Maknuna – Nodira (1792-1842)
Taniqli shoira, ma’rifatparvar Mohlaroyim Nodira Andijonda tug‘ilgan. Qo‘qon xoni, Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan zavji Amir Umarxon vafotidan so‘ng, garchi taxtga rasman 14 yoshli o‘g‘li Muhammad Alixon (Madalixon) o‘tirgan bo‘lsa-da, davlatni, asosan, Nodiraning o‘zi idora qiladi. U adabiyotni, san’atni rivojlantirishga intiladi, bozor va rastalar, masjid va madrasalar, karvonsaroylar qurilishiga katta e’tibor beradi. Madrasai Chalpak, Mohlaroyim madrasasini bino ettiradi. Buxoro amiri Nasrullo 1842 yilda Qo‘qonga bostirib kirib, Madalixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, 14 yashar o‘g‘li Muhammad Aminxonni va Nodirani qatl ettiradi.
Nodiraning adabiy merosi g‘oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan o‘zbek mumtoz she’riyatining go‘zal namunalaridandir. Uning o‘zbekcha asarlaridan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida “Maknuna” taxallusi bilan yozilgan g‘azallari ham mavjud. Mazkur tarjimalar G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida (1971) fors-tojik tilida chop qilingan kitoblardan olingan.
QANI?
Yo rab, ul sham’i shabistonim qani?
Chun quyosh – boisi hijronim qani?
Tiyra qilgan kulbai ehzonimi
Sham’ nedur – xurshidi tobonim qani?
Ayriliq davroni ham keldi yetib,
Odiltalab shohi davronim qani?
Boz niyoz-la ola keldim kaftda jon,
Ayladim taslim, jononim qani?
Poymol bo‘ldim shahriyorimdan judo
Hud chumoli, ul Sulaymonim qani?
Chiqdi dastimdan visolin bari ham,
Bilmayin qoldim – giribonim qani?
Etdi uzoqlardan libosin bo‘ylari,
Misrlik Yusufi Kan’onim qani?
Chun oyoq ostida qoldim soyadek,
Ey, Xudo, sarvi xiromonim qani?
Bosdi Maknuna dilin g‘am lashkari,
Ul madadkorimu Sultonim qani?
G‘ANIMATDIR
Fasli bahor lola, rayhon g‘animatdir,
Bulbul to‘la bog‘u bo‘ston g‘animatdir.
Joning asrab, faxr qil anjuman birla,
Besh kunlik suhbati jonon g‘animatdir.
Yashinu yeldek kechar vasl onlari,
Ushshoqqa karashma, maston g‘animatdir.
Tuprog‘in ko‘zlaringga to‘tiyo qilg‘il,
Jahonu dargahi Sulton g‘animatdir.
Hayot tashvishlarini aylamakka daf’,
Soqiy, jom aylantir, davron g‘animatdir.
Maknuna, visol ayyomi to‘kmagil yosh,
Bu kech jilvadan charog‘on – g‘animatdir.
O‘TKINChI
Aysh qilg‘ilki, vasli yor o‘tkinchi,
Boda ichgil, fasli bahor o‘tkinchi.
Qilib qolgil ishingni o‘z vaqtida,
Axir, fursat ila ro‘zgor o‘tkinchi.
Sabr qilg‘il qo‘lga kirguncha farah,
Axir, iztirobu xumor o‘tkinchi.
Vasl xushxabari yetgaydir, demak,
Ham navbatu ham intizor o‘tkinchi.
Bino qo‘yma, falak, o‘z savlatingga,
Qo‘lda har neki yo‘qu bor o‘tkinchi.
Umr suyanchig‘iga bo‘lmas ishonib,
U misli bodi navbahor o‘tkinchi.
Jahon misli bir oyina, Maknuna,
Unga kim bo‘lsa-da duchor – o‘tkinchi.
NAZOKATBAXSh JUMLA GULZORLAR
Mahvash husnidek nazokatbaxsh jumla gulzorlar,
Zulfi tori orzusida sunbul bog‘lab zunnorlar.
Do‘ppisin qiyshiq qo‘yib sahroga mast chiqdi, magar
Urdi Majnun yerga dast, boshidin olib dastorlar.
Ayt qulog‘imga, sabo, ishq ramzidin bir-ikki so‘z,
Olam ahli ichra kamdur mahrami asrorlar.
Ayladim xurshid ruxsorini ko‘rsam deb umid,
Har kecha yulduz bo‘lib chaqnab ko‘zim bedorlar.
Qilgan kabi mehrob burjin o‘g‘rilar dorulamon,
Qoshingda – anbarxol aro tutmush panoh ayyorlar.
Nola chekmakdin qachon ozod bo‘lg‘ay dil qushi,
To‘lg‘onur yuzda qaro zulflar – misoli morlar.
Maknuna, yor qaddidek gulgun emas hech bir chechak,
Chunki ko‘rdim sarv ila gullarni ham bisyorlar.
BOShQADIR
Amal boshqa, lofu jur’at boshqadir,
Mardda samar ila himmat boshqadir.
Toju taxtu arzgohu qasrmas,
Shohda asbob ila davlat boshqadir.
Ko‘rsatar bo‘lsa gar shonu shavkatin,
Podisholarda alomat boshqadir.
Itoatsiz hukmdorlar oldida
Uzunqo‘l, ahli karomat boshqadir.
Fitna, g‘avg‘osi bo‘lak jununlikning,
Shovqinu ro‘zi qiyomat boshqadir.
Ish bermaydi aslo mutrib nag‘masi,
Lazzatu ohu nadomat boshqadir.
Yarqiradi tili Maknuna tiyg‘in,
Javhari shamshodu g‘ayrat boshqadir.
PAYDOSI YO‘Q
Ersa ko‘z yosh beqaror – paydosi yo‘q,
Kechsa tuzsiz ro‘zigor – paydosi yo‘q.
Ko‘zlarim ikki jahon ko‘zgusidir,
Ko‘rinsa unda o‘zga yor – paydosi yo‘q.
Dilda kuydirdim nafas-nafsimni men,
Ko‘rsatsa tuprog‘im g‘ubor – paydosi yo‘q.
Nodon ul kotib menga shunday dedi:
“Bo‘lmag‘ay pinhon – oshkor, paydosi yo‘q!”
Oldi etak chulg‘ab tunda “oh” tutuni,
Ersa-da sham’ shu’lador – paydosi yo‘q.
Hayratimdan yuz chaman gul ochdi-yu,
Kelmadi bizning bahor – paydosi yo‘q.
Misli jannatdur mashrablar olami,
Topmagay xor e’tibor – paydosi yo‘q.
Mo‘tadil ko‘nglim havosi ochdi gul,
Mone’ bo‘lolmas unga xor – paydosi yo‘q.
Maknuna, she’r mashqiga sozdan bo‘lak
Bo‘lmas hech zot yodgor – paydosi yo‘q.
ENG TO‘G‘RI YO‘L
Ersa-da jannat yoqimli – dilnishin,
Sening ko‘yingda tuproqday kamtarin.
Nechun qilmay shikasta dil shukrini,
Yuzlab ganjni yashirgandir bu zamin.
Bahori ermas ishqing bir chamanning,
Shavqi dildadir ming bor noziktarin.
Kimning bo‘lay minnatin sharmsori,
Karashmalar aylar ko‘zing, ofarin.
Pok nazarlar ko‘zyoshi sayqalidan,
Go‘yo osmon oinasidur zamin.
Muddao erur ishqda bordi-keldi,
Gunohdir libosga o‘rar ersa din.
Chekmagil qadam ojizlik yo‘lidan,
Kamol yo‘li, Maknuna, ushbudir chin.
O‘T IChINDA
Sendanmas kuyganim, dil, soqiyo, o‘t ichinda,
Piyolam qon ustinda-yu sahbo o‘t ichinda.
Dilim charog‘ini ravshan aylagayman yuzingdan,
Har negaki boqsam-da tamosho o‘t ichinda.
Yor hijratidan misli bir dog‘ erur bul chaman,
Go‘yo sarv shu’lasidek sarupo – o‘t ichinda.
Bir ko‘zadan suv ichgandek nastaringul birla sham’,
Ul rangni dilga har kim aylab jo o‘t ichinda.
Xirmanim chaqmog‘idur otash nigohu yodi,
Ohim singari tanda bor a’zo o‘t ichinda.
Xoli qilma, Maknuna, shavq shu’lasidan dil,
Chun, avval-azal sham’dek mahliqo o‘t ichinda.
Fors tilidan Oshiq Erkin tarjimasi