Imodiddin Nasimiy (1370-1417)
Sayyid Imodiddin Nasimiy (عمادالدین نسیمی; İmadəddin Nəsimi) Ozarbayjonning Shirvon viloyati Shamohi shahrida tug‘ilgan. Asli ismi — Ali, laqabi — Imodiddin. U o‘z davriga nisbatan mukammal tahsil ko‘rgan: fors, arab tillari va adabiyotini chuqur o‘rgangan. Bundan tashqari, mshggiq, riyoziyot, tabiat va astronomiya fanlarini o‘zlashtirgan.
Mashhur so‘fiy va avliyo Mansur Hallojga kuchli e’tiqod qo‘yib, o‘zini uning haroratli shogirdi hisoblaganidan ilk she’rlarini Husayniy taxallusi bilan yozadi. Chunki Mansurning ismi Husayn bo‘lib, uning tariqati ham husayniya yoki hallojiya nomi bilan mashxurdir. XIV asrda Ozarbayjonda tasavvufdan o‘sib chiqqan hurufiylik oqimi keng yoyilib, unda inson omili muhim o‘rin tutadi: inson, uning erki ulug‘lanadi; insonga ilohiy quvvatning zuhuri va tajassumi sifatida qaraladi. Hurufiylik tariqatining asoschisi, mashhur shoir va mutafakkir Fazlulloh Naimiy 1394 yili Shirvonga keladi va Imodiddin bilan uchrashadi. Uning hurufiylik qarashlari yosh shoirga kuchli ta’sir qiladi va uni qabul etib, Fazlullohni o‘ziga murshid biladi. Naimiyga hamohang Nasimiy taxallusini oladi.
Ilg‘or fikrli kishilar ta’qib ostiga olinib, Naimiy Mironshoh tomonidan qatl, Qosim Anvor Shohruh tarafidan surgun qilingach, ham o‘zini qutqarish, ham hurufiylik g‘oyalarini keng yoyish maqsadida Nasimiy Ozarbayjondan chiqib ketadi. U Bag‘dod, Onado‘li, Tokat, Bursa va boshqa joylarda yashaydi, nihoyat Halabda qaror topadi. Misr sultoni Muayyaddin Nasimiyni dahriylikda ayblab, uning tiriklayin terisini shildiradi. O‘z ta’biri bilan aytganda, «so‘zning dodini bergan» isyonkor va hassos shoir Nasimiy ilk bor ozarbayjon tilida ijod qilgani, ozarbayjon adabiy tilini xalq jonli so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirgani bilan ozarbayjon adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi. U Hasan o‘g‘li va Qozi Burhoniddindan keyin ozarbayjon tilida yaratilgan she’riyatning buyuk ustodlaridandir.
Nasimiy fors tilida ham qalam tebratgan bo‘lib, uning forsiy ijodi Eronda alohida to‘plam holida nashr etilgan.
Nasimiyni dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bilishadi va asarlarini sevib o‘qishadi. Turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbeklarning esa u o‘z shoiri hisoblanadi. Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab va boshqa o‘zbek shoirlari uning shaxsi va ijodiga yuksak ehtirom bilan qaraganlar. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da uni turkiy mashoyixlar qatorida zikr etib, «Rumiy va turkmoniy til bilan nazm aytibdur va nazmida haqoyiq va maorif batoyat ko‘p mundarijdur. Mazkur bo‘lg‘on ahlig‘a aning she’ri muqobalasida hamonoki she’r yo‘qdur», — deb lutf etsa, «Holoti Pahlavon Muhammad» asarida «Sayyid Nasimiyning nazmi o‘zga rang tushubdur, zohir ahli shuarosidek nazm aytmaydur, balki haqiqat tariqin ado qilibdur», — deb yozadi. Darhaqiqat, u ko‘proq diniy-tasavvufiy mavzularni qalamga olib, o‘zi mansub hurufiylik toyalarini ulug‘laydi.
Nasimiy o‘z fikr-o‘ylari, tuyg‘u-kechinmalarini xalqona sodda uslubda bayon qiladi. Shuning uchun ham shoir she’rlari qo‘ngilga yaqin. Bu she’rlar bir qarashda oddiy, sodda bo‘lib ko‘rinsa-da, lekin mazmunan teran va badiiy yuksak.
Nasimiy ozarbayjon adabiyoti tarixida mardlik, jasorat, qahramonlik timsoli sifatida shuhrat qozongan.
O‘zbek tilida Nasimiyning Mirtemir, Xolid Rasul va Asqar Qosimovlar ozarbayjonchadan tarjima qilgan mo‘jazgina she’rlar to‘plami bosilib chiqqan.
Biz esa shoirning forsiy ruboiylari tarjimasiga qo‘l urdik. Ulardan ayrimlarini e’tiboringizga havola qilamiz.
1
Din ilmini bilsa kim shariat shuldir,
Gar qo‘shsa amal bilan tariqat shuldir.
Kim ilmu amalni Haq rizosin istab,
Ixlos ila jam etsa, haqiqat shuldir.
2
Ey, va’dani ko‘p qilding-u, yo‘q zarra vafo,
Ko‘rmaydi bu shevani vafo ahli ravo.
Mayxona tavofidan biror naf’ bormi?
Din va shijoat bo‘lmasa, yo‘q sidqu safo.
3
Soqiy, bu kecha berma menga o‘zga sharob,
Xummor ko‘zing qildi meni mastu xarob.
Ko‘zimni qorachiqlari tark ayladilar,
Shundan bu kecha hamnafasim otashu ob.
4
Shu mulki olam ichida mavjud U,
Har ikki jahonda maqsadu maqsud U.
To bo‘lmas ekan e’tiqod uyi vayron,
Men fosh qilaman: sening uchun ma’bud U.
5
Men mazhari nutqu nutqi Haq zotim erur,
Shu ikki jahonda mening isbotim erur.
Tonggidan azalning to abad shomigacha
Har narsa vujudga kelsa, zarrotim erur.
6
To bo‘lmas ekan o‘zlikdan foniyu fard,
Butkul yuvilib ketmas ko‘ngildagi gard.
Bo‘l nafsu havodan-u jahondan ozod,
Qoch turfa yomonlikdan agar bo‘lsang mard.
7
Dil dardisiz yetmaydi kishi darmonga,
Xaq jazbasi bo‘lmay, yetmagay Rahmonga.
Yuzing seni Xaq rahmatining ko‘zgusidir,
Etmas uni kim anglamasa Qur’onga.
8
Ul nuqtaki, markazi jahondir — sensan,
Ul qatraki, asli kun-fayakondir — censan,
Ul ismki, zotdan nishondir — sensan,
Ul harfki, ismi bebayondir — sensan.
9
Menman lomakon ganji — makonga sig‘mam!
Yuksak bu ruhim — jism ila jonga sig‘mam!
Insondagi bor vahmu xayol menda esa,
Bosmas vahima, aqli ayonga sig‘mam!
Ergash Ochilov tarjimalari