Rustam Musurmon (1963)
Rustam Musurmon 1963 yilning 26 avgustida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining Yakkatut qishlogʻida tugʻildi.
Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini bitirgach, aspiranturada tahsilni davom ettiradi, universitetda oʻqituvchi (1983–1992), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi adabiyot institutida ilmiy xodim (1993–1995) boʻlib ishladi. 2010–2013 yillarda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining “Nazm va nasr” boʻlimini boshqardi. Hozir Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi lavozimida ishlamoqda.
“Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari, “Oʻzbkiston adabiyoti va sanʼati”, “Vatan”, “Oʻzbekiston tabiati” gazetalarida ketma-ket sheʼriy turkumlari chop etilgach, isteʼdodli shoir sifatida adabiy jamoatchilik nazariga tushdi.
Shoir “Ruhimning tovushi” (1994), “Xirgoyi” (1997) sheʼrlar toʻplami, “Ruh nasibasi” (1997) dostoni, matbuotda chop etilgan sheʼrlarida istiqlolni tarannum etadi, yurtdoshlarimizni ogohlikka chorlaydi.
“Sharq yulduzi” jurnalida (2014) ilk nasriy asari milliy ozodlik harakati mavzuidagi “Muqanna” qissasi chop etildi.
Shoir tarjimon sifatida ham faol ijod qilmoqda. U Oʻzbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynbergning “Chigʻir” (2007), bolalar shoiri Yoqub Xoʻjayevning “Shimollik mehmon” (2005), Kengesboy Karimovning “Ogʻabiy” (2014), Baxtiyor Genjamurodning “Ukuzdaryo bitiklari” (2006), “Madexon soʻzi yoxud Chin ipagidagi bitik” (2006), “Qoraqalpoq” (2006) dostonlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Pablo Neruda, Tadeush Rujevich, Ivan Vazov, Dimitr Metodiyev, Veselin Xanchevlarning ayrim sheʼrlari ham Rustam Musurmon tarjimasida maʼlumdir. Rustam Musurmon “Vatan uchun yashaylik” respublika tanlovi gʻoliblaridan biridir(2014).
Shoir 1999 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.