g‘urbatda yaylov zamoni,
Ollohni sevsang gar, yig‘latma meni,
Sog‘inch maktublarim buning nishoni,
Ko‘z yoshim maktubda pul*, deb yozibdi.
Hamon dimog‘imda Sivralan bo‘yi,
Salqindir tog‘lari, sovuqdir suvi,
Yor ro‘mol yubormish, esdalik deya,
Ko‘zing yoshlarini sil*, deb yozibdi.
Veysal, bu g‘urbatlik kor etdi jonga,
Etishtir ko‘chingni ulkan karvonga,
Kun o‘tkazib fursat berma zamonga,
Aslo uzaymasin yo‘l, deb yozibdi.
___________
* Pul – marka
* Sil – art
TURKMIZ, TURKULAR KUYLAYMIZ
Dunyo to‘lsa turku* bilan,
Turkmiz, turkular kuylaymiz,
Yo‘lga chiqdik qo‘rquv bilan,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Turkmiz, turklar yo‘ldoshimiz,
Hisobi yo‘qdir yoshimiz,
Qayda bo‘lsa kurashamiz,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Turklardir bizning otamiz,
Xolis turkmiz, qoni tamiz*.
Qo‘shiq, g‘azaldir xatomiz,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Bayramlarda, dugunlarda*,
Anjuman ham yig‘inlarda,
Siqilganda tang kunlarda,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Yaylovlarda, yotoqlarda,
Xonalarda, o‘toqlarda,
Qo‘ylar kabi o‘tloqlarda,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Suv boshida suvloqlarda,
Turkning sasi quloqlarda,
Beshiklarda, yo‘rgaklarda,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Birgalashib kelin, qizlar,
Hatto quvnashar yulduzlar,
Qo‘shilishib juft-juft sozlar,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
Ingrar Veysal ari kabi,
Bulbullarning zori kabi,
Turnalar qatori kabi,
Turkmiz, turkular kuylaymiz.
___________
* Turku – qo‘shiq
* Tamiz – toza, sof.
* Dugun – to‘y.
UMID YaShAR
Dunyo shirin, kechib bo‘lmas,
Sog‘ ekansan, umid yashar.
Sakson, to‘qson, yuzga to‘lsang,
Yana dilda umid yashar.
Umid Ollohdan uzilmas,
Bu ne hikmat birov bilmas,
Turli azob chekar, kulmas
Yana dilda umid yashar.
Ko‘ngil umidning yo‘ldoshi,
Tinmay kezar tog‘u toshni,
So‘ng nafasda bo‘lsa kishi,
Yana dilda umid yashar.
Yolvor Veysal, kunduz-kecha,
Ollohning amri shundaycha,
Tana tobutga kirguncha,
Yana dilda umid yashar.
SOZIMGA
Men ketsam, ey sozim, sen qol dunyoda,
Yashirin sirlarim oshikor etma,
Lol bo‘lsin tillaring, kuylama aslo,
G‘arib bulbul kabi ohu zor etma.
Yashirin dardlarim bir senga aytdim,
Ovozim ovozing birla sayratdim.
Chaqaloqdek qo‘llarimda yayratdim,
Meni eslab turgin, zinhor unutma.
Bog‘imda tut eding, bilmasding sozni,
Bulbul qo‘narmidi yo ba’zi-ba’zi,
Qaysi qushdan olding sen bu ovozni,
So‘ylagin rostini, kel, inkor etma.
Mening har dardimga sen sherik bo‘lding,
Yig‘lasam yig‘lading, kulsam gar kulding,
Sozim, turnadanmi ovozni olding,
Panja urib nozik torni ingratma.
Oy o‘tar, yil o‘tar, uzaysa ora,
Qora libos kiyib suyan devora,
Bag‘ringda, ko‘ksingda ko‘z ochar yara,
Yor kelmasa yaralaring bog‘latma.
Turkchadan Jumali Shabanov tarjimalari
HAMMAMIZ HAM BIR YuRTNING AVLODLARIMIZ
Nega bu g‘avg‘olar, chirkin tuyushlar,
Hammamiz bir yurtning avlodlarimiz.
Yo‘limizda to‘g‘on bo‘lar bu ishlar,
Hammamiz bir yurtning avlodlarimiz.
Birlashaylik bir bayroqning ostida,
Biz turklarning ikkilik yo‘q zotida.
Yonib yondiraylik ona-Vatanda,
Hammamiz bir xalqning avlodlarimiz.
Nishon olib o‘z tug‘ishgan qardoshing,
O‘zingga tegmasin otgan ul toshing,
Bizga zararlidir behud urishing,
Hammamiz bir xalqning avlodlarimiz.
Har kim ilm daryosida suzganda,
Boqib oyga, chiqib atrof kezganda,
Eh, bizning yo‘llarimiz ozmidi,
Hammamiz bir xalqning avlodlarimiz!
Ilmu shuur daryosida tolaylik,
Atrofga boqib ibrat olaylik.
Birlikda dardlarga darmon bo‘laylik,
Hammamiz bir xalqning avlodlarimiz!
Kitoblar yozilmish nasihat to‘la,
Birlikda kuchlidir yoshlikning qo‘li.
Yoshlarga omonat Otaturk yo‘li,
Hammamiz bir xalqning avlodlarimiz!
So‘ylar Veysal, aytganidan voz kechmas,
Iflos chashmadan hech kim suv ichmas,
Qanoti bo‘lmasa qushlar-da uchmas,
Hammamiz bir yurtning avlodlarimiz!
Turkchadan Tilak Jo‘ra tarjimasi