Shayx G‘olib (1757-1799)
XVIII asr turk adabiyotining yirik namoyandalaridan bo‘lgan Mehmed Asad G‘olib – Shayx G‘olib (Şeyh Galip) Istambulda, Yenikapi Mavlaviyxonasiga yaqin uyda tug‘ildi. Uning otasi Mustafo Rashid devonda kotib bo‘lib, davrining taniqli mavlaviylaridan edi. Bo‘lajak shoir ilk saboqni otasidan oladi. Keyinchalik arab va fors tillarini mustaqil o‘rganadi. Tinimsiz mehnat, imlga tirishqoqlik Shayx G‘olibni bir umr tark etmadi. Yoshligidanoq mavlaviy sulukiga kirgan G‘olib Galata mavlaviyxonasi shayxlari Nashod Afandi va Husayn Dadalar qo‘lida tasavvufiy ilmlarni o‘rganadi. Keyinchalik Konya shahriga kelib, mavlaviylikka asos solgan Jaloliddin Rumiy hayoti va ijodini o‘rganadi. J. Rumiyning ijodiy ta’siri Shayx G‘olib she’riyatida yaqqol sezilib turadi. Konyada Rumiy ta’limoti bilan chuqur tanishgach Istambulga qaytgan, G‘olib “chilla o‘tiradi” va so‘ngra mavlaviy “dadalaridan” bo‘ladi. “Chilla o‘tirish” marosimi mavlaviylikda 1000 kun davom etgan. “Chillaga kirgan” G‘olib 18 kun bir hujrada yolg‘izlikda bo‘lgach, uch yil davomida tekkadagi turli xizmatlarni bajarib, o‘z nafsini o‘ldirgan. “Chilla o‘tirish” marosimini muvaffaqiyatli o‘tkazgan G‘olib 1787 yildan tasavvufga oid ilmiy ishlar yoza boshlagani ma’lum. 1791 yilda Galata mavlaviyxonasi shayxi Halil No‘mon Dada Konyadan ruxsat olmay Uskudarda mavlaviyxona ochmoqchi bo‘lgani uchun shayxlik vazifasidan bo‘shatiladi. O‘rniga tayinlangan shayx Abdullab Istambulga kelayotib yo‘lda, Kutahyada vafot qiladi. Natijada yosh bo‘lishiga qaramasdan Galata mavlaviyxonasiga 1791 yil 11 iyunda shayx etib Shayx G‘olib tayinlanadi. Shu vaqtdan shoirning sulton Salim III bilan munosabati yaqinlashib, do‘stlashib ketadi.
O‘zi ham nozikta’b bo‘lgan sulton Salim III Galata mavla-viyxonasiga kelib turar, Shayx G‘olib uyushtirgan zikrlarda ishtirok etardi. Gohida Shayx G‘olibni saroyga chaqirib, uning g‘azallarini tinglar, adabiy suhbatlar qurardi. Shayx G‘olib sultonga qasida yozib, tekkening juda xarobligini aytganda, Salim III bir yilda tekkexonani ta’mir qildirib beradi.
Shayx G‘olib o‘z davrida eng yosh “devon” tuzgan shoirlardan edi. U 24 yoshida “devon” tuzib, 26 yoshida “Husnu Ishq” dostonini yozib tugatadi. Sulton Salim III 3 ming oltin berib Shayx G‘olib “Devon”ini chiroyli bezattiradi. Shayx G‘olibni sulton Salimgina emas, uning singillari Hadicha, Boyxon Sultonlar ham tez-tez hadyalar bilan mukofotlab turgan. Shoir g‘azallarida yuqorida ismlari zikr etilgan nomlarning uchrashi ham bejiz emas. Hatto Shayx G‘olib Boyxon Sultonga pinhona oshiq bo‘lganligi haqida ham mish-mishlar bo‘lgan. Saroyda va el orasida hurmati baland bo‘lgan shoir afsuski hayotdan erta ko‘z yumadi. 1799 yili 42 yoshida Istambulda vafot qiladi. Shayx G‘olib sil kasalligi bilan og‘riganligi haqida ma’lumotlar bor. 1797 yilda Shayx G‘olibning juda qadrdon do‘sti hamda maslakdoshi bo‘lgan Asror Dadaning vafoti ham shoirga og‘ir judolik bo‘lgandi. Shayx G‘olib do‘stiga bag‘ishlab yozgan marsiya turk adabiyotidagi eng go‘zal marsiyalardan. Shu voqeadan so‘ng Shayx G‘olib xastalanib qolgan edi. Shoir Sururiy “Kechdi G‘olib Dada jondin yohu” deya shoir o‘limi munosabati bilan tarix yozgandi.
Shayx G‘olib shoir sifatida ijodini juda erta boshlagan. 1781 yil “devon” tuzgan bo‘lsa, keyinchalik devonni yangi she’rlari bilan kengaytirgan. Bugungi kunda bu devonlarning 20 nusxasi topilgan. Devonda 26 ta qasida (qasidalar sulton Salim III, Boyxon Sulton, Shayxulislom Sharif va boshqa o‘sha davrning taniqli shaxslariga bag‘ishlangan) turk tilida yozilgan 331 ta g‘azal, fors tilida 36 ta g‘azal, 2 ta mustahzod, 4 ta tarkiband, 9 ta tarjiband, 7 ta musaddas, 4 ta muxammas, 17 ta taxmis, 68 ta tarix, 11 ta sharqiy hamda masnaviy, qit’a, ruboiylar bor. Ko‘rinib turibdiki, Shayx G‘olib o‘rta asr turk she’riyatida ma’lum bo‘lgan deyarli barcha janrlarda ijod qilgan. Shayx G‘olib o‘zidan avval o‘tgan salaflaridan, ayniqsa, Jaloliddin Rumiy, Fuzuliy, Boqiy, Noiliy, Nabiy, Ahmad Nodim kabi shoirlarga ergashgan. Sharq adabiyotini yaxshi bilgan Shayx G‘olib turk adabiyotida “hind tarzi” deb nomlangan “xayollar va majozlarga keng o‘rin berilgan” she’riy yo‘lning yorqin vakilidir. Uning boburiylar davri Hindistondagi she’riyatni yaxshi o‘rganganligi haqida ma’lumotlar bor. Shayx G‘olib “hind tarzi” yo‘lida yozilgan har bir misradagi ma’lum bir majoz yoki timsol boshqa bir mazmun tashishini ham aytadi.
Masalan:
Agar dersamki, “havolar ochildi, keldi bahor”
Murod odurki: banimla muhabbat ayladi yor.
Yo so‘zlasamki: “chaman g‘unchalari zeyn o‘ldi.
Udur g‘arazki: tabassumla so‘zladi dildor”.
Shayx G‘olib g‘azallari badiiy san’atlarga boyligi, shoirning so‘zga bo‘lgan beqiyos mehri bilan ham ajralib turadi.
Shayx G‘olib nomini yanada mashhur qilgan “Husnu Ishq” dostonidir. Tasavvuf mazmunidagi bu dostonni ijodkor 1782-83 yillarda 6 oyda yozib tamomlaydi. Aytishlaricha bir suhbatda Nabiyning “Hayrobod” dostoni juda maqtaladi va bunday doston yozish, hatto taqlidiy tarzda ham mushkulligi aytiladi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan shuhrat qozongan Shayx G‘olib, doston kamchiliklardan xoli emas deb, bir nechta, masalan bosh qahramon Chalakning bir o‘zi shuncha oliyjanob ishlarni amalga oshira olishiga shubha bildiradi. Ayni paytda asarning tili murakkabligini ta’kidlaydi. Shunda kimdir Shayx G‘olibga doston yozishni maslahat beradi. Xullas, Shayx G‘olibning “Husnu Ishq” asari, Nabiyning “Hayrobod” masnaviysiga qasdma-qasd yozilgan asar deyish mumkin. Nima bo‘lganda ham o‘ziga yarasha mag‘rurligi bo‘lgan Shayx G‘olib yaxshi bir doston yarata olgan. Dostondagi obrazlar majoziy bo‘lib Husn – jamoli mutlaq, ya’ni Alloh, Ishq – ishqi ilohiy yo‘lida, ilohiy go‘zallikka qovushmoq istagan Solih. Dostondagi boshqa obrazlar ham tasavvufiy mazmun tashiydi. Shayx G‘olibning bu dostonida Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”si, Fuzuliyning “Layli va Majnun”i, Fariddidin Attorning “Mantiqut-tayr”, Shahobiddin Suhrovardiyning “Munisul ushshoq” asarlarining ta’sirini ko‘rish mumkin. Syujeti uncha murakkab bo‘lmagan dostonda Husnni sevgan Ishq hayot suvini (eleksir) keltirishi kerak. Hayot suvi Qalb qasrida saqlanadi. Hayot eleksirini izlab yo‘lga chiqqan Ishq boshidan ko‘plab sarguzashtlarni o‘tkazadi. Mangu sovuq mamlakat, olov dengizi, ajdarho, devlar timsoli ham ramziy bo‘lib, bu inson fitratidagi illatlardir. Dostonda bosh qahramonning har xil to‘siqlarga uchrashi va ularni mardonavor yengishi, insonning o‘z nafsini yengib ishqi ilohiyga yetishiga ishoradir. Qalb qasriga yetib kelgan Ishq, hukmdor Ilohiy Kalom bilan uchrashadi. Ilohiy Kalom go‘zallik, muhabbat har kimning o‘z qalbida ekanligini tushuntiradi. Majoziy qilib aytganda, Jamoli Mutlaq ishqida yurgan Solih o‘zligini anglamas ekan, borliq olamni ham anglay olmasligi uqdiriladi. 2101 baytlik “Husnu Ishq” dostonining tili shirali, badiiy san’atlarga boydir. Dostonni V.M. Ko‘jaturk nasrga o‘girib, 1944 yil Istambulda nashr qildirgan.
O‘rta asrlar Sharq adabiyotida bu mavzuda ko‘plab asarlar yaratilgan. Fors shoiri Fattohiyning “Husnu Dil” dostoni turk shoirlari orasida mashhur bo‘lgan. Bu doston ta’sirida 16 asrda yashab ijod etgan turk shoirlari Lomiy, Valiy, Axiylar ham asarlar yaratganlar. Shayx G‘olib ham Fattohiy nomini tilga olib o‘tadi.
Tasavvuf ruhida doston va g‘azallar yozgan, ilmiy asarlarga sharhlar bag‘ishlagan Shayx G‘olib XVIII asr turk she’riyatining yirik namoyandasi edi. U tariqatda ham, she’riyatda ham Mavlono Jaloliddin Rumiyga ergashdi, uning asarlarini qayta-qayta mutolaa qildi. Fuzuliy g‘azallaridagi ta’sirchanlik, Noiliy misralaridagi hassoslik va noziklik, Nabiy satrlaridagi fikriy teranlikni G‘olib ijodida ham ko‘ramiz. Shayx G‘olib she’riyatidagi tasavvuf zohiriy emas, ko‘proq botiniydir. Uning she’rlarida hayolot juda rangli va ayni paytda jonlidir. Shu xususiyatlaridan kelib chiqib, Shayx G‘olibni turk devon she’riyatining so‘ngi ulug‘ shoirlaridan desak bo‘ladi.
ShAYX G‘OLIB G‘AZALLARIDAN
Xalqa-xalqa kokulingni dog‘-dog‘ bo‘ldi ko‘ngil,
Xush kelib devonalik dog‘ usti bog‘ bo‘ldi ko‘ngil.
Garchi rohi rost atvori suluki mustaqim,
Rahbarlar* kasratindan** gum surog‘*** bo‘ldi ko‘ngil.
Gavhar aylar jolai gulzorini mohtobi ishq,
Kirmi shabtob**** erdi, emdi shabchirog‘ bo‘ldi ko‘ngil.
Oshinoyi surat o‘lmas ma’niyi anqo kabi,
Uzlat etdi eshitganlardan yiroq bo‘ldi ko‘ngil.
Kechdi sha’mi siynaga monandai fonusi nur,
Mehri mohdan koni gunji farog‘ bo‘ldi ko‘ngil.
To yetishgay G‘olibga fayzi dami Monloyi Rum,
Nay kabi rohi nafasda ko‘z quloq bo‘ldi ko‘ngil.
__________
* Rahbar – yo‘l ko‘rsatuvchi.
** Kasrat – ko‘pchilik.
*** Gum sirog‘ – adashish.
**** Kirmi shabtob – tilla qo‘ng‘iz.
* * *
Gul otash, gulbun* otash, gulshan otash, juybor* otash,
Samandar* tiynatani ishqqa basdir lolazor otash.
Hamon ey, soqiy bir sog‘ar tutgil dasti dildora,
G‘azabla bazma keldi sha’mi majlisvash yonar otash.
Nasim otash chiqardi g‘unchayi bog‘i umidimdan,
Tashladi gulshani a’moliga barqu bahor otash.
Xayoli hasrati xolingga oh etganda ushshoqning,
Shab’i furqatda* har dam ahtaron* aylar nisor otash.
Menga do‘zaxdan ey moh, dam urar gulzorlar sensiz,
Daraxt otash, nihol otash, gul otash barqu bor otash.
Murakkabdir* vujudi to azal yakpora so‘zishdan*,
Anosirdan* magar ushshoqa bo‘lmishdir duchor otash.
Charog‘i bazmi hajri* bo‘lg‘anim yopmish yoqishtirdim,
Ko‘ngul parvonasinda vuslat otash, intizor otash.
Bayoni so‘zish aylar har kim iste’dodi fitratdan
Etar barjasta* oshiq misrayi rangin chinor otash.
Magar kilki sabuk-javloning bo‘lmish garmrav* G‘olib,
Zamin otash, zamon otash, butun naqshu nigor otash.
____________
* Gulgun – gul nigohi.
* Juybor – ariq.
* Samandar – olov ichida yashaydigan, olovdan chiqsa o‘ladigan hayvon.
* Shab’i furqat – ayriliq tuni.
* Ahtoron – yulduzlar.
* Murakkab – tarkib topgan, vujudga kelgan.
* So‘zish – yonish.
* Anosir – unsurlar.
* Bazmi hajr – hijron bazmi.
* Barjasta – latif.
* Garmrav – issiq
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.