Migel Ernandes (1910-1942)
Migel Ernandes (Miguel Hernández Gilabert; 30 oktyabr 1910, Oriuela, Alikante — 28 mart 1942, Alikante) — ispan shoiri va dramaturgi.
TURMALAR
I
Kesilgan odamlarning yo‘llarin yutib-yutib,
Turmalar sudraladir; zulmatdir, zahdir ochun;
Turmalar elni quvar, chovutin solib, tutib,
Qonin so‘rib, yeb-yutmoq uchun.
Nafaqat inson, balki temirlar dodlar, tinglang.
Hakamlar do‘lidagi dilichlar qon-don yig‘lar,
Toshdevor ham yig‘laydi xo‘rlanib, ingrab-ingrab,
Po‘lat ustun bag‘rini tig‘lar.
Devorlar orti turma — dod-faryod korxonasi,
Unda azob charxlari, ko‘zyoshlar dastgohi bor.
Qoqsuyak nafratlarning unda so‘ngay nafasi —
Bu korxona odam yeb ishlar.
Panjaradan narida kakliklar sho‘x g‘uv-g‘uvlab,
Vaslu hayot zavqidan orom olganda joni,
Yolg‘iz mahbus — xor xazon, ezgin qalbi huvillab,
Eslar ozod, yorug‘ dunyoni.
Erklik va tong behuda bosh urar bu muz toshga,
Tosh ichinda mahbusning qadam tovushi bo‘zlar,
Og‘zidan donli ko‘pik toshib, otilar tashga —
Tashqariga inson yo‘l izlar.
Nafasiga do‘ndirsa inson davron shamolin,
Qalbidagi alp, metin qanoti keng yoyilar —
Dunyodagi har qapday zindonda ham u xoli,
Hur inson bo‘lib qolar.
Moviy ummon ufqini ko‘rolsa kim tushida,
Tushovlangan chaqmoqday qoqib o‘tli qanotin,
Temir panjaralarni siltab, g‘ajib to‘shidan,
Ozodlikka intilar har kun.
II
Kurashlardan maqsad shu: bizga tegsa oqibat
Horg‘in, zaif ho‘kizmas, uchqur, yoldor arg‘umoq;
Safimizda depsinib tursa doim sershiddat,
Qushday uchsa chuh deyilgan choq.
Irganch bo‘lsa yuzi gar, ne ayb haqir tutqunda, —
Ayo, dunyo dilini kishandan bo‘shat, odam!
Ey, isyonkor, zindonlar og‘zini yopgin, unda
Qaro yerga tengdir quyosh ham.
Bir burda hurriyat ham, hayhot, chirib bitmoqda
Erk sohiblarin emas, erk qullarin tilida.
Rozi turib har nega, qay mahbus dod etmoqda,
Zanjirni yech ular qo‘lidan,—
Bundaylar-ku, hech nega yaramas mangu quldir,
Qutqarsayu o‘z shonin, yashasa bir xilvatda.
E’tiqodsiz, mog‘orlab o‘tgan umri ma’quldir,
Bundaylarning bari kulfat-da.
Aslida-ku, bundaylar azal erkdan benasib.
Erk shundayin odamlar manglayiga bitilmish —
Garchi ular yotsa-da turmalarda qalashib,
Yot ularga qullik, bo‘ysunish.
Ey, zamon zindonboni, zulmda poydor palid,
Dillarni qamolmaysan hech qachon — shu muhimi.
Qo‘lingda bo‘lsa hamki turmalaru qulf-kalid,
Qamolmassan inson ruhini.
Zanjirlar qolsin, mayli, birlashtirsin basharni,
Qondoshlik qoni oqsin temir tomirlarida —
Odamlar kasb aylasin zulmsiz, tinch yasharni,
Ayrilmasin bir-birlaridan.
Haqirlikday bir tubsiz chohlar kunjida odam
Havolarga ko‘z tikib, quloq tutib kutmoqda;
Xalq: «Ozodlik!» deb qalqib, ko‘klarga bosib qadam,
Turmalarni otib ketmoqda!..
Tohir Qahhor tarjimasi