Nazir Safarov (1905-1985)
O‘zbek adabiyotida publitsist, ocherknavis va dramaturg sifatida tanilgan Nazir Safarov 1905 yil 9 yanvarda Jizzax shahrida temirchi oilasida tug‘ildi. U sovet maktablarida o‘qidi, birinchi ziyolilar qatori uzoq qishloqlarga borib dars berdi. Jizzaxda tashkil qilingan «Sanoyi nafisa» to‘garagidagi ishtiroki bo‘lg‘usi dramaturg taqdirini bir umrga belgilab berdi. Nazir Safarov o‘zbek dramaturgiyasining shakllanishida muhim rol o‘ynagan «Tarix tilga kirdi» (1931), «Uyg‘onish» (1939), «Sharq tongi» (1954) kabi sahna asarlarini yaratdi. «Uyg‘onish»da 1916 yil qo‘zg‘oloni, «Sharq tongi»da Oktyabr to‘ntarishi, «Tarix tilga kirdi» (Ziyo Said bilan birgalikda yozgan)da milliy nizolar, «Kimga to‘y, kimga aza»sida ishchilar sinfining yangilik uchun jangu jadali asosiy mavzu qilib olingan. Dramaturgiya sohasidagi katta xizmatlari uchun Nazir Safarovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoni berilgan (1955 yil).
Urush davrida Nazir Safarov frontning oldingi jabhalarida bo‘lib, jangchilarning qahramonligini, dushmanning yovuzligini hikoya qiluvchi «O‘q o‘tmas botir», «Vodillik qahramon», «Komissar Qoraboyev», «Sevgi», «So‘nggi nafasgacha», «O‘zbek farzandlari», «Qahramonning tug‘ilishi» kabi qator ocherklar yozdi. Uning hayotdagi yangiliklar, yaxshi tashabbuslar targ‘ibotchisi sifatida yaratgan asarlari alohida diqqatga sazovor. «Uzoqni ko‘zlagan ayol» qissasi shular jumlasidandir. Yozuvchining 1954—1957 yillarda yaratgan zamonaviy mavzudagi katta asarlari «Hayot maktabi», «Elmurod» kabi (M. Xudoyqulov bilan hamkorlikda) pesalaridan iboratdir.
Nazir Safarov bir qancha hikoyalar ham yozgan. «Oltinoy», «Olma olmadan uzoqqa tushmaydi», «Ahmadali o‘z baxtini qanday topdi» hikoyalari g‘oyaviy-badiiy jihatdan puxtaligi bilan ajraladi. Uning «Bir tomchi qon» (1967), «Ko‘rgan-kechirganlarim» (1968) nomli qissalari, «Navro‘z» (1973) romani 60-yillar adabiyotida sezilarli voqea bo‘lgan. «Ko‘rgan-kechirganlarim» asari uchun muallifga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan (1968).
Adib nemis-fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g‘alabaning 30 yilligiga bag‘ishlab, o‘zbek jangchilarining qahramonliklaridan hikoya qiluvchi «Lukash botir» (Ya. Xudoyqulov bilan hamkorlikda) dramasini yaratgan.
U 1975 yilda 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoniga muyassar bo‘lgan.
Nazir Safarov 1985 yil 1 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan.