Jahon
October 3, 2020

Yilg‘ay Durdiyev (1934-1997)

Yilg‘ay Durdiyev (Ýylgaý Durdyýew) — Turkmaniston xalq yozuvchisi. 1934 yili Bereket tumanida tug‘ilgan. Turkmaniston davlat universitetini tamomlab, turli yillarda «Adabiyot va san’at» gazetasida, «Sovet adabiyoti» (hozirgi «Qoraqum») jurnalida, Turkmaniston Yozuvchilar uyushmasida, Madaniyat vazirligida ishlagan.

MAKSIM TANKGA

Inson farzandiga qodir tabiat
Barcha boyligini etganda ehson.
Vaxsh bilan siyladi Tursunzodani,
Qorli tog‘lar bo‘ldi Rasulga makon.

Sening chekingda-chi, daryolar, ko‘llar,
Qirg‘og‘idan toshgan to‘lqinlar sasi.
Moviy kengliklardan bag‘riga chorlar
Belorusning mangu yashil archasi.

Bamisli oynadek tiniq ko‘llaring
Uzukka yoqut ko‘z, degan gapga mos.
Sarobga tamshanib chanqoq cho‘llarim
Ko‘llaring suvini qiladi havas.

Senda oq qayinu o‘q o‘tmas o‘rmon,
Menda oppoq yolli sarkash Qoraqum.
Maqsadi bir xalqning yo‘li oq mudom,
Senikidek halol yegan tuz-nonim.

Uch yuzta daryong bor, uch yuz mingta qalb,
Uch yuz ming soz bir davrada bo‘ldi jam.
Beshik-beshik to‘lqinlaring quchoqlab,
Moviy qo‘llaringda sayr etdim men ham.

«Kumush kamar qilib belga bog‘lab ol,
Daryoning birini.» Tutding qo‘shqo‘llab.
Uch yuz ming daryoning shavqi shu zumda
Shoir yuragimga quyuldi guvlab.

Safar xotirasin so‘zlasam kelib
Ona Qoraqumga, ko‘rdim bir holat:
U izhor ayladi lovullab, to‘lib
Senga, qardoshlikka cheksiz muhabbat.

Ochil Tohirov tarjimasi.

"Yosh kitobxon" kitoblari