Nuri Bayram (1933-1993)
Nuri Bayram (Nury Baýramow) 1933 yili Turkmanistonning Marv viloyatida tug‘ilgan. Shoir, yozuvchi va tarjimon. Turkmaniston davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1957). Filologiya fanlari nomzodi. Pushkin va Lermontov asarlarini turkmanchaga tarjima qilgan.
* * *
— Nuri Bayram, nima so‘zlaysan?
— Odamlarning yuragini.
— Nuri Bayram, nima izlaysan?
— Odamlikning daragini.
TONG ShAMOLIN OVOZI
Mening burchim: huvillab,
G‘unchalarni gul etmoq.
Sening burching: shu gulni
Olqab, shodumon etmoq.
Burchim: nav-nihollarni
Silab-siypab uzatmoq.
Sening esa: bog‘larning
Tinchligini kuzatmoq.
Burchim mening: har sahar
Erning holin so‘ramoq.
Sening burching: Vatanning
Yuzini pok asramoq.
* * *
O‘g‘limdan so‘rayman:
— Qanday tush ko‘rasan?
U deydi: — Tushimda
Ot chopib yuraman.
Qizimdan so‘rayman:
— Nima tush ko‘rasan?
U deydi: — Tushimda
Gul terib yuraman.
Kaminaning esa
Doimiy tushi:
Otamning urushga
Ot surib borishi…
* * *
— Nuri Bayram, qaylardan kelmoqdasan?
— Odamlarning orasidan.
— Nuri Bayram, kimlardan bezovtasan?
— Odamlarning olasidan…
Tursun Ibrohimov tarjimasi.
HAMAL ChAQMOQLARI
Tinglayman men butun shuurim bilan
Hamal yellarining mayin kuylashin.
Osmonlarga osib tashlaydi bu dam
Bahor bulutlarni — uvada loshin.
Ko‘klamning hididan tuyub kuch-quvvat —
Bog‘imda ishlayman, g‘ussadan yiroq.
Ishlarkan, eshitib qolaman bir payt —
Bo‘g‘iq gumburlar ilk momaqaldiroq.
Nogahon bulutlar misli elakdan
Quygandek quyadi nurdek shaffof suv.
«Yog‘aver, yog‘aver, yomg‘ir, yomg‘irjon!» —
Birdan bola-baqra ko‘tarar qiy-chuv.
Ufqda kamalak tovlanar chunon,
Erdan qo‘ziqorin bodraydi biram.
«Yog‘aver, yog‘aver, yomg‘ir, yomg‘irjon!» —
Go‘dakka aylangum — men qari odam.
Ey bahor, yomg‘iring quygin, quyaver.
Oq bug‘lar taratib rohatlansin yer.
Hech narsa, hech narsa o‘zgarmabdi, eh,
Bari bolaligim paytidagidek.
Yomg‘ir, ey yomg‘irjon, to‘xtama bir dam,
Kelding sen naq mening
bolaligimdan!
* * *
Yana entiktirar bog‘larni javzo,
Yana eriy boshlar yuksak tog‘da qor
Va jo‘shqin suvlardan
Ko‘pirib daryo,
O‘zanlar daf’atan kelib qolar tor.
Uni jilovlab ko‘r — gar eplay bilsang,
Birdan orolchaga tashlanib qoldi.
Uchragani uchun
Yo‘lida xarsang,
U alamin jajji oroldan oldi.
Ey daryo, oshiqma,
O‘ylagin bir zum,
Jahldan aqlingni yo‘qotib qo‘yma,
Yaratgan eding-ku uni sen o‘zing,
Tegrasidan, axir, oqarding o‘ynab.
O‘zing keltirganding unga qum-tuproq
Va o‘zing o‘stirding chechaklar rangin.
Buncha hovliqasan,
Bir zum tinglab boq, —
Qushlar sayrar unda, eshityapsanmi?
Turkmanchadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.