Olim Qo‘chqorbekov (1932-2015)

Olim Qo‘chqorbekov 1932 yilning 12 avgustida Zangi ota tumanining Qatortol qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1957). Qariyb qirq yil davomida «Mushtum» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Uning birinchi she’ri 1948 yilda yozilib, «Lenin uchquni»— bolalar gazetasida bosildi. Shundan so‘ng uning «Chorichambar» (1963), «Sirli xum» (1969), «Qaysar buzoqcha» (1974) kabi bir qator kitoblari nashr etildi. Bu kitoblari orasida kattalar uchun bitilgani ko‘pchilikni tashkil etadi. Adibning bu boradagi ilk to‘plami «She’r va masallar» nomi bilan 1957 yilda nashr etildi. So‘ngra ketma-ket «Kuylarim va o‘ylarim» (1960), «Umrim bog‘ida» (1970), «Ko‘ngil mezoni» (1972), «Va’zxon va Zag‘izg‘on» (1974), «Nozik ko‘ngil» (1983) kabi she’riy to‘plamlari yuzaga keldi. Shu davrda uning «Birinchi sort bo‘ydoq» (1969), «Salomiga yarasha» (1982) kabi «Mushtum kutubxonasi» turkumidagi nasriy asarlari bosildi. Uning «Lo‘li bola» nomli ilk qissasi esa 1978 yilda bosmadan chiqdi.

1980 yilga kelib adibning Buxoro amiri Olimxonning so‘nggi kanizi tarixi, axloqi haqidagi «So‘nggi kaniz» romani «Sharq yulduzi» jurnalida «Inqiroz» nomi bilan e’lon qilindi. Hozirgi kunda esa uning «Amirlikdan mahbuslikka» romani ham bor.

Olim Qo‘chqorbekovning bir qator hajviy asarlari mashhur satirik kino jurnal «Nashtar» sahifalaridan ham mustahkam o‘rin olgan. Ayniqsa, ular orasida «Lenta taqqan qo‘ylar», «Suyunchi», «Tumorli mashinalar» hamon ekran tasmalari orqali namoyish etib kelinmoqda.

Unga 1973 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berildi.

"Yosh kitobxon" kitoblari