O‘zbek
August 21, 2020

Mirmuhsin (1921-2005)

O‘zbek sheriyati va nasrining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri, serbaraka ijodkor Mirmuhsin (Mirsaidov) 1921 yil 3 mayda Toshkentning Qo‘rg‘ontepa mahallasida kulol oilasida dunyoga kelgan. Maktabni bitirib, 1933 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. O‘kishni tugatib (1941), maktab-maorif ishlarida, Respublikadagi yetakchi gazeta va jurnallarda, radioda mas’ul vazifalarda xizmat qildi. Xususan, «Sharq yulduzi» jurnalida yigirma yil, «Mushtum» jurnalida esa qariyb o‘n yil bosh muharrir bo‘lib ishladi.

Adibning ijodi 30-yillardan boshlangan bo‘lib, dastlab «Sheralining mardligi», «Ovchi bolalar» (1936) kabi she’r va hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. Uning 1939 yilda yaratilgan «Kamar» komli dostoni keyinchalik yirik epik janrga o‘tishida ko‘prik rolini o‘ynagan.

Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillarda Mirmuhsin ijodi tobora ko‘pqirrali va serunum bordi. U urush yillarida o‘zbek xalqining mehnat va jang maydonlaridagi qahramonligini tasvirlovchi she’rlar yaratdi. Uning «Er yurak» (1942), «Vatan» (1942) to‘plamlari bu jihatdan xarakterlidir.

Mirmuhsin dostonnavis sifatida ham tanildi. Uning «Usta G‘iyos», «Do‘nan» (1947), «Yashil qishloq», «Qadrdonlar» (1954), «Shiroq» va «Nevara» kabi bir qator dostonlari chop etildi. Bu dostonlarda zamondoshlar obrazi yaratilib, ularga xos mehnatsevarlik, vatanparvarlik za ma’naviy butunlik kabi fazilatlar ulug‘landi. Doston janrida katta tajriba orttirgan shoir 1958 yilda «Ziyod va Adiba» she’riy romanini yaratdi. Xuddi shu davrdan boshlab adib nasriy janrlarga ham moyillik bildiradi. Uning «Dorbozlar» (1956), «Jamila» (1957), «Hikoyalar» (1959), «Qizil durralar» (1961), «Sozanda» (1963) kabi nasriy kitoblari nashr etildi. Uning birin-ketin yaratilgan «Oq marmar» (1958), «Cho‘ri» (1959), «Tungi chaqmoqlar» kabi qissalari esa adibning yetuk shoirgina emas, mohir nosir ham ekanligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, uning arab dunyosiga bag‘ishlangan turkum hikoya va qissalari adibning nasriy iste’dodi katta imkoniyatga ega ekanligidan darak berdi. Mirmuhsin keyinchalik xalqaro mavzuda «Chodrali qissasini ham yaratdi.

Mirmuhsin mohir romannvvis sifatida ham serbaraka ijod qilib keldi. Uning tarixiy mavzuda yaratilgan «Me’mor» (1974), «Temur Malik», «Turon malikasi» (1997) xabi ajoyib epik polotnolari adabiy jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Mirmuhsin zamonaviy mavzularda ham qator romanlar yaratdi. Uning «Umid» (1969), «Chiniqish» (1970), «Degrez o‘g‘li» (1972), «Chotqol yo‘lbarsi», «Ildizlar va yaproqlar», «Ilon o‘chi» (1995) singari romanlari zamon va zamondoshlar hayotidan hikoya qiladi. Ayniqsa, adibning «Umid» romani o‘z davrida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan. Unda yoshlar taqdiri, baxti va fojeasi o‘zining aniq ifodasini topgan.

Xullas, Mirmuhsin shoir, dostonnavis, hikoyanavis, qissanavis, romannavis, bolalar shoiri, jurnalist, adib sifatida uch yuzdan ortiq asarlar muallifidir. Adib qalamiga mansub asarlarning ko‘plari rus, ukrain, qozoq, ingliz, qirg‘iz, arab va boshqa tillarda nashr etilgan. Mirmuhsinning boy va serqirra ijodi el-yurt tomonidan yuksak qadrlangan. U 1974 yilda «Umid» romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ayni chog‘da u Respublika xalq maorifi a’lochisi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1981) hamdir. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998). Yozuvchi 2005 yil Toshkent shahrida vafot etgan.

"Yosh kitobxon" kitoblari