Lyu Yuysi (772-842)
Lyu Yuysi (an’. xit. 劉禹錫, sod. 刘禹锡, pinin: Liú Yǔxí, zamonaviy pinin Liú Yǔxī, 772—842) — Tan dinastiyasida yashagan xitoy shoiri.
* * *
Orzu meni
Eltar uzoqqa,
Kuz mulkiga
Aylanmish janub.
Sarg‘ish siyoh
Sochdi har yoqqa —
Kuz ranglarin
Olishar tanib.
Yolg‘iz qayiq
Ko‘rinar alhol —
Qamishzorga
Keltirmish to‘lqin.
Minoraga
oy sochar yolqin,
Nay nolasin
Taratar shamol.
* * *
Barglarini to‘kdi mo‘jaz bog‘,
Jimlik g‘olib kezar hovlini.
o‘o‘r shabbalar tinchimas bu chog‘—
Bosolmaydi shamol hovrini.
Endi ko‘zga kelmagay uyqu,
Kecha uzun — bo‘lmaydi chidab.
Tun ovozi, kumushrang yog‘du
Jilvalanar oynamga qarab.
* * *
Uzr so‘rab loyantsliklardan
Ketar bo‘ldi soddadil ko‘klam.
Shamol tortar tol shoxlaridan
Qo‘llarini silkiydi u ham.
Orxideya bargida shabnam,
U ham to‘yib yig‘ladimikin?
Quchog‘ida to‘lg‘onib ming g‘am —
Ko‘ngil yotar huvillab, sokin…
* * *
Hamma yoqda shaftoli guli,
Hatto cho‘qqi tortdi qirmizi.
Shu daryosi yuksak cho‘qqidan
Qirg‘oqlarga otadi o‘zin.
Sevging — go‘yo shaftoli guli,
Tez ochilar, qovjirar alhol.
Qiz qayg‘usi haddini bilmas
Toshqin bahor suvlari misol.
Ruschadan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi