Jahon
October 3, 2020

Pavlo Tichina (1891-1967)

Tichina Pavlo (Pavel) Grigorevich [1891.15.(27).1, hoz. Chernigov viloyati, Ukraina — 1967.16.9, Kiyev] — ukrain shoiri, davlat va jamoat arbobi. Ukraina Fanlar akademiyasi akademigi (1929), Ukraina Oliy Majlisi raisi (1953-59), SSSR Oliy Soveti Millatlar Soveti raisi o‘rinbosari (1954-62).
1918 yil «Quyoshli klarnetlar» she’riy kitobi nashr qilingan. «Ukrainadan esgan shamol» (1924), «Chernigov» (1931), «Yagona oila tuyg‘usi» (1938), «Po‘lat va nafosat» (1941) kabi she’riy to‘plamlarida vatanparvarlik va tinchlik motivlari ifodalangan.
«Kotovskiy qilichi» (1938), «Shevchenko va Chernishevskiy» dostonlari (1939) muallifi. «Engmoq va yashamoq» (1942), «Do‘stni dafn etish» (1943) she’r va dostonlari 2-jahon urushiga bag‘ishlangan. Urushdan keyingi davrda dolzarb mavzudagi she’riy asarlar, bolalar uchun ertaklar hamda adabiyotshunoslik masalalariga oid maqolalar yozgan.
«Tanlangan asarlari» (1957, 3 jildli) uchun T. G. Shevchenko nomidagi Ukraina Davlat mukofoti berilgan (1962). Ayrim she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

UKRAINANI O‘YLAGANDA

Derazamda qavat-qavat muz,
Osmonda oy suzadi sokin.
Og‘ir, jimjit cho‘kib yotar tun,
Uyqu kelmas. Vokzalda-yolg‘iz.

Parovozlar soladi shovqin.
Uxlalmasdan qo‘zg‘oldim, nega?
Yo bombalar portlamoqchimi?
Snaryadlar dod solmoqchimi?

Muz qoplagan derazalarga
Oskolkalar yog‘ilmoqchimi?
Hech narsa yo‘q. Va sayyoralar
Orasida uchmoqda yer ham.

O, vatanim! Ichaman qasam,
Qamish qomat xonimlar qadar
Bejonmassan, mening volidam.
Nelar kechdi onaning holi?

Nelar bordir peshonasida?
Yo‘q, yig‘i yo‘q o‘g‘il sasida,
Duo qilmas go‘dak misoli,
Yonmoqdadir g‘am nayzasida.

Ukraina, oh Ukraina!
Bu tunlarda sen o‘zing bedor,
O‘zing g‘amli, sen o‘zing bemor.
Qora tunda, chaqmoq o‘tida
Yapgrab yovga tikmoqdasan dor.

Butun fikrim — xayolim senda.
Ukraina! Ey erk quyoshi!
Oyog‘ingda o‘g‘lingning boshi,
Jarohating azobi menda,
Boshimdadir qayg‘uning toshi.

Axir nega chekmayin azob
Tuprog‘ingda tug‘ilgan bo‘lsam,
Emgan bo‘lsam sutingni men ham,
Nega bermay azobingga tob?

Bo‘lgan bo‘lsang jonimga malham?
Men o‘zimni tutib olganda,
Asta-sekin chiqarib ovoz,
Kuyching bo‘lib cholganimda soz,

Ishqing birdan o‘tga solganda,
Majnun bo‘lib aytgan bo‘lsam roz?
Men o‘ylayman Ukrainamni,
O‘z uyim deb qilganim yo‘q g‘am.

Qayg‘irtirmas kichkina kulbam.
Dneprni, butun xalqimni,
Avlodimni o‘ylayman hardam.
Xafa bo‘lma dodimga biroq,

Og‘riganda onaning joni,
Chiqmaydimi bola fig‘oni?
Sensiz unga o‘lgan yaxshiroq
Va lozimdir to‘kilsa qoni.
Jim… sekinroq… meni xayollar

Olib ketdi senga, onajon.
Uxlalmayman… jimjit har tomon.
Faqat tinmay solmoqdadir jar
Parovozlar vokzalda hamon.

Qurol tashir ular betinim,
Tank, zambarak mening elimga,
Kuch ortdirib mening belimga.
Men ularni kuzataman jim,
Dalda berib g‘amgin dilimga.

Sen yovlarning boshini uchir,
Ey jonajon dahshatli qurol,
Odamxo‘rlar elidan o‘ch ol,
Jahannamga jonini ko‘chir.
Hammasiga qiyomat kun sol!

Go‘daklarning nedur gunohi?
Ona, unga nima qilding san?
Siynasiga yulduz tilingan,
Bokira, pok qizlarning ohi
Unga oxir bichmasmi kafan?

Ana sho‘rlik bir bola bejon,
Yap-yalong‘och yotipti qorda.
Ona bilan otasi dorda.
Bu vahshiylik bo‘lgan hukmron
Qay zamonda, qaysi diyorda?

Sen ham tutding yovning bo‘g‘zidan,
Jonini ol, bo‘g‘aber mahkam.
Go‘rga kirsin qonxo‘r, muttaham.
To tiz cho‘kib yalinmas ekan,
Hech narsadan qaytmagil sen ham!

Ko‘nglim shunda topar tasallo…
Osmonda oy suzadi sokin.
Og‘ir, jimjit cho‘kib yotar tun…
Ko‘zlarimda uyqu yo‘q aslo…
Parovozlar solmoqda shovqun.

Hamid Olimjon tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari