Jahon
October 3, 2020

Kamina (1770-1840)

Turkman mumtoz adabiyoti vakillaridan biri Muhammadvali “Kamina” (Kemine) taxallusli shoirning tug‘ilgan yili aniq ma’lum emas. U taxminan 1770 yillar atrofida Turkmanistonning hozirgi Saraqt tumanida kambag‘al oilasida dunyoga kelgan. Muhammadvali boshlang‘ich ma’lumotni o‘z qishloq maktabida olib, so‘ng Buxoro va Xiva madrasalarida tahsilini davom ettirgan. U turkman mumtoz adabiyotida asosan o‘tkir satirik shoir sifatida nom chiqarish bilan birga, o‘ynoqi, lirik she’rlar muallifi, ma’rifatparvar shoir hamdir.

G‘ARIBLIK

Kunda ming qayg‘u va yuz alam bilan,
Bori dardimdan ham badtar g‘ariblik.
Sarg‘ayib ming so‘ldim qayg‘u-g‘am bilan,
Kelar qiynab, qator-qator g‘ariblik.

Bu foniyning bezagi bor, xarji bor,
Yuragimda modda, jonda oji bor.
Va’dasiz o‘limga ne iloji bor?
Yildan-yilga jondan o‘tar g‘ariblik.

Emasam, ichmasam, kunim ham o‘tmas,
Yostanib yotmoqqa madorim yetmas,
Har kun ming haydasam, boy tomon ketmas,
Qo‘sh bosib, kulbamda yotar g‘ariblik.

Qaratibdir menga paykon-o‘qini,
Belin mahkam bog‘lab, qilar do‘qini,
Qo‘lga olib sopi bilan so‘qini*,
Charchash bilmay, boshdan urar g‘ariblik.

G‘am-g‘ussa yil-yildan jismimni yoqar,
Axir g‘ariblarga kim kulib boqar?
Yugursam, yetdirmas, kurashsam – yiqar,
Bahslashsam, bir zumda yutar g‘ariblik.

Sayr etmadim sahrolarda, cho‘llarda,
Kezolmadim yayrab go‘zal ellarda,
Bulbulman-u sayrolmadim gullarda,
Boshimga ming g‘azab qotar g‘ariblik.

Kamina der, kelar bir kun shum o‘lim,
Kimlarga – to‘y, kimlar uchun bu – zulm.
Dosh ber azoblarga, sabr ayla, ko‘nglim,
Kelibdir, lek bir kun o‘tar g‘ariblik.
_________________
*Sopi -so‘qi-(sheva), o‘g‘irdasta-keli.

Turkmanchadan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari