Artur Rembo (1854-1891)
Artur Rembo (Jean Nicolas Arthur Rimbaud) — jahon adabiyotidagi simvolizm oqimining eng yorqin namoyandalaridan biri. U 1854 yilning 20 oktyabrida Frantsiyaning shimolidagi Ardenler provintsiyasidagi Sharlevil shaharchasida tug‘ilgan.
U hali 16 yoshidayoq oilasidagi kelishmovchiliklar tufayli uyidan qochib, Parijga ketadi. Shu taqlid yana ikki marotaba qochib ketishiga qaramay, parishon va aftoda bir holda uyiga qaytib keladi. Shoir ana shunday alg‘ov-dalg‘ov hayot va ruhiy ziddiyatlar iskanjasida she’rlar yozar, Parijning mashhur kafelarida o‘sha davr san’ati va siyosati haqidagi qizg‘in bahs-munozaralarda ishtirok etardi. Natijada u ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘yadi. Eng oxirgi marta uyidan qochganida, u maktub va she’rlar orqali tanishgan do‘sti Pol Verlenning uyidan qo‘nim topadi.
Ayni shu davrda yozgan she’rlari yetuklik pog‘onasiga ko‘tarilib, jahon adabiyoti durdonalariga aylanadi. Uning ilk she’riy to‘plami 1873 yilda “Jahannamda bir mavsum” (“Une Saison En Enfer”) nomi bilan nashrdan chiqadi. Keyingi “Do‘zaxdagi yoz”, “Ravshanlik” kabi asarlari o‘quvchilar tomonidan zo‘r qiziqish bilan qarshi olinadi. Uning yigirma yoshida yozgan “Sarxush kema” she’ri shoir ijodining gultoji bo‘lib qoldi.
Bu ikki shaxs (Rembo va Verlen) o‘rtasida boshlangan ishqiy mojarolar uzoq davom etib, Pol Verlenning qamoqqa tushishi bilan yakunlanadi. Oldingi bema’ni hayotidan qutilishni istagan Rembo Yevropa bo‘ylab piyoda sayohatga otlanadi. 1976 yil mayida esa u Gollandiya kalonial armiyasiga oddiy askar sifatida yollanib Indoneziyaga boradi, ammo, tez orada qochib, yashirincha vataniga qaytadi.
U 1878 yilda Marseldan Iskandariyaga ketadi, keyinchalik bir muddat Kiprda yashaydi. O‘zi ishlayotgan tashkilot yopilgach, yana sarguzasht izlab Afrikaga yo‘l oladi. 11 yil mobaynida Misr, Habashiston va Yamanda qahva,shirinliklar, teri, qurol-aslaha va odam sotish bilan shug‘ullanadi.
Rembo o‘ng oyog‘idagi og‘riq kuchayib borayotgani tufayli 1891 yilning fevralida Frantsiyaga qaytadi. Bu yerda oyog‘ida xavfli o‘sma borligi aniqlangach, tibbiy muolojadan so‘ng oyog‘idan ajraladi. 1891 yilning 10 noyabrida shifoxonada vafot etadi.
OFELYa
I
Yulduzlari uxlagan, sassiz bir zulmat
To‘lqin uzra Ofelya – ulkan nilufar,
Suzadir yopinchig‘i ko‘pikli hilqat…
Oh, u “ovchi quvurlar” kuyiga oqar!
Ming yildirki, Ofelya hanuz parishon,
Suv yuzida kafan kabi suzib yurar.
Ming yildirki, kecha-kunduz anbarfishon,
Huzunli ertagini yellarga so‘ylar.
Sollona yopinchig‘in suvlarga yoygan,
Ul oppoq siynasidan shamollar o‘pmish.
Elkasiga majnuntol shoxini eggan,
Yig‘lamoqda uyquli taqdirga qamish.
Atrofida g‘amgusor nilufargullar,
“Olxa”ning uyqusin qochirar Ofelya.
Nogahonda nam shohin silkitsa tollar,
Buzilgay yulduzlar kuylagan ariya.
II
Sen, ey so‘lg‘in Ofelya, qor kabi go‘zal!
Suvlarga kelin bo‘lding ko‘hlik chog‘ingda!
Norvegiya cho‘qqisida esgan shamol
Go‘yo achchiq bir hurlikdir dimog‘ingda:
To‘zg‘itmish rangpar quyuq kokillaringni,
Ulg‘ayarding tushlarning yo‘nalishida.
Tinglar eding borliqning qo‘shiqlarini
Og‘ochlar, kechalarning tovlanishida .
Endi telba dengizlarning bo‘g‘iq sasi
Bu shirin go‘dakning ko‘ksiga urilar.
Aprelning tongida, horigan bir otliq
Poyingga tiz cho‘kkancha sassiz o‘tirar.
Samo! Ishq! Hurlik! Bu qanday tush Telba Qiz!
Quyoshning tig‘ida qor kabi eriding.
Qizgina! O‘rgatding ishqni bizga sassiz,
O‘sha moviy ko‘zlaring-la so‘zlar eding.
III
Hazin kuylagay mashshoq: Oydin kechada,
Ofelyaginam, gul-chechaklar to‘plarsan.
Mangu suzaver shunday oq libosingda,
To‘lqinlar tebratgan beshikda uxlarsan.
UNLILAR
“A” – qora, “E” – oq, “I” – qizil, “U” – yashil, “O” – moviy; Unlilar!
Aytadurman bir kuni tug‘ilishingiz haqida
Qorong‘u orollar, qora pashshalarga o‘xshar “A”
Badbo‘y va yoqimsiz hidlar uzra qo‘nib-ucharlar!
Qir chechagi, bug‘, par, chodir kabi oppoqdir “E”lar!
Misoli o‘tkir muz nayzasi, oq otli shahzoda
Qonli “I”, u – qizg‘aldoq, ol dudoq, qirmizi boda
Ayriliqlar, pushmonliklar, g‘azab yonma-yon kelar!
Yashil “U”, atrof-muhit, zangor dengizlar to‘lqini
O‘tloqlarning gurkirashi, ajinlarning bosqini –
Alkimyoning keng manglayga tamg‘a urgan yolqini!
Ilohiy nay – “O”, ajnabiy suhbat, kulgularidur
Malaklarning, ochunlar qa’riga cho‘mgan sukutdur
– Sen ey, OMEGA, “O” – ko‘zingdan taralgan moviy nur!
VOQELIK
Moviy yoz oqshomlarida, beparvo kezarman,
Poyimda g‘ichirlar namxushlik, salqin dalada
boshoqlaridan tutib, poyalarni ezarman,
Yuvib tozalaydi taqir boshimni shabada.
Na bir so‘z, na bir tuyg‘u, adog‘i yo‘q shunday tush
Yuragimda jo‘sh urar bitmas sevgi umidi,
Bariga qo‘l siltab ketarman misoli darvesh
Tabiat qo‘ynida, go‘yo bir malak-la, baxtli.
QIR TANGRISINING BOShI
Ichida o‘pichlar uxlagan
Ko‘rkam chechaklar-la bezanmish,
Yaproqlarni naqshinkor o‘ygan
Javohir sandig‘i – oltin bosh.
O, sadaf tishli Qir Tangrisi
Qirmizi chechaklarni totar!
Og‘zida sharob, qon qutqusi
O‘z kulgusidan chatnab ketar.
Qochar yaproqlar orasidan
Yurakda qahqaha qo‘rqinchi
Bekinarkan o‘z qorasidan
O‘rmonlarning oltin o‘pichi.
SARXUSh KEMA
O‘lik suvlaridan kechayotgandim daryoning,
Boqdim, yetakchilarim arqonimni kesmishlar.
Chirildoq hindular nishonga olmoqlik uchun,
Barchasin olib ola ustunlarga qoqmishlar.
Menga nima, irqlar ahamiyatli emasdi,
Paxta, bug‘doy, Nilerlandiya va Angliyaga.
Kemamda shovqin-suron, tasir-tusirlar tindi,
Olib ketdi meni suv ko‘nglim tusagan yerga.
Dolg‘a tingan mahal, telbadek to‘lqinlar uzra
Chopdim, go‘dak aqli kabi hayratda, o‘tgan qish
Orollarning qora libosin yechgan bir kunda.
Er yuzi hech bundayin alg‘ov-dalg‘ov bo‘lmamish!
Dengizda kuchli hayajonla ochdim ko‘zimni,
O‘lim karvonining to‘foni chiqdi qarshimga
Zamburug‘dan yengil, rosa o‘n kecha, bepisand:
Boqmadim fonarlarning telbavor ko‘zlariga.
Bolalar xushlagan nordon olmalardan totli,
Qarag‘ay kemamga oqizgan yam-yashil suvlar.
Na sharob dog‘i, na bir qusuq, bari yuvildi,
Palubam – temir, rul neki bor vayron sarosar!
O‘sha payt ko‘mildim butkul dengiz girdobiga,
Ichu sirtim sutday oq ko‘pikdan, yulduzlardan
Yorganim ko‘m-ko‘k moviylikning tubi-domiga
Bir o‘lik oqib o‘tar, parishon bu hollardan.
So‘ng birdan moviylikni qoplar shundayin yog‘du
Chaqmoqning chaqinida, taram-taram bir parda,
Ichkilikdan kuchli, musiqadan jarangdor bu
Orzu, achchiq va qizil, ko‘pirar dengizlarda!
Ko‘rdim chaqmoq zarbidan chatnagan osmonlarni,
Girdoblar, quyunlarni mendan so‘rang oqshomni,
Kaptar galasi kabi to‘zg‘igan erta tongni.
Ko‘rdim hatto insonga sirli bo‘lgan bir damni!
Quyoshni ko‘rdim, pastda, qonli bir marosimda,
Yoymish nurlarin uzun, safsar rang laxtalarga.
Eski drama sahnasiga o‘xshar go‘yo, cheksiz,
Hayqirib uzoqlashgan to‘lqinlar, lahzalarga!
Zangor kechani ko‘rdim, yalt-yult yongan qorlarni,
Oppoq o‘pichlar chiqar goh dengizning ko‘ziga.
Ketma-ket uyg‘onardi, fosforlar, moviy, sariq,
Noyob sharbatlar oqar qaytib bot-bot iziga!
Suzgich buqalar kabi qoyalarga shoh urgan
To‘fonlar sudrab yurdi oylab meni har yonga.
Kutmadim Bibi Maryamning qutlug‘ tashrifidan
Quturgan dengizlarning kelishini imonga!
O‘lkalar ko‘rdim antiqa, gulu chechagiga
Ko‘zlar qamashar, yuzi inson ko‘zlari yo‘lbars.
Cheksizlikka cho‘zilgan ulkan kamalaklari
Qoramol suruvi bog‘langan tizginga qiyos!
Botqoqliklar ko‘rdim, bepoyon, viq-viq qaynagan,
Qamishzorda chirigan juda ulkan ajdarho,
Mo‘tadil havoda ham suvlar kamayar birdan,
Cheksizliklar sharillab to‘kilar girdoblarga!
O, kumush quyosh, marjon osmon, sadaf to‘lqinlar,
Jirkanch o‘laksa uyumidan ko‘llar bulg‘anchiq.
Hashoratlar kemirgan, dev ilonlar yiqilar
Egilgan daraxtlardan, qorayib hidi anqib.
Angrayib qolardi bolalar moviy suvlarda
O‘sha oltin, o‘sha kumush baliqlarni ko‘rsa gar.
Yurdim oppoq ko‘piklar uzra uyqularimda,
Goho qanotimda bir behisht shamoli esar.
Ba’zan jonimga tegar, qutubu qit’asi ham,
Dengiz shaloplab qurshar, chayqatar edi bot-bot.
Za’faron chechaklarni to‘shar to‘rt tarafimga,
Tiz cho‘kkan ayol kabi to‘xtab qolardim hayhot!
Chayqalgan bir orol uzra vahshiy kushlarning
Bol rangli ko‘zlari, chug‘urlari, ahlatlari.
Oqshom esa chirigan iplarimdan uyum-uyum
O‘limtalar tushardi uxlab qolgan singari.
Men, u suv o‘tlar o‘sgan ko‘llarda yotgan kema —
Shunday zarbla otildim qush uchmas kenglik tomon.
Qirg‘oq bo‘ylab suzarkan, suvda sarhush jismimga,
Jangchilarning kemasi e’tiborsiz umuman.
Qurshaldim tumanlarga, egasiz va darbadar,
Yorib chiqdim qarshiga qirmizi samo sari
Palubamda shoirga turli maxsus yemaklar:
Quyosh o‘tlari-yu, go‘zallik meduzalari!
Chopdim, tutam-tutam nurlarga o‘ralgan kemam,
Telba kemam, ortda bug‘doyrang dengiz otlari.
Javzoning quyoshida to‘kilardi shovullab,
Jizg‘anak vakuumga ko‘m-ko‘k bir samo qa’ri!
Titrardim uzoqlardan ingroq tovushi kelsa,
To‘lg‘ongan Begemotlar, qo‘rqinchli Girdoblarning
Ammo men, o‘sha moviy dunyolar darbadari,
Avvalgi hislarini sog‘indim Yevropaning!
Yulduz quchgan orollar, qit’alar ko‘rdim jo‘shqin,
Ko‘k toqida kezarsan istagancha, beminnat.
U adoqsiz kechada bekinib uxlaysanmi?
Millionlarcha oltin qush, sen ey, Kelajak Qudrat!
Etar endi shuncha yig‘laganlarim, bas, to‘ydim!
Subhidam, quyosh, oy – bari og‘riq, bo‘sh, tubsiz.
Ishqning iztirobi to‘lmish ichimga, sarhushman,
Yorilsin endi bu kema, olsin meni dengiz!
Ko‘nglim Yevropaning loyqa, sovuq, chuqurlikda
To‘planib qolgan suvida, anqigan, oqshom vaqti
Suvning bo‘yida cho‘kkalagan g‘amgin bir bola
Suzdirar qog‘oz kemasin may kapalagidek.
Men siz bilan sayohat qildim sarmast, to‘lqinlar,
Paxta yukli kemalar ortida kezolmayman.
To‘ydirolmas meni bayroqlaru, yo‘lboshchilar,
Mahkum kemalarining suvida suzolmayman.
JAHANNAMDA BIR MAVSUM
Yanglishmasam, bir paytlar hayotim — oldiga
butun ko‘ngillar dasturxonday ochilgan, yo‘llariga
butun sharoblar to‘kib-sochilgan bir ziyofat edi.
Bir oqshomda Go‘zallikni izza qildim – qayrilib
qaramaydigan bo‘ldi – ayab o‘tirmadim men ham.
Namoyishga chiqdim adolatga qarshi.
Bosh olib qochdim. Ey sehrgarlar, ey, siz baxtsizlik,
ey nafrat, xazinam sizga omonat!
Jazm qildim, so‘ndirdim ichimdagi insoniy hislarning
barchasin. Bir yirtqich hayvon vajohati bilan tashlandim
bo‘g‘moqlik uchun jami shodlikning ustiga.
Jallodlarni chaqirdim, g‘ajiyin deya o‘layotib kundaning
bandlarini. Chaqirdim o‘latlarni bo‘g‘sinlar dedim, qon ichida,
qum ichida meni. Musibatga sig‘indim. Bo‘g‘zimga qadar botdim balchiqqa.
Haqoratning ayozida qurutdim o‘zimni.
Umid qila-qila oxir yengdim telbalikni.
Bahorning menga keltirgan jirkanch bir devona qahqahasidir bu.
Shunday derkan, bir oz avval, shu payt boqdim-ki, qiqirlab kulgim
kelayotgandi, o‘yladim, ehtimol yana boshqatdan orzu qila boshlayman.
Ro‘yo emish, magar-ki, o‘sha kalitning nomi ma’lum bo‘ldi – men tush ko‘rayotgandim.
“Sen yirtqich hayvon bo‘lishing kerak…” Falon-pismadon…
Baqir-chaqir qila boshladi boshimni bu vasvasalar bilan
aylantirgan shayton.
“Ordona qolsin bu nafsing, xudbinliging,
barcha kechirilmas gunohlaring.”
Oh, jonimdan o‘tdi, bolalab ketgan shayton, makkor nazar,
sen uchiga chiqqan pastkashliklarning g‘oya muallifi va
o‘rgatuvchisi, bu ish uchun soliq to‘lamaslik tarafdorisan,
sen uchun qo‘pordim la’nati kundaligimdan bu omadsiz varaqlarni.
Gulbahor Sattorova tarjimalari