Mumtoz
August 21, 2020

Otajon Hoshim (1905-1938)

XX asr o‘zbek adabiyotshunosligiga asos solgan va tanqidchiligining atoqli namoyandalaridan biri bo‘lgan Otajon Hoshim (Hoshimov) 1905 yilda Toshkentda dehqon oilasida dunyoga kelgan. U dastlab eski maktab va madrasalarda, shuningdek, rus-tuzem maktabida ta’lim olgan. 1922—1924 yillarda Moskvada ishchilar fakultetida tahsil ko‘rgan. Qizil professorlar institutini tugatgach, O‘zbekiston Maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash rahbari, keyinroq esa O‘zbekiston Fanlar Qo‘mitasining raisi vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

Shu davrda u Samarqand shahrida O‘zbekiston pedakademiyasini tashkil etib, sobiq SSSRdagi ko‘zga ko‘ringan yirik olimlarni ushbu oliy o‘quv yurti atrofida birlashtirgan. O‘zi esa 1929—1933 yillarda ilmiy salohiyatini chuqurlashtirish maqsadida Leningraddagi Sharqshunoslik instituti aspiranturasida o‘qigan. O. Hoshim aspiranturani tugatgach, 1934—1937 yillar davomida avval O‘zbekiston Fanlar Qo‘mitasi rahbari, so‘ng Til va adabiyot institutining direktori lavozimlarida xizmat etadi. Xuddi shu yillarda u yirik adabiyotshunos munaqqid sifatida ham shuhrat topadi.

Uning «O‘zbekistonda ilmiy ishlar», «A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» tarjimasi haqida», «Dialektika va dialektik usulda o‘ylash», «O‘zbek folklori haqida», «Adabiy meros», «O‘zbek tili va imlosi» (1929—1935 yillar) kabi maqolalari XX asr boshlarida tug‘ilayotgan va shakllana boshlagan o‘zbek gumanitar fanlariga hissa bo‘lib qo‘shildi. Ayni chog‘da u Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Ye. D. Polivanovlar safida turib, oliy o‘quv yurtlarining aspirantura kurslarida falsafa, siyosiy iqtisod va boshqa fanlardan ma’ruzalar ham o‘qidi.

U 1937 yil 2 avgustda qamoqqa olinib, 1938 yilning 4 oktyabrida xalq dushmani sifatida otib tashlangan.

"Yosh kitobxon" kitoblari