Jahon
October 3, 2020

Qurbondurdi Zaliliy (1780-1836)

Turkman mumtoz adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan Qurbondurdi Zaliliyning (Gurbandurdy Zelili) axloqiy-didaktik, falsafiy, ishqiy, diniy mavzulardagi she’rlari xalqonaligi, mazmunan teranligi, serma’noligi bilan xuddi Maxtumquli asarlari singari xalq orasida mashhur bo‘lgan. Uning ko‘plab she’rlari nafaqat turkman hofizlari, balki o‘zbek san’atkorlari tomonidan ham qo‘shiq qilib kuylab kelinmoqda.

PARVONA QILMIShDIR MENI

Ko‘rguzub yorim yuzin, devona qilmishdir meni,
Solibon jonimga o‘t, parvona qilmishdir meni,
Sabru qarorim olib, larzona qilmishdir meni,
Barchaga ma’lum etib, vayrona qilmishdir meni.
Jabru zulm o‘qig‘a nishona qilmishdir meni.

Bardosh bermay yig‘layur bu dardga chandon ko‘zlarim,
To‘ldiribdir yer yuzini seli mujgon ko‘zlarim,
Navbahor yanglig‘ to‘kur ashkin farovon ko‘zlarim,
Yig‘lar o‘g‘rin doimo ohista pinhon ko‘zlarim,
Kechalar tong otguncha, giryona qilmishdir meni.

Undan o‘zga bu jahonda zarra yo‘qdur rohatim,
Dardi-hijroni bilan bir yil kechar har soatim,
Hushim oldi, vaslin istab, kezmoq mening odatim,
Zil bo‘lib ishqin yuki, qilmish duto ham qomatim,
Ishqida sarxush etib, hayrona qilmishdir meni.

Ohu afg‘on chekmagimdan alif qaddim egilib,
Qolmadi-ku ko‘zda yoshim, yig‘lamoqdin to‘kilib,
Baland tog‘lardek tumanim, ketmas boshdan yoyilib,
Qolmadi bir zarra hushim, ketdi aqlim sochilib,
Dalli Majnun telbadek mastona qilmishdir meni.

Ey Zaliliy, dilbarim, umrimni barbod ayladi,
Xotirim g‘amnok etib, ko‘nglumni noshod ayladi,
El aro rasvo qilib, ketmas yomon ot ayladi,
Go‘yiyo Shirin kabi ishqinda Farhod ayladi,
Aqlimni olib butkul begona qilmishdir meni.

JAFO MANGA

Do‘stlar-ey, yorim qiladir jabr ila jafo manga,
Bo‘lar ul Majnun kabi oxir vatan sahro manga.

Men kezarman ko‘yinda chun qatra-qatra qon yutib,
Berahm zolim ekanmish, qilmadi parvo manga.

Telbarib bu dasht aro kezarman “sevgilim bor” deb,
Ko‘rmasam bir dam yuzin, zindon erur dunyo manga.

Yurib erdim o‘z hushimda g‘oyat farog‘atlar qilib,
Bilmadim, qaydan yo‘luqdi bu yomon savdo manga.

Shod bo‘lar lutf aylasa, g‘am birla to‘lgan ko‘nglumiz,
Voh, agar qahr aylasa, ashkim bo‘lur daryo manga.

Mohitobon yuzini oz ko‘rguzub qildi sitam,
Husni Yusuf mis(i)llik nozanin zebo manga.

Bo‘yi mushk, anbari xush, la’li xandon, g‘uncha lab,
Tishi dur, tirnoqlari gavhari bayzo manga.

Ajdarhodek sochlari, ul ko‘zlari jallod erur,
Qoshlari yoy, kiprigi o‘q, g‘amzasi nayza manga.

Ey Zaliliy, ishqida jabru sitamdin boshqa bir,
Umrimi sarf ayladim, hech bo‘lmadi foyda manga.

O‘ZGA DAM BO‘LMAS

G‘animat bil sog‘u omon yurganing,
Dam shu damdir, bilgin, o‘zga dam bo‘lmas.
Bekor, yalqovlikda kuning ko‘rganing,
Bu bir xastalikdir, aslo em bo‘lmas.

Bir nechalar yurar kimxob to‘n kiyib,
O‘rtanar nafsi-chun, dunyosi kuyub,
Maqtanurlar elda “so‘fiman” deyib,
Ammo vale ko‘zlarinda nam bo‘lmas.

Hargiz ko‘ngul bermang yolg‘on pirlarga,
Maqtanib, karomat sotsa sizlarga,
Tilanib kezarlar, xordur ko‘zlarga,
Shayton shogirdidan zinhor kam bo‘lmas.

Zaliliy, so‘zlagin harna bilganing,
Tilingda bo‘lmasin g‘iybat-yolg‘oning,
Ulug‘ el nomiga oshiq bo‘lganning
Dunyo uchun yuraginda g‘am bo‘lmas.

Turkman tilidan Sevara Ali tabdili

"Yosh kitobxon" kitoblari