Jahon
October 3, 2020

Jamol Surayyo (1931-1990)

Shoir va yozuvchi Jamol Surayyo (Cemal Süreya) 1931 yilda Erzinjonda tug‘ilgan. 1990 yilda Istanbulda vafot etgan. Rasmiy hujjatlardagi ism-sharifi Jaloliddin Sabar, biroq asarlarida bu ism-sharifini ishlatmagan. Haydar posho litseyi (1950), Anqara universiteti Moliya fakultetini bitirgan (1954). Moliya Vazirligida nazoratchi bo‘lib ishlagan. 1982 yilda
shu vazifasidan nafaqaga chiqqan. Bu orada 1975-1976 yillari Moliya Tadqiqot Tashkiloti a’zosi, Istanbulda Zarbxona mudiri, 1978 yilda Madaniyat Vazirligi nashrlari Maslahat kengashi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Nafaqaga chiqqach, nashriyotlarda maslahatchi va entsiklopediyalarda muharrir bo‘lib ishladi, tarjimonlik qildi.
Ikkinchi Yangi oqim turk she’riyatining peshqadam shoirlaridan bo‘lgan Jamol Surayyoning «Qo‘shig‘i oq» nomli ilk she’ri «Mulkiya» jurnalida bosilib chiqqan (1953 yil, yanvar). Keyingi she’rlari, tanqidiy maqolalari «Etti tepa», «Shoirlar yaprog‘i», «Evrim», «Yakshanba pochtasi», «Papirus», «Yangi jurnal», «Turkiya yozuvlari» (bu jurnalda qisqa muddat bosh muharrirlik qilgan), «Hurriyat namoyishi», «2000 yilga qarab» jurnallarida e’lon qilingan.
Birinchi kitobi — «Uverjinka» (1958) Yettitepa she’r musobaqasi armug‘oniga, ikkinchi kitobi «Ko‘chmanchilik» (1965) Turk Tili Tashkiloti 1966 yilgi she’r mukofotiga, 1988 yilda esa «Kuz yakuni» va «Issiq nahal» nomli kitoblari Bahchat Najotigul she’r mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ba’zi kitoblari o‘limidan so‘ng nashr ettirilgan.
Asarlari: «Uverjinka» (1958), «Ko‘chmanchi» (1965), «Meni o‘p…» (1973), «Savdo (ishq) so‘zlari» (1984), «Kuz oxiri» (1988), «Issiq nahal» (1988) kabilar.

SURAT

Bekatda uch kishi
Erkak, ayol va bola.
Erkak qo‘li cho‘ntakda,
Ayol bola qo‘lidan tutgan,
Erkak mahzun —
Mahzun qo‘shiqlar misoli mahzun…
Ayol go‘zal —
Go‘zal xotiralar kabi go‘zal…
Bola —
Go‘zal xotiralar kabi mahzun
Mahzun qo‘shiqlar misoli go‘zal…

* * *

O‘layapman, Tangrim…
Nima ham derdim.
Har o‘lim bevaqtdir.
Bilaman, Tangrim…
Ammo, ochig‘i, shu hayot ham,
Yomon emasdi…
Qaytimi kerakmas…

* * *

Hozir derazani ochsamu seni kutsam.
Sen kelsang…
Bo‘ldi-da, endi, kelaqol.
Hech nima so‘ramasang,
Hech nima gapirmasang.
Jim tursam…
Jim tursang…
Jim tursak…

* * *

Hozir, deyman…
Hozir…
Bir dengiz,
Dengizda kema,
Ko‘kda chag‘alay,
Samovarda choy bo‘lsa,
Hamda bir choy uzatadigan…

* * *

Yomg‘ir bo‘lsang minglab tomchilar ichidan seni topardim.
Chunki qo‘rqaman, tuproq olganini qaytib bermagay…

* * *

Umr qisqa,
Qushlar uchmoqda.

* * *

Soat o‘n ikkidan keyin,
Barcha ichimliklar
Sharobdir, inon.

* * *

Kim istamas baxtli bo‘lishni?
Ammo baxtsiz bo‘lishga ham
tayyormisan, men bilan birga!

* * *

Men bilan o‘ynamayapti, deb
yig‘layotgan bolakay.
Shoshma, hali, katta bo‘l oldin,
ko‘rasan shunday o‘yinlar
o‘ynashadiki sen bilan…

* * *

Uyg‘ondim, uyg‘ondim va seni o‘yladim
faqat seni, faqat ko‘zlaringni…

* * *

Ko‘rgan joyingda meni bag‘ringga bos…

* * *

Faqat sen bilan kuchliman,
Sen bo‘lmasang hech nimada ma’ni qolmaydi.
Meni sev!

* * *

Sen tomon sayohat qilmoq istayman.
Bir bilet ber, oyna yonidan emas,
Jonga yaqin joyidan bo‘lsin…

* * *

Qahvaxona oldidan mashinalar o‘tmoqda
va yana bir ot-arava…
Seni o‘ylaganda o‘sha ot ham
chiroyli ko‘rinadi ko‘zga.

* * *

Qushlarday chug‘urlaydi,
Chektirgan azoblaring…

* * *

Bir taqvim va bir shisha aroq yetadi menga.
Taqvim: sen keladigan kunlarni belgilash uchun.
Aroq: kelmagan kunlaringni unutish uchun…

* * *

Ovozingda nima bor bilasanmi?!
Aytolmagan so‘zlaring bordir…
Ovozingda nima bor bilasanmi?
Mudragan turkcha bor…

* * *

Ko‘rdimki kulishingdan go‘zal she’r chiqadi.
Sevdim, tavakkal qildim.

* * *

Bilasan men qayerda bo‘lsam
Yolg‘izlikning poytaxti o‘sha shahardir.

* * *

Tashqarida yomg‘ir,
Yuragimda hasrat,
Xotiramda sen…
Uchovingiz bir onda qanday yog‘yapsiz?!
Tushunmay qoldim…

* * *

Soyamga boq, soyamga
Menga oshiq, devona…

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

GUL

Gulning naq o‘rtasida yig‘layapman,
Har oqshom ko‘cha o‘rtasida o‘lguncha.
Oldimni-yu ortimni bilmayapman,
Yiroqlashib borganini qorong‘ulikda,
Meni oyoqda tutgan ko‘zlaringning…

Qo‘llaringni olib, tongga qadar silayman,
Qo‘llaring oppoq, oppoqedi.
Bu oipoq qo‘llarga qo‘rqib qarayman,
Go‘yo poyezdlar bekatida adashgan,
Yo‘lini yo‘qotgan odam kabiman.

Gulni olib yuzimga suraman,
Bilmam, qanday ko‘chaga tushibdi.
Qulimny, qanotimni sindiraman.
yar halqa qon, bir qiyomat cholg‘u…
Va surnay chalayotgan ilon o‘ynatuvchi…

SIGARANI DENGIZGA OTDIM
Hozir bir kabutarning parvozini bo‘lishyapmiz,
O‘sha mashhur ko‘kning moviyligida…
Uzun sochli va ko‘krakdor xotinlari bilan,
Bir Oq dengiz chiqishi mumkin ichidan,
Olib yorsak agar yuragini shu kabutarning.

Hozir sening yuraging kabutarnikidir,
Qo‘llaringni tutib, yoningda yuriladigan chog‘dasai…
Qaysi bir qo‘lingdan tutay go‘zalim, qaysi?
Bir qo‘lingda bokiralik va sofliging turar,
Bir qo‘lingda porlagan quyosh nuri…
Yana bir qo‘lingda esa ming farsah hurlik…
Ishlayotgan odamlar uchun esa,
Non kesasan yana bir qo‘ling bilan…

Biz avvaldan shunday edik sen bilan,
Bir bulut o‘tsa, uni kuzatardik,
Bir minora go‘zal bo‘lsa, uni,
(Shu yerdagi) yo‘qsil odamni…

Qachonki hurlikning, yarashning, sevgining,
Ishqning dengiziga
Bir sigara otsak,
Tongga qadar yonib turdi…

SIZNING HECh OTANGIZ O‘LDIMI?

Sizning hech otangiz o‘ldimi?
Meniki bir marta o‘ldi, ko‘r bo‘ldim.
Yuvdilar, olib ketdilar,
Otamdan kutmagan edim buni, ko‘r bo‘ldim.

Siz hech hammomga bordingizmi?
Men bordim, lampaning biri so‘ndi,
Ko‘zimning biri so‘ndi, ko‘r bo‘ldim.
Tepada bir parcha samo bor edi,
Shunchalar moviy edi, ko‘r bo‘ldim.

Toshlarga kelsam, hammom toshlariga,
Toshlar yaltiragan oyna kabi edi…
Toshlarda yuzimning yarmini ko‘rdim,
Bir narsaga o‘xshardi, yomon bir narsaga,
Yuzimdan kutmasdim buni, ko‘r bo‘ldim.
Siz hech yuzingiz sovun holda yig‘ladingizmi?…

ARSLON HAYKALLARI

Uzangan qo‘llarni sevaman, qancha kishi,
Silayversa, silayversa, arslonlarni.
Parklardagi yoqimtoy bu arslon haykallari,
Birdaniga qarshilashgan, bu esa go‘zal edi.
Bular ishqimizning arslon haykallari,
Shohona o‘zgargan huzun haykallari.
Men butun huzunlarni boshdan kechirdim,
Bir -bir sinadim butun so‘zlarni.

Yangi so‘zlar topdim seni ko‘rmagan chog‘im,
Yana ko‘k yuzida so‘lib ketajak she’rga.
Qani endi bir chaqir arslon haykallarini,
Tozalangan, yuvilgan, g‘uborsiz arslon haykallari.
Bir sening ko‘zlaring bor ularda, boshqalar yo‘q,
Yo sening boshingni olib ketishingga mas’ulmi,
Modigliani o‘g‘li, modigliani.

Oz narsa emas yoningda bo‘lish, o‘ylayapman,
Ichimda to‘lg‘anayotgan sevinch necha kishiniki…
Bir kiyik o‘zini qorong‘ulikka chizib ketdi.
Qorong‘u qorong‘u-da, lekin yaxshi tanlangan.
Vujuding bo‘ylab kezayotgan bu arslon haykallari,
Ularning yollari yuksak sevgimning yollari…
Uyg‘oq kechamizni to‘ldirmoqda arslon haykadlari…

Eng so‘nggi kunda kelding, tozalading o‘rtalikni,
Ko‘tarding bu muqaddas rizqni tushgan joyidan;
Bularning bari yaxshi, lekin boshqa yonda,
Yurzgim yonmayapti, chunki arslon haykallari,
Yonida esa tentakqon bir it yotar edi.
(Xuddi) adolatxonim ikki kishilik karovatida,
Buzilgan burjua axloqiga o‘rnak bo‘lgani kabi…

BOL ZAMIN

Sen El qatori bir ayolsan,
Tongday oppoq, kiprikli…
Ba’zi daraxtlar bilan qo‘shni,
Ba’zi gullar kabi sevikli…

Faqat shulargina bo‘lsa, qaniydi…
Bir insonga sohib bo‘libsan.
Bir qo‘shiq qilibsan, bir umid…
Bola qadar go‘zal, tiniqsan…

Sochlaring-la barobar derazada,
Seni izlayotganimdan xabarli.
Kemalar, dengiz eskirarkan portda,
Sevgim, yosharishing xatarli…

BOShQA IShQ ShE’RI YoZMASMAN

U edi, bir boqishda tanidim uni,
Qushlar tutumiga o‘xshardi,
Bola tutumiga o‘xshardik…
Uzatdi oy, oydin qorong‘uligimga,
Qayerdan uzatgan bo‘lsa, bo‘yini.

Dunyoning eng go‘zal ayoli edi u,
Sochlarini tarasa, boshdan boshga (Rumeli )
O‘tirsa, ammo hech o‘tirmasdiki…
Otning qoni oqar edi tomirida,
Ko‘p esladim qanday yashaganini.

Eng ko‘p nimasini, dudoqlarini,
Butun eshitganlarga baxshish.
O‘pichlarning turlisidan zavq bilan,
Chegarasiz dengizida choyshabning,
Bir kelib, bir ketar edi dudoqlari.

Oh, endi mening ko‘zlarim,
Bir yig‘iga o‘rganib qolgan.
Bir ayol ko‘ylagi ustimda,
Kunning moviyligi undan,
Tunning xo‘rozi undan…

QARS

Shunchalar go‘zalki, o‘laman endi…
Oppoq, uyqusiz uzoqlikda.
Qars bolalarning ham Qarsi,
O‘liklarni yog‘ayotgan qorda,
Qotgan ko‘zlarimning qorasi.

Sen, mittiginam, yoqimli,
Nima derlar unga bu o‘rtaliqda.
Bo‘yiga turkular o‘raysan,
Go‘yo turkulardan so‘ng,
Xohlasang ko‘k bo‘g‘iladiganday…

Anglaki, har bekatda,
Yo‘q chegarasi ishqning.
O, buyukdan buyuk Rabbim, o‘tinaman,
Ishqimiz kutsin bizni,
O‘zimiz qurgan tuzoqda…

TO‘PPONChA

Sigara chekkanlarga o‘t ochmangiz,
Oilali xotin-la aroq icharkan…
Rozet kabi ko‘ksiga taqib jasoratini.
Men Mitridatdan so‘z ochdim, siz ochmangiz.

Eski bir Usmonli podshosi kabi,
Feodalizmni supurgan mo‘ylovi bilan.
Istanbul, Istanbul uzokda,
Istanbulga o‘t ochmangiz…

Tutaylik, adashib o‘t ochdingiz,
Shakar Ahmad podshoning rasmlarini.
Eski aruzchilar she’rlarini ham,
Men juda sevaman, siz ham sevingiz…


Abdulatif Abdullayev tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari