Jahon
September 22, 2020

Cho Nam-Son (1890-1957)

DENGIZ VA O‘G‘LONLAR

G‘alayonli to‘lqinlarim, to‘fonim-la men
Sindiraman va yiqaman hamma narsani.
Nima menga — tog‘ haybatli yuksak maqbara,
Nima menga — cho‘ng qoyalar metin, nuramas,
Siz bilmaysiz qudratimni, jazavamni, o,
Sindiraman va yiqaman hamma narsani
Tug‘yonlarim, na’ralarim, dag‘dag‘am bilan!

Men junbushga kirganimda qahrimni sochib,
Hech narsadan qo‘rqmagayman, hatto barchani
Qarshisida tiz cho‘ktirgan eng kabir kuch ham
Ro‘paramda uzr so‘rar tushib yuztuban.
Hech kim, hech kim bas kelolmas mening qahrimga,
Mening junbush to‘lqinlarim, na’ralarimga!

To‘lqinlarim shiddatiyu to‘fonlarimdan
Kim bor yana yuragida titroq tuymagan,
Kim bor yana ro‘paramda ta’zim qilmagan?
Siz-chi, shahanshohlar, siz-chi, Napoleon?..
Mahkumdirsiz siz-da menga qulluq qilmoqqa!
Ayting, kim ham haddi sig‘ib tortisha olur
Mening na’ram, dag‘dag‘amning shukuhi bilan!

Mavjlarimning shiddatiyu to‘lqinlarimga
Nigoh tashlab olislardan — tog‘lar qo‘ynida
Yoki toshloq sohillarda — naq kaftcha yerdan
Tirishqoqlik bilan rizqin undira bilgan
Hamda mag‘rur his etuvchi o‘zini shundan,
Kelgin sen ham yaqinimga, qara yaqindan,
To‘lqinlarim junbushiga, tug‘yonlarimga!

Mavjlarimning junbushiyu tug‘yonlarimga
Bas kelolgay yolg‘izgina bir salohiyat,
U ham bo‘lsa xuddi o‘zim kabi turfa xil
Mayda bahsu hamda mayda adovatlardan
Doim baland turolguvchi moviy osmondir,
Chirkin fisqu fujurlardan, fitnadan xoli!
Mavjlarimning junbushiyu g‘alayonimda
Garchi jo‘shar menda jami borliqqa nafrat,
Dunyodagi barcha odamga hatto.
Lekin ular aro borki mudom eng asl,
Qalbi toza, matonatli, yovqur o‘g‘lonlar,
Ular go‘zal qayiqlarga o‘tirib o‘ktam
Otilarlar mening bag‘rimga shodon,
O, kelingiz, quchayin bir, o‘payin sizni!
Havasini qo‘zg‘atmoqda qayiqlaringiz –
Tag‘in sarkash to‘lqinlarim, to‘fonlarimning!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.

"Yosh kitobxon" kitoblari