Murotxon Mungan (1955)
Yozuvchi, shoir va dramaturg Murotxon Mungan (Murathan Mungan) 1955 yili Istanbulda tug‘ilgan. Anqara universiteti til va tarix-geografiya fakulteti teatr bo‘limini tugatgan. 70 dan ortiq kitobi nashr etilgan. She’riyatda sarbast janrida ijod qiladi.
BIR YILNING SO‘NGGI KUNLARI
I
Bitmoqda yana bir yil
mana, shu qadar sokin, shu qadar shaffof
shu qadar qo‘l tekkan
navbatdagi bir haqiqati tag‘in
qo‘llari bog‘liq hayotimizning
bir she’rga qanday doxil etilar bir yilning so‘ng kunlari
har oxir, har boshda va har gal
bo‘lar kabi o‘zga birov-la yuzma-yuz
parda tortib, o‘chirib chiroq
yolg‘iz qolib yotoqda
so‘roqlamoq o‘zini
o‘rganmoq qo‘shaloqning ona tilini, ikkinchi xotiramizni
o‘rganmoq o‘zimiz-la hisoblashishni muzli
bir oynaning dahlizida kezarkanmiz ko‘ramiz
qorong‘u kunlar bezagin
bitarkan yilning so‘nggi kunlari
bilamiz taqvimlar anglatmas o‘zgarish mavsumlarin
yoshlik shomlarin
qarg‘algan bir bola edik ulg‘ayganimizdan beri.
II
Bitmoqda yana bir yil
tushlarim, orzularim, yarim qoldi qancha-qanchasi
har yil yana-da biroz qisqarar oldingisidan
mengami shunday tuyular
yo vaqt tez odimlamoqda
keksaygan sari inson?
III
Injitdimmi yo ranjitdim birin
orttirganim kim-u yo‘qotganim kim?
o‘zimni yangiladimmi yozganlarimda?
qayta o‘ylashim kerak
do‘st-u yorligim
yotog‘im tit, baxtim parishon
butladimmi bir kamlarimni?
bolalik suratlarida qoldimi ko‘zlarim
yo‘qotdimmi yo ma’sumiyatimni?
qarzlarimni to‘ladimmi?
to‘g‘ri tanladimmi so‘roq fe’llarin?
tirnoqlar kesik, tishlar toza, sochlar taralgan
kiyimim dazmollangan, xonam tartiblimi?
olgan kitoblarni qaytib berdimmi?
qaytib berdimmi olganlarimni:
ishq, do‘stlik, sevgi, ishonch rishtalarin
kitob sahifalari, satrlarga qarzim berdimmi?
yo‘qladimmi tuyg‘ularimni
hali ham seva olamanmi insonlarni?
o‘ymoq kerak kumush-u mislarimni: jilo bermoq kerak
yog‘ochlarimga
o‘ymog‘im kerak umidlarimni
sir tutmoq kerak kelajak ishonchini, ertani
o‘tirib endi uzun bir armonli xat yozishim kerak Yavuzga
so‘ngra ko‘cha boshidan bir dasta gul olib shunday boshlashim kerak kechaga
yangi bir yilga…
Turkchadan Shermurod Subhon tarjimasi