Hoji Bayram (1352-1429)
O‘z davrida shoir va shayx sifatida juda katta e’tiborga sazovor bo‘lgan Hoji Bayram (Hacı Bayram-ı Veli) Chubuk daryosining vodiysidagi Zulfozil qishlog‘ida dunyoga keldi. Uning otasi Ahmad dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Boshlang‘ich ma’lumot olgach, tahsil olishni madrasada davom ettiradi. Hijoz va Shomga borib tasavvuf shayxlaridan ta’lim oladi. Bursa va Oqsaroyda bo‘lib, so‘ngra Anqaraga kelib mudarrislik qiladi. Tasavvuf ta’limotini puxta o‘rgangan Hoji Bayramning o‘zi ham pirlik maqomiga yetib “Bayramiylik” (Malomatiylik) tariqatiga asos soladi. Malomatiy tariqatidagilar o‘zlarining fazilatlarini ko‘z-ko‘z qilmas, keng xalq ommasidan o‘zlarini yuqori qo‘ymas, aksincha xalqning og‘irini yengil qilishga harakat qilardilar. Hoji Bayram asos solgan tariqat darveshlari o‘zlarini ko‘pchilikdan olib qochmay foydali ish bilan shug‘ullanishi darkor edi. Dehqonchilik, tijorat, hatto lozim bo‘lsa askarlik ham qilishardi. Umuman, xalqqa foydali bir ish bilan shug‘ullanish ularning maslaklaridan bo‘lgan. Bayramiylik tariqati tasavvuf oqimining xalqqa foydali, xalq manfaatini ko‘zlovchi yo‘llaridan biri desa bo‘ladi. Bayramiylik tariqati xalvatiylik va naqsh¬bandiylik tariqatlari asosida vujudga kelgan deyish mumkin. Bunda Hoji Bayramga Oqsaroydagi Shayx Hamidiy Valining ta’siri kuchli bo‘lgan. Hoji Bayramning tasavvufiy ruhda she’rlar aytuvchi tekke shoiri va shayx sifatida obro‘si shu qadar oshib ketdiki, undan cho‘chigan sulton Murod 2 uni Edirnaga yuboradi. Keyinchalik yana Anqaraga kelishiga ruxsat berib, hatto uning darveshlarini soliqdan ozod qiladi. Hoji Bayram Anqarada jome mudarrisi bo‘lsa ham dalada muridlari bilan barobar mehnat qilgan. Tirikchilik uchun lozim narsalarni o‘zlari ishlab topib, ortiqchasini muhtojlarga ulashgan. Tasavvufning buyuk shayxlari va fozillari orasida Hoji Bayram juda obro‘li bo‘lib, uni Anqaraning ma’naviy qiyofasi sanardilar. Mavlono Jaloliddin Rumiydan keyingi ulug‘ shayx va shoir deb bilardilar. Hoji Bayram tekke shoiri sifatida dovruq qozongan ekan, turk tekke she’riyati haqida biroz ma’lumot berish o‘rinlidir.
Tekke-ma’lum bir tariqatdagi darveshlarning yig‘iladigan dargohi. Ilk tekke Shomda (Suriya) 8 asrda Abu Hoshim tomonidan qurilgan. Har bir tariqatdagi darveshlarning salomlashishi, kiyinishi, soch-soqol qo‘yishlari o‘ziga xos bo‘lgan. Tariqatdagi zikr tushish usullari ham turlichadir. Tekkelarda asosan tasavvufiy ruhda she’rlar o‘qilib, musiqaga solingan. Tekke shoirlarining ko‘pchiligi tariqatlardan yetishgan shayx va darveshlardir. Fikriy asosi islomiyat va tasavvuf. Ollohning go‘zal sifatlarini madh etish, jamoli mutlaqqa oshiqlik, ishqi ilohiy ular she’riyatining asos mazmunidir. Tekke shoirlari devon shoirlaridan farqli o‘laroq, keng xalq ommasiga xitoban she’rlar yozganlar. Tariqatlarning markazdan uzoq qishloqlarda ham keng tarqalganligi, ommaning asosiy qismi savodsiz bo‘lganligi sabablari ham tekke shoirlarining sodda tilda, xalq ommasiga tushunarli tarzda yozishlarini talab qilgandir. Tekke shoirlari o‘z asarlarini o‘qimishli fozillardan savodsiz cho‘¬pongacha tushunishlarini istardilar. Ko‘pchilik tez ilg‘ab olishi uchun asarlarni kuyga solib, qo‘shiq tarzida kuylashardilar.
Tekke shoirlari ko‘proq Anado‘li shahar, qishloqlarida yashab ijod etganlar. Ommaning ma’naviy yuksalishida, bilim va hunar egasi bo‘lishida bu shoirlarning xizmati kattadir. Ularning o‘zlari ham ilmli kishilar bo‘lib, arab, fors tillarini bilar va zamonaviy bilim saviyasidan ham xabardor bo‘lganlar. Chuqur falsafiy fikrlarni xalq tushunadigan tarzda, sodda tilda anglata olganlar.
Tekke shoirlari asarlarini devon shoirlaridek g‘azal, masnaviy shaklida yoki xalq qo‘shiqlari (ko‘shma, turku) tarzida yozganlar. Maxsus tekke nazm shakli yo‘q. Vazn asosan barmoq vazni bo‘lib, aruz ham qo‘llanilgan. Tekke shoirlari nazm tiliga alohida e’tibor berganlar. Tekke she’riyati tili devon she’riyatidek murakkab, yoki soz shoirlarinikidek juda sodda ham bo‘lmagan. Buning sababi ularning she’rlarida tariqat tushunchalari, ilmi, falsafasi aks etishi va ayni paytda ko‘pchilik anglay oladigan bo‘lishi kerakligidir. Aytish mumkinki, tekke shoirlari tili devon va soz shoirlari tili oralig‘idagi she’r tilidir. Tekke shoirlari asosan so‘fiyona ishq, dunyoning foniyligi, nafsning qabohati, insoniy axloq mavzularini qalamga olib jo‘shqinlik bilan kuylaganlar. Ruhning holati, sog‘inch va istaklar ilohiy va real hayotning go‘zal tasvirlari bilan qorishiq holda aks ettiriladi. Bu yo‘lda tekke shoirlari devon she’¬riyatida xalq she’riyatida qo‘llangan majozlar, ramzlardan, xalq maqol, matallaridan, tariqat atamalaridan ustalik bilan foydalanadilar. Turk tekke she’riyati XIII asrdan boshlanib, 14–15 asrlarda eng gullagan davridir. XX asrgacha tekke shoirlari asarlar yaratsa-da, avvalgi shukuhi susaygan edi. O‘rta asrlar turk she’riyatidagi asosiy uch yo‘nalishning biri bo‘lgan tekke she’riyati (yana devon shoirlari va soz shoirlari ijodi ko‘zda tutiladi) o‘ziga xos fikrlash tarzi bilan ajralib turadi.
Ana shunday o‘z yo‘liga ega bo‘lgan shoir Hoji Bayram tariqatda o‘z yo‘lini ochganidek, she’riyatda ham “maktab” yaratganini turk adabiyotshunoslari alohida ta’kidlaydilar (mn: A. Qaboqli). Uning xalifasi bo‘lgan yoki tariqati shayxlaridan yetishib chiqqan shoirlar Vizoli Qayg‘usiz (?-1562) Ahmad Sarbon (1545-1646), Shayx Ibrohim (?-1655), G‘oibiy (?-1663), Idrisiy Muxtefiy (?-1615), Sari Abdullah (?-1660) kabi shoirlarni Hoji Bayram izdoshlari deyish mumkin.
Hoji Bayramning she’rlari Yunus Emre she’rlariga ham¬ohangdek. Bir misra yoki baytda ishqi ilohiy haqida, biror falsafiy fikrni tushunarli tarzda bayon qilib berish Hoji Bayram she’rlarining xususiyatlaridan. Turkiy tilda so‘fiyona qarashlarni nozik lirik uslubda ifodalash, o‘ynoqilik xos uning she’rlariga. Shoir yonib yashamoqni, ko‘ngli hamisha ilo¬hiy ishq o‘tida yonishini istaydi.
Ne bo‘ldi bu ko‘nglum, ne bo‘ldi bu ko‘nglum
Dardu g‘am ila to‘ldi bu ko‘nglum
Yondi bu ko‘nglum, yondi bu ko‘nglum
Yonmoqda darmon topdi bu ko‘nglum
Yon, ey ko‘ngul yon, yon ey ko‘ngul yon!
Yonmoqdan bo‘ldi dardimga darmon
Parvona kabi, parvona kabi
Sha’m ishqida yondi bu ko‘nglum.
(Adxambek Alimbekov tarjimasi)
14 asr oxiri 15 asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan tekke shoirlarining peshqadami, faylasuf, bayramiylik tariqatining asoschisi Hoji Bayram millat ma’naviyatining yuksalishida muhim xizmati singgan shaxslardandir.
HOJI BAYRAM ShE’RLARIDAN
Na bo‘ldi ko‘nglim, na bo‘ldi ko‘nglim,
Dardu g‘am ila to‘ldi bu ko‘nglim.
Yondi bu ko‘nglim, yondi bu ko‘nglim,
Yonmoqqa darmon topdi bu ko‘nglim.
Yon ey ko‘ngil yon, yon ey ko‘ngil yon,
Yonmoqdan topdi dardiga darmon.
Parvona kabi, parvona kabi,
Sha’miga oshiq yondi bu ko‘nglim.
Garchi u yondi, garchi u yondi,
Rangiga jumla olam bo‘yandi.
O‘zida topdi, o‘zida topdi,
Matlabini xush bildi bu ko‘nglim.
Savodi a’zam, savodi a’zam*,
Balki bo‘libdir arshi muazzam.
Matlabi jonon, matlabi jonon,
Bo‘lsa ajabmi, endi bu ko‘nglim.
Sayri billohdir, sayri billohdir,
Li ma allohdir, fano fillahdir.
Ayinasinda, oyinasinda,
Kirdi, sivoni** topdi bu ko‘nglim.
“Al faqru faxru, ol faqru faxri”***,
Demadilarmi Ul olamlar faxri.
Faqr faxrini, faqr faxrini,
Mahvu fanoda topdi bu ko‘nglim.
Bayramiy endi, Bayramiy endi,
Bayram etarsan yor ila endi.
Hamdu sanolar, hamdu sanolar –
Yor ila bayram qildi bu ko‘nglim.
_____________
* Savodi a’zam – 1) katta shahar, 2) Makkai mukarrama.
** Sivo – boshqa, o‘zga.
*** “Al faqru faxri” — “Faqrlik faxrimdir” (hadis).
* * *
Bilmoq istasang o‘zni,
Jon ichra izla jonni.
Jondan kechib top uni,
Sen seni bil, sen seni.
Kim bilsa af’olini,
Ul bildi sifotini.
Unda topdi zotini,
Sen seni, bil sen seni.
Ko‘ringan sifotingdir,
Uni ko‘rgan zotingdir.
O‘zga na hojatingdir;
Sen seni bil, sen seni.
Kimki hayratga toldi,
Qalbi nurga g‘arq bo‘ldi.
Tavhidi zotni topdi,
Sen seni bil, sen seni.
Bayram o‘zini bildi,
Bilganni unda topdi.
Topgani o‘zi bo‘ldi,
Sen seni bil, sen seni.
* * *
Hech kimsa torta olmas, og‘ir falakning yoyi,
Dardiga ko‘ngil berma bir kun oladi voyi.
Chun u yuzini burdi, bir lahza qaror etmas,
Necha sarni poy etar, do‘nar-sar etar poyi.
Bir foniy vafosizdir, qavliga inonma hech,
Goh boyni etar yo‘qsil, goh yo‘qsil etar boyni.
Bayram, hamma olimlar bu ma’nining ostinda,
Qofdan Qofga hukm etar, bilmas bu muammoni.
Vohiddir ul vahbatda, kasratda fikr tafriq,
Xizr yetmadi bu sirga, bildirmadi Musoni.
Miskin hoji Bektosh, sen dunyoga ko‘ngil berma,
Bir ulug‘ imoratdir, olma boshga savdoni.
* * *
Mening maqsudim olamda emasdir, lekin illo hu,
Bu mening dardima darmon emasdir, lekin illa hu.
Emasdir huru-yu g‘ilmon, na jannat ko‘shki, na Rizvon,
Bu mening ko‘nglima sulton emasdir, lekin illa hu.
Aning naqshi hayotinda jahon bir zarra bo‘lmishdir,
Nazar etsang u zarradan ko‘rinmas, lekin illa hu.
Ey Bayramiy, agar idrok etarsan sen bu olamda,
Bu sirning sirriga kimsa erishmas, lekin illa hu.
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.