Zebo Mirzo (1964)
Zebo Mirzo 1964 yilning 15 dekabrida Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani Beshterak qishlogʻida tugʻildi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi (1982–1987). Toshkent Davlat sanʼat instituti katta laboranti, oʻqituvchisi (1987–1991), Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Xalq ijodiyoti va madaniy-maʼrifiy ishlar respublika markazi muharriri (1991–1995), “Yozuvchi” nashriyoti boʻlim mudiri (1995–1999), Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” radiokanali katta muharriri (1999–2006) vazifalarida xizmat qildi. 2006 yildan “Oʻzbekiston” telekanali katta muharriri sifatida faoliyat yuritadi.
Zebo Mirzoning “Tun malikasi” nomli ilk sheʼriy toʻplami 1990 yilda nashr etildi. Shundan keyin shoiraning “Ajr” (1997), “Nur kukunlari” (2004), “Ishq” (2012) kabi sheʼriy kitoblari dunyoga keldi.
Zebo Mirzo, shuningdek, “Rangin dunyo”, “Ijod maktabi”, “Ijodxona sirlari”, “Qoʻshiqlarda qolgan umr”, “Siz va Siz uchun” kabi tasviriy sanʼat, madaniyat, adabiyot namoyondalari hayoti va ijodi haqidagi madaniy-maʼrifiy mavzudagi bir qator turkum koʻrsatuvlar muallifi hamdir.