Jahon
October 3, 2020

Shamsi Belli (1925-1995)

Shamsi Belli (Şemsi Belli) Malatiyaning Arapkir viloyatiga tegishli Qizilushoq mavzesida (1925) tug‘ilgan (bu joy hozir Arg‘uvon viloyatiga Yangisush nomi bilan o‘tkazilgan). Anqara va Istanbuldagi turli litseylarda, Anqara ro‘znomachilik oliy o‘quv yurtida sotsiologiya kursidan dars berdi. 1970 yilda Anqarada «Mamlakat», 1975 yilda Istanbulda «So‘nggi pochta» nomli ro‘znomalar chiqardi. Har ikki ro‘znoma 10 yil mobaynida chiqib turdi. Bir qancha tadqiqot kitoblari turli tillarga o‘girilgan.
She’r kitoblari: «Qishloq oqshomlari» (1947), «Munchoq qutisi» (1960), «Tarvuz tilimi» (1964), «Oga eshigi» (1975).

GO‘ZAL JUDA GO‘ZAL

Noming-la maktublar to‘liqdir
Qonunlarda, qarorlarda sen.
Eng go‘zal she’rlarda sen kuylanursan
Qo‘shiqlarda, turkularda sen.
Baliqlar talashur ulug‘ dengizlarda
To‘da-to‘da
Va sekin-sekin.

Kimningdir mag‘rur,
Kimningdir hurkak
Boqishlarida sen,
Qanotlarning uchlarida sen.

Oppoq otlarning yollarida sen.
Sen
Tanklarning zattjiri izida.
Sen
Surgundagi mahkumlarning ko‘zida.
To‘ldirilgan o‘qdonlarning issiqligida
Kelinchak qizlarning yuzida: Sen.

Ismingni tilga olsam urarlar.
Ismingni tilga olsam zindonga solarlar.
Ismingni tilga olsam barcha qo‘shiqlar tinar
Qo‘shiqlar boshlangan joyda
Bayroqning oldida sen
Har kimning ko‘nglida sen!

Zanjirlar uzilar bo‘lak-bo‘lak
Sening uchun
Haykallar tiklanar maydonlarda.
Sen tufaylidir
So‘qmoqlarni go‘ldirgan ovozlar
Ko‘shiqlarni to‘ldirgan yara.

Sen go‘zallar go‘zali
Tengsiz sevgili
Millionlar uchun ushalmas orzu
Yashamoqdan totli
Hayotdan go‘zal
Jonim hurriyat!..

PUL

— Pul!.. dedim,
Qinidan chiqarilgan tezlangan xanjar
Ipak bo‘ldi.

— Pul!.. dedim.
Yollarini yuldi hamma arslonlar
Ko‘ppak bo‘ldi.

— Pul!.. dedim.
Shaklini unutti yumaloq dunyo
To‘rtburchak bo‘ldi.

— Pul!.. dedim,
Durlarini to‘kdi oltin jom
Bir shisha bo‘ldi.

— Pul!.. dedim,
Nomusidan kechdi, suyundi ayol
Fohisha bo‘ldi.

— Pul!.. dedim,
Suratlar o‘zgardi, fikr o‘zgardi
G‘azablar zavq bo‘ldi.

— Pul!.. dedim,
« Yo‘qol, la’nat» degan qahrli lablarda
«Yasha!.. Ko‘p yasha!..» bo‘ldi.

KURK TUXUM

Ulardamidi hamma ayb
Hosil uchun nima eqdingiz?
Kimingiz zo‘ravon,
Kimingiz qotil,
Qimingiz josus…
O‘nglanmadingiz,
Aql kirmadi junboshlar,
Qo‘rquvdan to‘rga tushdingiz.

TISh OG‘RIG‘I

Qo‘limni tishladi,
Qochdi
So‘ngra
Davolash pulidan qochdi
Tishlarim og‘ridi deya.

DO‘ST IShI

Bir odam bor edi,
Tosh yomg‘iriga tutgandilar uni
To‘rt tomondan,
Boshi
To‘shi ochiq edi.
Bir to‘pponcha berdim qutulsin deya,
Birinchi o‘qni
Menga otdi.

JAZO

Sindirdim hamma qalamlarimni,
Nimaga ham yarar
Sen haqda yozmagandan so‘ng.

UNUTILGAN KO‘NGILLAR YoDGA SOLINMAS

Zirakni unutding
Berdim
Ro‘molchangni berdim
Tasmangni berdim
Ammo ko‘ngilni
Uni bermasman hech qachon.

Turkchadan Aziz Said tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari