Jahon
October 4, 2020

Amir Xusrav Dehlaviy (1253-1325)

Xusrav Dehlaviy (ابوالحسن یمین‌الدین خسرو‎) 1253 yilda Hindiston shimoldagi Patyoli shahrida, shahrisabzlik Amir Sayfuddin Muhammad oilasida dunyoga keldn. Asli lochin urug‘idan bo‘lgan bu xonadon mo‘g‘ullar bosqini davrida Hindistonga ko‘chib, shu yerda turg‘un bo‘lib qolgan edi.
Amir Xusravdan buyuk adabiy meros qoldi: besh dostondan iborat «Xamsa», «Duvalroni va Xizrxon», «No‘h sinehr», «To‘g‘liqnoma» asarlari shular jumlasidandir. Uning qalamiga mansub minglab g‘azal va ruboiylar sharq adabiyotining ko‘rki, jahon adabiyoti durdonalari sirasiga kiradi.
Xusrav Dehlaviy 1325 yilda vafot etdi. Oradan qariyb yetti asr o‘tdi. Uning asarlari dunyoga taralib, hamon sevib o‘qilmokda, qabri xalq ziyoratgohidir.

Shayx Sa’diy shoir Xusrav Dehlaviy haqida gapirib: «Xar kimsa u dunyoda bir narsa bilan faxrlanishi kerak. Men ana shu turkning ko‘ksidagi kuyugi bilan faxrlanaman», — degan ekan…

“MATLA’-UL-ANVOR”DAN

Ul hama odobi, go‘zal borligi,
Poyayi avval adabi yorligi.
Ulki jahonida ne barnoyu pir,
Yorsiz hech kimsa yasholmas axir.
Yor etagini chu qo‘yib bo‘lmagay,
Fikru xayoliga to‘yib bo‘lmagay.
Do‘stning shundog‘ini izla tugal,
Ul abadiy dahrda qolsin go‘zal.
Hamdami bo‘lmaski orzu uzoq,
Qora sochi bo‘ldi-ku oxiri oq.
Rangi na o‘zgargusi tushganda tob,
Zud ketur rangi takallufi ob.
Oqligidan diyda erur misli sut,
Surma qaroligi bo‘libdur unut.
Xona asosiki erur g‘ishti xom,
Bir-ikki yomg‘ir-la bo‘lur past tamom.
Kimki haqi suhbati yoron bilur,
Umr alar yo‘liga hadya qilur.
Do‘st dema oniki, ham po‘stligi
Bo‘lmasa lutfu adabi do‘stligi…
Pista erur yori vafodori nek,
Qalbi to‘la ma’ni, labi g‘unchadek.
Ulki chu xurmo esa, do‘st tutma jon,
Mag‘zi burun oni, ichi ustuxon.
Katta-kichik suhbatidan top huzur,
Hamnishining sen-la aqlmand bo‘lur.
Necha temirchi kabi yoqib o‘tun,
To‘ni muattar bo‘yidan inchunon.
Odamiy ezgu ishidan shodlanar,
Xas hama joyda olov ichra yonar…
To senu yuzing ila bo‘lgayla shod,
Chun ketasan, ko‘p na etgayla yod…
Kimki salom desa, senga yor emas,
Har sadaf ichra duri shohbor emas.
Chun ne toparsanki bu dunyoyi tor
Yorki oni ne deyolursanki yor…
Nokas g‘animdan yomon, ey aziz,
O‘z dilida bo‘lmasa rostu g‘aliz…
Yori badfe’l erur badnishon,
Ko‘zing uza qo‘y xoh uni qoshsimon.
Odamilig‘ qilma talab ko‘pu kam,
Senga yaqin ko‘z nuri bo‘lsa ham.
Nafs muvofiq senga ham kam durur,
Ikki qarashli qarodil ham durur.
Ko‘z, umedvorlig‘i mardum – qarog‘,
Nuri qarosi boru zulmatda oq.
Boshu quloqdan na odam odamiy,
Dev erur ul esa el beg‘ami.
Kursiyi taxtdir baquvvat daraxt,
Kunda bo‘lur bo‘lmasidan kursi taxt.
Odamilik odamilikdan butun,
Udki bo‘yi bo‘lmasa, oddiy o‘tun.
Turqi sovuq lutf qilar bo‘lsa yor,
Xush na yoronlar dilin etmog‘i bor.
Beh gado, talx esa gar mezbon,
Uxlasa beh, ko‘r esa gar posbon.
Kaski takalluf ila na do‘st bo‘lar,
Toki tabiati-la na do‘stsevar…
Kimki qorar bo‘lsa suv ichra sharob,
Na mazayi sirkayu, na zavqi ob.
Ko‘zguda aksing ko‘rinsa go‘zal,
Sen kabi yo‘q o‘zga, o‘zingsan o‘shal.
Ul kishini sen sana do‘stqator,
Shodligu g‘amda bo‘lur senga yor.
Shodligu g‘amda senga do‘st, do‘st emas,
Shod na undan bo‘lasan g‘am u bas.
Yori g‘arazgo‘ylari bisyor erur,
Ulki g‘aming cheksa, o‘shal yor erur.
Izzati burgutki shikorchiyi zo‘r,
Yo‘qsa hama qushlari ham donaxo‘r.
Dilki, qovushmas na et ohu zor,
Yon o‘zing, bo‘lmasa dilso‘z yor.
Xotiri beso‘z erur purfig‘on,
Yonguchi inson erur mehribon.
Yor chunon bo‘lki nomingga mos,
Bo‘yi salomat-la salomingga mos.
Tarki jafo aylaki shirin bo‘lar,
Nomingu debochayi tahsin bo‘lar.
Mayli kase qilki safo unda bor,
Ne guli ranginnamo unda bor.
Oyina ul behki temirdan yasar,
Ravshan etar, garchi na bo‘lgusi zar.
Orzu-havaslar-la na bo‘lgilki g‘arq,
Odamini devidan etgil chu farq.
Dahr, qorin to‘qi noning naylagay,
Arpa berib, joningga qasd aylagay.
Ko‘ksinga ekma chu tuxmi g‘urur,
Kechagilar suhbatidan yuz na bur.
Mayl ba hamsuhbati darvesh qil,
O‘zgasidan so‘rab oni besh qil.
Ulki erur naqshi murod qo‘lida,
Istagi bor ersa ilm yo‘lida.
Tashla anga ko‘z murodiki yo‘q,
Har sorig‘a chashmi kushodiki yo‘q.
Ulki alaykum naki degay tamom,
Yaxshisi unga demagum v-as-salom.
Tog‘ki, toshdiru suxan oz qilur,
Desa salom kas, u ham ovoz qilur.
Ulki salomingga na etgay javob,
Yaxshi tosh undan topuvchi savob…
Qochgusi sendan kime ersang gado,
Qo‘li ochig‘ bo‘l, chu qaytgay yano.
Mayli kase qilki vafoying etur,
Jonini qalqoni baloying etur.
Do‘st chunin jon ersaki berguchi,
Do‘stlig‘i joningga jahon berguchi.
Yor jahonda topajaksan base,
Lek vafodor na ko‘rdim kase.
Suhbati u qilki ba sidqu safo,
Tut etagin u esa ahli vafo.

“ShIRIN VA XUSRAV” DOSTONIDAN

Xusrav cho‘ponlar libosini kiygani, yashirincha tog‘ etagiga borgani va Farhod ila munozarada ikki ko‘zini to‘rt qilgani

Uyqudan uyg‘ondi kech uxlab sahar,
Qo‘lida sut to‘la kosa jilvagar.
Uzoq titrab samovot sham’i kuldi,
Tushib kosa qo‘lidan sut to‘kuldi.
Shahanshoh dedi baxtdan shodu mamnun,
Borurman sut arig‘i sori bul kun.
Echib tandan libosi shahriyorlar,
Cho‘ponlikni etibon ixtiyorlar.
So‘rab-so‘rdi u joydan tog‘ma-tog‘ ul,
Sut arig‘iga yetdi ko‘ngli chog‘ ul.
Arig‘ bo‘yin tamosho qildi birdam,
Ko‘rur toshlarni toshlar uzra ko‘rkam.
Ki har naqshi hunar chun naqshi chine,
Nazar tashlardi aytib ofarine.
Chu ul ustodligin ko‘rdiki san’at,
Uni ko‘rmakka shodon etdi rag‘bat.
Bir ul tog‘jussa erdi pahlavone,
Ulug‘lar zabtidan unda nishone.
Qadrli bu vujud tushkun xayole,
To‘lin oyi bo‘lib g‘amdan hilole.
Balo ko‘p joniga yetgandi oni,
Sazovori sanamlik ustuxoni.
Yuzi purxunu boshdan to oyoq xok,
Yiqilgan xunu xoki ichra g‘amnok.
Dediki: “Kimsanu ne qayg‘usozlik?”
Dedi: “Oshiqman, etgum jongudozlik…”
Dedi: “Ne ishqbozlikni nishoni?”
Dedi: “O‘tgay baloda umri oni”.
Dedi: “Bundan ne izlar oshiqi mard?”
Dedi: “Dil bergusidur izlagay dard”.
Dedi: “Dilni nechun tutmaslar o‘zda?”
Dedi: “Bo‘lgay fidoyi jodu ko‘z-da”.
Dediki: “Mazhabi xuboni chunlig‘?”
Dediki: “Ishva, aldovi fusunlig‘”.
Dedi: “O‘zga ne nayranglar solishgay?”
Dediki: “G‘am berishib, jon olishgay”.
Dedi: “Jon achchig‘i hech kam emasdur?”
Dedi: “Shirin g‘ami gar, g‘am emasdur”.
Dedi: “Hajrida qandaysan bu yonda?”
Dedi: “Hajri yuzi g‘am birla qonda”.
Dediki: “Senga sochgaymi gohi nur?”
Dedi: “Ha, lek yiroqdan oy kabidur”.
Dedi: “Oni na ko‘r qolsang tirik to”,
Dedi: “Bundoq yashashdan o‘lmak avlo”.
Dedi: “Gar jonga bor undan ziyone?”
Dedi: “Arzon bo‘lur javri ba jone”.
Dedi: “Undan uzoqlash chekmayin dard”,
Dediki: “Yo‘q sevishda bundayin shart”.
Dedi: “Dunyoyoqar u fitnakordur”,
Dedi: “Ishqning ne bunga ishi bordur?!”
Dedi: “Tokay yegaysan ishqidan g‘am?”
Dediki: “To yashab, o‘lsam keyin ham”.
Dedi: “O‘lsang ani orzusida gar?”
Dedi: “Yo‘qlikda degayman duolar”.
Dedi: “Boshingni kessa gar ba shamshir?”
Dedi: “Anga boqarman past bo‘lib yer”.
Dedi: “Gar to‘ksa xuningni jafosi?”
Dedi: “Ham o‘ldirar meni vafosi”.
Dedi: “Oxir na xunrezlik uvoldir”,
Dedi: “Gar do‘st to‘kkaydur – ul haloldir”.
Dedi: “Gar sen soriga o‘tsa nogoh?”
Dedi: “Mijjam yo‘l supurgay banogoh”.
Dediki: “Gar qo‘yar ko‘zingga poyin?”
Dedi: “ Ko‘zdan etarman jonga joyin”.
Dedi: “Tushingda ko‘rinsa u qomat?”
Dedi: “Uxlab qolarman to qiyomat”.
Dedi: “Kelgaymi uyqung ushbu bobda?”
Dedi: “Ha, okaxoni yo‘q hisobda”.
Dedi: “Tirnoq-la desa tosh qazgil?”
Dedi: “Mijgon-la kovlarman mil-mil”.
Dediki: “Do‘st g‘amida buncha sen xun?”
Dedi: “Jonim yasharman toki ul chun”.
Dediki: “Ishqidan joning haloko”,
Dedi: “Oshiqlara bundan ne parvo?” –
Ki har ne dedi podshohi zamona,
Javobe dedi oshkor oshiqona.
Taajjub qildi shoh bu ustuvordir,
Bu yanglig‘ kuygani-la puxtakordir.
Kishiki ishqi birla mast bo‘lgay,
Agar yuksak na bo‘lgay, past bo‘lgay.
Chu ko‘rdi u vafoni poyi bordir,
Qadam do‘stligida o‘z joyi bordir.
Tilini tutdi ul ko‘p so‘ylamay roz,
Bo‘lak oyinda berdi so‘zga pardoz.
Parishon holatida oni ko‘rdi,
Mizojini uzrlar birla so‘rdi:
“Ki ne yanglig‘, qayoqdan tushdi bu kun,
Dilim kuygay bu holingga seni chun”.
Javobin berdi mardi g‘am sirishti,
Ki: “Bu menga qazoning sarnavishti.
Chu bo‘lsa ilgi taqdirim inongir,
Chiqolmam tashga taqdirdan, Xudo bir.
Berur qismatni barcha elga Rabbim,
Burar yuz qismatidan ayt-chi ul kim?
Ba xoki poylari bo‘lgum havasnok,
To‘karman ko‘z yo‘lidan diydaga xok.
Ko‘zim so‘ziga chun dil moyil o‘lgay,
Baloyi diyda dilga qoyil o‘lgay.
Burun bundan na etdim dodu faryod,
Ki tab’im banda erdi, jonim ozod.
Na bilgayman qayerdan turdi bu dud,
Bu xil kuydirdi joni mehnatolud.
Muborak ro‘yi Shirini shakarbor,
Manga shirin ko‘rindi avvali kor.
Na keldi ko‘nglima ul mohi purnur,
Ki manga ayshi shirinni qilur sho‘r.
Chu dilga ixtiyor berdim baparvoz,
Qo‘limdan chiqdi, qandoq izlayin boz?
Lozim tutmoq vahshiyni batadbir,
Ki kelmas qayta, chun uzganda zanjir.
Qafasdan uchsa qush qoqib qanot zud,
Go‘dak qo‘l ishqalashidan ne bor sud…”
“Bo‘lak narsaga dil qo‘y, ayla ko‘shish,
Xayrdan mehrini etgung faromush.
Batadrij bu xayoling chun bo‘lur kam,
Topib taskin xotiring bo‘lur jam.
Chunon ozod bo‘lursan necha kun xo‘p,
Yodu mehriga payvand bo‘lmayin ko‘p”.
Jahondorga xumori shirkati yor,
Bularni aytdi unga beg‘arazvor.
Chu ravshan qildi oshiqki bu ne so‘z,
Kulib, yig‘lardi daryo yosh to‘kib ko‘z.
Dedi: “Chohdan chiqa olgaysan ul dam,
Tizingdan yo belingdan bo‘lsa pastqam.
Chu qa’ri choh yuz gazdan ziyoda,
Chiqishga kerak arqon yoki xoda.
Zanaxda mengaki ul zulfi mushkin,
Dorkim chohga bo‘lardi, kesdi Shirin.
Nazarda gar ul choh mitti bo‘lgay,
Vale har kimki unga tushsa o‘lgay.
O‘lishga chohga oyog‘im tushib, bas,
Na chiqqayman agarda tortsa ham kas.
Agarchi bo‘lsa shirin joni shirin
Shirinroqmas Shirindan u valekin.
Chu dildan ketsa Shirin, jon ne bo‘lgay,
Chu xasmim xonadur, mehmon na bo‘lgay?
Mani to bor jonim, u deb bo‘larman,
Va gar o‘lsam, xalos et to o‘larman.
Yuzi berarda bo‘lgach yori xudkom ,
Sotar yuz xuni oshiq unga bir jom.
Chu sayyode polaponlarni sotgay,
Siqim o‘tga yuz ul jonlarni sotgay.
Na bo‘lgayman tariqi ishqda ma’zur,
Jonondan jon uchun bo‘lsam chu mahjur.
Mani jonimga qo‘yma, bo‘lsa banding,
Borib Xusravga ayt, bo‘lsa ne panding.
Har ul kaski berar devonaga pand,
Xiradmandlar deyishmas to xiradmand.
Manga yetsa labidan rizq hayotda,
Etarman oqibat bir kun murodga.
Va gar bo‘lmas baxtdan fathi bobe,
Gadoyi murda bil joyim xarobe…”

Forsiydan Olim Bo‘ri tarjimasi

RUBOIYLAR

1

Ey sarvi chaman, jilvagari bo‘ston bo‘l,
Ey bodi sabo, chamanda kez, sayron bo‘l.
Ey gul, sabr aylaki, nargis mastdir,
Gul pardasi ichra bir nafas pinhon bo‘l.

2

Jonona, shu lablaring menga taskindir,
Bir bo‘sa tilarmen, oshig‘ing — miskindir.
Dedingki, bu gapni qo‘y, labimda tuz ko‘p,
Hay, sho‘r demagil, sho‘r deganing — shirindir…

3

Ey ta’mayu hirs agarchi doxil senga,
Tuproq emish oxiri manzil senga…
Tuproqni na’munchalar bezaysen, ey do‘st?
Tuproq bo‘ladir bir kuni hosil senga…

4

Sendin nechakim jabru jafo ko‘rgaymen,
Men barchasiga o‘zni rizo ko‘rgaymen.
Ko‘ngil boricha men seni ko‘rsam deyman,
Nur yetganicha ko‘zimda to, ko‘rgaymen….

5

Kulsang, sanamo, nozli ko‘zing noz etgay,
Gul ikki yuzingda o‘zni og‘oz etgay
Gar g‘uncha labingdin so‘z tilar ersa, sanam,
Gul-gul ochilib, o‘zini pardoz etgay…

6

Dedimki, labingda ko‘p shakarlar bordir.
Dedingki, ko‘zingda ko‘p guharlar bordir.
Dedimki, faqirmen, dedingki, bas qil,
Yuzingdin ayon bo‘ldiki, zarlar bordir…

7

Ishqing meni oshuftai hayron qildi,
Aqlimni olib, besaru somon qildi.
Har nechaki so‘ylasam, g‘amim kam bo‘lmas,
Yuvgan bilan ketmadi bu dog‘, qon qildi…

8

Jonon, ichaver, ayshi mudoming bo‘lsin,
Qonim to‘kaver, bodai joming bo‘lsin.
May senga halol zmish, nigoro, lekin
Mensiz uni ho‘plasang, haroming bo‘lsin.

9

Ey yor, asiru mubtalomen sensiz,
Shu bori jahondin ham judomen sensiz.
Mensiz ne etarsan? — deya bir so‘ramassen,
Qilmasman o‘zimki, voy, netomen sensiz.

10

Jonon, ki jafoying bila gar o‘lgaymen,
Amring va rizoying bila gar o‘lgaymen.
Mehring bila boz o‘zimga jon topgaymen,
Jonim to‘la mehring bila boz bo‘lgaymen.

11

Chun shomi namoz bo‘ldiyu yorim ketdi,
Hijronzada qushmanu bahorim ketdi.
G‘am ichra netayki, dili zorim ketdi,
Tun ichra qolib, sabru qarorim ketdi…

12

Xo‘blar sari boshlagunchi yo‘l — rohimdir,
Jonu dilu ko‘z hamisha badxohimdir.
Yo‘q kimsaki, holimni ko‘rib, o‘rtangay,
O‘rtanguchi bo‘lsa, shu faqat ohimdir…

13

Jonim, sanamo, sidqu vafoyingga fido,
Boshim havasi sajdai poyingga fido.
O‘z hoyu havosi bila yurgay har gul,
Illoki, dilim hoyu havoyingga fido…

14

Yo‘q, ko‘z demang, ul fitnai olamni ko‘ring,
Yo‘q, soch demang, har yonga sochilganni ko‘ring.
Ul damki itob etib, niqobin ochsa,
Voy, qosh demang, ul kamoni Rustamni ko‘ring…

15

La’ling kabi, yor, g‘unchai xandon yo‘q,
Yuzing kabi gul? Chamanda ul chandon yo‘q.
Lab tishlar emish labingni ko‘rgan pista,
Ammo na ilojki, og‘zida dandon yo‘q…

16

Ul sarvki, sayr etarda shod o‘lmishdir,
Dil ergashib unga, nomurod o‘lmishdir.
Ko‘ynigda g‘ubor bo‘lib taralgan jonim
Oxirda shamolu girdibod o‘lmishdir…

17

Bir kecha visoling, sanamim, yor bo‘lgay,
La’ling dag‘i bir mahrami asror o‘lgay.
Ko‘zimni suray deyman oyog‘ingga, vale,
Ko‘zim yoshi birla poying afgor o‘lgay…

18

Hajr ichra mudom munisi yorsen, ey g‘am,
Bas, menga ne g‘amki, g‘amguzorsen, ey g‘am.
Ko‘nglimda makon tutibsen, ey, insof qil,
Har nechaki bor eding va borsen, ey g‘am…

19

Hasratga ko‘milganim muborak bo‘lsin,
Zahmatzada bo‘lganim muborak bo‘lsin.
Bir bora ko‘rolmadim yuzingni, ey yor,
Ko‘yingda shu o‘lganim muborak bo‘lsin…

20

Ayyomu visolu mavsumi dildorlik —
Kechdi bari, qoldi menga shu g‘amxorlik.
Tunlarki sanam vasli-la uyg‘oq erdim,
Tush erdi magar, aslidachi — bedorlik…

21

Dedim, kechasi qoshima kel, kenglik qil,
Dediki, fig‘onu nolani enlik qil.
Dedimki, jafoying bila bir oh urgum.
Dedi: bir emas, menga desa, ellik qil…

22

Ne zar tilanib, siynasi otashdirmiz.
Ne ta’na bila ko‘ngli mushavvashdirmiz.
Bir burda quruq non bila suv, tinch go‘sha.
Yo Rab, bu tiriklik bila biz xushdirmiz…

23

Ey tan, qaro yer maskaning bo‘lgusidir,
Ul chog‘da kafan pirohaning bo‘lgusidir.
Dedingki, keyin uyim qorong‘u go‘rmi?
Shoshilmaki, unda ravshaning bo‘lgusidir.

24

Ayyomi baqoga boq, chunon o‘tgusidir,
So‘ngsiz g‘amu ranj ila ravon o‘tgusidir.
O‘tguvchi biror damga najot yo‘q, umr —
Afsuski, o‘tarda roygon o‘tgusidir.

25

Navruz kechibon, g‘unchaga yuz noz kelgay,
Gul chehrasiga ishvayu pardoz kelgay.
Navro‘z ketarkan — o‘zidin ketgay gul,
Navro‘z kelarkan — o‘ziga boz kelgay…

26

Ko‘ying sari har safar kelarmen, roh yo‘q,
Kuysam dag‘i o‘rtanib, menga ogoh yo‘q.
Vaslingni tilab yiroqda yuz yil yursam,
So‘ng bori unutsam seni? Yo‘q, valloh, yo‘q…

27

Har neki buyursa yor, qilib, ketgaymiz,
Yuz nolai zor qilib, keyin ketgaymiz.
Xush kelmagay hech o‘zgacha xizmat bizga,
Shu jonni nisor qilib, keyin ketgaymiz…

28

Jono, gahi bog‘u bo‘stondir, ko‘rgil.
Vaqti gulu vaqti arg‘uvondir, ko‘rgil.
Gul deb nega sen qo‘ling ocharsan, ey jon,
Qo‘l ochki, qo‘lingda gul hamondir, ko‘rgil.

29

Ma’shuqki labin tilab bu jon ovora,
Vasliga yetolmayin ko‘ngil bechora.
Ko‘rdimki, labi yorilmish erkan, so‘rdim,
Kuldiyu javob ayladi: shakkarxora…

30

Yo‘q yo‘q, nainki din uchun o‘lgaymen,
O‘lsam, o‘sha nozanin uchun o‘lgaymen.
Dedingki, faqirlik bila umring o‘tdi,
Ayb aylama, yor, men chunin o‘lgaymen…

Jamol Kamol tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari